— Sanga o‘ldir, dedemmi?! — qichqirdi Baron o‘zbekchalab. — Uyingni yoqaman, mochag‘ar, betta sochi to‘kilsa!
Bu do‘qdan Xosiyat bibining shashti qaytdi. Shalvirab atrofidagilarga qaradi. Lo‘liboshining chaqchaygan ko‘zlari baqrayib bir nuqtaga mixlanib qolganidan qavmdoshlari hayron edi.
…Lola, odatdagiday, avtobuslarga chiqib-tushib rizqini termoqchi edi, biroq tuyqus niyatidan qaytdi. Birinchi “Ikarus”ga yaqinlashgan kezda ortiga qaytmoqchi bo‘ldi.
— Lo‘lilar go‘zalining bugun kayfiyati yo‘qqa o‘xshaydi, — degan ovoz keldi ortidan.
Lola o‘girilib, irjayib turgan tanish haydovchiga ko‘zi tushdi. Bu joydagi haydovchilarning bari uni tanir, unga «lo‘lilarning go‘zali», «suluv lo‘li», «erka lo‘li», «oppoq lo‘li» deb o‘ziga xush yoqadigan laqablar qo‘yib olishgandi. Hatto bir yoshroq haydovchi: “Agar lo‘li bo‘lmaganingda o‘zim seni olib qochib ketardim”, deya hazillashdi ham. Boshqa lo‘lilarni kiritavermaydigan haydovchilar ham Lola uchun avtobus eshigini ochib qo‘yar, gohida erib ketib Lolaga o‘zlari ham “rizq” ulashib yuborardi.
— Ataganimiz bor. Olib, boshimizni balodan xalos qilmaysanmi? — dedi haydovchi Lolaning nazaridan erib.
— Siyzning baloingiyz ko‘p, amak, siyz ko‘p sadaqa qilishengiz kerak. Manga ayon, — dedi Lola ham hazillashib. — Pulingiyz endi yetmaydiy.
— Tag‘in dollarning narxi oshdimi, osmondan kelasan?
— Dollar turibdiy, amak, maniy narxiym oshgon.
— Senam lo‘li bo‘p qopsan-da.
— Man avval lo‘liydim, amak, endiy…
— Sigan bo‘ldingmi? — Lolaning gapini bo‘ldi haydovchi kulib.
— Sigan kim bo‘ptiy, man biznesmen lo‘liyman… Maniy kuf-sufiym qimmat.
— Vo, baraka topgur, hali martabam oshib ketdi, degin. Unda tanish-bilishchilik qilarsan.
— Mayliy, amak. Siyz o‘zimiznikiy, «pochin» qilamiz. Tekinga boshingiyzdagi baloniy quvib haydaymiz, — dedi Lola.
Uning oxirgi gapi shunaqangi yumshoq, shirin chiqdiki, haydovchi yayrab ketdi. Yoniga kelib ichida Qur’on tilovat qilayotgan (Lolaga yoshligidan odamlarni o‘ziga ko‘proq iydirsin, deb besh-oltita sura yodlatishgan edi) qizni yelkasidan quchib peshonasidan o‘pib qo‘ymoqchi bo‘ldi. Biroq Lola uning qo‘llarini siltab tashladi.
— Amak, — dedi sergak tortib qiz, — siz yomon bo‘libsiyz, man nomahram. Odamlar uyat qiladiy.
— Ey-y, — dedi haydovchi yelka qisib, — qizimdanam kichkina bo‘lsang. Yaxshi ko‘rib peshonangdan o‘pib qo‘ymoqchiydim-da.
— Maniy bo‘yim yetgon…
— Balosan, balo, — dedi haydovchi boshini sarak-sarak qilib kularkan, cho‘ntagidan ikkita ming so‘mlik chiqarib Lolaga uzatdi.
— Omayman! — qiz titrab orqaga tisarildi. — Tekin aytdim-ku, amak.
— Senga bir balo bo‘ldimi? O‘zgarib…
— Ha, o‘zgardem, — dedi-da Lola orqasiga keskin burilib ketib qoldi.
Uning xo‘rligi keldi. Xilvat joyga borib sochlarini yulib, yuzini timdalab bor ovozda yig‘lasa, hech kim xalal bermasa. U xoliroq joy izlab ancha yurdi. Ammo hammayoq odam bilan tirband. Bo‘zlab yig‘lasa, albatta, kimdir siylasa: “Nega yig‘layapsan?” deb ko‘ngil so‘raydi, siylamagan taqdirda: “Buncha uliysan?” deya o‘shqiradi. U shahar ichida qatnaydigan avtobusga o‘tirdi. Avtobus qayergacha boradi, nega bunga o‘tirdi — endi unga baribir edi. Muhimi, bozordan uzoqroqqa — ko‘z ko‘rib, quloq eshitmaydigan joyga ketsa bo‘lgani.
Avtobusning orqa o‘rindig‘iga o‘tirib olgan Lola derazaga boshini qo‘yib uxlab qoldi. Odamlarning g‘ala-g‘ovuri, bekatlarda birov tushib, birovning chiqqani, chiptachining “Yo‘l haqini uzatinglar!” deya qichqirgani ham uning qulog‘iga kirmadi. Faqat oxirgi bekatga yetib kelib, hamma tushib ketgach, haydovchining semiz, biroq ovozi ayollarnikiday chiyillab chiqadigan yordamchisi turtganida Lola uyg‘onib ketdi. U qayerga kelib qolganini bilolmay atrofiga alangladi. Uyqu bosib, yana ko‘zlarini yumdi.
— Bo‘l tez, tush! Oxirgi bekat bu, — chiyilladi chiptachi lo‘li qizning qilig‘idan jig‘ibiyron bo‘lib.
Lolaning ensasi qotib, erinibgina avtobusdan tushdi. Uyqu zo‘rlik qilib, ko‘zlari yumilib ketaverdi. O‘tiradigan joy bormikan, deb chor-atrofga qaradi. Shu payt:
— Yana bir kishi, ketamiz! — deb qichqirayotgan boshqa bir haydovchiga ko‘zi tushib, mikroavtobusiga chiqib oldi. Omadini qarangki, unga derazaning yonidagi oxirgi bo‘sh joy tegdi. Lola ko‘zlarini behol yumib uxlab qoldi. Uyqusida alg‘ov-dalg‘ov tushlar ko‘rdi. Bir gal Xosiyat bibining katta qorni sharday shishib, lo‘liboshini osmonga uchirib ketibdi. Orada Baronni ko‘rdi. U Lolani quvlab ketayotibdi, qiz qo‘rqqanidan chinqirib qochayotgan ekan, oldida oq “Neksiya”li o‘sha yigit paydo bo‘ldi. Bir chiroyli notanish qiz yalinib-yolvorib yordam so‘raydimi-yey… Bir mahal uzunligi o‘n quloch, og‘zi o‘raday, ko‘zlari bo‘rtib chiqqan mo‘ylovli ilon osmonda paydo bo‘ldi, keyin vishillab uning tepasiga keldi. Ayri tillarini chiqarib bir muddat havoda muallaq qotib turdi-da, keyin Lolaga tashlandi… “Voy dod!” — bosinqirab qichqirib yubordi qiz va o‘rnidan sapchib turganida boshini mikroavtobusning shiftiga urdi. Yo‘lovchilar achchiq ovozdan cho‘chib alanglashdi. Avval yonidagilarga, keyin bo‘yinlarini burib, boshini changallab ushlab o‘tirgan qizga qarashdi.
— Nima bo‘ldi? — dedi oldingi o‘rindiqdagi sochlari oppoq kishi ortiga o‘girilib.
Lolaning rang-quti o‘chgan, hali tushida ko‘rganlari ko‘z o‘ngidan ketmagan edi. U qo‘lini tushirib notanish kishiga qaradi, ko‘zlariga yosh quyilib keldi.
— Nima bo‘ldi senga? — so‘radi oq sochli kishi tag‘in.
— Man iylon ko‘rdiym, amak, iylon yemoqchiy bo‘ldiy, qo‘rqdiym, amak, — dedi Lola dir-dir titrab.
— Iylon iylonni yemaydiy, — dedi notanish kishi va qah-qah otib kulib yubordi. Unga boshqalar ham qo‘shildi. Lola avval notanish kishiga, so‘ngra boshqa yo‘lovchilarga javdirab qaradi. Biroq hech nimaga tushunmadi va birdan jahli chiqib ketdi:
— Ha, niyma, ochib ko‘rsatiymi?! — deya qichqirdi.
Uning po‘pisasi birovga zig‘ircha ham ta’sir qilmadi, aksincha qahqaha kuchaydi. Lola shu dam yonida qavmidan hech kim yo‘qligiga afsuslandi. Aks holda, o‘n besh chog‘li odamni ikkovlashib bir yoqli qilishardi. U izza bo‘lganidan mushtini tugdi va deraza tarafga o‘girilib oldi. Besh daqiqalar o‘tib yo‘lovchilar tinchishdi. Lola ham biroz xotirjam tortib, derazadan tashqariga qaradi. Ko‘zi tog‘larga, unda-bunda lipillab o‘tayotgan butalarga tushdi.
— Shafyor, hay, shafyor! — dedi yuragiga g‘ulg‘ula tushgan Lola. — Qayon ketobmiyz?
— Onangnikiga, — dedi yo‘lovchilardan biri.
Bu luqmadan keyin go‘yo bomba portlaganday bo‘ldi — kulgidan avtobusning derazalari zirillab ketdi. Orqaga o‘girilib qarayman deb haydovchi rulni burib yubordi, mashina ilkis silkindi, lekin bunga hech kim e’tibor qilmadi. Yo‘lovchilar qotib-qotib kulardi.
— Hammangni ko‘zingni tuproq bossiyn! — alamidan qichqirdi Lola.
Uning qarg‘ishini birov eshitmadi.
— Hay, shafyor, to‘xtat aravangniy! — dedi ovozi bo‘g‘ilib Lola va o‘rnidan turib egilib haydovchi tomon yurdi.
Shu payt kimdir uning oyog‘iga teginganday bo‘ldi. Lola o‘zini bosolmay, hozirgina yonidan o‘tgan oqsoch erkakning yuziga chang soldi. “Ford”ning ichi taloto‘p bo‘lib ketdi. Birov Lolani bir tomonga, boshqa birov oqsoch erkakni ikkinchi tomonga tortardi. Qiz bisotida bor so‘kishu qarg‘ishlarni ishga soldi. Erkak esa mushtiga zo‘r berdi. Lolaning burnidan tirqirab qon oqdi. Mashina to‘xtab, qizni sudrab pastga tushirishdi. U bo‘zlab yig‘lar, ko‘zidan yosh, burnidan qon oqar, goh o‘zining lahjasida, goh o‘zbekchalab shang‘illardi. Uning diydiyosiga chidayolmagan bir yo‘lovchi erkak qulochkashlab yuziga shapaloq tortib yubordi. Qiz sho‘rlik oyog‘i yerdan uzilib chalqancha quladi. Bir zum ko‘z oldi qorong‘i tortdi. Nima bo‘layotganini anglolmay qoldi. Keyin qulog‘iga mashinaning yurgani elas-elas eshitildi. “O‘layapmanmi, nima balo?” — xayolidan o‘tdi uning. Seskanib ko‘zini ochdi. Hartugul o‘lmagan ekan, ko‘z oldi asta-sekin tiniqlashdi. U inqillab o‘rnidan turib o‘tirdi. So‘ng o‘pkasi to‘lib ho‘ngrab yubordi. Endi unga hech kim xalaqit bermadi. O‘kirib-o‘kirib, yerni mushtlab-mushtlab, hammani qarg‘ab-qarg‘ab yig‘ladi…
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi