— Bobur bizga kerak. Unga yaxshigina meros qolgan. Buning ustiga og‘ziga mahkam bola. Birovga gullamaydi. Xabar olib turlaring. U tezroq tuzalishi kerak, — dedi Xalil boyvachcha va Berdimurodga qo‘li bilan “ketaver”, degan ishorani qildi. Keyin bo‘shashib o‘rniga cho‘kdi. Kenja qizi bilan xotinining qiliqlariga Berdimurod topib kelgan “yangilik” qo‘shilib, boshi shishib ketganday bo‘ldi. “Haliyam jonim toshdan ekan, — o‘yladi u. — Mendan boshqa bo‘lsa buncha g‘avg‘o ichida titilib, uvadasi chiqib ketardi…” U o‘zini-o‘zi xayolan maqtovlar ummonida hali ancha suzdirishni chog‘lagandi, bo‘lmadi. Iljayib xotini kirib keldi.
— Xo‘sh, xotinboy, — o‘ziga o‘zi bergan rag‘batning quvvati hali susaymagani bois, u yumshoq ohangda gapirdi, — xizmat bormi bizga?
Erini suv qilib ichgan Mo‘’tabarxon qilpanglashga tushdi: u yog‘iga o‘tib eshildi, bu yog‘iga o‘tib eshildi, mushukday suykaldi. Agar yarim soatcha burun shu qiliqlarini ko‘rganida, Xalil boyvachcha uni onasidan tug‘ilganiga pushaymon qildirardi. Lekin hozir ko‘ngli biroz o‘sgan, qiypalanglab suykalishlar uning g‘ashiga tegmas, aksincha, biroz yoqayotgandi.
— Aytaver dardingni, nima demoqchisan?
— Adajonisi, — deya Mo‘’tabarxon erining orqasiga o‘tib bo‘ynidan quchoqladi, — qizingizning bir o‘zini Chimkentga jo‘natmaylik. Bo‘y yetgan qiz, buning ustiga, qurmag‘ur ko‘zga yaqin. U yerdagilarni o‘zingiz bilasiz-ku, chiroyli qizni darrov olib qochish payiga tushadi. Shunga… menam birga boray. Birdan bozor-mozorini aylanib kelardim.
Boyvachcha “piq” etib kulib yubordi. Dam o‘tmay kulgisi qahqahaga aylandi. Kulaverib ichaklari eshilib qolayozdi. Mo‘’tabarxon uning yuziga bezrayib qarab turardi.
— Bozorini, mayli, tushunaman, mozoringga balo bormi? Yoki go‘ringni o‘sha yerdan qaziymizmi? U yoqlarning tuprog‘i qattiq… Qizingam, o‘zingam hech qayerga bormaysan. Boshqa ishlar chiqib qoldi. Dugonasi xafa bo‘lsa, osmon uzilib yerga tushmaydi.
Mo‘’tabarxonning qovoq-tumshug‘i osilib ketdi. Rangi gezarib, boshini osiltirgancha eridan uzoqlasha boshladi. “Go‘dakka o‘xshamay o‘l, padaringga la’nat, qon bilan kirgan jon bilan chiqadi, deb bejiz aytishmagan-da”, deya xayolidan o‘tkazdi boyvachcha. O‘ylab ko‘rsa, xotinini bir yostiqqa bosh qo‘yganidan beri rangini chiqarmagan ekan. Avvallari Mo‘’tabarxonga, chiroyi sabab, boshqalardan qizg‘anib kun bermasdi. “Xotinning birozgina xunugi tuzuk ekan, — deb o‘ylardi, — itdan ham, bitdan ham rashk qilmaysan”. Endi yaxshilab mulohaza qilib ko‘rsa, xotini yoshligida ham go‘r emaskan: chiroyi bor ekan-u, tuturuqsiz gaplarini ichiga yutib yurarkan.
U o‘tirib charchadi. O‘rnidan turib kerishib oldi-da, mashinasi tomon yurdi. Ko‘chada “yonib” turgan ishi yo‘q, shunchaki aylanib ko‘nglini yozgisi keldi. Boyvachcha yaltirab turgan qop-qora “Mers”ining kopotini silab, eshigini ochmoqchi bo‘lib qo‘l uzatganida:
— Assalomu alaykum, — deya darvozadan suyukli qizi Nilufar tabassum qilib kirib keldi.
Xalil boyvachcha qiziga peshvoz yurib, uning peshonasidan mehr bilan o‘pdi. Ha, boyadan beri nimadir yetmayotgandek tuyilardi. Topdi o‘shani. Qizi! Uning salom berishi, iymanib tabassum qilgani otasining ko‘nglidagi g‘uborlarni tarqatib yubordi. Noziknihol, kamtarin-kamsuqum bu qizni Yaratganning o‘zi aql-odobdan ayamagan. Singlisi Lazokat hozir uning o‘rnida bo‘lganida otasining bo‘yniga chirmashib olardi. Bo‘y yetib qolganini, otaning oldida bosiqroq bo‘lish kerakligini xayoliga ham keltirmasdi, O‘tkir atir hidi otaning ko‘nglini alg‘ov-dalg‘ov qilib yuborishi, keyin padarining asabi taranglashib, ta’bi xira tortishiga aqli yetmasdi. Bir-ikki marta shunday bo‘lgandi ham. Nilufarning sochlarini silab turib boyvachcha shularni o‘yladi.
— Adajon, tobingiz yo‘qqa o‘xshaydi, — dedi Nilufar otasining bag‘ridan chiqib uning ko‘ziga tikilarkan.
— Hammasi yaxshi, qizim. Ozgina toliqdim shekilli, mayli, sen uyga kiraver, men bir ko‘chani sayr qilib kelaman. Shu bahona ozgina ishlarim bor, bitirib qaytaman.
— Xo‘p bo‘ladi, — Nilufar uy tomonga yurdi.
Xalil boyvachcha mashinasi tomon bir odim tashlagan ham ediki:
— Voydod, qizimdan ayrilib qoldim!!! — deya qichqirgan Mo‘’tabarxonning achchiq ovozi chiqdi. Boyvachchaning yuragi “shig‘” etib ketdi. Jonholatda uyga yugurdi.
Mo‘’tabarxon bo‘sag‘ada uzala tushgancha ikki qo‘llab yerni mushtlar, sochlarini yulardi.
— Nima bo‘ldi?! —o‘kirdi Xalil boyvachcha.
— Lazokat… Lazokat, osibdi… osibdi o‘zini!
Boyvachcha bir muddat toshdek qotdi. So‘ngra qizining xonasi tomon yugurdi.
* * *
Berdimurod shu kuni xo‘jayinining topshirig‘ini bajarolmadi. Qishloqdan saksonni qoralab qolgan, oppoq soqoli ko‘ksiga tushgan, peshonasi serajin otasi kelib qoldi. Vazifani uddalashga otlangan o‘g‘il eshikni ochdi-yu, afti bujmayib ketdi. “Siz yetmay turuvdingiz”, deya xayolidan o‘tkazdi.
— Bolam, bugunning o‘zida besh marta kep ketdim, — dedi ota o‘g‘lini ko‘rganidan ko‘zi yoshlanib, salomini ham kutmay. — Pastroqda tursangam mayliydi, to‘rtinchi etajga chiqovrib-tushovrib oyog‘im uzilib ketay dedi.
— E, ota, — deya cholga qo‘lini uzatdi Berdimurod, — nima qilardingiz sarson bo‘p, o‘zim erta-indin bormoqchiydim.
— Ikki yildan oshib ketdi, bolam, — dedi ota xuddi o‘g‘li qochib ketadigandek qo‘lini mahkam ushlab.
— Mayli, ota, kiring uyga, ichkarida gaplashamiz, — dedi Berdimurod zo‘raki mulozamat qilib.
Ilgarilari otasi shaharga bir tashvish bilan kelsa, o‘g‘li bilan hash-pash deguncha bitirib ortiga qaytardi. Bu safargi tashrif mazmuni o‘zgacha ekan.
Ota erinmay katalakday uyni ko‘zdan kechirdi, har tarafga bir nima qidiringanday sinchiklab qaradi. So‘ng manglayida bez bo‘lib o‘tirgan o‘g‘liga qarab gap boshladi:
— Uying burungiday, faqat manov gilam ilibsan devoringga, derazangniyam pardasi o‘zgaribdi. Qolgani shundayligicha… O‘zingam o‘zgarmabsan, bolam, chochingga oq oralabdi, agar o‘zingam hisoblab yurgan bo‘lsang, bu yil o‘ttiz birga kirding.
— Yo‘g‘-e, — deb yubordi beixtiyor Berdimurod ko‘zlari kattarib, — agar siz hozir aytmaganingizda, voobshe esimda yo‘g‘akan.
— Ulim, boshqa narsalaram sening esingda yo‘q. Enang bir yildan beri ko‘rpaga mixlanib yotibdi. Har kun yo‘lingga termiladi. O‘lmay turib shuni bir ko‘rsam, boshini ikkita qisam armonim qolmasdi, deydi. Sen bo‘lsang ko‘nglingning ko‘chasidan bo‘shamaysan.
— Ota, hozir boshimni qashishga vaqt yo‘q. Ish ustiga ish. Birovini qisangiz ikkinchisi chiqadi. Keyin uchinchisi… Kunning qanday o‘tganini sezmay qolaman… Uylanish… to‘g‘risini aytsam, o‘ttiz bir yosh hozir hech gapmas, uch-to‘rt yilda chiroyli shaharlik qizni olib boraman o‘zim.
— Ukang-chi, senga qarab uniyam yoshi o‘tib ketayapti. Hamsoyaning qiziga uch yildan beri gapirarmish. Bunday yurishi uyat-da, bolam, sen uylansang, keyin uniyam uylab qo‘yardik-da. Bu yoqda enang ketaman, deb pishib turibdi, menam qarib qoldim. Bugun borman, ertaga xudo poshsho…
— Qo‘ysangiz-chi, siz hali baquvvatsiz, boboy. Shuncha yo‘l yurib mening uyimga kepsizmi, bu yog‘igayam hali o‘n besh-yigirma yil yashaysiz. Mamashkaniyam kasalligiga ishongim kelmayapti, Oxirgi ko‘rganimda chaqmoqtoshday edi. Ikki etak g‘o‘zapoyani ikki qo‘lida tandirxonagacha ko‘tarib borganini o‘zim ko‘rdim-ku. Shunday kampir kasalman deb ko‘rpa-to‘shak qilib olishi, birinchidan, uyat, ikkinchidan, birovga aytsangiz ishonmaydi… Keling, bo‘ladigan gapdan gapiring, boboy.
Qariya o‘g‘lini taniyolmay qoldi: “Yopiray, shu mening ulimmi? Yo boshqa uyga adashib kirib qoldimmi?.. Enangni emgurning bolasi, nima deydi? Boboy deb meni aytayaptimi? Mamashka deydimi?” U og‘ir qo‘zg‘alib o‘rnidan turdi. “Boboy ketaman deb qolsa-ya?” — Berdimurod miyasiga yashin tezligida kelgan fikrdan xursand bo‘lib ketdi. Qariya esa qomatini kerib, yaxshilab oyoqqa turib olgach, qulochkashlab o‘g‘lining basharasiga shunday urdiki, Berdimurodning ko‘zida o‘t chaqnab ketdi.
— He, enangni!.. Men senga shunday tarbiya beruvdimmi? — dedi chol titrab-qaqshab.
O‘g‘il sakrab o‘rnidan turdi. Otasiga yovqarash qildi, hatto xezlandi. Keyin ro‘parasidagi padari ekani yodiga tushib qolganday tishini-tishiga bosgancha boshini egdi.
— Ashqol-dashqolingni yig‘ishtir! — dedi ota a’zoyi badani titrab. — Hoziroq oldimga tushasan.
Berdimurod miq etmadi, qayrilib yuvinish xonasiga kirib ketdi. Yuzini sovuq suvda chayib, oynaga qaradi. O‘ng ko‘zi qontalash bo‘lib qizaribdi. Otasining qilig‘idan ta’bi tirriqlashdi. Ammo uning gaplarini rad etadigan biror so‘z topolmadi. Xo‘sh, nima qilsa bo‘ladi? Tuyqusdan miyasiga ilgarigi qo‘llagan shaytonliklari keldi. Otasi burunlari ham uni olib ketmoqchi bo‘lgandi. Berdimurod aldab-avrar, otasining qo‘ynini puch yong‘oqqa to‘ldirib, sovg‘a-salom bilan kuzatib yuborar, o‘z bilganidan qolmasdi. O‘sha paytlar qo‘lida tuzuk-quruq ishi yo‘q, kunini ko‘chada sanqib o‘tkazardi. Endi Xalil boyvachchaday odamni topdi. Asta-sekin uning ishonchiga kirayapti. Qo‘li pul ko‘rdi. Bunday paytda hammasini tashlab qishloqqa borish ahmoqlikday tuyulardi unga. Uylanaman desa shahardayam qiz to‘lib yotibdi. Qolaversa, Xalil boyvachchaning Nilufarini ko‘zining ostiga olib qo‘ygan…
U otasi o‘tirgan xonaga kirdi-yu, hayron qoldi. Chol boshini eggancha “piq-piq” yig‘lar, yaktagining etagiga ko‘zyoshini artib olardi.
— Ota, — dedi mehri jo‘shib Berdimurod, — meni xafa bo‘ldi deb kuyinayapsizmi? Siz to‘g‘ri qildingiz meni urib, o‘zimam toza shaharlik bo‘p ketibman. Gapingiz haq, qishloqqa qaytmasam bo‘maskan.
— Bu gaplaringni ilgariyam ko‘p eshitganman, — dedi qariya burnini tortib, — hozir oldimga tushmasang ketmayman, meni sudrabam ko‘chaga chiqarolmaysan. Ana, enangni o‘ligini qishloq ko‘msin, ukang ko‘msin.
— Uf-f, nimalar deyapsiz, ota, nasib etsa, enamning umri uzoq bo‘ladi, nevaralarining to‘yini ko‘radi. Ikkovingizni o‘zim videoga tushiraman.
— Qo‘y bu gaplaringni, oldimga tush.
— Ota, siz ko‘p narsani tushunmaysiz. Mening bo‘ynimda javob berishim kerak bo‘lgan ishlar bor, ularni tashlab ketolmayman. Tashlab ketsam, ertaga meni qamab qo‘yishadi. Bolasi qamalibdi, degan gap kerakmi sizga?
Berdimurod nishonni aniq olgandi. Otasi “qamoq”ni eshitib o‘ylanib qoldi. Bundan dadillangan o‘g‘il otiga ketma-ket qamchi bosdi. Noiloj qolgan ota ko‘ndi.
— Mayli, bir haftada ishlaringni saranjomlab, uyingni sotgin-da, qishloqqa bor, — dedi chol “gap tamom” deganday.
O‘g‘il terisiga sig‘maydigan darajada quvonib, otasining ko‘nglini olishga tushdi. Xo‘jayini buyurgan ish esa, bir kun orqaga surildi. Ertasiga otasini qishloqqa jo‘natib, u ishga kirishdi.
U qamalib chiqqan, ancha-muncha qarzdor qilib qo‘ygan uchta hamtovog‘ini uchrashuv joyiga — halqa yo‘lidagi choyxonaga chaqirdi (ularni Berdimurod nasha bilan ta’minlab turar, buning evaziga ular “zarur topshiriq”larni bajonidil bajarishardi). Tag‘in “jannat rohati”dan totinish ilinjida yigitlar uzun-qisqa bo‘lib choyxonaga kirib kelishdi. Berdimurod ularning kayfiyatini bilib olish uchun birma-bir yuzlariga razm soldi. Keyin olib kelgan oppoq kukunni dasturxon chetiga qo‘yib:
— Bugunam sizlarni bir siylamoqchiman, hadeb besh qo‘lni og‘izga tiqaversam, jag‘im yirtiladi, — dedi iljayib.
Yigitlarga bu gap moyday yoqdi. Uzun bo‘yli, oriq, doim kalta ishton kiyib yuradigan yigit kaftlarini bir-biriga urib ishqarkan, “oh” deb yubordi…
Ikki soat ichida yigitlarning ko‘zlari suzilib qoldi. Ular bir-biriga gap bermas, kayflari taroq edi. Faqat Berdimurod ishini o‘ylab ko‘p ichmagan, tetik edi. Shu ish bilan shug‘ullansa-da, u hali tomiriga igna sanchmagandi.
— Yarim oqshom yana bir maishat qilsak, nima deysizlar? — dedi Berdimurod ko‘zlari qisilib borayotgan hamtovoqlariga.
Nashavandlar biri qo‘yib boshqasi uni olqishlay ketishdi.
— Lekin ungacha bitta ish bor. Uddasidan chiqsak, sizlarni bir hafta siylayman.
— Menga qara, — dedi chap yuzida chandig‘i bor Mansur ismli nashavand do‘rillagan ovozda, — sen erkaklik qildingmi, bizam shunday javob qilamiz!
— Rahmat, sizlarga o‘zimga ishonganday ishonib xato qilmaganman. Endi gap bunday, yaxshilab eshitib olinglar, — dedi Berdimurod va Xalil boyvachchadan olgan topshiriqni birma-bir ularga uqtirdi. U faqat bitta joyda chalkashib ketdi. Ayg‘oqchilari Berdimurodga Bobur o‘n yettinchi, Doniyor esa o‘n ikkinchi palatada yotibdi, degan xabar yetkazishgandi. U esa o‘shanda falokatga uchragan yigitlar yotgan palatalarni chalkashtirib qo‘ygandi. Oqibatda u nashavandlarga o‘n yettinchi palatada yotgan bemorni tinchitishni buyurdi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas