Bizning qishloq ham chakana si-vi-li-za-siya-lashmagan. Hozir men (ha, kallam qursin, “man” desam bo‘lar ekan, keyingi gal inobatga olamiz) sizga bir-ikki voqeani aytib bersam, o‘zingiz ham besh ketvorasiz, oka (ana endi joyiga tushdi)! Tan berganingiz mayliga-ya, qishlog‘ing si-vi-li-za-siyaning naq kindigida ekan-u, deb hayqirishingiz ham hech gapmas. Avvalo, “kindik qishloq” qayerda joylashganini aytay: Toshkent – Samarqand trassa(!)sini bilasiz, shundan toqqa qarab ketovrasiz, ketovrasiz… Tog‘dan tog‘ oshib, soydan soy kechib ketovrasiz. Keyin qarshingizdan qishloqlar chiqa boshlaydi – Beshkal, Oltikal, Ettikal, so‘ngra Izilloq, Chuvilloq, Sharilloq keladi, ulardan o‘tgach esa – Boshqop, Beshqop, Bo‘shqop… Shuytib, Bireshak degan joyga etib borasiz. Nega bunaqa nom qo‘ygan ekan, deb o‘ylanmang, baribir topolmaysiz. Bireshak degani – shu erda yo‘l tugadi, bundan naryog‘iga na ot yuroladi, na moshin, degani. Endi faqat eshakka mingashishga majbursiz. Bir eshakda Bireshakdan o‘tgandan so‘g‘in bizning qishloq keladi – Gadoytopmas. Burung‘i zamonlarda shu jerlarda odam jashaydigan bir qishloq borligini Katta dunyo onda-sonda eshitip qolg‘an, nekin gadoylari ham topip kelalmagan. Eh, “sapsem” esdan chiqip ketipti, qishlog‘imizg‘a jaqinlashabersam, ena shevamda shundaychaqan gapirib jubaraman-da! Qorindoshlar ham qo‘yag‘oymaydi: “Ho‘, san bola, qaysi tilda gapirvossan…”dan olib qolishadi. Shuncha yil Toshkentda yurib men (aytgancha, man) shaharlashmabman-u, lekin qishloqlarimizni shahardan farqlab bo‘lmay qolibdi-ya! Har ikki hovlida bittadan haligidaqa antenna bor – barabanskiy! Tushundingizmi? Nima balo, qaysi qishloqdan chiqqansiz, o‘zi? Taralka desam, etib boradimi? Televizor 300ta kanaldan ko‘rsatadi. Yashirincha tomosha qiladigan programmalar-ku it bo‘lib yotibdi (eskining odamlariga izoh berib qo‘yay: it bo‘lib yotibdi – tiqilib yotibdi degani). To‘polonsoyga bitta GEScha qurib olganmiz, bizda qishin-yozin “svet” o‘chmaydi… Aytaversam, ta’rifu tavsiflardan ham “Ha-a, Gadoytopmas si-vi-li-za-siya-ning markazi ekan-ku!” deb qichqirib yuborishingiz mumkin, lekin eng qizig‘i qolib ketadi-da.
Kechagida qishloqqa borsam, ota-bobolarimizning tilida aytsak – chaqirdi, o‘zimizning hozirgi tilda aytsak – challari ayni avjiga mingan ekan. Katta-katta karnaylardan taralayotgan Xyustin-myustin, Tatu-matu, Jekson-pekson, Eminim-peminimning qo‘shiqlarini eshitib, hayron bo‘ldim, avvaliga xorijiy tang-batabanglar poytaxtda qulog‘imga o‘rnashib qolibdi-da, deb o‘ylabman. Yo‘q, bularni anovi Ochil bulbulning nevarasi aytib yotibdi (aslida, disk qo‘yib olgan). Davrada xotin-xalaj: Ulbo‘sin checha, Buvsalma yanga, Charosxon kennayi… i drugie (ruschani ham bilamiz!). Hamma shunday tashavotti, shunday tashavotti, har-har zamonda “ho‘v!” deb qo‘yishadi. Lekin Oysuluv momo barchasidan ham o‘tib tushadi, qanaqa kuy-qo‘shiq qo‘yilsa-da, bir xil – o‘sha sinalgan uslubda o‘ynaydi: qo‘llar tirsakdan qayrilib, tepaga ko‘tarilgan, bir maromda oldinga borib keladi va yarim bukilgan (xuddi tuxum ushlab olgandek) barmoqlar bir o‘ngga, bir chapga qimirlab qo‘yadi. Oyoqlar… uzun ko‘ylakning tagida ko‘rinmaydi ham. Men sizga aytsam, qishlog‘imizning kunbotaridagi qoyalarda qadimgi suvratlar bor (olimlarning aniqlashicha, ularni uch-to‘rt ming yil oldin ajdodlarimiz chizishgan ekan), o‘sha toshlarda ham Oysuluv momoga o‘xshab raqs tushayotgan odamlar tasvirlangan. Checha… yanga… kennoyilarnikiga yaqin (ha, aynan o‘ziday emas, sal o‘xshash) xirom aylashlarni faqat barabanskiy antennasi bor televizorimizda uydagilardan bekitiqcha ko‘rganman.
Otarchining bo‘g‘zi emas, katta-katta ovozkuchaytirgichlarning karnayi charchagach, dusura-dusur sal tindi. Shunda qishloqdoshlarim diskotekani to‘xtatib, bunday qarashsa, men turibman hadiksira-ab. “E, e, e, Toshkenti azimdan mehmonjonlar tashrif buribdi-yu?! Naq vaqtida kelding-da! Zap bir tomosha bo‘ladi hozir, yangi urflarimizdan. Hey, men senga aytsam, bunaqangisini poytaxtda ham ko‘rmagansan. Podiumni tayyorlanglar!”. Bu gaplarni atrofimni qo‘rg‘alab olgan qishloqdoshlarim aytayapti. Kim nima deganini bilmayman, hammasini umumlashtirib bitta ma’no chiqarib qo‘yaveraman. “Podium? Nima degani u?” dedim jim turishni o‘zimga ep bilmay. Hamma Oqmirza o‘risni izlab qoldi, maalim ham kitoblarni titib, andoq lutf ayladilarkim, “podium” o‘zbekchasiga “shohsupa” degan ma’noni anglatar erkan. Bungacha podium ham tayyor bo‘lib qoldi. Ikkita stolning ustini bo‘shatib, birinchisini eshikning ostonasiga taqab qo‘yib, ikkinchisini birinchisiga tirkadilar, baland uzun yo‘lak paydo bo‘ldi, keyin ustiga gilam to‘shadilar. Endi kelin-kuyov shu gilamdan yurib uyga kirib ketsa kerak, lekin stolga qanday chiqib olishadi, deya o‘ylanib turgandim… Ha, qishloqiligim qursin, besh-olti yildan beri si-vi-li-za-siyadan uzoq megapolisda yashayotganim pand berdi-ya?! Televizorda ko‘rganmisiz, moda namoyishi bor-ku, qiltilloq xonimlar har xil kiyinib chiqadi-da, supada yurib kelib, bir to‘xtab, yana orqasiga qaytib ketadi: o‘shanaqa ilmu amal shu ergacha ham etib kelibdi-da! Balkim, Gadoytopmas qishlog‘idan tarqalgandir bu odat?! O‘rtakashning kuchanib “Fe-e-shi-i-nnn – dvux tisyacha desit!!!” deb baqirgani xayolimni bo‘lib, savollarim javobsiz qoldi. “G‘oyati nozuklugidin suv bila yutsa bo‘ladigan” xonimchalar o‘rniga ketmon chopib, oftobda toblangan qishloq kelinlari podiumda paydo bo‘ldi. Shu erda ham lekin qoyil qoldim, ming yillik qadriyatlarimiz haliyam unutilmabdi. Televizordagi tannozoyimlar taq-taq yurib kelib, tomoshabinlarga bir yovqarash qiladi-da, ortga qaytadi. Gadoytopmas Fashion Shouda esa unaqa emas, hali chillasi chiqmagan yangi kelinlar tunuka stolning ustida durs-durs etib kelib, hammaga bir jilmayadi-da, ta’zim qilib, orqamachoq yurib uyga kirib ketadi. Shu erda bitta aybimni bo‘ynimga olishim kerak, g‘arbcha so‘zlarni yaxshi eslab qololmayman. Bo‘lmasa, qishlog‘imizda o‘tkazilgan “Fashion-2010”dagi kiyimlarning materiali, nomi, bichimi haqida sizga to‘liq ma’lumot bergan bo‘larmidim?! Lekin turi esimda qoldi: o‘zimizning yaltir-yultirlardan bir to‘dasi, yana – xalatlar (har xil vaziyatlarga mo‘ljallanganlaridan bor), paltolar (kalamush yoki pishakning terisiligidan qat’i nazar – mo‘ynali)… Ammo tan berish kerak, namoyish ketma-ketligi juda zo‘r o‘ylangan. Oldin qishki kiyimlar – qimmat, qalin, hamma yog‘i yopiq. Keyin-keyin liboslar sal yengillasha boshladi, “Bahor-yoz-2011” mavsumiga navbat etdi. Sabrim chidamadimi, betim chidamadimi, Fashion Shouni oxirigacha tomosha qilolmadim. To‘g‘risi, plyaj motividagi namoyishlar boshlanib qolmasaydi deb qo‘rqdim. Odamlar orasidan yulqinib chiqib ketar ekanman, har tarafimdan “Hali bundan ham zo‘r, eng so‘nggi rusumdagi urf-odatlarimiz bor!” deya meni to‘yda tag‘in qolishga undashardi. Lekin tezda o‘z holimga qo‘yishdi. Chunki “Gadoytopmas Fashion Shou-2010” avj nuqtasiga ko‘tarilib borardi, hamma shu bilan andarmon bo‘lib qoldi…
Ana endi o‘zingiz ham ishongandirsiz. Bizning Gadoytopmas qishlog‘imiz si-vi-li-za-siyaning naq kindigida joylashgan. Faqat bu kindik o‘lgur biroz ochilib qolgan-da, zamonaviy bichimdagi ko‘ylak kalta kelganmi, deyman…
Abu Hayron JIZZAKIY “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Turkiya o‘zining birinchi kvant kompyuterini taqdim etdi
Husiylar Isroil aviabazasiga gipertovushli raketa bilan zarba berdi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?
Respublikada bo‘lishi nomaqbul deb topilgan shaxslarning ro‘yxati shakllantiriladi