16:30 / 03.10.2018
3 553

Tartarlardan yangiliklar: Shinjon (3-qism)

Tartarlardan yangiliklar: Shinjon (3-qism)
Bu safar men oʻz mashinamda sayohat qilayotgan edim, lekin Xitoyga kirish oʻn besh yil avvalgidan qiyinroq boʻldi. Kirish uchun ruxsatni yarim yil kutdim – uni faqatgina litsenziyali Xitoy sayyohlik firmasi berishi mumkin ekan. Chegarada bizni telefon raqami menga avvalroq joʻnatilgan gid kutib olishi kerak edi. Uygʻur gidga xorijiy raqamdan qoʻngʻiroq qilish hozirgi sharoitda mumkin emas, biroq Xitoyning qatʼiy qonunlarini ham aylanib oʻtish mumkin – agentlik menga chegarachilardan telefon soʻrab turishni maslahat berdi.

Xitoy nefti va gazining katta qismi aynan Shinjonda qazib olinadi, aynan mazkur hudud orqali Rossiyadan Xitoyga yoqilgʻi olib kelinadi, biroq eng asosiysi, Shinjon “Bir kamar va bir yoʻl” loyihasida markaziy bogʻlovchi halqa vazifasini oʻtaydi. Ushbu global infratuzilmaviy tashabbus Xitoy, Yaqin Sharq va Yevropa bozorlarini bir-biri bilan bogʻlashi lozim. Shu tufayli qoloq hududga ulkan mablagʻlar oqib kela boshladi. Oʻz hududidagi yoʻl tarmogʻini Yevropa standartlariga moslagan Xitoy qoʻshnilaridagi qurilishni subsidiyalashni boshladi – yangi temir yoʻl Shinjonni Qirgʻiziston va Oʻzbekiston bilan bogʻlashi kutilmoqda. Hozircha poyezdlar qatnamayapti, lekin avval men oʻtgan yoʻlda yaxshigina asfalt paydo boʻlibdi.

Dovondagi bostirma ham endi yoʻq. Yangi qirgʻiz postida uyqusiragan askarning oʻrnida zamonaviy qurol-yarogʻli butun boshli otryad turibdi. 2014 yilda chegara yaqinida toʻqnashuv sodir boʻlgan, chegaradan oʻtgan 11 nafar uygʻur va qirgʻizistonlik bir askar halok boʻlgan edi. Chegarabuzarlarda oʻqotar qurol yoʻq edi, lekin har birining yonidan Qurʼon, kompas, pichoq, arqon va kafan chiqdi. Qirgʻiz hukumati va Xitoy komissiyasi bu narsalar tufayli oʻldirilganlarni terrorchi guruh aʼzosi deb topdi, chegarada nazoratni kuchaytirishga qaror qilindi.

Xitoy tomonida faqatgina shlagbaum yangi edi. Sovuq yuzli askar yuzlarimizni telefonda suratga oldi va pasport raqamlarimizni kompyuterga kiritdi. Ellik metr narida keyingi toʻsiqda beshta harbiy mashinamizni sinchiklab tekshirdi. Ular yana pasportlarimizni tekshirishdi va yana bizni suratga olishdi. Keyingi yigirma daqiqada biz uchta oʻtish punktidan va kamida oʻnta videokameradan oʻtdik. Navbatdagi toʻsiqda oq qoʻlqopli qoʻriqchi bizni avtomatik darvozali ulkan zamonaviy binoga joʻnatdi. Uning ichi skaner va rentgenlar bilan toʻla ekan – yangi, yaltiroq, xuddi tibbiy jihozlarga oʻxshaydi.

Gid – sport libosi kiygan semiz uygʻur shu yerda kutib turgan ekan. U aybdorona tabassum bilan tekshiruv shunchaki boshlangʻich ekanini tushuntirdi – biz har biri ikki odimdan toʻrt odimgacha boʻlgan uch bosqichli nazoratdan oʻtishimiz kerak ekan. Avvaliga chegarachilar telefonlarimizni tekshirib, betaraf hududda olingan suratlarni oʻchirishdi. Keyin yuklarimiz rentgendan oʻtdi. Kitoblar va qaydlar alohida tekshirildi, ayniqsa, Hindiston va Pokiston oʻrtasidagi chegaralashga bagʻishlangan “Ozodlik va yarim tun” nomli kitob alohida shubhaga sabab boʻldi. Tekshiruvchilar ratsiya orqali boshliqlari bilan bogʻlanib, “ozodlik” soʻzi musodara uchun asos boʻla olmasligini aniqlashtirib olishdi.

Keyin mashinani rentgen uchun boksga kiritishdi. Tasvirlar shu joyning oʻzida emas, bir yarim ming kilometr narida – Urumchidagi tahlil markazida koʻrib chiqilishi tufayli javobni bir soat kutishimizga toʻgʻri keldi. Har safar rentgen nurlanishi kuchi tufayli boksda radiatsion xavfsizlik belgisi yonar va sirena uzoq chiyillar, biroq hech kim bunga eʼtibor bermas edi.

Bojxona tekshiruvidan keyin harbiylarning tekshiruvi boshlandi – formali odamlar barcha kompyuterlarga videofayllar, fotosuratlar, aloqalar roʻyxati va matnlarni skanirlaydigan maxsus moslamani taqishdi. Ular xaritalarni, kishilarni va ismlarni qidirishar edi. Mening eski noutbukimga Mobile Hunter deb yozilgan moslamani taqib boʻlmadi, shuning uchun rasmlarni bittalab koʻrib chiqishdi. Men eski uygʻur tanishlarimning rasmlari chiqib qolishdan xavotir oldim, biroq askarlar uquvsiz boʻlgani uchun na ularni, na Tibet haqidagi fotoarxivni topa olishdi. Men qoʻrqib ketgandim – Xitoyga sayohatlarim davomida hech qachon bunday tekshiruvga duch kelmaganman.

Yonimizda tekshiruvdan oʻtayotgan sayyohlarning telefoniga harbiylar JingWang Weishi deb ataluvchi, Shinjonda musulmonlarni taʼqib qilish uchun ishlatiladigan maxsus ilovani oʻrnatishdi. JingWang politsiyaga qurilmaning identifikatorini, uning modeli va egasining raqamini uzatadi, pirovardida kelib tushayotgan barcha maʼlumot monitoring qilinadi va davlatning nuqtai nazarida xavfli hisoblanuvchi kontent aniqlanadi. Men bu ilova haqida avval eshitgandim, biroq shunchaki mish-mish deb oʻylagandim. Chegaradan besh soat keyin bu ilovani oʻrnatish yaqindan boshlab Shinjondagi barcha uygʻurlar uchun majburiy boʻlganidan xabar topdim. Oʻzimning telefonimni esa yashirishga muvaffaq boʻldim.

Harbiylar tekshiruvidan keyin 140 kilometr narida pasport nazoratidan oʻtishimiz kerakligini aytishdi.

Yoʻlni tanib boʻlmas edi – ajoyib yangi shosse tonnellarga muntazam shoʻngʻir va daryolarni Osiyoda avval hech koʻrilmagan koʻpriqlar orqali kesib oʻtar edi. Qizigʻi, yoʻlda deyarli harakat yoʻq edi, faqatgina bir joyda mashinani kutilmaganda tuyalar – Ipak yoʻlida yurgan ikki oʻrkachli jonivorlarning avlodlari oʻrab oldi. Ular “Yulduzlar jangi”dagi robotlarga oʻxshab mashinaning tepasida biroz turgach, metall toʻsiqlardan osongina oʻtib, sahro tomon chopib ketdi.

Bir necha kilometrdan keyin har safar harakatlanish kameralar tomonidan qayd etilardi. Ularning koʻzi bitta, lekin koʻpincha uch-beshtalab oʻrnatilgan edi. Kameralar nafaqat mashinalarning raqamini, haydovchilarning yuzini ham qayd etar edi. Kechqurunlari obyektivlarning ustida qarshi tomondan keladigan mashinaning chirogʻidan ham battar koʻr qiladigan projektorlar yonardi. Navbatdagi nazoratdan oʻtar ekanman, yoʻl koʻra olish uchun koʻzlarimni qoʻlim bilan toʻsdim. Bu harakatim eʼtiborsiz qolmadi – oʻsha zahotiyoq toʻrtta kameraning bari yorqin boʻlib yondi.

Har 20-30 kilometrda ogʻir poʻlat shlagbaumli va tankni toʻxtatishga qodir toʻsiqli blogpostlar oʻrnatilgan. Uygʻur avtobuslarining yoʻlovchilari turniketlar oldida tizilishib olgan, yuzni skaner qiladigan boʻlmaga, keyin esa skanerlash natijasi plastik identifikatsiya kartochkasi bilan solishtiriladigan darchaga borishar edi. Koʻpchilikdan mobil telefonini Mobile Hunterga ulash yoki shunchaki parolini kiritib, politsiyachiga berish soʻralar edi. Odamlar odatga binoan uzun navbatga tizilgan, bundan postlarning har birida ularning tepasidan kameralar kuzatar edi. Men endi faqatgina keksalar soqol qoʻyayotganini sezdim.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tartarlardan yangiliklar: Shinjon (3-qism)