22:14 / 03.10.2018
3 899

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (4-qism)

10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (4-qism)
Yangi Qoshgʻar

Uch yil avval Xitoy hukumati xususiy kompaniyalar va davlatga qarashli yuzni taniydigan vidokuzatuv tizimlari umumiy bazaga birlashtirilishini, mazkur tizim 2020 yilgacha butun aholini qamrab olishini maʼlum qildi.

Xitoyning ilk yadroviy sinovlari oʻtkazilgan Shinjon yana tajriba maydoni sifatida tanlab olindi – bu yerda mamlakat boʻylab ishlaydigan 20 million videokameraning katta qismi oʻrnatildi. Videokameralar sonining koʻpligini rasmiy manbalar ham koʻrsatib turibdi: 2016 yilda ichki xavfsizlik uchun xarajatlar mudofaa xarajatlaridan 13 foizga koʻp boʻldi. Shinjonda kuzatuv uchun 2014 va 2016 yillarda boshqa hududlarga qaraganda ikki baravar, 2017 yilda esa uch baravar koʻp mablagʻ sarflandi.

Bugun Xitoy politsiyasi yuz tuzilishi ulkan markaziy bazadagi maʼlumotlarga toʻgʻri keladigan shubhali shaxsni olomon ichidan topib olish uchun nari borsa yetti daqiqa sarflaydi.

Xitoy Shinjonda muvaffaqiyatli sinovdan oʻtkazilgan tizmni eksport qilishga kirishdi: ikki yil avval kuzatuv infratuzilmasi bilan taʼminlaydigan CEIEC davlat kompaniyasining filiali Evadorda ochildi. Ekvador neftining asosiy xaridori boʻlmish Xitoy mazkur mamlakatga koʻp million dollarlik kredit ajratdi va buning doirasida Ekvador provinsiyalarida videokameralar oʻrnatildi. “Sinxua” agentligining 2018 yil yanvardagi xabariga koʻra, yangi tizimning sharofati bilan Ekvadorda jinoyatchilik 11,8 foizga kamaygan. Yangi kelishuvga binoan CEIEC kompaniyasi Ekvadorda geolokatsiya tizimini tatbiq etmoqda, bu tizim fuqarolarning mobil telefonlarini kuzatishga imkon beradi. CEIEC filiallari Kuba, Braziliya, Boliviya va Peruda ham ochildi, kompaniya Uganda hukumati uchun internet senzura tizimini ishlab chiqdi va Afrika boʻylab kengayishga harakat qilmoqda. Kompaniyaning Yevropadagi yagona filiali Moskvada joylashgan.

Shinjonda esa faqatgina videokuzatuv bilan cheklanib qolishmayapti. Chen Syuangao boshqaruvining birinchi yilida politsiyaga oʻn minglab yangi xodimlar qabul qilindi va huquq-tartibot organlari xodimlari soni ortishda davom etmoqda (quyi lavozimlarga odatda uygʻurlarning oʻzlari olinadi). Men Qoshgʻarga kirishdagi postda politsiyachilarning mashgʻulotini kuzatdim. Yigirmatacha erkak va ayol maydonda bir tomondan ikkinchi tomonga yugurar, aftidan koʻzga koʻrinmas olomonni oʻrab olishga urinar edi. Yangi politsiyachilar koʻpam hurkitadigan koʻrinmasa-da, ularning qurollari haqida bunday deb boʻlmasdi.

Avtomat faqat xitoy qoʻmondonlarga berilgandi – uygʻurlarda esa yogʻoch dastali nayza, uzun dubinka va raqibni boʻynidan ushlab olish uchun allaqanday tutqichlar bor edi.

Bunday tutqichlarni men avval Tibetda koʻrgan edim. Aftidan, ular oʻziga oʻt qoʻyganlarga ishlatilar edi – poʻlat halqani buddaviy lamaning boʻynidan oʻtkazgan politsiyachi xavfsiz masofada turgan holda uning harakatlanishiga yoʻl qoʻymas edi. Shinjonda bu tutqichning boshqacha modeli bor edi: konstruksiyaning yogʻoch qismi rezina va plastikka almashtirilgan, halqaga esa elektroshoker ulangan. Xuddi shundan elektroshokerlar politsiyachilarning qalqonlariga ham oʻrnatilgan, politsiyachilar ularsiz koʻchaga chiqmaydi. Qalqonning pastki qismida ikkiga ayrilgan tishli kesik bor, bu ham raqibning boʻynida qoʻllash uchun moʻljallangan.

Ertasi ertalabgina kirish haqidagi shtampni ololdim va mashinani bojxona rasmiylashtiruvidan oʻtkazdim. Chegaradan oʻtish uchun qariyb 26 soat kerak boʻldi. Keyingi kunning ikkinchi yarmida nihoyat Qoshgʻarga, aniqrogʻi, men koʻp yillar qaytishni orzu qilgan ertakmonand poytaxtning oʻrnida qad rostlagan yangi shaharga kirib keldim.

Xitoy shaharlarini qurish prinsiplari milodiy VII asrdan beri oʻzgarmagan – har doim shimoldan janub tomon choʻzilgan simmetrik toʻgʻri burchakli mavzelar koʻrinishida barpo etiladi. Xitoylik urbanistlar oʻnlab yillar davomida eski Qoshgʻarga qarshi kurash olib bordi va ular shaharni nimaga aylantirishini hatto tasavvur ham qila olmagandim. Tor koʻchalar, kir bosgan devorlar devorlar va qumtosh gʻishtdan qurilgan masjidlar endi yoʻq. Ularning oʻrnini koʻp qavatli uylar egallagan.

Xitoyliklar koʻhna vohani yashash uchun qulay shaharga aylantiribdi. Tor koʻchalar oʻrnida oʻt oʻchirish mashinasi yoki zirhli mashina bemalol oʻta oladigan keng xiyobonlar paydo boʻlibdi. Har bir uy suv quvuriga va kanalizatsiyaga ulangan. Oʻziga xoslikni koʻrsatish uchun uylarda faqatgina oʻyma eshiklar qolibdi.

Eng katta yoʻqotish koʻcha hayotining yoʻqolgani boʻlibdi. Temirchilar ham yoʻq, duradgorlar ham yoʻq, yoymachilaru shahar taksisi vazifasini oʻtagan eshak aravalar ham yoʻq. Gullar ekilgan xiyobonlarda doʻppi kiygan keksalar hali ham piyolada choy ichib oʻtiribdi, ularni rasmga olayotgan xitoy sayyohlarining soni esa keksalarning oʻzidan koʻp. Eski joyida qolgan oziq-ovqat bozorida hozir ham lagʻmon va qoʻy kallasi sotilyapti, ammo xaridorlarning bari xitoy. Sotuvchilarning qoʻlidagi sariq iyeroglifli qizil bogʻich ularning davlatdan litsenziya olganini koʻrsatadi.

Men tanishlarimni topmoqchi boʻldim, biroq bir paytlar ular yashagan uyni topa olmadim. Har bir koʻchada, istalgan yoʻnalishga burilsangiz, simtikan bilan oʻralgan politsiya postini koʻrishingiz mumkin. Videokameralar hamma joyga oʻrnatilgan – tomlarga, devorlarga, maxsus oʻrnatilgan metall fermalarga. Shahar bloklarga ajratilgan, bir dahadan ikkinchisiga oʻtmoqchi boʻlgan uygʻur plastik ID kartasini koʻrsatishi, sumkasini tekshirtirishi, koʻz qorachigʻini skanirlashi, baʼzan esa telefonini politsiyachi tekshirishi uchun berishi lozim. Koʻchalarda zirhli mashinalar, maxsus boʻlinmalar va oʻtkinchilarni toʻxtatib, shaxsini aniqlaydigan koʻngilli uygʻur drujinalari aylanib yuribdi. Ana shunday koʻngillilardan uchtasi politsiyachilarni rasmga olayotganimni koʻrib qolgach, meni rasmlarni oʻchirishga majburladi va kechgacha ortimdan ergashib yurdi.

Men omon qolgan ikkita masjidni topdim, biroq eski devorlariga qulf osilgan edi. Madrasa (u ham yopiq) yaqinidagi chorrahaga uygʻurcha qalpoq tikayotgan moʻynadoʻzning haykali oʻrnatilgan. Haqiqiy moʻyna qalpoqlar suvenirlar doʻkonidan sotilayotgan ekan, biroq ustalarni baribir topa olmadim. Avvallari sotilgan ajoyib pichoqlar ham endi yoʻq. “Pichoq” soʻzini eshtishi bilan sotuvchilar oʻzni olib qochdi, faqatgina bittasi rastaning tagidan ogʻir qutisini oldi: pichoqlarning dastasi juda chiroyli ishlangan, tigʻi esa bolgarka bilan koʻpol qilib oʻyilgan edi. Uygʻurlar hatto oddiy oshxona pichogʻini olayotganda ham tigʻiga egasining kimligini aniqlaydigan QR-kodni lazer yordamina oʻydirishlari kerak, Oqsuvdagi restoranlarning oshxonasida pichoqlar devorga mustahkamlangan zarjirlarga ulangan.

Bu yerdan ikki qadam narida avvallari shahardagi eng shirin non yopiladigan tandir bor edi. Uning oʻrnida ham tandir va novvoyning bronza haykali paydo boʻlibdi. Atrofida esa sayyohlar rasmga tushish bilan ovora.
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » 10 million uygʻur uchun konslager: Shinjon (4-qism)