16:06 / 06.02.2020
3 740

Uxanlik ayol hikoyasi: «Karantinda o‘lgandan uyda o‘lgan afzal»

Uxanlik ayol hikoyasi: «Karantinda o‘lgandan uyda o‘lgan afzal»
Uxan shahri o‘rab olingan. Kirish va chiqish taqiqlangan / GETTY IMAGES
Venszyun Van 33 yoshda. U uy bekasi, u oilasi bilan yangi koronavirus tarqala boshlagan Uxanda yashaydi.
U va uning qarindoshlari 23 yanvardan buyon shaharni tark etolmaydi, Uxanga kirish va u yerdan chiqish qat’iyan taqiqlangan.

O‘tgan vaqt ichida koronavirusdan zararlanganlar soni 25 mingga yaqinlashgan, kamida 490 kishi vafot etgan.
Shahardan ma’lumot deyarli chiqmayapti. Bi-bi-si Venszyun Van bilan bog‘lanishga muvaffaq bo‘ldi, u oilasi epidemiya sharoitidagi bu shaharda yashab qolish uchun qanday murakkabliklar bilan to‘qnashgani haqida hikoya qilib berdi.

Koronavirus epidemiyasi boshlangan vaqtda amakim vafot etdi, otam og‘ir ahvolda qolmoqda, onam va xolamda ham bu kasallik simptomlari aniqlangan.
Tomografiyadan keyin ularning zararlanishi yengil ekani aniqlandi. Ukam ham yo‘tala boshladi, u nafas olishga qiynalardi.

Otamning harorati ko‘tarildi, isitmasi chiqdi. Kecha tana harorati 39,3 darajagacha chiqdi. U hamisha yo‘taladi, nafas olishga qiynaladi. Biz unga kislorod apparati oldik, u kun davomida ushbu apparatdan foydalanadi.

Otam G‘arbdan kelgan dori vositalarini ham, mahalliy preparatlarni ham qabul qilmoqda. Uni shifoxonaga olishmadi, chunki testlar uchun zarur uskunalar yetishmovchiligi tufayli rasman tashxis qo‘yilmagan.

Onam va xolam o‘zlari ham betob bo‘lishsada har kuni umid bilan otamga joy topilishi uchun shifoxonaga borishadi. Barcha shifoxonalarda rad javobi berishmoqda.

«Bizga hech kim yordam bermaydi»
Uxanda ko‘p joylarda yengil zararlangan yoki kasallik inkubatsiya bosqichida bo‘lganlar karantinga joylashtirilmoqda.
Karantin punktlari faqat asosiy sharoitlarni qilib beradi, bunday joylarga otam kabi og‘ir kasallarni qabul qilishmaydi, undaylar uchun shunchaki joy yo‘q.

Amakim shunday karantin punktlaridan birida vafot etdi, u yerda og‘ir kasallarga sifatli tibbiy yordam ko‘rsatish imkoni yo‘q edi. Men juda umid qilamanki, otamni shifoxonaga olishadi, ammo hozir bizga hech kim yordam ko‘rsatmayapti, hech kim biz bilan bog‘lanmayapti.

Men bir necha bor ijtimoiy xizmatlarga murojaat qildim, ammo har safar menga otamni shifoxonaga joylash uchun zig‘ircha ham imkoniyat yo‘qligini aytishdi.

JSST koronavirus tarqalishini global miqyosdagi favqulodda holat deb e’lon qilgan / GETTY IMAGES
Otam va amakimni karantin punktiga yo‘llashgandi. Avvaliga biz buni xuddi shifoxona kabi bo‘ladi deb o‘ylagandik, ammo bu shunchaki alohida turar joy ekan.

U yerda shifokorlar, hatto hamshira ham yo‘q edi, xonalar ham isitilmagandi. Ular tushda borishgandi, ammo faqat kechga borib ovqatlantirishgan, sovigan zakuskalar bilan. Amakim borishidan avval og‘ir kasal edi, ko‘p o‘tmay hushidan ketib qola boshladi.

Shifokorlar uni bir marta ham ko‘rib qo‘yishmadi. Uni otam bilan turli xonalarga joylashtirishgandi. Dadam soat 6:30da uni ko‘rgani borgan, ammo bu vaqtda amakim olamdan o‘tgan ekan.

«Karantinda o‘lgandan ko‘ra uyda o‘lgan afzal»
Hozir yangi gospitallar qurishmoqda, ammo ular shifoxonalarga olib borilgan va u yerga sig‘may qolganlar uchun, biz kabilar uchun emas.

Agar rasmiylarning ko‘rsatmalariga rioya qiladigan bo‘lsak, karantin punktlaridan biriga borishimiz kerak bo‘ladi. Ammo bunday qiladigan bo‘lsak, otam bilan ham xuddi amakim bilan bo‘lgan voqea takrorlanadi.
Karantinda o‘lgandan ko‘ra uyda o‘lgan afzalroq.

Uxan ko‘chalari bo‘shab qolgan / GETTY IMAGES
«Zararlanganlar juda ko‘p»
Bizniki kabi oilalar juda ko‘p va ularning barchasi bizniki kabi muammolar bilan to‘qnashmoqda.
Mening dugonamning otasini karantin punktiga kiritishmadi, chunki uning harorati juda yuqori bo‘lgan.

Shaharda resurslar yetishmayapti, zararlanganlar esa juda ko‘p. Juda qo‘rqinchli, biz ertaga nima bo‘lishini bilmaymiz.
Agar 23 yanvar kuni shaharni o‘rab olishlarini bilganimda men butun oilamni bu yerdan olib ketgan bo‘lardim, chunki bu yerda hech qanday yordam yo‘q.

Agar biz boshqa joyda bo‘lganimizda hech bo‘lmasa umidimiz bo‘lardi. Men rasmiylarning ko‘rsatmalariga rioya qilib shaharda qolib to‘g‘ri qilganman deya olmayman.
Amakimning vafoti - bu savol uchun javobdir.

Koronavirus raqamlarda
Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining (JSST) 6 fevral kungi ma’lumotlarga ko‘ra, yangi 2019-nCoV koronavirusi yangi davlatga tarqalishi holati qayd etilmagan.
JSST butun dunyo bo‘ylab virusdan zararlanganlarning jami soni 28 018 nafarga yetganini (so‘nggi bir kunda 3702 nafarga o‘sish) ma’lum qilgan.

So‘nggi bir kunda virusdan 73 kishi vafot etgan va qurbonlarning umumiy soni 565 kishini tashkil qilmoqda.
Shu vaqtgacha Xitoydan tashqari yana 23 mamlakatda koronavirus aniqlangan - jami 201 kishi (Yaponiyada 45, Singapurda 28, Tailandda 25, Janubiy Koreyada 23 va Avstraliyada 14). Ikki kishi vafot etgan - Filippin va Hongkongda.

So‘nggi bir kun ichida virusga chalingan qariyb 300 kishi tuzalib ketdi. Virus tarqala boshlaganidan buyon sog‘ayganlarning jami soni Xitoyda 1153 kishi, butun dunyo bo‘ylab hisoblaganda 1208 kishini tashkil qilmoqda.

Lekin epidemiyaning haqiqiy ko‘lami kengroq bo‘lishi mumkin. Hongkonglik olimlarning hisoblariga ko‘ra, Xitoyda virusdan zararlanganlarning soni rasmiy ma’lumotlardagidan ko‘ra o‘n barobar ko‘proq.

Hozircha yangi koronavirusga qarshi infeksiya yo‘q. «Sinxua» nashri xabariga ko‘ra, 6 fevral kuni Xitoyda virusga qarshi «Remdesivir» preparatining klinik sinovi boshlandi. Unda yangi tipdagi koronavirusdan zararlangan 761 kishi qatnashadi.

4-5 fevral kunlari O‘zbekiston Xitoy va Uxandagi fuqarolarini evakuatsiya qilish ishlarini amalga oshirdi. Uchta charter reysda (ikkitasi Pekindan va bittasi Uxandan) jami 580 kishi olib kelindi. Ularning aynan qanchasi Uxandan olib kelingani aniq emas. Evakuatsiya qilinganlarning barchasi Toshkent shahri va Toshkent viloyati hududida maxsus tayyorlangan sanatoriylarda ikki hafta davomida karantin holatida saqlanadi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Uxanlik ayol hikoyasi: «Karantinda o‘lgandan uyda o‘lgan afzal»