07:30 / 15.09.2021
1 639

Islandiyada atmosferani karbonat angidrid gazidan tozalaydigan zavod ishga tushdi

Islandiyada atmosferani karbonat angidrid gazidan tozalaydigan zavod ishga tushdi
Islandiyadagi Orca zavodi. 2021 yil 7 sentabr
Foto: Bloomberg

Islandiyada atmosferadan karbonat angidrid gazini ajratib olib, uni yer ostiga haydaydigan dunyodagi eng yirik zavod ishga tushirildi, deb yozadi Meduza. Texnologiya tarafdorlari aytishicha, CO₂ ni tutib yo‘q qilish— iqlim o‘zgarishini to‘xtatishning eng samarali usullaridan biri. Ularning opponentlari esa texnologiyaga haddan ortiq e’tibor berish havoga ajralmalarni zudlik bilan kamaytirish bo‘yicha ishlardan chalg‘itishi mumkin, degan fikrda.

8 sentabr kuni Reykyavikdan 30 kilometr masofada havoni karbonat angidrid gazidan tozalash bo‘yicha dunyodagi eng yirik zavod ishga tushdi. Orca deb nom olgan korxona qurilishi 2020 yil oxirida CO₂ ni tutish va saqlashga ixtisoslashgan Shveysariyaning Climeworks kompaniyasi va Islandiyaning Carbfix loyihasi tomonidan boshlangan.

Zavod direct air capture (DAC) yoki karbonat angidrid gazini havodan «to‘g‘ridan-to‘g‘ri tutib olish» texnologiyasi bo‘yicha ishlaydi. Bu shuni bildiradiki, karbonat angidrid gazi maxsus qurilmalar yordamida bevosita atmosferadan ajratib olinadi, keyin esa turli usullar yordamida saqlanadi yoki qayta ishlanadi. Masalan, sintetik yonilg‘i yoki gazlangan ichimliklarni yaratishda foydalaniladi.

Xalqaro energetika agentligi (XЕA) ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yil holatiga dunyoda 15 ta DAC-qurilmalar bo‘lib, ular yiliga jami 9 ming tonna karbonat angidrid gazini atmosferadan ajratib olgan. Orca esa, uning yaratuvchilari so‘zlariga ko‘ra, har yili atmosferadan 4 ming tonna gazni ajratib olib, shu tariqa atmosferani CO₂ dan tozalash bo‘yicha global quvvatni 40 foizdan ko‘proqqa oshiradi.

Biroq hatto bu 13 ming tonna ham bitta ko‘mir elektr stansiyasi bir yilda havoga chiqaradigan ajralmalarning bor-yo‘g‘i 1 foizini tashkil qiladi, butun dunyo bo‘yicha havoga ajralib chiqqan karbonat angidrid gazi hajmi 2020 yilda 31,5 milliard tonnaga yetgan. Climeworks yaratuvchilaridan biri Yan Vursbaxer tan olishicha, Orca’ning qayta ishlash hajmi XЕA tomonidan 2021 yil uchun prognoz qilinayotgan 33 milliard tonna ajralmalar oldida urvoq ham bo‘lmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, zavod — u ishlab chiqqan texnologiyaning hayotga tatbiq qilinishi mumkinligini ko‘rsatib beradi.

Orca karbonat angidrid gazini atmosferadan butunlay yo‘qotadi
Islandiya qurilmasi transport konteynerlarini eslatadigan sakkizta kollektordan iborat bo‘lib, ularning har biri 12 ta ventilator hamda CO₂ molekulalarini kimyoviy bog‘lashga qodir sorbentli filtrlar bilan jihozlangan.

Ventilatorlar havoni kollektorlarga tortib oladi, so‘ng undan CO₂ ni ajratib olib, uni suv bilan aralashtirib, minerallashtirish texnologiyasi bo‘yicha utilizatsiya qiladi. Ushbu texnologiyani Carbfix Islandiyada 2012 yildayoq sinab ko‘rgan edi. O‘shanda tadqiqotchilar dunyoda kattaligi bo‘yicha uchinchi o‘rinda turadigan geotermal elektr stansiyasi — Xedlisxeydining faoliyati natijasida hosil bo‘lgan 175 tonna CO₂ ni yer ostiga haydagandi. Suv bilan aralashtirilgan gaz 500 metr chuqurlikdagi bazalt tog‘ jinslariga haydalgan. Ikki yildan keyin CO₂ ning 95 foizi karbonat minerallarga aylangan.

Climeworks’da ta’kidlashlaricha, minerallashtirish texnologiyasi atmosferadan ajratib olingan CO₂ ni xavfsiz tarzda va butunlay yo‘q qilish imkonini beradi.

Texnologiyaga qarshi bo‘lganlar uning samaradorligiga shubha qilmoqda
Iqlim bo‘yicha ekspertlarning ko‘pchiligi aytishicha, yaqin o‘n yilliklarda havodan CO₂ ni yo‘q qilish uglerod neytralligi kalitiga aylanadi. Iqlim o‘zgarishi bo‘yicha hukumatlararo ekspertlar guruhi (IO‘HЕG) ham o‘zining yaqinda taqdim etilgan ma’ruzasida issiqxona gazlari ajralib chiqadigan miqdordan ko‘ra ko‘proq ajratib olinsagina, Parij bitimi maqsadlariga erishish mumkin bo‘lishini qayd etdi. O‘z navbatida, karbonat angidrid gazini havodan tutib olish texnologiyasi tanqidchilari fikricha, u o‘ta ko‘p energiya sarf qiladi, qurilmalar esa o‘zlari qayta ishlaganidan ko‘proq CO₂ ajratib chiqaradi.

Climeworks vakili so‘zlariga ko‘ra, Orca Xedlisxeydi geotermal elektr stansiyasining yangilanuvchi manbalari energiyasi hisobiga ishlaydi. Bunday stansiyalarning o‘zlari, AQSH Energetika axboroti boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, kam miqdorda CO₂ ajratishi mumkin, ajralmalar hajmi qazilma yonilg‘i hisobiga ishlaydigan xuddi shunday kattalikdagi elektr stansiyalarinikidan 99 foizga kamroq. Butun faoliyati davrida (qurilish va utilizatsiyani ham qo‘shganda) zavod ajratib chiqaradigan CO₂ o‘zi qayta ishlaydigan karbonat angidrid hajmining 10 foizidan kamrog‘ini tashkil qiladi, deydi uning egalari.

Climeworks ham qayd etishicha, DAC-qurilmalar istalgan joyda ishlashi mumkin, ammo bu unchalik ham rost emas. Xalqaro energetika agentligida ta’kidlashlaricha, zavod uchun joy tanlashda sxema uglerod-manfiy bo‘lishi uchun energiya manbasi va qiymati hisobga olinishi kerak. Shu bilan birga, minerallashtirish texnologiyasiga ega qurilmalar gaz haydaladigan bazalt tog‘ jinslariga ehtiyoj sezadi.

Bloomberg yozishicha, zavodlar uchun ushbu sharoitlar jam bo‘lgan joylarni Islandiyadan tashqarida topish oson bo‘lmaydi. Climeworks asoschilaridan biri Yan Vursbaxer qurilmalar uchun mos keladigan boshqa joylar sifatida Norvegiya va Ummonni tilga oldi.

Qurilmalar uchun yana bir potensial muammo katta miqdorda chuchuk suvdan foydalanish bo‘lishi mumkin — Orca’da har bir tonna karbonat angidrid gazi 27 tonna suvda eritiladi. Bu ushbu texnologiyadan qirg‘oqbo‘yi va dengiz hududlarida, suv tanqis bo‘lgan tumanlarda foydalanishni qiyinlashtiradi. Shuning uchun hozir Carbfix tadqiqotchilari dengiz suvidan foydalanish imkoniyatini o‘rganmoqda. Birinchi sinovlar 2022 yil yoziga rejalashtirilgan.

Climeworks kompaniyasi asoschilari Kristof Gebald va Yan Vursbaxer Islandiyadagi Orca zavodida. 2021 yil 7 sentabr
Foto: Bloomberg

Zavodlar juda qimmatbaho. Iqlim muammolarini karbonat angidridni tutib olish yordamida hal qilishdan naf bo‘lmasligi mumkin
Karbonat angidrid gazini ajratib olish texnologiyasi rivojlanishini to‘xtatib turgan omillardan biri — katta xarajatlar, xususan, zavodlarni qurish va ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga sarflanadigan mablag‘lar. Zavod egalari so‘zlariga ko‘ra, Orca’ni qurish ularga 10-15 million dollarga tushgan.

Climeworks kompaniyasi qisman uglerod kompensatsiyalari sotuviga bog‘liq. Chunonchi, bir tonna CO₂ ni qayta ishlash korporativ mijozlarga taxminan 600 dollarga, xususiylariga esa 1200 dollarga tushadi. Xususiy mijozlar narxi 8 dan 57 dollargacha bo‘lgan har oylik obunani rasmiylashtirishi mumkin. Narxlar obunachining nomidan atmosferadan ajratib olingan CO₂ hajmiga bog‘liq bo‘ladi. Hozir kompaniya sakkiz ming xususiy va 50 dan ortiq korporativ mijozlar bilan ishlamoqda, ular orasida Microsoft, Stripe, Shopify va Swiss Re kabi kompaniyalar bor.

Ba’zi ekspertlar xavfsirashicha, nol darajada ajralmalar chiqarishga o‘tishni va’da qilayotgan yirik kompaniyalar o‘z korxonalarini modernizatsiya qilmaslik va bundan keyin chiqadigan ajralmalarni berkitish uchun havodan karbonat angidrid gazini ajratib olish texnologiyasidan foydalanishi mumkin. O‘z navbatida, aktivistlar yangi texnologiyalar ekologik jihatdan ancha xavfsizroq yechimlardan va ajralmalarni zudlik bilan kamaytirish jarayonidan diqqat-e’tiborni va resurslarni chalg‘itishidan qo‘rqmoqda.

«Uglerodni yo‘q qilish haqida bilish kerak bo‘lgan eng muhim narsa shundan iboratki, bu ajralmalarni kamaytirish o‘rnini bosmaydi. Bu muhim qo‘shimcha narsa, lekin o‘rnini bosuvchi narsa emas. DAC, albatta, arzonlashadi, ammo shu bilan birga, yangilanuvchi manbalardan olinadigan energiya va ajralmalarni qisqartirishning boshqa usullari ham», — dedi Amerika universitetining Uglerodni yo‘q qilish sohasidagi huquq va siyosat instituti tadqiqotlar rahbari Devid Morrou.

Kelajakda Climeworks CO₂ ni qayta ishlash narxini bir tonna uchun 100-150 dollargacha pasaytirishni rejalashtirmoqda, bu kompaniyaga davlat subsidiyalarisiz foyda olish va karbonat angidrid gazini tutib olib, yo‘qotishni raqobatbardosh texnologiyaga aylantirish imkonini beradi.

Texnologiyaning barcha kamchiliklariga qaramasdan, avgustda AQSH uni rivojlantirishga qariyb 8,5 milliard dollar investitsiya kiritdi. Occidental va Carbon Engineering kompaniyalari qurayotgan uskunalar yiliga bir million tonnagacha CO₂ ajratib olish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Islandiyada atmosferani karbonat angidrid gazidan tozalaydigan zavod ishga tushdi