21:16 / 14.07.2017
6 798

Nega oilamizdan omad yuz o‘girdi?

Nega oilamizdan omad yuz o‘girdi?
— Men ushbu maktubni nimadan boshlashni bilolmay qiynaldim. Avvaliga yozsammi-yozmasammi, deb o‘yladim. So‘ngra boshimdan o‘tganlarni yozsam, yengil tortarman, dedimu, qo‘limga qalam oldim. Hozir qirq etti yoshdaman. To‘rt nafar farzandning onasiman. Ikki o‘g‘lim oddiy ishchi. Topgani ro‘zg‘oridan ortmaydi. Xo‘jayinim esa: «Bo‘ldi, men ishlamayman. Shuncha yil mehnat qilib toliqdim», deb uyda o‘tiribdi. O‘zim ham hozircha ishsizman, ammo doim mehnat qilib kelganman. Juda siqilib ketdim. Shu choqqacha ishlagan odamning uyda o‘tirib qolishi unga yomon ta’sir qilar ekan.

Negadir ikki yildan buyon hech ishlarimiz yurishmaydi. Qaysi ishning boshini tutmay, chappasiga ketadi. Savdo sohasiga ko‘p yillar ishlaganim uchun tag‘in shu sohaning etagidan tutmoqchi bo‘ldim, biroq maqsadlarimni amalga oshirgani keragicha pul topolmadim. Bankdan kredit olay desam, garovga qo‘yishga arziydigan biror narsam ham yo‘q. Odamlar: «Garovga qo‘yishga narsangiz bo‘lmasa, pul ololmaysiz», deyishdi. Boshim qotdi. Aslida, bunday qarzga botib qolishimizga sabab, falokat bosib, nabiramning kuyib qolgani edi. Uni davolatish uchun ancha-muncha mablag‘ ketdi.

Men foizga qarz oldim va shu pul anchagina bo‘lib qoldi. Har oy oxirlaganda bezillab «Qarzni qanday qaytarar ekanman?!» deya o‘ylayman. Bo‘ynimizda shuncha qarz borligini bilib ham, uydagilarim pinagini buzmaydi. Nima qilsam hayotimiz o‘zgaradi? Sizdan iltimos, maslahatingizga muhtojman.

G. Surxondaryo viloyati

Iqbol ADILOVA, ruhshunos:
— O‘zingizni o‘qqa-cho‘qqa urganingiz bilan hech narsa o‘zgarib qolmaydi. Faqat sog‘lig‘ingizning yomonlashgani qoladi. Bu vaziyatda yaqinlaringiz bilan bir yoqadan bosh chiqarib, mazkur holatdan chiqish yo‘lini birgalikda izlashingiz kerak. Musibat hamma oilaning boshida bor. Shunday qiyin kunlarda faqat bir-birini tushunish va birgalikda harakat qilish zarur. Umr yo‘ldoshingiz ham charchaganini ro‘kach qilayotgani bu uning ruhiyati tushkunlikka tushib qolganidan darak. Eringizda hayotga qiziqish uyg‘otishga harakat qiling. Hamma og‘irlikni o‘z elkangizga olishga urinayotganingiz farzandlaringizni ham boqibeg‘amga aylantiradi. Ular sizga ko‘makchi bo‘lishga urinish o‘rniga mas’uliyatdan qochishga urinadilar. Keyin odamlarning gapiga ishonavermasdan avval bankka murojaat qiling. Hozirda siz kabi insonlar uchun imkoniyatlar ko‘p.

Sizda tadbirkorlik qilish uchun g‘oya bo‘lsa, biznes rejani qoidasiga muvofiq tayyorlash uchun tumaningizdagi tadbirkorlik uyushmasiga murojaat qiling.Keyin oila a’zolaringizga vaziyatni tushuntirishga harakat qiling. Farzandlaringiz ularsiz hech narsa qilolmasligingizni anglab etishi kerak. Odatda, biz yaqinlarimizni ayab butun og‘irlikni elkamizga olamiz va oxir-oqibat o‘zimizni o‘sal qilib qo‘yamiz. Kasal odamning esa hech kimga keragi yo‘q. Shunday ekan, aql bilan ish tuting.

Tashqariga chiqmay turib, tashqaridagi eshiklar biz uchun yopiq deb o‘ylamang. Farzandlaringizga ham xuddi shunday gapni uqtiring. Chunki ular biz ko‘rgan va o‘zimizcha baholayotgan vaziyatni boshqacha ko‘rishi, ularning nigohi biz ilg‘amagan jihatlarni ilg‘ashi mumkin. Bir badavlat ota o‘g‘lini «Kambag‘al kishilarning borligini ko‘rib, ibratlansin», degan o‘yda mamlakatning chekka qishloqlari bo‘ylab sayohatga olib chiqdi. Ular o‘ta qashshoq bir oilaning dalasida kechani o‘tkazishdi.

Safardan qaytishlari asnosida ota o‘g‘lidan so‘radi:
— Sayohat qanday bo‘ldi?
— Ajoyib!
— Ko‘rdingmi, qanday qashshoq odamlar bor-a?! — so‘radi ota.
— Ha…
— Xo‘sh, bu safardan nimalarni o‘rganding?

— Ko‘rdimki, bizning atigi bitta itimiz bor ekan, ularda esa to‘rtta! Bizdagi bog‘ning o‘rtasida bittagina basseyn bor, ularda esa adog‘i yo‘q buloq! Biz bog‘imizga chiroqlar qo‘ydirganmiz, ularda bu vazifani millionlab yulduzlar bajaradi. Bizning hovliga tutashgan peshayvonimiz bor, ularda esa butun boshli ufq. Bizda yashash uchun bir parchagina er bor, ularda esa biz his qila olmaydigan darajada keng dalalar. Bizga xizmat qilishadi, ular o‘zgalarga xizmat ko‘rsatishadi. Biz eguliklarni sotib olamiz, ular esa o‘zlari etishtirishadi. Biz bor-budimizni asrash uchun devorlar qurganmiz, ularning o‘zlarini himoyalaydigan do‘stlari bor ekan…
Bu so‘zlarni eshitgan ota jimib qoldi. Shunda o‘g‘il yana qo‘shib qo‘ydi: «Otajon, qanchalik qashshoqligimizni ko‘rsatganingiz uchun sizga tashakkur».

Ko‘rdingizmi, ota nima maqsadda bolasini ko‘chaga olib chiqqandi, lekin bola nimani angladi? Otaning maqsadi va bolaning nigohi orasida naqadar katta farq bor? Sertashvish kunlarda «Sen nimani tushunarding?» deb bolalarimizning ko‘ksidan itarishimiz to‘g‘ri emas. Uchishni o‘rgangan farzandlarimizni qanot ostiga olib o‘tiravermasdan balandroq parvoz qilishni o‘rgatish kerak. Shundagina oiladagi hayot o‘zgaradi. Bir-birini tushunish, qo‘llab-quvvatlash kuchayadi. Ular ota-onasining qo‘liga qarab qolmasdan qadrlashni o‘rganadi.

Shahnoza RAHMONOVA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nega oilamizdan omad yuz o‘girdi?