11:04 / 26.05.2017
13 438

Erkak va ayol aqlidagi farq nimada?

Erkak va ayol aqlidagi farq nimada?
Erkak va ayolning fikrlashlari orasidagi farqni aniqlash bo‘yicha yangi ilmiy ish olib borgan, miya vazifalarini o‘rganish bo‘yicha mutaxassis jarrohlar o‘zlari erishgan yangi natijalarni e’lon qildilar.

Ularning ta’kidlashlaricha, ayol kishining miyasi erkak kishining miyasiga qaraganda o‘n olti foizga kichik ekan. Chunki ayol kishining hajmi ham erkak kishining hajmidan xuddi shuncha hajmda kichikdir. Shuningdek, ikkovlarining miyasi bir xil vazifani bajarganda ham turli uslubda bajarar ekan.

Mazkur ilmiy kashfiyotlarning boshqa xulosalari quyidagilardan iborat:

1. MRA (magnit-rezonans tahlil) nomli miyani suratga olish jihozida ayon bo‘lishicha, erkak kishi fikr yuritganda uning miyasining muayyan qismigina ishlar ekan. Bu jarayon muayyan qismda magnit nurlari bo‘lib ko‘rinar ekan.

Ayol kishining fikr yuritganda esa, magnit nurlari miyaning hammasida ko‘rinar ekan. Bu holat, o‘z navbatida, erkak kishi ayol kishiga nisbatan fikrni jamlashga qudratli ekanining dalilidir.

Erkak kishi ayol kishiga nisbatan ko‘ngilchanlikda ta’sirsizroq ekani ham ilmiy ravishda sobit bo‘ldi. Ko‘ngilchanlik zohir bo‘lish paytida ayol kishining miyasi erkak kishining miyasiga qaraganda sakkiz marta ko‘p harakat qilishini asboblar ko‘rsatdi.

Sohaning mutaxassis tabiblaridan biri shunday deydi: «Men ruhiy holatlar tabibi sifatida, erkak kishining ko‘ngilchanligi ayol kishinikiga nisbatan oz ekanini yaxshi bilar edim, ammo bu narsa birinchi bor ilmiy ravishda sobit bo‘ldi. Faqat bugina emas, balki, boshqa ilmiy tekshirishlarning natijasiga qaraganda, erkak kishi ayol kishining ko‘ngilchanlikka oid holatlarini mulohaza va tahlil qilishida ham, ayol kishi erkak kishining ko‘ngilchanlikka oid holatlarini mulohaza va tahlil qilishidagi quvvatiga teng kela olmasligi sobit bo‘ldi.

Bu sohada erkaklarning birgina ustunligi bo‘lishi mumkin, u ham bo‘lsa, ko‘ngilga oid iztiroblarga va xastaliklarga oz chalinishlari, xolos.

Shuningdek, erkak kishi g‘azablanganda qo‘pollikka o‘tishi, ayol kishi esa gapirishga o‘tishi, ya’ni so‘z bilan orani isloh qilishga o‘tishi ham sobit bo‘ldi.

Magnit to‘lqinlari o‘quvchi yigitlar o‘qish va yozish davrida miyaning chap tarafini, o‘quvchi qizlar esa ham o‘ng, ham chap tarafini ishlatishlarini ayon qildi. Miyaning chap tarafi mantiq, o‘ng tarafi ko‘ngilchanlik tarafi ekani ma’lum va mashhur.

Tajribaning isbot qilishicha, erkak kishining miyasi tomonlarni, masofalarni va miqdorlarni hisoblashga mos va kuchli ekan.

Yorug‘lik va ovozni qabul qilib oladigan miyaning maxsus bo‘laklari faoliyati taqqoslab chiqilganda, mazkur ikki narsani qabul qilib olishda erkak kishining miyasi ayol kishining miyasiga qaraganda sekin ishlar ekan. Shuning uchun erkak kishi juda past ovozni eshitmas, ayol kishi esa eshitar ekan. Yorug‘likka nisbatan ham xuddi shunday ekan. Erkak kishining miyasi mantiq va hisob bilan mashg‘ul bo‘lganligi uchun, yorug‘likni qabul qilib olishga unchalik ahamiyat bermaydi. Shuning uchun erkak kishi qorong‘ilikda ayol kishiga nisbatan ko‘proq qoqiladi. U qadamlarni sanash, tomonlarni aniqlashga urinadi. Ayol kishi bo‘lsa, qorong‘ilikda erkak kishiga nisbatan yaxshiroq ko‘radi.

Yosh ulg‘ayishi bilan erkak kishining miyasi ayol kishinikiga qaraganda ko‘proq kichrayadi. Yigirma yoshda erkak kishining miyasi ayol kishinikidan katta bo‘ladi. Qirq yoshda esa, ikkovlarining miyalari tenglashadi. Oltmish yoshda ayol kishining miyasi erkak kishining miyasidan katta bo‘lib qoladi. Nima uchun? Mutaxassislar taqqoslab ko‘rsalar, erkak kishining yoshi ulg‘ayishi bilan uning miyasi ko‘proq quvvat sarflar ekan va shu tufayli kichrayib ketar ekan.

Ayol kishi o‘zining ayollik xususiyati ila erkaklar qodir bo‘lmaydigan ish – homila va chaqaloqning shikoyatini anglab, uni tahlil qilishga usta bo‘ladi. Shuningdek, ularning ba’zi maxfiy narsalarni his qilish, ularni mulohaza va tahlil qilishga qobiliyatlari o‘tkir bo‘ladi.

Erkak kishining esa, xavf-xatarni daf qilish, qiyinchiliklarni engish, ishlarni tartibga solish va shunga o‘xshash narsalarga qobiliyati kuchli bo‘ladi».

Agar olimlar erkak bilan ayolning har bir a’zosini yoki hujayrasini yuqoridagi kabi tahlil qilib chiqsalar, xuddi shunga o‘xshash hikmatlarni topishlarida hech shubha yo‘q. Bularning barchasi Alloh taoloning Biru Borligini, Qodiru Xoliqligini, Hakiymu Xobiyrligini va boshqa barcha barkamol sifatlarini tasdiqlovchi belgilardir.

Alloh taolo insonning o‘zidan unga juft yaratib berishidagi hikmatni «sokinlik topishingiz uchun» deb bayon qilmoqda. Darhaqiqat, erkak faqat ayoldangina sokinlik, orom, osoyishtalik va tinchlik topadi. Shuningdek, ayol ham o‘ziga kerak bo‘lgan sokinlikni, orom, osoyishtalik va tinchlikni erkakdan topadi.

Bu haqiqatni anglab etishimiz uchun bir xayol otiga minib, tasavvur qilib ko‘raylik.

Dunyodagi barcha inson zoti ayollardan iborat, deb tasavvur qilaylik. Bitta ham erkak yo‘q. Unda nima bo‘ladi? Dunyoda inson zoti uchun sokinlik, orom, osoyishtalik va tinchlik bo‘lmaydi. Dunyo xarob bo‘ladi. Bir avloddan so‘ng inson zoti inqirozga uchraydi.

Endi, aksincha holatni olib ko‘raylik. Dunyodagi barcha inson zoti erkaklardan iborat, deb ko‘raylik. Bitta ham ayol yo‘q. Unda nima bo‘ladi? Dunyoda inson zoti uchun sokinlik, orom, osoyishtalik va tinchlik bo‘lmaydi. Dunyo xarob bo‘ladi. Bir avloddan so‘ng inson zoti inqirozga uchraydi.

Demak, Qur’oni Karim ta’limotlari asosida quriladigan, tutiladigan oila sokinlik, orom, osoyishtalik va tinchlik oilasi bo‘lishi kerak. Inson uchun zarur bo‘lgan mazkur ulug‘ ne’matlarga zid bo‘lgan to‘polon, oromsizlik, tashvish va urish-janjallar Qur’oni Karim ta’limotlari asosida qurilgan va tutilgan oilalarda mutlaqo bo‘lmasligi kerak.

Qur’oni Karim ta’limotlariga asoslangan oila a’zolari orasidagi munosabatlar qanday bo‘lishi kerakligini oyati karimaning keyingi jumlasi bayon qiladi.

«...va oralaringizda sevgi va marhamatni solib qo‘ygani...»

Qur’oni Karim ta’limotlari asosida qurilgan va ularga amal qilib yashayotgan oilada o‘zaro sevgi hukm surishi kerak. Bir-birini yoqtirmaslik, yomon ko‘rish bunday oilaga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Qur’oni Karim ta’limotlari asosida qurilgan va ularga amal qilib yashayotgan oilada o‘zaro rahm-shafqat, mehr-muruvvat hukm suradi. Bir-biriga nisbatan rahmsiz, shafqatsiz bo‘lish bunday oilada bo‘lishi mumkin emas.

Alloh taoloning O‘zi er bilan xotinning orasiga sevgi, mehr-muhabbat, rahm-shafqat solmasa, ular bir-birlarining ba’zi kamchiliklarini, qiyinchiliklarni ko‘tara olarmidilar? Chidab, birga yasharmidilar?

Erkakning tanasini, a’zolarini, ruhiyatini, hattoki, eng kichik hujayralarigacha o‘ziga xos qilib yaratgan kim? Ayolning tanasini, a’zolarini, ruhiyatini, hattoki, kichik hujayralarigacha o‘ziga xos qilib yaratgan kim? Ha, ularni bir-biriga sokinlik baxsh etuvchi, mehr-muhabbatli, o‘zaro kelishib dunyoni obod qiladigan etib yaratgan zot qudratli Alloh taolodir.

«Albatta, bunda tafakkur qiladigan qavmlar uchun oyat-belgilar bordir».

Ha, albatta, buning uchun tafakkur qilish kerak. Agar insonlar, erkak va ayollar o‘zlarining tuzilishlari, bir-birlarining oralaridagi farqlari haqida keragicha tafakkur qilsalar, ular bir-birlaridan sokinlik topishlari uchun yaratilganlarini anglab etar va oilalarida orom ila yashashga harakat qilar edilar.

Agar insonlar – erkak va ayollar o‘zlarining oralariga Alloh taolo tomonidan muhabbat va rahm-shafqat solib qo‘yilganini tafakkur ila anglab etganlarida, bir-birlarini yomon ko‘rmas va bir-birlariga nisbatan shafqatsiz bo‘lmas edilar.

Alloh taolo «Baqara» surasida shunday deb marhamat qiladi:

«Ular (xotinlar) sizga libosdirlar, siz ularga libosdirsiz» (187-oyat).

Uzun oyatning ichida kelgan ushbu qisqagina jumla bilan Alloh taolo olam-olam ma’nolarni bayon qilgan. Qur’oni Karimning haqiqiy ilohiy kitob ekaniga, boshqalarni ojiz qoldiruvchi kitob ekaniga yolg‘iz shu jumlaning o‘zini tafakkur qilish ham etarlidir.

Odatda libos – kiyim bir necha muhim maqsadlar uchun ishlatiladi. Agar kiyim bo‘lmasa, o‘sha maqsadlarga erishilmaydi va insonning hayvondan farqi ham qolmaydi. Keling, o‘sha kiyimdan ko‘zlangan maqsadlar va er-xotin orasidagi munosabatning unga o‘xshatilishi haqida tafakkur qilib ko‘raylik.

Birinchidan, libos – kiyim o‘zini kiygan shaxsning aybini berkitib turadi. Qur’oni Karim er-xotinni bir-biriga «libos» deganidan keyin, ular ham bir-birlarining ayblarini berkitib turishlari kerak. Er-xotinlarning bir-birining aybini ochishi Qur’oni Karim ta’limoti asosida qurilgan va hayot kechirayotgan oilaga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Ikkinchidan, libos o‘zini kiygan shaxsni ziynatlab turadi. Qur’oni Karim er-xotinni bir-biriga «libos» deganidan keyin, ular ham bir-birlarini ziynatlab turishlari kerak. Er-xotinlarning bir-birini ziynatlamasligi Qur’oni Karim ta’limoti asosida qurilgan va hayot kechirayotgan oilaga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Uchinchidan, libos o‘zini kiygan shaxsni yozda issiqdan, qishda sovuqdan saqlab turadi. Qur’oni Karim er-xotinni bir-biriga «libos» deganidan keyin, ular ham bir-birlarini hayotning issiq-sovuqlaridan saqlab turishlari lozim. Er-xotinlarning bir-birini hayotning issiq-sovuqlaridan saqlamasligi Qur’oni Karim ta’limoti asosida qurilgan va hayot kechirayotgan oilaga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

To‘rtinchidan, libos o‘zini kiygan shaxsga eng yaqin narsa bo‘ladi. U bilan uni kiyuvchi shaxs orasida hech narsa bo‘lmaydi. Qur’oni Karim er-xotinni bir-biriga «libos» deganidan keyin, ular ham bir-birlariga eng yaqin shaxslar bo‘lishlari va oralarida hech narsa bo‘lmasligi kerak. Er-xotinlarning bir-biriga yaqin bo‘lmasligi Qur’oni Karim ta’limoti asosida qurilgan va hayot kechirayotgan oilaga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Beshinchidan, libos o‘zini kiygan shaxsga turli noxush narsalar, hatto chang ham yuqmasligi uchun xizmat qiladi. Qur’oni Karim er-xotinni bir-biriga «libos» deganidan keyin, ular ham bir-birlariga turli noxush narsalar, hatto chang yuqtirmaslikka harakat qilishlari lozim. Er-xotinlarning bir-biriga noxushlik etkazishi, chang yuqtirishi Qur’oni Karim ta’limoti asosida qurilgan va hayot kechirayotgan oilaga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.

Qur’oni Karimda er-xotin munosabatlari to‘g‘risida kelgan bir oyat va boshqa bir oyatning bir jumlasidan qisqacha chiqarilgan xulosalar shulardan iborat. Mana shularning o‘zida bir olam ma’nolar borligini tushunib olish qiyin emas. Shu bilan birga, ushbu ma’nolarni hayotga tatbiq qilish har birimizning burchimiz, balki, avvalo baxtu saodatimiz ekanini ham anglashimiz zarur.


Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf

Manba: islom.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Erkak va ayol aqlidagi farq nimada?