07:00 / 20.02.2022
1 295

Rossiyada migratsiya siyosati keskinlashmoqda: har 3 oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy bo‘ldi

Rossiyada migratsiya siyosati keskinlashmoqda: har 3 oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy bo‘ldi
Foto: TASS
Rossiya poytaxti Moskvada mehnat muhojirlari tibbiy tekshiruvdan o‘tish uchun uzoq vaqt navbat kutib qolmoqda. Bu haqda bir qator Qirg‘izsiston OAVlari yozmoqda. Ma’lum bo‘lishicha, navbatlar Rossiya mehnat qonunchiligida yuzaga kelgan o‘zgarishlar sabab kuzatilyapti.

Nurayim Idirisova ismli Facebook foydalanuvchisi o‘z sahifasida mehnat muhojirlari Mosvada uzun navbat tashkil qilgan holda turgani tasvirlangan rasm joyladi. Uning aytishicha, 6 mingga yaqin odam tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun navbat kutmoqda.

«Faqat muhojirlar bu qiyinchiliklar nima ekanini biladi. Rossiya muhojirlarga nisbatan siyosatini kuchaytirdi. 1 martdan yangi tibbiy talablar kuchga kirib, har uch oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy bo‘ladi», deb yozgan Idirisova sahifasida.

2022 yildan boshlab Rossiya mamlakatda bo‘lib turgan barcha xorijliklar uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishni majburiy qilib qo‘ydi. Muhojirlar har uch oyda tibbiy komissiya ko‘rigidan o‘tishi kerak. Qirg‘iziston Yuqori kengashi deputatlari qirg‘izistonlik migrantlar tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun o‘rtacha 6 ming qirg‘iz so‘mi (70 dollar) sarflayotganini ma’lum qilgan. Qirg‘izistonlik deputatlar Rossiya tomonidan qirg‘iz migrantlari uchun o‘z hisobidan tibbiy ko‘rikdan o‘tishni bekor qilishni so‘ramoqchiligi aytilgandi.

Qirg‘izistonlik tarmoq foydalanuvchilari bu postga faol munosabat bildirgan. Ulardan biri Moskvaning Saxarova hududida tibbiy ko‘rikdan o‘tish osonligi, suratga katta ehtimol bilan muhojirlar patent uchun navbatda turganini aytgan. Kaliningraddagi muhojir esa o‘tgan yil dekabrda tibbiy ko‘rikdan bir necha kun navbatda turib o‘tganini aytgan.

«Ertasi kuni navatning boshida bo‘lish uchun yarim tunda borish kerak, chunki ertalab soat 06:00 da borganimda 150-navbatda edim. Tibbiy ko‘rikdan viloyatdagi faqat bir joyda o‘tkazishdi», deb yozgan bir foydalanuvchi. Uning aytishicha, mehnat muhojirlari ishlash uchun kerak bo‘lgan barcha hujjatlarni shunday qiyinchiliklar bilan olishadi.

Yana bir foydalanuvchi «Tez orada pul evaziga tibbiy guvohnoma berish servisi paydo bo‘lsa kerak» deb yozgan.

2021 yil 29 dekabr kuni «Xorijiy fuqarolarning Rossiya hududida bo‘lish tartibi» to‘g‘risidagi qonunga o‘zgartirish kiritildi. Ushbu o‘zgarishda muhojirlar har 90 kunda tibbiy ko‘rikdan o‘tishi belgilangan. Aks holda ular Rossiya hududida ishlash huquqidan mahrum etiladi.

«Novaya gazeta»ning yozishicha, tibbiy ko‘rik davomida siydik va qon analizi olinadi. Shuningdek, muhojirlar tuberkulyoz, sifilis va OITSga ham test topshiradi. Nashrga ko‘ra, Rossiya biznes ommasi bu o‘zgarishga qarshi chiqqan va vazirlikka bu borada so‘rov ham yuborgan.

Xabarda top-menejerlarga nisbatan bunday harakatlar biznes olamida oqlanmasligi eslatilgan. Ya’ni, bu tartib faqat qurilish yoki boshqa kam daromadli ishlarda faoliyat yurituvchi muhojirlaga emas, har qanday xorijiy fuqaroga nisbatan amal qiladi. Rossiya kompaniyalarida esa juda ko‘p xorijlik top-menejerlar faoliyat olib boradi. Masalan, «Rosneft» direktorlar kengashini Germaniya sobiq kansleri Gerxard Shreder boshqaradi.

Yangi tartib Rossiyaga borganlar bir oy ichida narkolog, psixiatr va infeksionist tekshiruvidan o‘tishini ham ko‘zda tutadi. Tibbiy ko‘rikdan o‘tganlik to‘g‘risida berilgan hujjat 3 oy amal qiladi. Muddat tugagach, yana tekshiruvdan o‘tish kerak. Rossiyada bo‘lib turgan ba’zi muhojirlar tibbiy ko‘rik uchun 3,5 ming rubldan ko‘proq (45 dollar atrofida) to‘laganini aytib video joylagan. Ularning aytishicha, tekshiruvdan o‘tgach, 4 kundan so‘ng guvohnoma olgan.

Rossiyadagi huquq faollari ushbu o‘zgarishni diskriminatsion deb atab, yangi tartib korrupsion tuzilmaga yo‘l ochishi mumkinligini taxmin qilgandi. Rossiya Muhojirlar federatsiyasida esa rivojlangan mamlakatdan kelganlarni har uch oyda kasallik uchun tekshirish «tentaklik ekanini» bildirgan.

Rossiyada 2021 yil iyul oyidan buyon majburiy daktiloskopiya tartibi ham amal qilmoqda. Ya’ni, Rossiyaga borgan xorijlik 30 kundan ortiq qolishni rejalashtirsa, majburiy tartibda barmoq izini qoldirishi kerak. Yangi tartib muhojirni mamlakat ichida topib olish uchun joriy qilingani aytildi.

Shuningdek, Rossiyadagi mehnat muhojirlariga joriy yildan boshlab ID-karta ham berilishi mumkin. Unda migrant haqida barcha ma’lumotlar kiritilgan bo‘ladi, muhojir pasport olib yurishi ham majburiy bo‘lmaydi. Karta smartfonga ulanadi va u orqali migrant qayerda turganini bilish mumkin bo‘ladi. Patent haqidagi ma’lumotlar ham kartaga kiritilgan bo‘lishi aytilgan.

Foto: Nurayim Idirisova Facebook sahifasi.
Migratsiya qonunchiligi kuchaytirilmoqda
Rossiya oxirgi yillarda muhojirlar o‘rtasida jinoyatchilik oshib ketgani uchun migrantlar to‘g‘risida qonunchilikni keskinlashtirishga qaror qildi. Ayniqsa 2021 yilda bu borada jiddiy harakatlar boshlandi. 8 fevral kuni Rossiya Tergov qo‘mitasi rahbari Aleksandr Bastrikin migratsiya qonunchiligini kuchaytirishni taklif qildi. U Rossiya prezidentiga maktub yo‘llab, Markaziy Osiyodan kelgan muhojirlar ustidan shikoyat qildi.

Putin migratsiya siyosati keskinlashishi bo‘yicha 17 fevral kuni gapirdi: «Rossiyaga ishlagani, o‘qigani yoki shunchaki yashagani kelishayotganidan xursandmiz. Rossiyada yashashga, ishlashga kerak bo‘ladigan hujjatlar tezroq, byurokratik to‘siqlarsiz taqdim etilishi lozim, ammo yana bir narsani unutmaslik kerakki, bu yerga keladiganlar bizning qonunlarimiz, qadriyatlarimizni hurmat qilishi kerak. Noqonuniy mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, o‘zining kriminal biznesini Rossiya hududida amalga oshirayotganlarga nisbatan eng keskin choralarni qo‘llash kerak. Ekstrimizga aloqasi borlar tezda mamlakatdan chiqarib yuborilib, ularga Rossiyaga qaytib kirishga ruxsat bermaslik shart», degandi Putin.

18 fevral kuni Rossiya ichki ishlar vazirligi MDH davlatlarini mamlakatda migrantlar ustidan qatti nazorat o‘rnatilishi bo‘yicha ogohlantirgan. Rossiya ichki ishlar vaziri birinchi o‘rinbosari Aleksandr Gorovoy MDHdagi hamkasblarini mehnat muhojirlarini tayyorlash darajasini oshirishga va ularning Rossiyadagi buzg‘unchi jarayonlarga jalb etilishining oldini olishga chaqirdi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiyada migratsiya siyosati keskinlashmoqda: har 3 oyda tibbiy ko‘rikdan o‘tish majburiy bo‘ldi