22:27 / 20.02.2020
3 450

Mo‘’jiza sodir bo‘lmadi. Li Myon Bak nega qamaldi?

Mo‘’jiza sodir bo‘lmadi. Li Myon Bak nega qamaldi?
Foto: AFP
19 fevral kuni Seul Oliy sudi Janubiy Koreyaning 10-prezidenti Li Myon Bakni 17 yillik qamoq jazosiga hukm qildi. U katta miqdorda pora olishda aybdor deb topildi.
«Mo‘’jiza sodir bo‘lmaydi» kitobi bilan tanilgan Li Myon Bak qanday inson edi?

Qamalish sababi
Korrupsiyada ayblangan sobiq prezident 2018 yil 5 oktabrda hibsga olingandi. U qamoqda bir yil o‘tirgach salomatligi yomonlashgani bois garov evaziga ozodlikka chiqarilgandi, ammo sud 2020 yil 19 fevral kuni sobiq prezidenti yana 17 yilga ozodlikdan mahrum etish bo‘yicha hukm chiqardi.

Janubiy Koreyani 2008-2013 yillar davomida boshqargan Li Myon Bak akasiga tegishli bo‘lgan DAS korxonasining asl egasi ekanligi aytilgan holda kompaniyani rivojlantirishda prezidentlik vakolatini suiiste’mol qilganlikda aybdor deb topildi. Shuningdek, sobiq prezident hujjatlarda avto ehtiyot qismlari sotish bilan shug‘ullangani aytilgan, aslida esa kompaniya hisob raqamidan yirik korporatsiyalar, xususan Samsung Electronics’dan pora undirish uchun ishlatilgan DAS kompaniyasi bilan aloqadorlikda ayblangan.

Ayni vaqtda 78 yoshda bo‘lgan Li Myon Bak 17 yil qamoqda o‘tirishdan tashqari 15,7 million dollar miqdorida jarima ham to‘lashi kerak.

Shu o‘rinda bir savol tug‘iladi: o‘z vaqtida butun boshli mamlakat prezidenti bo‘lgan odamni qamash uchun faqatgina pora ayblovi qanchalik haqiqatga yaqin? Albatta, hamma qonun oldida teng, ammo mamlakat rahbari ishi (garchi u sobiq bo‘lsa-da) bundan kattaroq va shov-shuvliroq bo‘lishi kerakdek go‘yo. Aytaylik, bu kimningdir yoki kimlarningdir qasosi bo‘lsachi?

Li Myon Bak prezidentlik vaqtida Shimoliy Koreya bilan munosabatlar maksimal darajada sovib ketgandi. Aynan uning boshqaruvi davrida shimol va janub dengizchilari o‘rtasidagi to‘qnashuvda 46 kishi halok bo‘lgandi. Amaldagi prezident Mun Je In va uning tarafdorlari shimol bilan aloqalar yomonlashgani katta xato bo‘lganini ko‘p marta takrorlagan. Shu bois, Li Myon Bakning qo‘shni mamlakat bilan aloqalari ish ochilishida katta o‘rin tutgan bo‘lishini taxmin qilish mumkin.

Sobiq prezidentga qo‘yilgan ayblovlar 16 banddan iborat. Ular orasida soliqlardan qochish va razvedka tashkilotlarining maxfiy operatsiyalari uchun ajratilgan puldan 9,3 million dollarni o‘zlashtirganlik kabi ayblovlar ham bor.

«Mening ustozlarim qashshoqlik va onam»
Li Myon Bakka qo‘yilayotgan ayblovlar boshqa masala. Keling, uning qanday odam bo‘lgani haqida gaplashsak. O‘zbekistonda uning «Mo‘’jiza sodir bo‘lmaydi» asarini o‘qib Koreyaning bu sobiq prezidentiga hurmati oshganlar ham bo‘lsa kerak. Janubiy Koreyaning bo‘lajak prezidenti 1941 yil 19 dekabrda Yaponiyaning Osaka viloyatida tug‘ilgan. Ikkinchi jahon urushi tugagach Myon Bakning ota-onasi o‘z yurtlari Janubiy Koreyaga qaytishadi.

Koreyscha ismlar biz uchun murakkab va hech qanday ma’no bildirmaydigandek ko‘rinadi, ammo aslida bunday emas. Masalan, qahramonimizning onasi oydin kechalardan birida tush ko‘radi va unda qornidagi bolasi o‘g‘il ekaniga ishora sezadi. Shu sabab bo‘lajak farzandiga Myon Bak deb ism qo‘yadi. Ya’ni, Myon — yorug‘lik, Bak — tarqatuvchi. Bo‘lajak prezident shu tariqa Myon Bak ismini oladi. Uning yaponcha ismi ham bor: Sukiyama Akixiro.

Dehqon oilasida tug‘ilgan Myon Bak 3 o‘g‘il va 3 qiz bilan birga o‘sadi. U oilasida beshinchi farzand edi. Bo‘lajak prezidentning oilasi Janubiy Koreyaga qaytib kelayotganda ular bo‘lgan kema halokatga uchrab, kemadagilar zo‘rg‘a omon qolishadi. Turgan gapki, barcha buyumlari suvga g‘arq bo‘lgan oila hammasini boshdan boshlashga majbur bo‘ladi.

Myon Bak ikkinchi o‘g‘il bo‘lgani uchun katta akasi bilan birga ro‘zg‘or tebratishda yordam beradi. Ko‘chada gugurt, non va turli yeguliklar sotadigan Myon Bak maktabni yaxshi baholar bilan tamomlaydi, ammo o‘qishni davom ettira olmaydi. Chunki o‘qish uchun to‘lovlar oilaga og‘irlik qilar va koreys oilalarida ota-onalar oiladagi katta o‘g‘ilga asosiy e’tiborni qaratardi. Shu bois bo‘lajak prezident o‘zining ko‘chadagi «biznes»ini davom ettirib katta akasining o‘qishi uchun pul yig‘ishda yordam beradi.

Keyinchalik kechki maktab (kollej darajasidagi o‘quv muassasasi)ga o‘qishga kiradi va kunduzi ko‘chada savdo qilishda davom etadi. Nomus sabab Myon Bak ko‘chada savdo qilib yurganida somondan to‘qilgan katta shlyapa kiyib olar, ammo shunda ham tanishlari ko‘rib qolishidan qo‘rqardi. Sobiq prezident bu haqda shunday eslaydi: «Hayotimdagi eng uyatli holat? O‘smir vaqtim ayollar maktabi oldida non sotganimda juda uyalganman».

Li Myon Bak hayotda qiynalgani haqida ko‘p ham gapiravermaydi, ammo uning iqtiboslari bolaligi qanday o‘tganini ko‘rsatadi. Bir safar u o‘z onasini eslab shunday degandi: «Mening hayotdagi ustozlarim qashshoqlik va onam bo‘lgan».

23 yoshida qamalgan demokratiya tarafdori
Myon Bakning orzusi baribir amalga oshadi va u universitetga o‘qishga kiradi. Akasining o‘qishi uchun oila Seulga ko‘chib kelishga qaror qiladi. Bundan foydalangan Myon Bak ham Kouryo universitetiga o‘qishga kiradi. O‘qish uchun pulni esa bozorda kechasi farroshlik qilib topadi. Myon Bakka eng yaxshi talabalar qatorida stipendiya belgilanadi, ammo u pulni ololmaydi. Chunki sportchi do‘stlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imtihonlardan biriga boykot e’lon qilib stipendiyadan mahrum bo‘ladi.

1964 yilda Li Myon Bakning hayotida katta o‘zgarish sodir bo‘ladi. U Seulda talabalar kengashi rahbariga aylanib, mamlakatning Yaponiya bilan munosabatlari to‘g‘risidagi kelishuvga qarshi namoyishlarga boshchilik qiladi. Unga 12 ming talaba ergashadi va namoyishchilar o‘z maqsadlariga yetib, odamlarning Seul-Tokio munosabatlariga nisbatan kayfiyatlariga ta’sir ko‘rsatishadi. Faollar yetakchisi bo‘lgan Myon Bak 6 oy qamoqda o‘tirib chiqadi. Keyinchalik unga universitetni bitirish imkoni beriladi.

Laqabi «buldozer»
Li Myon Bak faoliyatini 1965 yil u vaqtda oddiy qurilish kompaniyasi bo‘lgan «Xyonde Konstrakshn»da boshlaydi. Uning tashabbusi bilan korxona Tailanddagi yirik magistral qurilishini qabul qiladi. Bu «Xyonde Konstrakshn»ning chet eldagi ilk loyihasi edi. Korxona Li Myon Bakni Tailanddagi qurilishga mas’ul qilib yuboradi. Bir kuni mahalliy ishchilar norozilik uyushtirib kompaniyaning Tailanddagi ofisiga hujum qilishadi. Myon Bak esa ofisdagi hujjatlar saqlanayotgan seyfni o‘zi xavf ostida qolgan bo‘lsa-da, saqlab qoladi.

Kompaniyaga sadoqati uning 29 yoshida endilikda kengayib borayotgan «Xyonde Konstrakshn» direktorlar kengashiga kirishiga sabab bo‘ladi. Darvoqe, Li Myon Bakning ishchi vaqtidagi laqabi «buldozer» bo‘lgan, chunki u buldozerni juda yaxshi ishlatgan.

Li Myon Bak 33 yoshida unda jigar xastaligi aniqlanadi va shifokorlar ishlashni taqiqlaydi. Ammo turmush o‘rtog‘i uni ilonbaliq go‘shti bilan davolashga kirishadi. Ayol baliq tutgani daryoga o‘zi borardi.

«Gorbachyov bir kishi ko‘p narsani o‘zgartirishi mumkinligini isbotladi»
47 yoshida «Xyonde» direktorlar kengashining raisi bo‘lgan Li Myon Bak biznesdagi faoliyatini yakunlab siyosatga o‘tadi. Bu qarorini shunday izohlaydi: «Dunyo bir kishi — Gorbachyov sabab qanchalik o‘zgarganini ko‘rdim, shu bois men ham nimadir qilishim kerak». Siyosiy faoliyatida ham ko‘plab qarshiliklarga duch kelgan Li Myon Bak 2002 yilda Seul meriga aylanadi.

U bu lavozimda katta ishlar qiladi. Masalan, markaziy ko‘chalardan biridagi avtobus qatnoviga o‘zgartirish kiritiladi. Li Myon Bakning taklifiga ko‘ra, ko‘chada avtobus uchun alohida yo‘l ko‘chaning chetidan emas, o‘rtasidan belgilanadi. Ikki tomonni ajratib turadigan to‘siq olib tashlanib, o‘rni avtobus liniyasiga aylantiriladi. Natijada yo‘llarda kesishmalarga duch kelmaydigan avtobuslar oldingidan 3 baravar tez harakatlanib, o‘sha katta ko‘chadagilar uchun shahar markaziga qatnash shuncha marta osonlashadi.

Myon Bakning poytaxt rahbari sifatida qilgan yana bir ishi Chxongechxon daryosini tarixiy o‘zani bo‘ylab harakatlanishini tiklash bo‘ladi. O‘tgan asrning 50-yillarida shahar tashqarisiga katta quvurlar yordamida chiqarib yuborilgan daryo infeksiya chiqaradigan joyga aylanib qoladi. Li Myon Bak esa millionlab dollar sarflanadigan loyiha asosida daryo shahar markazidan oqib o‘tishini ta’minlaydi. Uning bu fikriga qarshi bo‘lishadi, ammo keyinchalik daryo atrofi shahar ichidagi dam oladigan zonaga aylangach, odamlar bu to‘g‘ri fikr bo‘lganini tan oladi.

2005 yilda Li Myon Bak yana bir loyihaga qo‘l uradi. U Seulda xuddi Nyu-York va Londonda bo‘lgani kabi shahar markazida o‘rmon yaratish loyihasiga kirishib, bir yildan so‘ng ochilish marosimini o‘tkazadi. U yerda 400 ming tup daraxt ekiladi va 100ga yaqin turdagi jonzotlar yashay boshlaydi. O‘shanda Time jurnalida bu haqda maqola e’lon qilingan, unga Li Myon Bakning Chxongechxon daryosida tushgan surati ilova qilingandi.

Li Myon Bak Seuldagi bir qarich yer ham bekor turmasligi kerak deb hisoblaydi va shu maqsadda shahar administratsiyasi oldidagi katta betonlangan maydon maysazorga aylantiriladi. Keyinchalik bu yerda san’atkorlar pul to‘lab o‘z konsertlarini o‘tkazar, qishda esa maydon tabiiy uchish maydonchasiga aylanardi. Shuningdek, Myon Bak boshqaruvi davrida Seul shahar administratsiyasi dunyoda zamonaviy texnologiyalardan eng ko‘p foydalanadigan shahar rahbariyatiga aylanadi.

Prezidentlik
Li Myon Bak 2007 yil dekabrda Janubiy Koreya prezidentligi saylovlarida g‘olib bo‘ladi. U 48,7 foiz ovoz to‘playdi, ammo prezidentligining ilk yillarida reytingi keskin tushib ketadi. AQSHdan Janubiy Koreyaga mol go‘shti olib kirish importiga qo‘yilgan cheklov olib tashlanishi odamlarda norozilik kayfiyatini paydo qiladi. Oqibatda 2 oy davom etgan namoyishlarda mamlakat budjeti katta zarar ko‘radi.

Foto: Oq uy
Li Myon Bakning prezidentlik dasturi o‘ziga xos nom oladi: «Koreya 7-4-7». Unga ko‘ra, mamlakat YAIM hajmi 7 foizga oshishi, YAIM aholi jonboshiga 40 ming AQSH dollaridan to‘g‘ri kelishi va Janubiy Koreya iqtisodi bo‘yicha dunyoda 7-o‘ringa ko‘tarilishi kerak edi.

Li Myon Bak prezidentlik vaqtida ilm-fanga katta e’tibor beradi. Aynan uning davrida o‘qish uchun pul to‘lashda o‘ziga xos «nasiya» tizimi ishlab chiqiladi. Ya’ni, o‘qish pulini vaqtida to‘lay olmaganlarga keyinchalik ham to‘lovni amalga oshirish imkoni beriladi. Balki prezidentning o‘zi yoshligida o‘qishga pul topishda qiynalgani uchun shunday qilgandir.

Li Myon Bak 2013 yil 25 fevralgacha, ya’ni prezidentlik muddati oxirigacha o‘z lavozimida qoladi va uning o‘rnini oldingi saylovlarda o‘ziga imkoniyatni boy bergan Pak Kin Xe egallaydi. 2018 yil mart oyida Li Myon Bakka qarshi ish ochilib, uning boshi uzra qora bulutlar aylana boshlaydi. Sobiq prezident bu haqda gapirar ekan barchasi raqiblarining qasosi ekanini aytadi.

U korrupsioner bo‘lishi mumkinmi?
Shu o‘rinda savol tug‘iladi: yoshligi shunday qiyinchilikda o‘tgan, o‘z vaqtida akasi korrupsiyada ayblangani uchun televizorda butun millatdan bosh egib kechirim so‘ragan inson korrupsioner bo‘lishi mumkinmi? Albatta, Koreya sudining qarori e’lon qilib bo‘lingan, ammo bu mulohaza yuritsa arziydigan mavzu.

Foto: Reuters
Li Myon Bak Shimoliy Koreya rahbariyatiga nisbatan unchalik yaxshi munosabatda emasligini yashirmagani uchun ham tanqid qilinadi, ammo bu borada uni tushunish mumkin. O‘zingiz o‘ylab ko‘ring, Li Myon Bak oilasini boqish barobarida qiynalib o‘qib yurgan vaqtida shimolda Kimlar dinastiyasi hukumatni avloddan avlodga o‘tkazishardi. Buning ustiga, Myon Bak singlisi va ukasi aynan shimolliklar bilan to‘qnashuvlar vaqtida halok bo‘lganini hech qachon unuta olmaydi.

Li Myon Bak korrupsiyada ayblanib qamalgan bugungi kunda u inauguratsiya marosimida aytgan ba’zi so‘zlariga e’tibor bersak:
«Barchamiz baliqchi va fermerlarning farzandlarimiz. Shu bois bu sohalarga bepisand qarashga haqqimiz yo‘q.

Biz boshqa mamlakatlardan yordam puli oladigan davlatdan boshqalarga yordam beradigan davlatga aylandik. Bu ba’zilar uchun afsona yoki mo‘’jiza bo‘lib ko‘rinishi mumkin, ammo aslida hammasi haqiqat.

1997 yil mamlakat iqtisodiy inqiroz holatiga tushib qolganda o‘z tilla buyumlari, qimmatli taqinchoqlarini davlat g‘aznasiga topshirganlar Koreyaning haqiqiy qahramonlaridir.

Biz oldimizga qo‘ygan maqsadlarga erishishimiz uchun ota-onalar jismonan va ma’nan baquvvat bolalarni tarbiyalashi, o‘qituvchilar o‘quvchilarini yanada ko‘proq sevishi, korxona rahbari ishchilari bilan birga mehnat qilishi kerak.
Koreya faqat orzu qiladigan emas, orzular amalga oshadigan davlatga aylanishi lozim».

Li Myon Bakning butun dunyo siyosatida obro‘si baland edi. Jumladan O‘zbekistonda ham. Li Myon Bakning inauguratsiyasida O‘zbekiston nomidan mamlakatning birinchi prezidenti Islom Karimov qatnashgan. Li Myon Bak 2009 yil may oyida O‘zbekistonga kelgandi. Toshkentda muzokaralar o‘tkazilgach Islom Karimov va Li Myon Bak Samarqandni aylanishga ham ulgurgandi.

Foto: O‘zA
Li Myon Bak betobligi sabab ozodlikka chiqarilgach uning oila a’zolari ish qayta ko‘rib chiqilishiga umid qilishgandi, ammo mo‘’jiza sodir bo‘lmadi va Janubiy Koreyaning sobiq prezidenti oldingidan ham uzoqroq muddatga qamaldi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Mo‘’jiza sodir bo‘lmadi. Li Myon Bak nega qamaldi?