23:08 / 04.10.2018
7 705

Imomning maniken qizi (4-qism)

Imomning maniken qizi (4-qism)
Hayot soʻqmoqlarida

Qurʼondan saboq olinganida...


Butun vujudi bilan Qurʼondan ibrat olishga intilar ekan, ruhi sal boʻlsa ham yengil tortib, yuragida umid uygʻondi. Sabr qilishi kerak, axir qiziga juda goʻzal tarbiya bergan. Shunday ogʻir paytda Qurʼondan oʻgit olayotgani yaxshi boʻldi. Yuragidagi olov tobora alanga olayotgan boʻlsa ham, ancha tasalli oldi. Bu tasalli ham boʻlmaganda nima qilgan boʻlar edi?

Mashinaning orqa oʻrindigʻida oʻtirgancha unsiz yigʻlar ekan, yana oʻsha soʻzlar ogʻzidan tushmas edi.

– Bolajonim, yoʻq, ularning tuzogʻiga tushma... Otangga rahming kelsin. Yuragim dosh berolmaydi, axir. Menga bu azoblarni ravo koʻrma.

Haydovchi imomni bu ahvolda koʻrib, uni qanday tinchlantirishni bilmas edi.

– Qizingizmi?

Yoqub imom koʻz yoshlari ichida javob bera olmas edi. Sal turib zoʻrgʻa mingʻirlab dedi:

– Ha... Qizim.

Haydovchi xafa boʻlib davom etdi:

– Sizni tushunib turibman. Hozir qaniydi, qizim boʻlmasa edi deyotgandirsiz.

Yoqub imom koʻz yoshlarini artib:

– Yoʻq, unday deb oʻylaganim yoʻq. Yomon boʻlsa ham u meni bolam. Bunday deyishga haqqim ham yoʻq. Menga farzand boʻlishini men hal qilmaganman axir.

Oldindagi mashina Lolali mahallasiga kelgach, koʻp qavatli uyning qarshisida toʻxtadi. Qizi mashina haydovchisi bilan qoʻl berib xayrlashgach, savdo rastalariga kirib koʻzdan gʻoyib boʻldi.

Yoqub imom uyga qaytganida bir ahvolda edi. Kechgacha goh borib savdo qildi, gohi uyga kelib yotdi.

Boʻlgan voqeani hatto ayoliga ham aytmadi. Qiziga aytib qoʻyishidan choʻchidi. Yoqub imom esa bugun koʻrganlarini qiziga bildirmay, uni oldingi holatiga qaytarish niyatida edi. Agar qizi otasining hamma narsadan xabardor ekanligini bilib qolsa, uydan qochib ketishi mumkin edi. Unda ham qizini yoʻqotar, ham dushmanlari gʻolib kelgan boʻlar edi.

Kechki payt qizi kelganida qizi bilan gaplashib olishga turli yoʻllar qidira boshladi. Keyin tabassum bilan qiziga dedi:

– Kel qizim, bugun dasturxonni sen tuza. Farzandim tayyorlagan kechki ovqatni yeb bir maza qilay. Shunday degancha u qizining yuziga tikilib, uning xayollarini anglab olishga intilar edi.

Fotima otasining unga bunday chiroyli ohangda soʻzlashishidan mamnun boʻlib, darrov rozi boʻldi. Demak, otasining hali hech narsadan xabari yoʻq.

– Xoʻp boʻladi, dada. Darrov tayyorlayman.

Yoqub imom esa unsiz yigʻladi. Qizi mana necha oylar oʻtdiki, anchadan beri endi “dada” dedi.

Fotima shoshib-pishib dasturxon tuzay ketdi. U dadasining odatini yaxshi biladi. Xufton namozidan oldin ovqat yeyilishi sunnat hisoblanadi.

Usoma ham yetib keldi. Yoqub imom oʻgʻlini quchoqlab hol ahvolini soʻradi. U oʻgʻli bilan doʻst boʻlishga qaror qilgandi. Dasturxon atrofiga toʻplanishganida esa imom ichidagi dardu alamlarga qaramay, koʻtarinki kayfiyatda koʻrinishga intildi. Ayoliga qarab gapirardi-yu, lekin u gaplar aslida qiziga qaratilgan edi.

– Bugun savdo juda yaxshi boʻldi. Shu ketishda davom etsa, yaxshi bir joyga koʻchib oʻtamiz. Qizimga bu yer yoqmadi. Nega endi farzandimning aytganini qilmas ekanman? Qizim eng goʻzal narsalarga loyiq-ku, shundaymi? Men qizim uchun ham, oʻgʻlim uchun ham kechani kecha kunduzni kunduz demay ishlayman.

Fotimaning yegani boʻgʻzida tiqilib qolayozdi:

– Sal kech qolmadingizmikan, dada?

– Nega kech boʻlar ekan? Zarar ishning qayeridan qaytilsa ham foydalidir. Faqat qaytishni bilish kerak.

Qiziga u “bu xato ishlaringdan qayt” deyotgandi. Yonayotgan ruhi bilan dedi:

– Bandamiz. Hammamiz xato qilamiz. Qanchadan qancha odamlar bor, oxirgi daqiqalarda xatolarini tushunib yetganlar. Aslida mening unchalik katta xatolarim yoʻq-ku, lekin sizlarning shikoyatlaringizga quloq solmaganim uchun, sizlarni qiynab qoʻyganim uchun oʻzimni aybdor hisoblayman. Men xatoimni tuzataman, chunki men oʻzimga oid xatolarni tuzatishga javobgarman, siz ham oʻzlaringizga oidlarini tuzatishga masʼulsiz.

Bu gaplardan soʻng jimjitlik hukm sura boshladi. Yoqub imom asta bildirmay Fotimani kuzatar, “qizim bu gaplarimdan oʻziga biror xulosa chiqarib oldimikin?” deb oʻylardi. Qaniydi, qizining qalbida zarracha pushaymonlik hissi bor yoʻqligini bilolsaydi... Uni qutqarish umidi ortar edi.

Biroq qizi hecham sir boy bermas edi.

– Umuman toʻgʻri yoʻldan ozgan boʻlsa-chi?

Yoqub imom bu savolni eshitib koʻngli koʻtarildi. Demak, qizi oʻzini yoʻldan adashgan hisoblar, “bu yoʻldan qutula olamanmikin?” deb oʻylayotgan edi. Shuning uchun u ehtiyot boʻlib va maʼnoli gapirishi kerak edi.

– Adashsa-yu, aqlini yigʻib olib, toʻgʻri yoʻlga qaytsa, oʻzini qutqara olgan boʻladi. Tunov kuni gazetada oʻqib qoldim. Bir kishi oʻzini “Boʻgʻoz” koʻprigidan tashlabdi. Dengiz tomon shoʻngʻir ekan, oʻz joniga qasd qilib notoʻgʻri qilayotganini tushunib yetibdi. Yuqoridan sakraganda suv qattiqlashar ekan-ku, buni bilgani uchun yigit suvga yaqinlashib qolganda havoda bir oʻmbaloq oshib, keyin oʻzini suvga otgani uchun hatto burni ham qonamay sogʻ-omon qolibdi. Buni qarang-ki, pushaymonlik kechroq boʻlsa ham oʻz foydasini koʻrsatar ekan.

– Umuman yoʻldan ozganlar uchun vaziyat qanday boʻladi?

– Agar oʻsha yoʻlda qolib ketsa, narigi dunyoga shu tarzda ketadi. Lekin oʻlim kelmay, oʻzini qutqara olishi ham mumkin.

Yoqub imomning qalbida necha oydan beri endi ogʻzini ochgan qizining gaplaridan ancha umid uygʻondi. Boʻldi, agar qizi yoʻldan adashgan boʻlsa ham, qizi xatolarini tushunib yetadigan boʻlsa, uni kechirar va uning xatolarini hech ham yuziga solmas edi.

Taomdan keyin qalbidagi umid nurlari ila masjidga tushdi.

Oradan kunlar oʻtdi.

Gʻam va umid orasida yashayotgan edi Yoqub imom. Bir kuni kechki payt doʻsti Ahmad uni chaqirganini eshitib pastga tushdi.

– Tinchlikmi Ahmad? Nimadir boʻldimi?

Ahmad juda gʻamgin va parishon holda edi. Yoqub imom zinalardan shoshib tushar ekan, soʻradi?

– Nima boʻldi? Kimdir oʻlib qolibdimi?

Ahmad uning koʻzlariga alam bilan qaradi:

– Sening uchun oʻlim bilan barobardir, doʻstim.

– Nima boʻldi, tezroq gapir, boʻlmasa yuragim toʻxtab qoladi.

Ahmad boʻlsa endi yigʻlay boshlagan edi.

– Soʻrama doʻstim. Oʻzimning farishta imomim... Senga noxush xabarim bor...

– Qanaqa xabar?

– Qanday aytishni ham bilmayman. Aslida bu gapni senga aytish juda ogʻir, lekin aytishga majburman.

Yoqub imom birdan qizining uyda emasligini esladi.

– Nima-a-a, qizim oʻldimi?

– Aytadigan gapim, oʻlimdan ham mudhish. Bu gapni eshitgandan koʻra qizingning oʻlishini afzal koʻrar eding.

Yoqub imom gap nima haqda ekanligini angladi. Demak, u qizini ochiq sochiq yoki biror yigit bilan koʻribdi.

– Yoʻq, qizim nima qilgan taqdirda ham, uni qanday holda koʻrgan boʻlsang ham, meni oʻlimichalik yondirmaydi. Qaytaga, shu ahvolida dunyodan oʻtishi meni koʻproq ezadi. Chunki hali umid bor, chiqmagan jondan umid. Qizimni qayerda va qanday holda koʻrding Ahmad?

– Sen uchun eng alamlisi oʻlim ekan, unda ayta qolay. Bugun qizingni mini yubkada koʻrdim. Roʻmolini yechgan, boʻyangan. Koʻrsang taniy olmaysan.

– Bilaman.

– Nima? Bilasanmi?

– Ha, Ahmad bilaman. Uni kuzatib borgandim. Yoʻlda roʻmolini yechib oldi. Roʻmolini yechgandan keyin, agar ixlosi boʻlmasa, mini yubka ham kiyadi. Xoʻsh, sening koʻrganingni bildimi?

– Bildi. “Dadamga aytmang” – deb rosa yolvordi. Lekin men qanday qilib aytmay, axir bu senga xiyonat boʻlar edi-ku.

Yoqub imom yana yigʻlay boshladi.

– Eshitishimni xohlamaganidan, demak, hali umid bor. Iltimos, menga aytganingni bilmasin va uni oʻsha ahvolda koʻrganingni ham hech kim bilmasin.

– Albatta, hech kimga aytmayman, doʻstim. Odamlar bilsa nima deydi axir, aslo aytmayman.

Yoqub imom yoshli koʻzlarini doʻstiga tikib:

– Yoʻq, men odamlarni emas, qizimni oʻylayapman. Uning roʻmolini yechib, kundan kunga yoʻldan ozayotganini bilishsa, qizimni toʻgʻri yoʻlga solish umidim qolmaydi.

Ahmad doʻstining sabru irodasiga hayron qolgan edi. Bu qanday ota boʻldi. Umrida hech qachon bunday otani koʻrmagan edi. Ular ikkalalari ham masjid tashqarisida tik oyoqda turishar edi. Yoqub imom masjidning oʻrtaroq qismi tomon yura boshladi.

– Ahmad, endi sen boraqol, qizim bizni koʻrib qolsa darrov sezib qoladi.

– Xoʻp boʻladi, lekin bu yogʻiga nima qilmoqchisan?

– Avvalam bor, savdo ishim yaxshi ketsa, boshqa joyga koʻchib oʻtamiz. Qizimning qoʻliga koʻproq pul beraman, ishdan boʻshatib olaman. Bular balki choramasdir, lekin hozir boshqa qanday yoʻl tutishni ham bilmayman. U hali nomusini yoʻqotib boʻlganicha yoʻq, balki oʻziga kelib qolar, deb harakat qilyapman.

– Sabru matonatingga hayron qoldim. Alloh oʻzi quvvat bersin.

– Sogʻ boʻl, Ahmad. Baʼzan oʻzim xato qilyapmanmi, deb oʻylab qolaman. Bir gap bor-ku “oʻliklar tiriklarni holva yeyapti deb oʻylar ekanlar” – degan. Shunga oʻxshab, odamlar oʻylaydiki, imomlarning hecham gʻami boʻlmaydi, xato qilmaydi, deb. Ular bizga, biz ularga boshqa boshqa dunyolardan qaraymiz. Hozirgi gaplaring menga quvvat bagʻishladi, kayfiyatimni koʻtardi. Demak, toʻgʻri yoʻlda ekanman. Alloh foydali gaplarni gapiradiganlarni sevadi. Qani endi boraqol, mashhur shoir aytganidek, “endi men yolgʻiz yigʻlayin”.

* * *

Kunlar shu tarzda oʻtib bordi. Yoqub imom hech qanday chora topa olmayotgan edi. Ertalab tong sahardan yana aravasining boshida xaridor poylar ekan, boshqa tarafdan hali ham qizini oʻylab yum-yum yigʻlardi-yu, koʻz yoshlarini ichiga yutar edi.

Birdan doʻsti Ahmadning kelganini payqab qoldi. Biroz suhbatlashganlaridan soʻng oʻy xayollari bilan oʻrtoqlashdi:

– Allohga shukur, doʻstim. Garov pulini ham yigʻib qoʻydim. Tavba, baʼzi uy egalari Allohdan qoʻrqishmaydi ham. Garovga tilla beraman desam, olmayaptiyam. Men u uydan ketayotganimda garov pulining hech qanday qiymati qolmas yoki elektr haqini toʻlab qoʻyishim kerakmish. Ha, shunaqa ekan, tillani olaqol. Mayli, shu pulidan qutulib olsam, keyin tilla oladigan biror boshqa uy qidiraman.

– Topolmasangchi?

– Topgunimcha qidiraman. Oʻz prinsiplarimdan voz kecholmayman.

– Hamma senday boʻlganda-ku, uy egalari bunchalik adolatsizlik qilmas edi. “Nima qilay qancha million soʻmlarni shu yerga sarfladim, olayotgan kira xaqqim oʻsha sarf-xarajatlarimni qoplamayapti-ku” – deyishadi.

– Yoʻq, ular notoʻgʻri fikrlashyapti. Tikkan pullari faqat kira haqqidan kelmaydi-ku, mulkining qiymati ham yil sayin oshyapti. Bir milliardlik yer sakkiz milliardga koʻtariladi-yu, u boʻlsa nuqul kira haqqini hisoblaydi.

– Toʻgʻri aytasan. Men ham bittasiga shu gapni aytsam, “sen mulkimning hisob-kitobini qilyapsanmi?” – dedi.

Yoqub imom oʻychan holda:

– Nimadir qilishimiz kerak, dedi.

Ahmad ham imomga maʼnoli qarab qoʻyib:

– Toʻgʻri aytasan, nimadir qilish kerak, deya javob berdi-yu, soʻng mavzuni oʻzgartirish niyatida “Xoʻsh, oʻzingda boshqa nima gaplar?” – deb soʻradi.

Ahmad Yoqub imomni biror boshqa mavzuda gap ochadi deb oʻylagan edi. Lekin imomning fikr-u xayolida birgina oʻy edi:

– Hammasi oʻsha oʻsha. Kundan kun qizimni yoʻqotib boryapman. Lekin qoʻlimdan hech narsa kelmayapti.

– Tavba, Fotima dinidan voz kechdimikana?

– Yoʻq, doʻstim. Qizim dinsiz emas, lekin u dinini sevmaydi. Allohga ham, Qurʼonga ham ishonadi. Lekin unga goʻzal koʻrinayotgan dunyoning haqiqiy yuzini koʻrmagani uchun diniy hukmlarni yoqtirmaydi. Dinsiz boʻlishni istamaydi-yu, baribir oʻzini dinsiz hayotga otadi. Notoʻgʻri taʼlim berdik, doʻstim. Xato qildik. Din oʻrgatyapmiz deb, savob yoki gunohlardan soʻz ochdik. Makruh mubohlarni esa chetlab oʻtdik. Oq yoki qorani oʻrgatdik, qolgan ranglarni berkitdik. Bolani har tarafdan siqdik. Kulsa ham, yigʻlasa ham aybdor sanadik. Boshqalar esa Allohning diniga zid ravishda unga rangin dunyoni koʻrsatdi.

Bir muddat nima deyishini bilmay, soʻngra yana davom etdi:

– Nimalarnidir xato tushuntirdik, xato qildik. Oʻzgalar bolalarining dardi bilan yonibman-u, oʻz bolamni unutibman. U ham endi oʻshalardan foydalanyapti.

– Nega aybni doim oʻzingga toʻnkaysan? Nima hamma ayb sendami? Qizing aybsizmi? Oʻzingni bunchalik qiynama. “Oʻzgalar haqqini yeyish haqsizlik-da, oʻz haqqiga xiyonat adolatsizlik emasmi? Inson oʻz qadrini ham bilishi kerak” – degan sen emasmiding? Qizing senday otaning qadriga yetmay, oʻzidan ketyapti.

– Men axir uni aybsiz demadim-ku. Shunday yoʻl topishim kerakki, u ham men ham xatoimizni tushunib yetaylik.

– Lekin, Nuh alayhissalomning ham farzandi dinsiz edi. U nima otasining xatosi sababli dinsiz boʻlibdimi? Yoʻq, baʼzi farzandlar kattalarning xatosini qurol qilib olib imonsizlik qilishyapti. Sen oʻzingni bunchalik azoblama.

– Gaplaring toʻgʻri, lekin mening qizim dinsiz emas. Dinsiz boʻlishni xohlamaydi ham. Bolamning dardi boshqa dedim-ku. Muhit ham bolamga ancha taʼsirini koʻrsatdi. Men ham Islomni boricha singdira olmadim, shekilli. Nimadir boʻldi-da... Alloh yordamching boʻlsin, Ahmad. Boshqa nima ham deya olardim.

– Xafa boʻlma-ku. Juda sergapsan-da. Oʻrningda boʻlganimda shunaqangi dodini berib kaltaklar edim-ki, oʻzini kasalxonada koʻrar edi. Yoʻqol, qayerga borsang, bor. Meni sharmanda qilishga nima haqqing bor, derdim.

Yoqub imom koʻzlari toʻla yosh bilan javob berdi:

– Sen oson yoʻlni tanlagan boʻlsang, men nima qilay? Nima qilayotgan boʻlsam ham, bolam meni sharmanda qilgani uchun emas, uni toʻgʻri yoʻlga solish uchun harakat qilyapman. Sen oʻz oringni oʻylayapsan. Men borib dinimni boshidan oʻrganamanu, qayerida xato qilganimni topaman.

Chuqur nafas oldi-yu, yigʻlamsiragan ohangda gapini davom ettirdi:

– Albatta ungacha bolamdan asar qolsa va men hayot boʻlsam...
Davomi bor...

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Imomning maniken qizi (4-qism)