
Foto: The Voice
Yurak salomatligi ko‘p jihatdan turmush tarziga bog‘liq va ovqatlanish bu borada muhim rol o‘ynaydi. Ba’zi mahsulotlar tomirlarni mustahkamlashga va yurak-qon tomir tizimining normal ishlashini qo‘llab-quvvatlashga yordam beradi, boshqalari esa aksincha, unga zarar yetkazadi. Quyida kardiolog mutaxassislar tomonidan tavsiya etiladigan yurak uchun foydali mahsulotlar haqida ma’lumot beramiz.
Gipertoniya, yurak xuruji va boshqa yurak kasalliklari xavfini kamaytirish uchun O‘rta Yer dengizi parhezi yoki DASH diyetasiga amal qilish kerak. DASH (Dietary Approaches to Stop Hypertension) parhezi — bu yuqori qon bosimini pasaytirish va yurak-qon tomir kasalliklarining oldini olish uchun mo‘ljallangan maxsus ovqatlanish rejasi. DASH diyetasi sog‘lom ovqatlanishga asoslangan bo‘lib, ko‘proq sabzavotlar, mevalar, yog‘siz sut mahsulotlari, butun donlar, yong‘oqlar va yog‘li baliqni o‘z ichiga oladi. Bu diyeta qondagi xolesterin darajasini pasaytiradi va yallig‘lanish jarayonlarini kamaytiradi.
Qaysi mahsulotlarni ratsionga kiritish kerak?
Avokado

Avokado mono to‘yinmagan yog‘lar manbai bo‘lib, ular zararli xolesterin darajasini pasaytiradi. Undagi kaliy yurak ritmini qo‘llab-quvvatlaydi. Tavsiya etilgan porsiya — har kuni yoki har ikki kunda bir marta yarimta avokado.
Yog‘li baliq

Yog‘li baliq (losos, sardina, tunes, skumbriya, seld) da omega-3 mavjud. Ular yallig‘lanish jarayonlarini kamaytirishga yordam beradi. Yog‘li baliqni ratsionga qo‘shish yurak-qon tomir kasalliklari xavfini 30-35% ga kamaytiradi. omega-3 organizmga yetarli miqdorga kirishi uchun haftada 2-3 marta baliq iste’mol qilish tavsiya etiladi.
Ko‘katlar va yashil sabzavotlar

Yaproqli sabzavotlar (ismaloq, salat bargi, rukkola) kaliyga boy bo‘lib, nerv tizimi, mushaklar salomatligini qo‘llab-quvvatlaydi va qon bosimini normal holatga keltiradi. Har kuni 1-2 yaproq sabzavotlar iste’mol qilish yurak-qon tomir kasalliklarini oldini olish uchun yetarlidir.
Suli yormasi

Suli yormasi va boshqa butun donli mahsulotlarida ko‘plab eruvchi tolalar va beta-glukanlar mavjud. Ular xolesterin darajasini pasaytiradi va qondagi shakar miqdorini normal darajada saqlashga yordam beradi. Natijada qandli diabetning oldi olinadi va ateroskleroz xavfi kamayadi.
Zaytun yog‘i

Zaytun moyida foydali yog‘lar mavjud bo‘lib, ular ham xolesterin darajasini kamaytiradi. Shuningdek, zaytun aterosklerozni oldini oladi. Uni salatlar va tayyor taomlar uchun qo‘shimcha sifatida foydalanish tavsiya etiladi. Biroq zaytun yog‘ini qovurish uchun ishlatmaslik kerak, chunki yuqori haroratda uning foydali xususiyatlari yo‘qoladi.
Yong‘oqlar

Bodom, xandon pista va grek yong‘oqlari xolesterin darajasini kamaytiradi va lipid profiliga ijobiy ta’sir qiladi. Ulardagi magniy tomirlarni bo‘shashtiradi va qon yaxshi aylanishini ta’minlaydi. Ilmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ratsionida yong‘oq bo‘lgan shaxslarda infarkt xavfi bir necha barobar kamayadi. Tavsiya etilgan miqdor — kuniga bir hovuch yong‘oq (taxminan 20-30 gramm).
Qora shokolad

Qora shokolad qandli diabetga chalinmaganlar uchun mos keladi. Muhimi — shokoladdagi kakao miqdori 70% va undan yuqori miqdorda bo‘lishi kerak. Qora shokolad flavonoidlarga boy bo‘lib, tomirlarni kengaytiradi, insulin rezistentlikni yaxshilaydi va diabetning oldini oladi.
Rezavor mevalar

Agar rezavorlarga allergiya bo‘lmasa, ratsionga albatta ularni ham kiritish kerak. Qulupnay, malina, qorag‘at kabi mevalar tomirlarni shikastlanishdan himoya qiluvchi antioksidantlar bilan boy. Ular kapillyarlarni mustahkamlaydi va yallig‘lanishlarni kamaytiradi. Har kuni yoki har ikki kunda bir marta 100 gramm yangi uzilgan yoki muzlatilgan rezavor iste’mol qilish tavsiya etiladi.