Oldinda bosh vrach, orqada Mirkomil va yana uch-to‘rt hamshira jadal yurib kelishib, bemorning yo‘lini to‘sishdi.
— Boburjon, — dedi bosh vrach yalingan ohangda (Bobur bilan tegishli tashkilotlar jiddiy qiziqayotgani bois, bosh vrach uning hurmatini joyiga qo‘yishga majbur edi), — hali to‘la sog‘ayganingiz yo‘q. Agar sizga bir nima bo‘lsa biz javobgar bo‘lamiz.
— Menga biron narsa bo‘lsa, o‘zim javob beraman. Kerak bo‘lsa tilxat yozib beray. Sizlarning onangiz bo‘lsa kerak. Xudo ko‘rsatmasin, o‘lib qolsa nima qilasizlar?! Morgda yotqizib qo‘yasizlarmi?
Hamma jimib qoldi. Bosh vrach ko‘zoynagini olib, xalatining yengiga artgan bo‘ldi.
— Nima bo‘lgan taqdirdayam, biz siz uchun javob beramiz. O‘tgan odam o‘tib ketdi. Ming uringanimiz bilan qayta tiriltirolmaymiz, — dedi u birozdan so‘ng.
— Ko‘mish-chi? Yotaveradilarmi morgda?!
Bobur bu gapni aytishga aytdi-yu, lekin o‘zi titrab ketdi. Ko‘z oldi qorong‘ilashdi.
— Agar ruxsat bersangiz, — dedi Mirkomil bosh vrachga yuzlanib, — Bobur bilan birga borsam. Biror yordamim tegib qolar, o‘zigayam qarab yuraman.
Bosh vrach ikkilanib qoldi. Bir hisobdan, bosh og‘rig‘idan qutulgani ham ma’qul, chunki har kuni ichki ishlar xodimlariga ma’lumot beraverish joniga tekkan. Boshqa tomondan Boburgayam ichi achiyotir. Hali to‘la tuzalmay turib… Marosimni o‘tkazishning o‘zi bo‘ladimi, o‘ziga yarasha yugur-yuguri bo‘lsa.
— Mayli, — dedi nihoyat bosh vrach, ancha o‘ylanib turgach, — lekin bitta shart bilan: har kuni muolajaga kelib turasiz.
Bobur bilan Mirkomil kasalxonadan chiqishganida, kun oxirlab qolgan, yozning jaziramasi chekinib, yengil epkin esar, ayni sayrbop havo edi. Biroq Bobur buni his etmasdi. Hozir qanoti bo‘lsa-yu, uchib borib onasining jonsiz tanasini quchsa, o‘kirib yig‘lasa, kechirim so‘rasa. Ayni damda bolaligida beboshlik qilib, onasining qarshisida boshini egib turganday. Biroq o‘sha kezlarda onasi kechirar, sochini silab: “Ikkinchi bunday qilma, bolajonim, hamma umidim sendan”, derdi. Mana, onasining umidini oqladi! Joniga Azroil chang solishiga sababchi bo‘lgan o‘zi! O‘g‘il bo‘lib qay kuniga yaradi onasining?! Bunaqa bolani go‘dakligidayoq bo‘g‘ib o‘ldirgan ma’qulmasmi?
Bobur mashinada ketayotib bir necha bor manglayiga mushtladi. O‘kirib yubormaslik uchun tishini-tishiga bosdi. Ko‘ziga yosh qalqdi. Boburning holatini zimdan kuzatib ketayotgan Mirkomil sekin uning qo‘lini siqdi-da:
— Bardam bo‘l, oshna, — dedi taskin berib.
Kasalxonada payti o‘ziga aytilgan har qanday yupanch so‘z boshiga urilayotgan to‘qmoqday ta’sir qilgandi, endi yupandi, biroz o‘zini bosib oldi. Hatto Mirkomil uning ko‘ziga yaqin odamiday tuyildi.
Ular o‘likxonaga yetib kelishgach Bobur mashinadan tusholmadi, allaqanday kuch joyidan qimirlashiga yo‘l qo‘ymasdi. Faqat Mirkomil eshikni ochganidan keyingina zo‘rg‘a o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Kulrang tusli binoning ko‘rinishi odamning etini junjiktirardi, Boburning yuragi hapriqdi.
Mirkomil besh-olti marta eshik qo‘ng‘irog‘ini bosdi, shundan keyingina qirq-qirq beshlardagi sochlari oppoq o‘ris kishi eshikni ochib:
— Nima istaysanlar? — dedi yoqimsiz tovushda ko‘zini lo‘q qilib.
— Shu yerda qarindoshimiz bor, — dedi Mirkomil boshqa gap topolmay.
— Opketasanlarmi?
— Ha.
— Qog‘oz olib keldinglarmi?
— Qog‘ozini keyin…
— Qog‘ozsiz bermayman.
— Ko‘rib ketsak mumkinmi? — dedi Bobur va shu dam ko‘nglida: “Balki anglashilmovchilik bo‘lgandir, o‘lgan boshqa ayoldir”, degan ilinj paydo bo‘ldi.
— Bungayam qog‘oz kerak, — ma’nilatib javob qildi so‘xtasi sovuq qorovul.
Mirkomilning jahli chiqdi. U yon cho‘ntagidan qizil jildli hujjatini olib, qarashi muomalasidan battar sovuq odamga ko‘rsatib, uni hovuridan tushirib qo‘ymoqchi bo‘ldi-yu, ortida turgan Boburni eslab shahdidan tushdi. Cho‘ntagiga qo‘lini tiqib, ikkita beli bukilmagan besh yuztalik chiqardi-da, qorovulga uzatdi. Xizmatchining chiroyi ochilib, atrofga bir sidra qarab olganidan keyin:
— Orqamdan yuringlar, — deb buyurdi.
O‘likxonaga kirishi bilan Boburning badani muzlab, oyoq-qo‘li dag‘-dag‘ qaltiray boshladi. Yuragi orqasiga tortib ketdi. Bir murdalar yotgan karavotlarni bemalol chetlab o‘tayotgan oq xalatli odamga, bir o‘zidan sal oldinroqdagi Mirkomilga qarab qo‘ydi. Qorovulning beparvoligini qadam olishidan bilish qiyin emasdi. Mirkomil esa, Boburning nazarida, biroz bezovtalanayotgandi.
Onasining ko‘zlari yumuq, yuzi oppoq, hatto peshonasidagi ajinlari ham yo‘qolgan. Shu holatida u yosharganga ham o‘xshab ko‘rinardi. Bobur “qult” etib yutindi, keyin o‘zini onasining ustiga tashladi…
Mirkomil Boburni tashqariga olib chiqquncha qora terga botdi.
— Bo‘ldi! — dedi oxiri baqirib. — Shu yerda yotib qolmoqchimisan? Avvalroq o‘yla edi onangni. Endi nima qilasan jonsiz tanaga yopishib?
Bu gaplari Boburga qattiq ta’sir qildi, u indamay mashinaga o‘tirdi.
* * *
Berdimurod Salimaxonni ko‘p kutmadi. Mashinasiga o‘tirib, bir dona sigaretni yarimligicha chekib ulgurmay yosh qizlarday nozli qadam bosib, shox tashlab kelayotgan ayolga ko‘zi tushdi.
— Dahshat-ku! — dedi o‘tirgan joyida Berdimurod o‘ziga-o‘zi. So‘ng sigaretini uloqtirib, mashinasidan tushdi-da, Salimaxonning istiqboliga yurdi. Ayol go‘yo uni ko‘rmaganday yonginasidan o‘tib keta boshladi. Uning nechog‘li makkorligini shu harakatidanoq ilg‘agan Berdimurodning xayolidan: “Shu xislatingni o‘g‘linggayam yuqtirsang bo‘larkan”, degan o‘y kechdi. So‘ng sekin tomoq qirdi.
— Voy! — endi ko‘rayotganday u tomon qarab qosh chimirdi ayol. — Siz shu yerdamidingiz, ko‘rmay qolibman, uzr. Odam xayolga berilib ketsa…
— Moshina sizga muntazir bo‘p turibdi, — uning gapini bo‘ldi Berdimurod.
— O‘zim ketaverardim-u, mayli, yigitning sazasi o‘lmasin, — deb ayol mashina tomon yurdi.
Salimaxon joylashibroq o‘tirayotib tor yubkasini boldirigacha tortib qo‘ydi. U o‘g‘lidan allaqachon Berdimurod haqida hamma narsani so‘rab bilib olgan va o‘zicha bir nimalarni rejalashtirgan, Dubayga serqatnov bu ayolga ayni shunday «hamkor» kerak edi. U yoqdan to‘lib-toshib kelganida kutib olib, “tomojnya”dan silliqqina olib o‘tsa bas. Hujjatsiz mol olib kelaman, deb ko‘p qo‘lga tushdi, hatto qamalishiga ham bir bahya qoldi. O‘g‘li biznes qilayapman, desa, “Ha, endi, mayda-chuyda narsalarni u yoqdan sotib olib, bu yoqqa sotib yurgan-da”, degan xayolda yuravergan ekan. Doniyor o‘ta jiddiy odamlarga qo‘shilib ulguribdi. Agar o‘ziyam to‘dasiga kirib olsa, tamom, pulga ko‘miladi. Axir, bu mafioz deganlarining qo‘lidan oz-muncha ish keladimi?!
U Berdimurodni osongina qarmog‘imga ilintiraman, deb o‘ylagandi. Yigitning suqlanib qarashidan ichidagi «dard»ini payqagandi. Bu xil erkaklar jilovini tezda ayolga topshirib qo‘yadi, deb o‘ylar edi u. Qolaversa, yigit ko‘zga yaqin, Salimaxonning o‘zi ikkinchi eri bilan ham ajrashganiga ancha bo‘p qolgandi.
— Moshinani yaxshi haydarkansiz, — dedi Salimaxon bir muddatlik sukutdan so‘ng.
Berdimurod unga iljayib qarab qo‘ydi-da:
— Maktabga bormasimdan adamning moshinasini haydab ketishimga ozgina qolgan ekan, — dedi g‘o‘ddayib.
— Bo‘lar bola boshdan, deb bekorga aytishmagan-da. O‘g‘lim sizday yigitga qo‘shilganidan rosa xursand bo‘ldim. Hatto unga ozgina hasadim ham keldi. Hozir menam uning yoshida bo‘lganimda bormi?..
— Siz shundog‘am o‘n sakkiz bilan yigirma orasidagi qizlarga o‘xshaysiz, — dedi Berdimurod yo‘ldan ko‘z uzmay.
— Rahmat. Lekin men qarib qoldim. Yoshim ham qirqdan oshdi.
— Endigina qirqdan oshgan ayol hecham qarigan hisoblanmaydi. Davringiz endi kelibdi-ku.
— Siz nihoyatda olijanob yigit ekansiz. Shuning uchun xo‘jayiningiz yaxshi ko‘rsa kerak.
“Xo‘jayin” so‘zini eshitib Berdimurod bir qalqib tushdi-da, yonidagi ayolga shubha bilan qarab qo‘ydi.
— Nima ish qilaman degandingiz? — so‘radi gapni boshqa yoqqa burish niyatida Berdimurod.
— Peshonamga vaqti kelib savdogar bo‘lasan, deb yozilgan ekan. Mana, buyurilganini qilib yuribmiz.
— Qaysi bozorda?
— O‘zimizning bozorga chiqsam boshim og‘riydi. To‘g‘risi, shuning uchun, ikki haftada bir Dubayga borib kelaman.
— O‘-o‘, katta savdogar ekansiz. Bozorni aytib sizni kamsitib qo‘yganim uchun uzr so‘rayman… Bilasizmi, bir ideya bor. Aytsam rozi bo‘lasizmi- yo‘qmi?
— Bemalol.
— Bitta yaxshi restoran bor. Shahar chekkasida. Odam kam bo‘ladi. Gohida shahardan bezsam o‘sha yoqqa borib dam olib kelaman. Xullas, sizni taklif qilsam, nima deysiz?
Ayol, o‘zicha nimanidir o‘ylagan ko‘yi sukut saqladi. Aslida esa, u yigitning yalinishini kutardi.
— Taklifim ma’qul kelmadi-yov, chamamda, — dedi Berdimurod jimlikni buzib.
— Yo‘q… O‘zim ham juda charchab yuribman. Molga jo‘nab ketadigan vaqtim bo‘ldi, bu yoqda o‘g‘lim kasalxonada yotibdi… Asabiylik… Mayli, haydang, chaqchaqlashib kelamiz.
Berdimurod miyig‘ida ayyorona kulib tezlikni oshirdi.
Shu kuni ular xumoridan chiqquncha ko‘ngilxushlik qilishdi. Oxirida Berdimurod: “Endi, xonim, bemalol molingizni olib kelavering, “tomojnya”ga o‘zim ko‘ndalangman”, deb va’da berib yubordi. Bu gapni juda ishontirib aytganidan, Salimaxon yayrab ketib, unga chirmashib oldi.
Nuriddin ISMOILOV
(Keyingi qismlarni yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Vkontakti”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi
Shavkat Mirziyoyev: “Falastinlik bolalar va ayollarni beg‘araz davolashga tayyormiz”
Britaniya muzeyi mamlakat tarixidagi eng qimmat sovg‘aga ega bo‘ladi