6 yanvar kuni O‘zbekistonda iliqroq va quruq ob-havo saqlanadi

“O‘zgidromet” ma’lumotiga ko‘ra, 6 yanvar kuni respublika hududlarida havo asosan yog‘ingarchiliksiz bo‘ladi va harorat ko‘rsatkichlari nisbatan ko‘tariladi. Seshanba kuni qishga xos sovuqlik sezilarli darajada yumshaydi.
Toshkent shahrida havo o‘zgaruvchan bo‘lib, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Kechasi va ertalab ayrim hududlarda tuman kuzatilishi mumkin. Shamol sharq tomondan 3–8 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 0–2 daraja sovuq, kunduzi esa 7–9 daraja iliq atrofida bo‘ladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida ham ob-havo barqaror, yog‘ingarchiliksiz kechadi. Ba’zi joylarda tuman tushishi ehtimoli bor. Shamol sharqdan 7–12 m/s tezlikda esadi. Harorat kechasi 3–8 daraja sovuq, kunduzi 2–7 daraja iliq bo‘lishi kutilmoqda.
Buxoro va Navoiy viloyatlarida havo o‘zgaruvchan bo‘ladi, yog‘ingarchilik kuzatilmaydi. Ayrim hududlarda tuman paydo bo‘lishi mumkin. Harorat kechasi 0–5 daraja sovuq, kunduzi 5–10 daraja iliq bo‘ladi.
Toshkent viloyati, Sirdaryo, Jizzax va Samarqandda ham havo ochiq va quruq bo‘ladi. Kechasi 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha, kunduzi esa 5–10 daraja iliq havo saqlanadi.
Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida kunduzi nisbatan iliq ob-havo kutilmoqda: harorat 6–11 darajagacha ko‘tariladi. Kechasi esa 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha bo‘ladi.
Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida ham yog‘ingarchilik bo‘lmaydi, ba’zi joylarda tuman tushishi mumkin. Harorat kechasi 2 daraja sovuqdan 3 daraja iliqqacha, kunduzi 2–7 daraja iliq bo‘ladi.
Tog‘oldi va tog‘li hududlarda havo o‘zgaruvchan, yog‘ingarchiliksiz kechadi. Kechasi 5–10 daraja sovuq, kunduzi esa 3 daraja sovuqdan 2 daraja iliqqacha bo‘lishi mumkin.
Mutaxassislar ma’lum qilishicha, yanvar oyining birinchi o‘n kunligida yog‘ingarchilik ehtimoli past. Ikkinchi o‘n kunlikda harorat pasayishi, uchinchi o‘n kunlikda esa respublika shimolida kechasi 15–20 darajagacha sovuq kuzatilishi mumkin.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!