
FIFA prezidenti Janni Infantino AQSH rahbari Donald Tramp tashkilotning yangi ta’sis etilgan “Tinchlik mukofoti”ni olishi mumkinligi haqidagi savolga o‘z munosabatini bildirdi.
Infantinoning ta’kidlashicha, bu haqdagi aniq javob 5 dekabr kuni ma’lum bo‘ladi. Shu bilan birga, u Tramp bilan shaxsiy munosabatlari haqida so‘z yuritar ekan, AQSH prezidentini katta hurmat bilan tilga oldi.
— Hozircha barcha savollarga javob berishga shoshilmayman, lekin aytishim mumkinki, men juda omadli insonman. Donald bilan munosabatlarim juda yaxshi, u mening haqiqiy do‘stim. Jahon chempionati bilan bog‘liq ishlarimizda u bizga katta yordam berdi. Uning quvvati, ishga bo‘lgan munosabati va kuchli xarakteri menga yoqadi, — dedi Infantino jurnalistlar bilan suhbatda.
FIFA prezidentining fikricha, Trampni boshqalardan ajratib turuvchi jihat — u o‘z fikrini yashirmaydi, gapirishi kerak bo‘lgan paytda og‘ir so‘zlardan ham qochmaydi.
— Donald har doim gapirishi kerak bo‘lgan narsani aytadi. Boshqalar faqat o‘ylaydi, u esa aytadi. Shuning uchun u shunchalik muvaffaqiyatli. U ishonch bilan harakat qiladi va aytganini amalga oshiradi, — deya qo‘shimcha qildi Infantino.
Ma’lumot uchun, FIFA yaqinda “Tinchlik mukofoti” deb nomlangan yangi xalqaro mukofotni ta’sis etgan. Ushbu sovrin sport orqali tinchlik, birdamlik va insoniy qadriyatlarni ilgari surishga katta hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi.
FIFAdagi manbalarga ko‘ra, Trampning 2026 yilgi Jahon chempionatiga ko‘rsatgan tashabbuslari va futbol infratuzilmasini rivojlantirishdagi qo‘llab-quvvatlovi uni nomzodlar qatoriga kiritishga sabab bo‘lgan.
Shunday qilib, 5-dekabr kuni jahon futbol jamoatchiligi Donald Trampning “FIFA Tinchlik mukofoti”ni qo‘lga kiritishi mumkinligiga oydinlik kiradi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!