Naqd puldan qanday qilib zakot chiqariladi? Uning shartlari qanday?
Naqd puldan zakot chiqarish farz bo‘lishi uchun unda quyidagi shartlar mavjud bo‘lishi lozim:
1. Pul nisobga etgan bo‘lishi.
2. Bir yil to‘lishi.
3. Qarzdan xoli bo‘lishi.
4. Hojati asliyadan ortiq bo‘lishi.
Pul nisobga etgan bo‘lishi. Tilla pul bo‘lsa, yigirma dinor, kumush pul bo‘lsa, ikki yuz dirham nisob ekanini yaxshi bilib oldik. Ammo hozir tilla ham, kumush ham pul sifatida ishlatilmaydi. Qog‘oz puldan qanday qilib zakot chiqariladi? Uning nisobi qancha?
Kumush xalqaro miqyosda pul o‘rnida umuman qabul qilinmay qo‘ydi. Tilla esa pul o‘lchovi sifatida dunyo bo‘yicha maqbul bo‘lib turibdi. Shuning uchun ulamolar qog‘oz pulni tillaning qiymati bilan o‘lchash kerak, degan fikrga kelganlar. Payg‘ambar sollallohu alayhi vasallamning vaqtlarida yigirma dinor pulning og‘irligi yigirma misqol bo‘lardi. Yigirma misqol esa sakson besh grammga teng.
Demak, 85 gramm tillaning bahosi qog‘oz pulning nisobi bo‘ladi. Kimda 85 gramm tillaning qiymatiga teng yoki undan ko‘p qog‘oz pul bo‘lsa, zakot berishi farz bo‘ladi. U odam pulini hisoblab turib, ikki yarim foizini, ya’ni qirqdan bir bo‘lagini zakotga berishi kerak.
Ba’zi hollarda tillaning narxi juda ko‘tarilib ketib, puli nisobga etadiganlar nodir bo‘lib qolishi hollari ham bo‘lib turadi. Shunda ulamolarimiz: «Kambag‘alga foydali tomonni olish» qoidasiga binoan, kumushning narxini nisob qilish kerak», deydilar. Ana o‘shanda besh yuz to‘qson besh gramm kumushning bahosi nisob deb qabul qilinadi.
Hamasr ulamolarimizdan ba’zilari: «Agar tilla ham kumushga o‘xshab narxi tushib, nomaqbul bo‘lib qolsa, o‘rtacha narxdagi yigirmata qo‘yning narxini nisob qilib olib, qog‘oz puldan zakot chiqarish kerak», deydilar. Chunki Nabiyimiz sollallohu alayhi vasallamning davrlarida ikki yuz dirhamga yigirmata qo‘y kelar ekan. Tabiiyki, bunda o‘rtacha kattalikdagi qo‘y e’tiborga olingan. Umuman, zakotga tegishli hayvonlar haqida gap ketganda doimo o‘rtachasi ko‘zda tutiladi.
Demak, mabodo pulning nisobini qo‘y qiymati bilan o‘lchashga to‘g‘ri kelib qolsa, qo‘yning narxi o‘rtacha bo‘lgan paytdagi o‘rtacha qo‘ylardan yigirmatasining narxi pulning nisobi bo‘ladi.
Lekin hozircha amalda sakson besh gramm tillaning narxi nisobdir. Hanafiy mazhabi ulamolari: «Tillaga biroz boshqa ma’dan aralashtirilgan bo‘lsa ham bo‘laveradi», deganlar.
Shu joyda bir masalaga alohida e’tibor berishimiz lozim. Zakot nisobi turli nav mollarda turlicha chiqmoqda. Ya’ni qiymatlari har xil chiqyapti. Tilla va kumushdan nisob deb e’tibor qilingan mablag‘ga yigirmata qo‘y kelmoqda. Agar qo‘yning nisobi qirqtaligini e’tiborga olsak, qo‘yning nisob narxi pulnikidan ikki barobar ko‘p bo‘lib ketmoqda. Nima uchun bunday bo‘lgan?
Bu erda juda nozik nuqta borki, Islomning qanchalik mukammal shariat ekanini shundan bilib olsak bo‘ladi. Qo‘y ham, boshqa hayvonlar ham doim o‘sib turadi, ya’ni tug‘adi, semiradi, jun, sut kabi mahsulotlar berib turadi. Zamonaviy til bilan aytganda, qo‘ydan ham mahsulotlari olib turiladi, undan foyda, manfaat kelib turadi. Shuning uchun uning egasiga kenglik berilgan, zakot berishi kechga surilgan va oz qilingan. Pul esa uyda ishlatilmay turadi, ya’ni o‘z-o‘zidan ko‘paymaydi. Natijada jamiyatga foydasi ham tegmaydi.
Shuning uchun u hayvonning qiymatidan ikki barobar kam bo‘lsa ham, undan zakot berish kerak. Toki bir qismi kambag‘allarning qo‘liga borib tegsin, ishlab chiqarishga ishlatilsin. Qolgan qismini ham egasi ishlatishga urinsin, bo‘lmasa zakotga berilib, kamayib qoladi.
Bir necha kishi sherik bo‘lib shirkat tuzsa, jamlangan mol nisobga etsa-yu, ammo har bir a’zoning ulush moli nisobga etmasa, hanafiy mazhabi bo‘yicha, zakot farz bo‘lmaydi. Shofe’iy mazhabi ulamolari esa: «Bu holatda zakot farz bo‘ladi», deydi.
Bir yil to‘lishi kerak. Naqd pullardan yoki ularning o‘rniga o‘tadigan narsalardan zakot farz bo‘lishi uchun lozim bo‘lgan shartlardan biri – o‘sha pul nisobga etgan holida to‘liq bir yil turishi kerak. Hanafiy mazhabi bo‘yicha, yilning o‘rtasida pul nisobdan kam bo‘lsa ham, yilning boshida va oxirida to‘liq bo‘lsa, zakot farz bo‘laveradi.
Foydaga kelgan mollardan: oylik maosh, ish haqi, mukofotlar, hunar qilib topilgan pullar, ijaraga qo‘yilgan imoratlar, mehmonxona, zavod yoki fabrika va mashinalardan tushgan foydalarni ham asl sarmoyaga qo‘shib turib zakot chiqariladi.
Qarzdan xoli bo‘lishi kerak. Puldan zakot farz bo‘lishi uchun u qaytarib berilishi zarur bo‘lgan qarz bo‘lmasligi kerak. Aytaylik, birovning qo‘lida nisobga etgan puli bor. Shu bilan birga, qarzi ham bor. U avval qarzini berishi kerak. Uni berganidan keyin puli nisobdan kam bo‘lib qolsa, unga zakot farz bo‘lmaydi.
Hojati asliyadan ortiq bo‘lishi kerak. Deylik, bir kishining qo‘lida nisobga etgan puli bor. Ammo u o‘ziga va qaramog‘idagi kishilarga qishlik yoki yozlik kiyim olishi kerak. Yoki bir yillik oziq-ovqatining sarf-xarajati ham bor. Uy sotib olishi, uyiga kerakli anjomlar, kasb-hunari uchun asboblar, mingani, zarurat uchun ulov yoki o‘qigani kitob olishi kerak. Ushbu narsalarni yoki ulardan ba’zilarini sotib olganidan keyin puli nisobdan kam bo‘lib qolsa, unga zakot farz bo‘lmaydi. Sotib olishidan oldin esa puli nisobga etgan bo‘lsa, farz bo‘ladi. Chunki zakot o‘ziga to‘q, o‘z ehtiyojlaridan ortiqcha puli bor boy odamlarga farzdir.
Hozirgi kunimizda zakot chiqariladigan mollarning asosiylaridan biri pul bo‘lib qolgan. Ayniqsa, shahar joylarda asosiy mol-mulk pulga aylanib qolgan. Shuning uchun uning nisobini aniqlash, har yili o‘z vaqtida zakotini berib, Alloh taoloning amrini bajo keltirish, moliyaviy ibodatni vaqtida bajarish lozim bo‘ladi.
Hozirgacha zakot farz bo‘lishi aytib o‘tilgan narsalar hayvonot va tillayu kumush edi. Ulardan boshqa narsalar tijorat uchun tayyorlangan mollar bo‘ladi. Faqat merosdan olingan mol bo‘lmasa bo‘ldi. Ana o‘sha tijorat mollarining qiymati boshqa mollariga qo‘shilgan holda tilla va kumush hisobida nisobga etsa, ulardan ham zakot chiqarish farz bo‘ladi. Tilla narxida o‘lchanadimi yoki kumushnikida, degan savolga «Qay biri kambag‘allarga foydali bo‘lsa, o‘shanda o‘lchanadi», degan javob beriladi.
Shayx Muhammad Sodiq Muhammad Yusuf
(Mo‘minning najoti kitobidan)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Xatolar va mag‘lubiyatlar... ular kechiriladimi?
20 yoshli o‘zbekistonlik qizni qarindoshi Turkiyaga sotib yubordi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
Kim Chen In harbiylarni jangovar holatda turishga chaqirdi
O‘zi choy damlaydi va suhbatlashadi: dunyodagi birinchi “aqlli” choynak taqdim etildi (video)
Omega-3 qanday qilib ozishga yordam beradi?
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Rossiyalik deputat: «Oliy ma’lumotlilarning kurerlik qilishi — vatanparvarlikka zid»