date

Xitoy kompaniyasi chiqindi suvni qayta tozalash inshootini qurmoqchi

Xitoy kompaniyasi chiqindi suvni qayta tozalash inshootini qurmoqchi

O‘zbekistonda ekologiya va suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha yangi loyiha amalga oshiriladi. Xitoyning Qingyan Environmental Technology kompaniyasi mamlakatimizda sutkasiga 40 ming kub metr chiqindi suvni tozalash quvvatiga ega zamonaviy inshoot qurishni rejalashtirmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, loyiha doirasida havo filtratsiya tizimlari va zamonaviy tozalash uskunalari o‘rnatiladi. To‘rt bosqichli texnologik zanjir asosida ishlaydigan tizim sanoat zonalari hamda bo‘yoq ishlab chiqarish korxonalaridan kelayotgan chiqindi suvni qayta ishlash imkonini beradi.

Inshoot Yevropa ekologik standartlariga to‘liq javob beradi. Tozalangan suvning kamida 60 foizi qayta foydalanishga yo‘naltiriladi. Shu bilan birga, tozalash jarayonida hosil bo‘ladigan shlam maxsus quritish tizimi orqali qayta ishlanib, elektr energiyasi ishlab chiqarishda qo‘llaniladi.

Loyiha davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshiriladi. Xitoylik investorlar inshootni 15-yil davomida boshqarish va texnik xizmat ko‘rsatish majburiyatini o‘z zimmasiga oladi. Bir kub metr suvni tozalashning bahosi taxminan 1–1,2 dollar atrofida bo‘ladi. Qurilish ishlari 8 oyda yakunlanishi kutilmoqda.

Bundan avval, Andijon viloyatining Buloqboshi tumanida O‘zbekiston–Xitoy hamkorligida qiymati 350 million dollarlik yirik sanoat majmuasi qurilishi boshlangani xabar qilingandi. U yerda polipropilen qoplar, beton mahsulotlari va yo‘lak plitkalari ishlab chiqarish korxonalari tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek, Xitoy kompaniyasi Farg‘ona shahrida 141 million dollarlik chiqindi yoqish zavodi qurishni boshlagan. Bu loyiha mamlakatda qayta ishlash va ekologik barqarorlikni ta’minlash yo‘lidagi muhim qadamlardan biri sifatida baholanmoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Xitoy kompaniyasi chiqindi suvni qayta tozalash inshootini qurmoqchi