
7 iyun kuni Britaniya bosh vaziri Tereza Mey rasman o‘z lavozimidan ketdi. Yevropa Ittifoqidan chiqish g‘oyasi bilan hukumat tepasiga kelgan va qirollik fuqarolariga «xavfsiz va erkin Britaniya»ni va’da qilgan Mey xonim 3 yil davomida mamlakat siyosatida aytarli o‘zgarish qila olmadi. Uning davrida asosiy vazifasi bo‘lgan «Brekzit» ham amalga oshmadi. Yana ko‘plab omillar Britaniyadek qudratli imperiya bosh siyosatchisining inqiroziga olib keldi.
Salobatsizlik...
Siyosatchida eng avvalo salobat bo‘lishi kerak. Jiddiylik va sovuqqon chiqarilgan qarorlar uning ayblarini ham yashirishi mumkin. Masalan, Donald Tramp va’da berganidek AQShda soliqlarni kamaytirdi va ularni soddalashtirdi, katta davlatlar bilan aql bovar qilmas miqdordagi savdo shartnomalari imzolanmoqda. AQSh biznesi o‘z yo‘lida bir tekis davom etmoqda. Ammo Trampning o‘zini tutishi uning qilayotgan ishlarini ham soyada qoldirmoqda.
Tramp ko‘p hollarda haddidan oshib ketayotgan bo‘lsa, Tereza Meyda boshqacha holat kuzatildi. U yetarli darajada qat’iyatli bo‘lmadi va qo‘pol qilib aytganda, odamlarni uni hurmat qilishga majburlay olmadi. Uning davrida Britaniya ko‘plab katta-kichik mojarolarga o‘ralashib qoldi. Masalan, «Skripal ishi»ni olsak. Britaniya razvedkachilari bu ishni rossiyalik agentlar qilganini har qanaqasiga isbotlab berishdi. Mey xonim esa o‘ta yushmoq chiqishlar bilan cheklandi. Boshqacha qilib aytganda, ayolligiga bordi...
Konservatorlar o‘zlarining keskinliklari bilan ajralib turishadi. Meyda ana shunday to‘porilik yetishmadi. Britaniya hududi 244 ming kv.km bo‘lgan (dunyoda 78-o‘rinda), Atlantika okeanida joylashgan oddiy, ahamiyatsiz davlat emaski, uning fuqarolari va ayniqsa qirollikning dunyodagi eng qudratli imperiya ekaniga ishonadigan siyosatchilari Meyning qat’iyatsiz harakatlariga bardosh berishsa.
Britaniyaliklar o‘zlarini dunyoning asosiy kuchi deb hisoblashga o‘rganishgan. Tereza Mey vaqtida esa ular mana shuni his qila olishmadi. Uning Keniyada afrikaliklar bilan yoki konservatorlar yig‘ilishida raqsga tushishi «og‘ir ingliz siyosatchilari»ning g‘azabiga sabab bo‘lgani aniq. Aytgancha, Mey konservatorlar yig‘ilishiga ABBA guruhining mashhur «Dancing Queen» (raqsga tushayotgan qirolicha) qo‘shig‘i bilan chiqib kelgandi. Britaniyadek qirollik bosh vazirini dunyo siyosatchilari troll qilishgacha borishdi.
Masalan Yevrokomissiya raisi Jan Klod Yunker chiqishlaridan birida Mey kabi raqsga tushib, qaysidir ma’noda uni mazax qilgandi. Britaniya tomoni Yunkerni bu ishi uchun ayblaganda, uning tarafdorlari tvitterda shunday javob berishdi: «Hayotimizni musiqa va qo‘shiqsiz tasavvur qilib bo‘ladimi?». Eng qizig‘i, bu jumla Mey raqsga tushgan «Dancing Queen» qo‘shig‘ining muallifi ABBA guruhining boshqa bir qo‘shig‘idan olingan. Darvoqe, Meyning «fleshmoblari» orasida qirolichaga ta’zim qilgani ham yodingizda bo‘lsa kerak. Bosh vazirning bu harakati ham ijtimoiy tarmoqlarda kulgiga sabab bo‘ldi.
Tereza Mey vaqtida 36 nafar vazir iste’foga chiqqani ham uning hukumati qanchalik parokandalikka yuz tutganini ko‘rsatadi. Bu vazirlardan 21 nafari «Brekzit» borasidagi qarashlari xilma-xil bo‘lgani sabab o‘z ixtiyoriga ko‘ra ishdan ketgan. Meyning hal qiluvchi mag‘lubiyati sifatida Yevroparlament saylovlarini aytish mumkin. Uinston Cherchill kabi siyosatchilarni yetishtirgan konservatorlar partiyasi saylovlar natijasiga ko‘ra Britaniyada 5-o‘rinni qo‘lga kiritdi.
Britaniyaliklar Meyning xuddi Margaret Tetcher kabi «temir xonim» bo‘lishini kutishgandi, lekin bunday bo‘lib chiqmadi. U Yevropa Ittifoqi rahbarlari bilan bir necha marta muzokaralar o‘tkazib ham «Brekzit» bo‘yicha bir qarorga kela olmadi. Yetmaganiga Donald Tusk ijtimoiy tarmoqda uni mazax qilishgacha bordi. Yaqinda O‘zbekistonga safar qilgan Yevropa Kengashi raisi janob Tusk «Brekzit» masalasida Mey bilan uchrashgach, stoldagi shirinlikning rasmini instagramdagi sahifasiga joylab, shunday deb yozgandi: «Kechirasiz, faqat olchasiz».

Tuskning bunday yozishi bejizga emasdi. Britaniyaliklar breksitni katta tortga o‘xshatib, Yevropa Ittifoqidan to‘liq o‘zlariga foydali holda chiqib ketishlarini, ya’ni tortni to‘liqligicha qo‘lga kiritishlarini aytishgan va «Tortning ustidagi olchasi ham bizniki bo‘ladi», deb xitob qilishgandi. Mey Yevroittifoq rahbarlari bilan uchrashuvlarning birida bo‘yniga olcha tasvirlangan taqinchoq bilan borgani ham ramziy ma’no kasb etgandi aslida.
Xullas, xalq va atrofidagilar tomonidan bosim kattalashib boravergach, Mey ketishga qaror qildi. Britaniyaliklar Yevropa Ittifoqidan chiqish yoki chiqmaslik masalasidan shunchalik charchashdiki, hozir ularga bu dardisarni yo u yoqlik, yo bu yoqlik qiladigan qat’iy rahbar kerak. Masalan, Londonning sobiq meri hamda sobiq tashqi ishlar vaziri Boris Jonson aynan shunday keskin qaror qabul qila oladigan inson. U ayni damda yangi bosh vazir bo‘lish uchun nomzodini ilgari surgan.
Britaniya fuqarolari «Brekzit»ning hal bo‘lmayotgani va 3 yildan buyon tushunarsiz holatda qolayotgani qirollik rivojlanishini orqaga surayapti deb hisoblashadi. Chindan ham mamlakatning asosiy siyosatchilari 3 yildan buyon kunlarini rivojlanish yo‘lidagi o‘zgarishlarga emas, «Brekzit»ga qaratishmoqda. Britaniyaning Yevropa Ittifoqidan chiqishining oxirgi muddati qilib 31 oktyabr belgilangan. Agar tomonlar hech qanday kelishuvga erisha olmasalar, qirollik YeIdan avtomatik tarzda chiqib ketishi ham mumkin. Lekin Britaniya uchun eng yaxshi yo‘l yoki o‘zi uchun manfaatli bo‘lgan sohalardagi savdo aloqalarini saqlab qolgan holda ittifoqdan chiqish yoki qayta referendum o‘tkazish.
Ikkinchi holatda aholi katta ehtimol bilan Yevropa Ittifoqida qolishni ma’qul ko‘radi, chunki birinchi referendumda «Yevropa Ittifoqidan chiqmoqchi bo‘lyapmiz, siz shunga nima deysiz?», degan savolga «Ha» deb javob berganlar chiqish jarayoni qirollikning sillasini quritganini ko‘rishdi. Britaniyaning yangi bosh vaziridan aynan shu holatni zudlik bilan hal qilish talab qilinadi.
Darvoqe...
Tereza Mey siyosatda katta yutuqlarga erisha olmagandir, lekin u ketishi haqida e’lon qilishi ham mardlik bo‘ldi. Masalan, Mey xonim 31 oktyabrgacha hukumat tepasida qolib, vaziyat hal bo‘lishini kutishi ham mumkin edi, lekin u qirollik taqdiri uchun o‘zidan boshqa odam kelishin ma’qul ko‘rdi. Uning ko‘z yoshi bilan tugallangan oxirgi gapi esa vatani uchun qo‘lidan kelganicha xizmat qilganini ko‘rsatdi: «O‘zim sevgan mamlakat uchun xizmat qilganimdan baxtiyorman»...
O‘tkir Jalolxonov
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing! Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing Mavzuga oid yangiliklar