– Yaqinda ko‘chada ketayotsam, oldimda ketayotgan ikki yigit yerdan qanchadir pul topib oldi, – deb hikoya qiladi bir savdogar ukamiz. – Ikkalasi xursand, pulni olib “Kimniki, kimniki? Endi bo‘ldi meniki”, deb xoxolagancha yo‘lida davom etdi.
Men hayron bo‘ldim. Axir o‘sha yo‘lakning oldida, yaqinida joylashgan do‘kon yoki odamlardan so‘rab, egasini topish kerak emasmidi?! Nahotki o‘zganing haqidan hazar qilmaydigan, halol-haromning farqiga bormaydigan avlodni yetishtirgan bo‘lsak?!
O‘y-xayollarim bilan o‘z do‘konimga yetib bordim. Qo‘shni do‘konda ishlaydigan yigitlar Koreyada ishlab kelishgan. Ular mening gaplarimni eshitgach, shu mavzudagi o‘z hikoyalarini aytib berishdi.
“Men Koreyaning yirik shaharlaridan birida ishlaganman. Bir kuni katta supermarketdan uyimga borsam cho‘ntagimda pulim yo‘q. Bir necha kun o‘tib yana o‘sha supermarket tomonga yo‘lim tushib qoldi. Ichkari kirib, mas’ul xodimlarining biridan “falon kuni pulimni yo‘qotgandim, mabodo birov topib olmadimi?”, deb so‘radim. Rostini aytsam, unga gapiryapmanu, lekin ichimda, “ahmoq, bu pulni kimdir olib maza qilib ishlatvorganda” degan o‘y bor edi. Mas’ul menga qarab stolining tortmasidan mening pulim solingan hamyonimni olib berdi. Men taajjubda olib ichini ochdim. Pulim qancha bo‘lsa, o‘shancha turibdi. Aka, karislar musulmon emas, lekin birovning haqini yemas ekan”.
Uning gapini eshitgan sherigi ham boshidan o‘tkazgan voqeani gapirib berdi.
“Men ham yo‘qotganman. Yo‘qotgandayam nafaqat pulimni, balki hujjatlarimniyam qo‘shib yo‘qotganman. Qizig‘i men ko‘chada tushirib qo‘ygan ekanman. Hujjatlarimni qanday to‘g‘irlayman, deb boshimni changallab qoldim. Bir necha kun o‘tgach yotadigan joyimizning eshik qo‘ng‘irog‘i jiringladi. Chiqsam bitta politsiyachi turibdi. Musofirning, ayniqsa, o‘zbek migrantining qo‘rqqani polis. Hujjati bo‘lsayam, bo‘lmasayam politsiyaning ko‘ziga ko‘rinmaslikka harakat qiladi. Politsiyachi mening kimligimni so‘rab-surishtirgach, qo‘limga hujjatlarim solingan yelimxaltani tutqazdi. Keyin bilsak, kimdir topib olib politsiyaga eltib bergan ekan. Ichidagi ID-kartamdan mening manzilimni aniqlab, qidirib kelishibdi. Ajabo, xalta ham meniki, ichidagi pullardan biror von kamaymagan, hujjatlarim ham turibdi. Tashakkurimni aytib, o‘zimda yo‘q xursand bo‘lib chiqqanman. Agar shu holat bizda bo‘lgandami, topib olgan odam pulini olib qolganini biror chuqurga tashlab ketvorardi”.
Albatta, birovning haqiga xiyonat qilmaydigan yurtdoshlarimiz ham ko‘plab topiladi. Ammo masala umumiy qilib olinganda yigitlarning gapi to‘g‘riroqqa o‘xshaydi.
O‘zi topib olingan narsa kimniki bo‘ladi? Topilmani topgan odam uni o‘zlashtirsa bo‘ladimi? Buning hukmlari qanday? Biz bu savollar bilan ustoz Mubashshir Ahmadga murojaat qildik.
– Topib olingan narsa avvallari masjidlar yoki jamoat joylarida e’lon qilingan. Hozir internet yoki boshqa ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinsa, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Agar o‘sha e’lon bo‘yicha kimdir topilmani aniq belgilarini tasvirlab bersa, qaytarib beriladi. Agar egasi topilmasa, topilishi mumkin degan vaqtgacha kutiladi. O‘sha muddat o‘tgandan keyin ham egasi topilmasa, topilma biror muhtoj odamga beriladi. Topgan odam muhtoj bo‘lsa, o‘zi olsa ham bo‘ladi. Faqat bitta sharti: egasi chiqsa, birovga bergan bo‘lsayam, o‘zi ishlatgan bo‘lsayam, javobgar bo‘ladi, ya’ni qaytarib berishi kerak. Mabodo egasi chiqmasa, topilma ehson o‘rnida hisob bo‘ladi, – deb masalaning shar’iy hukmini bildirdi ustoz Mubashshir Ahmad.
Yoqub Umar
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Ayrim boshqaruv servis kompaniyalari shartnomalarida asossiz shartlar belgilangani aniqlandi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Shols va Putin o‘rtasidagi suhbat Kiyevga signal bo‘ldi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi