21:13 / 25.10.2020
3 547

Hal qilinmagan jumboq. Kashmir nizosining boshlanishi haqida

Hal qilinmagan jumboq. Kashmir nizosining boshlanishi haqida
Foto: Google Photos
25 oktabr Kashmir mojarosi boshlangan kun hisoblanadi. «Daryo» Kashmirdagi murakkab vaziyatning 63 yillik tarixi, nizoning yuzaga kelishi, uning sabablari hamda hozirgi davrdagi oqibatlari haqida hikoya qiladi.

Nizoning boshlanishi
Buyuk Britaniya mustamlakasi bo‘lgan Hindistonning 1947 yilda bo‘linishi Hindiston va Pokiston o‘rtasida qonli nizolarga olib keldiki, urush oqibatida bir milliondan ortiq odam o‘zaro janglarda halok bo‘ldi, 18 millionga yaqin insonlar esa qo‘shni mamlakatlardan boshpana izlashga majbur bo‘ldi.

Nizoning yuzaga kelishida Hindiston va Pokistonning Kashmir viloyatiga egalik qilish borasidagi da’vogarligi asosiy sabab bo‘ldi. Asosiy voqealar Kashmir hududida bo‘lgani sababli mazkur nizo jahon siyosati tarixida Kashmir nizosi degan nom bilan mashhur bo‘ldi.

Kashmir viloyati
Hozirgi Kashmir 101 387 kvadrat kilometr hududdagi Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nizoli mintaqa sanaladi. Kashmir viloyati shimolda Afg‘oniston, Shinjon Uyg‘ur muxtor viloyati, sharqda Tibet muxtor viloyati, Hindistonning janubdagi Ximachal-Pradesh va Pokiston g‘arbidagi Panjob hududlari bilan chegaradosh. Hozirda Kashmir hududi Jammu, Kashmir va Ladakx viloyatlariga bo‘lingan hudud hisoblanadi. Hududda 13 millionga yaqin aholi istiqomat qilib, hududning 72 500 kvadrat kilometrlik hududi Pokiston nazoratida va Kashmirning 37 555 kvadrat kilometr hududi – Oqsoychin Xitoy Xalq Respublikasi nazoratida.

Diniy to‘qnashuvlar
Kashmirdagi nizolarning yuzaga kelishida Jammu va Kashmir aholisining diniy e’tiqodidagi farqlar asosiy sabab bo‘ldi. Gap shundaki, bu hududda aholining katta qismi – taxminan 80 foiz musulmonlar bo‘lib, hokimiyat tepasida ingliz hukumatiga bo‘ysunuvchi maxaroja Xari Singx turardi. Hinduizm dinidagi maxarojaning musulmon jamoasiga rahbarlik qilishi Kashmirda musulmon jamoalari orasida turli norozilik kayfiyatlarini yuzaga keltirgan bo‘lsa-da, kuchli hokimiyat doim nizolarni avj olishiga to‘sqinlik qilib keladi.

1947 yilning yozida Britaniya mustamlakasida Hindistonni ikkiga ajratish masalasi boshlanishi bilan hind hukumatining viloyatdagi nazorati zaiflashdi. Bundan foydalangan rojalikning bir nechta hududlari rojaga qarshi isyon boshlaydi. Biroz muddat o‘tgach Pokiston hududidagi yusufzoy, masudiy va afridiy qavmlarining musulmon jamoasi o‘z dindoshlarini himoya qilish maqsadida hududga kirib keldi. Kashmirdagi ilk nizo faqat diniy motivlarga ega bo‘lib, nizolashayotgan taraflar bir-birlariga nisbatan hech qachon siyosiy maqsadlarni ilgari surmagan edi.

Shunga qaramay, oktabr oyining oxirlariga borib, isyonchi pushtunlar Kashmirga bostirib kirib, Kashmirning mustaqil hukmdori Xari Singhga bosim o‘takzishga urinib ko‘rdi. Aholisi aksar musulmon diniy jamoasi bo‘lgan Kashmirda Hindiston hukumati kuch bilan o‘z siyosatini yurita boshlaydi. BMT Hindistonga Kashmirdagi nizoni tinch yo‘l bilan hal qilish borasida maslahat bergan bo‘lsa-da, Hindiston BMTning maslahatini rad qildi. Kashmir bo‘yicha referendum o‘tkazish tavsiyasi hozirga qadar hal qilinmagan muammo sifatida qolmoqda.

Foto: Google Photos
Qonli girdob
Kashmirga kirib kelgan pushtun isyonchilarining bosimidan tashvishlangan Xari Singx Hindiston hukumatiga murojaat bilan chiqdi va harbiy ko‘mak so‘raydi. Aynan shu davrdan boshlab Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nizolar siyosiy tus ola boshlaydi. Tinchlik hukm surib kelgan mintaqada bugungi kungacha davom etib kelayotgan janjalli nizo yuzaga keldi.

Hind hukumati Xari Singxning iltimosiga binoan vaziyatga oydinlik kiritilishini ham kutib o‘tirmasdan, Kashmirga katta qo‘shin yubordi. Nizo avjiga chiqdi. 1947 yilda ingliz hukumatining tinchlik tashabbusiga qaramay, Hindiston va Pokiston murosaga kelmaydi. Mintaqada zo‘ravonlik, talon-toroj kuchaydi va aholining aksar qatlami vaziyatning bunday tus olishidan ancha jabr chekdi. Urush esa to‘xtay demasdi.

Natijada, Kashmir va Jammudagi nizo juda kuchayib ketganidan mintaqadagi aholi birin-ketin hududni tark eta boshlaydi. Statistik ma’lumotlarga qaraganda, nizoning dastlabki yilida yetti millionga yaqin musulmon jamoasi Kashmirni tashlab chiqishga majbur bo‘ldi. Besh million hind esa Hindistonga qochib o‘tdi.

BMTning tinchlik tashabbusi
Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nizo kuchayib, tarix sahifasida Hindiston va Pokiston urushi nomi bilan qoldi.

1949 yilning 1 yanvaridan BMT tashabbusi bilan harbiy harakatlar ketayotgan barcha hududlarda urush harakatlari to‘xtatildi. Oradan yarim yil o‘tgach Kashmir hududi ikki qismga bo‘lindi. Demarkatsiya chizig‘i o‘rnatildi va Hindiston Kashmiri hamda Pokiston Kashmiri atamasi yuzaga keldi. Hindiston va Pokiston 77,2 ming kvadrat kilometr hududga ega bo‘ldi. Ikki hududdagi muammolarni nazorat qilish va bartaraf qilish uchun maxsus komissiya tuzildi.

Foto: Google Photos
Komissiya belgilagan yo‘riqnomaga binoan, Kashmirda yashirin ovoz berish yo‘li bilan plebessit o‘tkazilishi nazarda tutildi. Bunga ko‘ra, Hindiston va Pokiston birgalikda mintaqaviy nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishi kerak bo‘ldi. Biroq xalqaro tashkilotning mazkur tashabbusi ham Hindistonda, ham Pokistonda yetarli darajada ma’qul loyiha sifatida e’tirof etilmadi. Ustiga ustak, xalqaro hamjamiyat ham Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi nizoni tinch yo‘l bilan hal qilishga unchalik ham e’tibor bermadi. Ikki mamlakat ham o‘zlari egallab olgan Kashmir viloyati hududidan o‘z qo‘shinlarini olib chiqib ketmadi. Nizo keskinlashib bordi.

1956 yilga kelib Hindistonda ma’muriy bo‘linish haqidagi qonun qabul qilinishi bilan mintaqadagi keskinlik biroz yumshaganday tasavvur hosil qildi. 1956 yildagi hind qonuni natijasida hindlar egallab turgan hududda Kashmir va Jammu shtati maqomiga ega hududiy birlik tashkil qilindi. Hududning yozgi poytaxti sifatida Shranagar, qishki poytaxti sifatida Jammu tan olindi. Pokiston esa markazi Gilgit bo‘lgan hududga egalik qila boshlaydi.

Natijada, demarkatsion chiziq o‘rnatildi, ammo Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi chegaraviy nizoga nuqta qo‘yilmadi. Kashmir Pokistonga bo‘ysunuvchi hudud maqomini oldi. Biroq bundan Hindiston ancha yutqazdi. Sababi Hindiston Pokiston tufayli Markaziy Osiyo bilan umumiy chegaralaridan mahrum bo‘lgandi. Shuningdek, Pokiston o‘zining yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Xitoy bilan chegaradosh maqomiga ega bo‘ldi. Bu esa Pokiston uchun juda muhim edi.

Urush harakatlarining boshlanishi
1965 yilga kelib ikkinchi hind–pokiston urushi boshlanib ketdi. Buyuk Britaniyaning aralashuvi urushning keng miqyosda olib borilishiga imkon bermadi. Shunga qaramasdan, Pokiston Hindistonga qarashli Jammu va Kashmir viloyatini bosib olish niyatidan qaytmadi. Pokiston hukumati Kashmirda qo‘poruvchi va isyonkor guruh tashkil qildi. Hind hukumati bundan xabar topib, 1965 yilda qo‘poruvchilar tayyorlanayotgan Pokiston hududiga bostirib kirdi. Pokiston hukumati esa hind hukumatining hujumiga qarshi Hindistonning Amritsar shahriga tank qo‘shinlaridan tashkil topgan qo‘shinini yubordi. Natijada, Hindiston va Pokiston o‘rtasidagi urush harakatlari yanada kuchaydi.

1966 yilda Toshkent shahrida Hindiston bosh vaziri Lol Bahodir Shahstri va Pokiston hukumati rahbari Ayub Xon muzokara o‘tkazdi. Ikki nizolashayotgan taraf bitim tuzdi. Biroq bitim natija bermadi.

Foto: Google Photos
1971 yilda uchinchi hind-pokiston urushi yuz berdi. Urush natijasida Pokiston mag‘lub bo‘lib, 1971 yilning dekabr oyida taslim bo‘lganini e’lon qildi. Natijada, mustaqil Bangladesh respublikasi yuzaga keldi. Ayni shu damda Pokistonning harbiy ittifoqchisi bo‘lgan AQSH Pokistonga yordam berish maqsadida Hindiston qirg‘oqlariga yaqinlasha boshlaydi. Sovet Ittifoqining Hindistonga yon bosishi natijasida AQSH dengiz kuchlari o‘z harbiylarini Hindiston dengiz sarhadlaridan ortga olib qochishga majbur bo‘ldi.

1980 yilda ham Hindiston va Pokiston o‘rtasida bir necha bor harbiy to‘qnashuvlar yuz berdi. Bu urushga mintaqadagi ijtimoiy va iqtisodiy inqirozlar ham turtki bo‘ldi. Islomiy guruhlar Kashmirning ozod bo‘lishi borasida bir qator chiqishlar tashkil qildi. Pokiston hukumati o‘z navbatida bu guruhlarni moliyaviy jihatdan qo‘llay boshladi. Pokiston va Hindiston harbiylari hattoki Xitoyga chegaradosh bo‘lgan hududlarda ham artilleriya vositasida urush olib bordi.

1990 yilga kelib Jammu va Kashmirda mujohidlar harakati avj olgani bois Hindiston hukumati 20 ta diviziyasini hududga kirgizishga majbur bo‘ldi. Mazkur urushlar natijasida 30 ming hind va 70 ming pokistonlik tinch aholi qurbon bo‘lgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqaldi. Pokiston esa shu paytgacha radikal islomiy guruhlarni dastaklamagani haqida bayonot berib kelmoqda.

Xulosa
Hozirga qadar Kashmirdagi siyosiy vaziyat borasida Hindiston va Pokiston o‘rtasida vaqtinchalik sulh va bitimlarni hisobga olmasa, aniq bir kelishuv imzolanmagan. Shu sababli ham ikki davlat o‘rtasida Kashmir borasida vaqti-vaqti bilan qurolli to‘qnashuvlar sodir bo‘lib turadi. Kashmir aholisining 60 foiz musulmonligi hisobga olinsa, ular Hindiston tarkibidan chiqish tarafdori. Hindiston esa mazkur masalada Kashmirga qarshilik qilib keladi.

Jahongir Ergashev tayyorladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Hal qilinmagan jumboq. Kashmir nizosining boshlanishi haqida