13:25 / 21.11.2020
3 234

Isroilliklar Tramp qayta saylanishi uchun ommaviy ibodat qilgan edi. Xo‘sh, Baydendan hadiksirashning sababi nima?

Isroilliklar Tramp qayta saylanishi uchun ommaviy ibodat qilgan edi. Xo‘sh, Baydendan hadiksirashning sababi nima?
Donald Tramp Quddus shahridagi holokost qurbonlari xotira yodgorligida nutq so‘zlamoqda. 2017 yil 23 may.
Foto: «Reuters»

Joriy yil 4 noyabr kuni AQSHda bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi arafasida isroilliklar amaldagi rahbar Donald Trampning navbatdagi muddatda qolishi uchun ommaviy ibodat qilgan, «Navbatdagi 4 yil!» shiori ostida tadbirlar o‘tkazgan edi.

Ammo saylov natijalari isroilliklarning duolari ijobat bo‘lmaganini ko‘rsatmoqda. Xo‘sh, Isroil rahbariyatining Trampga favqulodda xayrixohligi, demokratlar vakili, saylangan prezident Jo Baydenga andak badxohligi sababi nimada?

So‘nggi 4 yil Isroil uchun orzularning ushalish davri bo‘ldi. Qo‘shma Shtatlar prezidentlari orasida boshqa birortasi Donald Tramp kabi yahudiy davlati manfaatlarini jiddu jahd bilan himoya qilmagan edi.

Quddus shahrining maqomi masalasi Falastin hamda Isroil o‘rtasidagi jiddiy ziddiyatlarga doyalik qilayotgani ma’lum. Prezident Tramp Quddusni Isroilning bo‘linmas poytaxti deb tan oldi hamda Qo‘shma Shtatlar elchixonasini Tel-Avivdan Quddusga ko‘chirdi.

Joriy yil 28 yanvar kuni D.Tramp tomonidan Falastin–Isroil ziddiyatini bartaraf etish bo‘yicha e’lon qilingan va mubolag‘ali tarzda «Asr kelishuvi» deb atalgan tashabbusda ham Quddus yaxlit holda Isroil poytaxti deb e’lon qilingan. Mazkur bitimda falastinliklardan Iordan daryosining G‘arbiy sohilini Isroil yurisdiksiyasida deb tan olish ham talab etilgan.

Tramp ma’muriyati ilgari surgan tashabbus Falastin tomonidan keskin rad etildi. Arab davlatlari ligasi ham «asr kelishuvi» faqat Isroil manfaatlarini ifodalagani bois, uni qabul qilib bo‘lmasligini qat’iy ma’lum qildi. «Asr kelishuvi» ikki tomonlama ziddiyatning asosiy qurboni Falastin ishtirokisiz qabul qilingan, tinchlik rejasidan hatto Yaqin Sharqda tinchlik o‘rnatish bo‘yicha yetakchi siyosiy kuchlar – BMT, Yevroittifoq va Rossiya ham xabardor qilinmagan.

Tramp o‘tgan 4 yil ichida Falastin hukumatiga moliyaviy ko‘mak hajmini keskin qisqartirdi, BMTning Falastin qochqinlariga yordam beruvchi agentligini moliyalashtirishni esa to‘xtatdi.

Tramp ma’muriyatining sa’y-harakati bilan BAA hamda Bahrayn davlatlari Isroil bilan diplomatik aloqa o‘rnatdi. Sudan ham bunga tayyor ekanini rasman ma’lum qildi. Falastinliklar haq-huquqini poymol etishda ayblanuvchi davlat so‘nggi bir necha o‘n yilliklar davomida arab olamida faqat Iordaniya hamda Misr bilan diplomatik aloqa o‘rnatishga muvaffaq bo‘lgan edi, xolos.

Bosh vazir Binyamin Netanyahu ta’biri bilan aytganda, Isroil Barak Obama davrida barcha geosiyosiy masalalarda butkul mudofaa siyosatini yuritishga majbur bo‘lgan edi. Tramp boshqaruvi davrida esa rasmiy Tel-Avivning Falastinga nisbatan ko‘plab ayblaridan ko‘z yumildi.

Shu bois ham yangi saylangan prezident Jo Bayden sipogina, qisqagina tabrik yo‘llagan Binyamin Netanyahu Oq uyni tark etayotgan ittifoqchisi D.Trampga Amerika–Isroil munosabatlarini «misli ko‘rilmagan darajaga ko‘targani uchun» quyuq minnatdorlik bildirdi. Yuksak ehtirom ramzi sifatida Isroildagi bir necha ko‘cha va maydonga Donald Tramp nomi berildi.

Isroil ma’muriyati Oq uyda xo‘jayin almashuvini xavotir va hadik bilan kuzatayotgani bejiz emas. Chunki demokratlar yetakchisi Jo Bayden Isroil–Falastin ziddiyati borasida Trampdan farqli o‘laroq faqat bir tomonning manfaatlarini himoya qilmaydi.

Isroil tomoni xavotirlanayotgan yana bir jihat – Jo Bayden prezident Tramp tomonidan rad etilgan Eron bilan yadro bitimiga yana qaytishi mumkin. Bu esa yahudiy ma’muriyati nazdida Eronga yadro quroliga ega bo‘lish yo‘lida ochiq imkon berish bilan barobardir.

Oq uyning yangi sohibi Jo Bayden Saudiya Arabiston, BAA kabi arab davlatlari bilan ham robitalarni qayta ko‘rib chiqishi kutilmoqda. Isroil ma’muriyati bu boradagi o‘zgarishlarni-da hadik bilan kuzatishi tayin.

Alqissa, Jo Bayden Qo‘shma Shtatlarning Yaqin Sharqdagi siyosatiga jiddiy tahrir kiritishi kutilmoqda. O‘zgarishlar esa ayni paytda qulay pozitsiyani egallab turgan davlatlar manfaatiga u qadar to‘g‘ri kelmasligi mumkin.

S.Salim tayyorladi

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Isroilliklar Tramp qayta saylanishi uchun ommaviy ibodat qilgan edi. Xo‘sh, Baydendan hadiksirashning sababi nima?