Qutqaruvchi bo‘lish uchun yosh chegarasi joriy etiladimi?

O‘zbekistonda qutqaruvchi lavozimiga ishga qabul qilishda yosh chegarasini belgilash rejalashtirilmoqda. Bu “Qutqaruv xizmati va qutqaruvchi maqomi to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartirishlar orqali amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
Qonun loyihasiga muvofiq, qutqaruv xizmatlari va professional qutqaruv tuzilmalariga qutqaruvchi lavozimiga, shuningdek, qutqaruvchilarni tayyorlovchi ta’lim muassasalariga o‘qishga 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinishi belgilanmoqda.
Nomzodlar umumiy o‘rta ma’lumotga ega bo‘lishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tib qutqaruvchilik faoliyatiga yaroqli deb topilishi, shuningdek, kasbiy, jismoniy va ma’naviy-ruhiy tayyorgarlik talablariga javob berishi lozim bo‘ladi.
Qayd etilishicha, amalda qutqaruvchi lavozimiga ishga qabul qilishda yosh bo‘yicha cheklov mavjud emas. Shu sababli hozirgacha 18 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar ishga qabul qilib kelingan.
Ayni paytda Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida 40 yoshdan 50 yoshgacha bo‘lgan 1 658 nafar, shuningdek, 50 yoshdan oshgan 826 nafar qutqaruvchi faoliyat yuritmoqda. Mutaxassislar bu holat ayrim qutqaruv ishlarining samaradorligi pasayishiga, yong‘inlarni bartaraf etishda qiyinchiliklar yuzaga kelishiga va jangovar shaylikning susayishiga sabab bo‘layotganini ta’kidlamoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!