Yaqin 5 yil ichida harorat rekord darajaga chiqishi kutilmoqda

Yaqin besh yil ichida global harorat rekord darajaga yetishi yoki unga juda yaqinlashishi mumkin. Bu haqda Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT)ning yangi hisobotida ma’lum qilindi.
Hujjatda 13 ta ilmiy muassasa tomonidan tayyorlangan prognozlar umumlashtirilgan bo‘lib, unda so‘nggi yillardagi iqlim o‘zgarishlari hamda kelgusi besh yil uchun harorat va yog‘ingarchilik bo‘yicha bashoratlar keltirilgan.
Mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, 2026–2030 yillarda global harorat sanoatgacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichlaridan 1,3–1,9 daraja yuqori bo‘ladi. Shuningdek, mazkur davrdagi yillardan biri 2024 yilgi rekordni yangilab, kuzatuvlar tarixidagi eng issiq yilga aylanishi ehtimoli 86 foizga teng.
Ekspertlar 2026 yil oxirida El-Nino hodisasi yuzaga kelishini kutmoqda. Bu esa 2027 yilning yanada issiq kelishi ehtimolini oshiradi.
Hisobotda Arktika hududiga alohida e’tibor qaratilgan. Prognozlarga ko‘ra, keyingi yillarda bu yerdagi harorat global o‘rtacha ko‘rsatkichlarga nisbatan ancha tez sur’atlarda o‘sadi. Shu bilan birga, Barens, Bering va Oxota dengizlarida muz qatlami yanada qisqarishi mumkin.
Yog‘ingarchilik bo‘yicha bashoratlar esa Shimoliy yarim sharda qish fasli seryog‘in kelishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ayrim hududlarda, jumladan Afrikadagi Saxel mintaqasi, Shimoliy Yevropa, Alyaska va Sibirda yoz oylarida yog‘ingarchilik me’yordan yuqori bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!