So‘nggi yillarda nutritsiolog va velnes-inflyuenserlar tomonidan shakar iste’moli zararli ekani qayta-qayta ta’kidlanib kelinadi va bu bejizga emas, chunki shakar, metabolizmning yomonlashishi, ortiqcha vazn hamda kasalliklarga sababchi bo‘lishi isbotlangan. Quyida tana salomatligi va vazn ortmasligi uchun qancha shakar iste’mol qilish mumkinligiga to‘xtalamiz.
Iloji boricha, tanlovni tabiiy shirin meva, asal va siroplarga qaratish kerak. Masalan, konfet, shokolad o‘rniga mikroelementlar va kletchatkaga boy quritilgan xurmo iste’mol qilish tavsiya qilinadi. Oq shakardan esa butkul voz kechish, shakar qo‘shilgan mahsulotlarni esa ratsiondan qisqartirish kerak.
Me’yorga amal qiling
Shakarni keragidan ko‘p yeyish eng ko‘p tarqalgan odatlardan biri. O‘rtacha bir kishi, kuniga 3000 ortiqcha kaloriya, ya’ni 19 choy qoshiq shakar iste’mol qiladi. Desertlar, mevali yogurt, shirinliklarning bari shakarning koni hisoblanadi. Bunday mahsulotlar iste’molini oshirib yubormaslik va o‘rganib qolmaslik tavsiya qilinadi.
Bir kunda qancha shakar yeyish mumkin?
Shakar iste’molida aniq bir cheklov yoki me’yor bo‘lishi individual — vazn, salomatlik holati va kasalliklari bilan bog‘liq bo‘ladi. Kasalliklar turiga qarab uni kamaytirish yoki butkul cheklash mumkin bo‘ladi. Amerika kardiologiya uyushmasi shakar iste’moli normasini quyidagicha tasniflaydi:
- erkaklar: kuniga 150 kaloriya (37,5 gr yoki 9 osh qoshiq);
- ayollar: kuniga 100 kaloriya (25 gr yoki 6 osh qoshiq).
Shuningdek, ayrim mutaxassislar iste’mol qilingan shakar kunlik kaloriyaning 10 foizidan oshmasligi kerakligini ta’kidlaydi. Bu kuniga 2000 kaloriya iste’mol qiladigan kishi 50 gr yoki 12,5 choy qoshiq shakar yeyishi kerak degani. Sog‘lom, faol organizm bunday miqdordagi shakarni oson hazm qila olishi mumkin, lekin ushbu mahsulotni qancha kam iste’mol qilinsa, shuncha yaxshiligini unutmaslik kerak.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring