19:02 / 12.01.2018
11 137

Otni ham, egarni ham boy berayotgan «erkaklar»...

Otni ham, egarni ham boy berayotgan «erkaklar»...
So‘nggi paytlarda turli gazeta jurnallarda “Ayolning eri oldidagi vazifalari”, “Ayolning oiladagi vazifalari” va ayollarning boshqa yana bir qancha vazifa hamda majburiyatlari yoritilgan maqolalarga tez-tez ko‘zimiz tushmoqda. Eng qiziqarli jihati esa aksar shu mavzudagi maqolalarning mualliflari erkaklardan iborat. Juda qiziq, ayollarni turli vazifa va majburiyatlarini yoritayotgan erkaklar o‘z vazifa va majburiyatlarini bilmaydilarmi yoki o‘z vazifa va majburiyatlarini ommaga havola qilishni istamaydilarmi?! Agar o‘ylab qarasak, erkakning vazifa va majburiyatlari ayollarnikidan ham ko‘proqdir. Agar ana shu vazifa va majburiyatlarni ayrimlarinigina ommaga havola etib yoritib berilsa, balki bugungi kundagi ajrimlarning, oiladagi kelishmovchiliklarning qaysidir ma’noda, oldi olingan bo‘lar edimi? Axir “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” deydi dono xalqimiz. Shu va shu kabi savollar hayolida bugun butun oilalarni ajralib ketishiga sabab bo‘layotgan erkaklarning ayrim vazifa va majburiyatlari haqida yozishni lozim topdik.

Ma’lumki, har bir jamiyatning o‘z rahbari bo‘ladi. Oila ham bir kichik jamiyat hisoblanib, unda jamiyatning barcha belgilari kichik ko‘rinishda bo‘ladi. Oila hayotida boshliq vazifasini er bajarishi lozim. Shu o‘rinda, oila boshlig‘i deganda oilaning boshqa a’zolariga jabr-zulm o‘tkazish, “deganim degan” yo‘sinida “hokimi mutlaq” bo‘lish emas, oilaning barkamol, saodatli, tinch-omon bo‘lishiga er mas’ulligi tushunilishi lozim. Oilaning tinch-totuv bo‘lishi esa er va xotininng o‘z vazifa va majburiyatlarini bugungi kunda qay darajada ado etayotganliklariga bog‘liq.

Oiladagi erining vazifalaridan eng muhimlaridan biri – xotining xaqlarini to‘la ado qilishdir. Xotinining xaqqini ado etish vazifasiga esa rizq-ro‘z bilan, kiyim-kechak bilan ta’minlash, o‘z xotini bilan inoqlikda yashash, xotinining ba’zi xatolarini kechira bilish va boshqalar kiradi. Yuqorida sanab o‘tilgan vazifa va majburiyatlarga Qur’oni karim va hadisi shariflarda ko‘plab dalillar keltirilgan.

Imom Ahmad ibn Hanbal rivoyat qilgan hadisda: “… va xotiningning taomingdan yegani ham sadaqadir va ahlinga qilgan nafaqang ham sadaqadir”, deyilgan.

Boshqa bir rivoyatda esa: “Xotiningning og‘ziga tutgan luqmada ham sen uchun savob bor”, deyilgan.

Bugungi kunda ayrim erkaklar choyxonama-choyxona, turli bazmlarda ovqatlarning sarasini yeb, oilaning yeb-ichishi bilan qiziqmaydi ham. Ehtimol, oilada bozor-o‘char joyidadir, lekin ayrim o‘zbek oilalarida qayniona va qayniota boshqaruvi ularga xizmat qilayotgan o‘g‘lining xotiniga o‘zi istagan osh-ovqatni tayyorlashga yo‘l qo‘ymaydi. Bu bilan qayniona va qayniotani baxillikda yoki ziqnalikda ayblamoqchi emasmiz, balki ro‘zg‘orni tejash maqsadida yoki qarilik tufayli og‘ir ovqatlarni yeya olmasligi sababli yengil taomlarni tayyorlashni aytishlarini nazarda tutmoqchimiz. Shunday paytlarda er xonadoniga o‘zi taomlangan noz-ne’matlardan ko‘tarib kirsa, uning ota-onasi ham axli ayoli bilan farzanlari ham birday xursand bo‘ladilar.

Yuqorida aytib o‘tganimizday, er o‘z umr yo‘ldoshiga yaxshi muomalada bo‘lishi erning asosiy sifatlaridan ekanligini aytib o‘tdik. Er manman bo‘lmasligi, saodatni faqat o‘zi uchun axtarmasligi, balki xotiniga, oilasiga ham ravo ko‘rmog‘i lozimdir. O‘rni kelsa, er-xotin bir-birlari bilan hadyalashib turishlari lozim. Chunki sovg‘a muhabbatning ramzidir va u qalbdagi ba’zi ginalarni ham chiqarib yuboradi.

Hadisi shariflardan birida bu haqda: “Bir-birlaringizga hadya berib turing, chunki u qalbga muhabbat soladi va ginalarni ketkazadi”, deyilgan.

Bugungi kunda-chi, ayrim erlar ko‘chada, ish joylarida “tashabbuskorlar”. Hamkasblarining tavallud topgan kunlari bormi, yubiley, har xil bayramlari bormi o‘tirishu-kechalarni uyushtirishda, sovg‘alarni tashkillashtirishda faoldirlar. Uyda-chi, ota-onasini xizmatini qilib, farzandlarini oq-yuvib, oq tarayotgan, kir-chirini yuvib, osh-ovqatini qilib, ishdan kelishini kutib o‘tirgan ayolini hadya u yoqda tursin, tavallud topgan kunida bir og‘iz shirin so‘z bilan siylashga ham yaramaydi. Kundalik hayotda esa eridan bir og‘iz shirin so‘z eshitish ko‘pgina ayollar uchun ushalmas orzuga aylanib bormoqda. Qolaversa, o‘zbek oilalarida tez-tez bo‘lib turadigan kelishmovchiliklar (ko‘p hollarda er ishdaligida qayniona-kelin o‘rtasida, ba’zan esa qayniota-kelin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar) sababli erni o‘z ayoliga qo‘l ko‘tarish xollari ko‘p kuzatilmoqda. Bu o‘rinda kelinning aybi qay darajada ekanligi surishtirib o‘tirilmaydi. Er o‘z ota-onasining gapiga quloq tutib bu xatti-harakatlarni amalga oshiradi.

Shariatda-chi, aslida ham shunday bo‘lishi kerakmi? Axir erkaklarning yuragiga yo‘l oshqozon orqali deyilsa, ayollarnikiga esa qulog‘i orqali deyilmaydimi? Sabrli, toqatli bo‘lish faqat ayollar uchunmi? Erkaklarning bunday fazilatli bo‘lishi man etilganmi? Bugungi kunda ko‘pgina oilalarning ajrimlarining sababi sabr, toqatning yetmayotganligida emasmi? To‘g‘ri, aksar xollarda ayollarning sabr, toqatining yetmaganligi bunday hollarga sabab bo‘ladi, lekin ayollarning sabr-toqatli bo‘lib yashash imkonini yaratib berish erining vazifasi sarasiga kirmaydimi? Yuqorida “Ayollarning vazifalari” ni maqola orqali yoritib berayotgan mualliflarimiz erlarning ana shunday vazifa va majburiyatlari haqida ma’lumotlar berib borsalar, faqatgina ayollar emas, erkaklar ham o‘z zimmalaridagi vazifalarini anglab bu masalalarga jiddiyroq yondashishiga sabab bo‘lar edi.

Bugungi kunda ko‘pgina ayollarni eri ishdan kelganda erini ochiq yuz, xushkayfiyat bilan kutib olmasligi haqida gapiriladi. Bunday vaziyatning sababi surishtirib o‘tirilmay, darhol ayol kishi ayblanadi. Kun davomida ko‘chada charchab, ishlab kelgan erining ko‘nglini ololmasligi aytib o‘tiladi. Axir ayolni kun davomida qayniona, qayniotasi turli yo‘llar bilan zug‘um o‘tkazib ezaversa, qanday qilib kun davomida uy yumushlari va kesatiq gaplar bilan asablari charchagan ayol erini ochiq yuz bilan kutib olishi mumkin? Nima, ayol kishining asablari toshdanmi? Yoki ayol faqat xizmatkor bo‘lish uchun o‘z ota uyidan begona uyga bir umrga keladimi? Yo‘q, erkak o‘ziga rafiqa tanlayotganda faqatgina er emas, balki ham ota-ona va aka bo‘lmog‘i lozim. Chunki ayol kishi o‘z ota uyidan eri bilan birga bo‘lmog‘u uchun ketadi. Shunday ekan, ayol o‘z erida otasining rahmdilligini, onasining mehribonligini va akasini do‘stligini ko‘ra olishi kerak. Qolaversa, ayol kishi eridan ustun bo‘lish uchun erkakning boshidan emas, oyoq osti bo‘lish uchun oyoqlaridan emas, balki suyukli va ardoqli bo‘lish uchun uning yuragiga yaqin chap qovurg‘alaridan yaratilmaganmi?

Ayrim hollarda ko‘plab ayollar uy yumushlari, qayniona va qayniotasining injiqliklari, har qancha ularning ko‘nglini olishga urinmasin ular kelinining ustidan shikoyat qilaverishlari, umr yo‘ldoshining rashq qilishi sababli yoki musulmonchilikda ayol kishi hadeb ko‘chaga chiqaverishi to‘g‘ri emasligi haqida gapirib biror bir joyga aylantirgani olib chiqmasligi haqida shikoyat qiladilar. Uy yumushlaridan charchagan ayoliga dalda berish va madaniy hordiq chiqarish maqsadida yurtimzning diqqatga sazovor joylariga olib borish, oilasidagilarga g‘amho‘rligini bildirish erkak uchun musulmonchilikda mumkin emasmi?!

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Nabiy sollallohu alayhi vasallam: “Nasablaringizdan silai rahm qiladigan narsangizni o‘rganing. Chunki silai rahm ahlining muhabbatidir, molu mulkning ko‘pligidir va umrning ziyodaligidir”, dedilar.

Ushbu hadisdan ko‘rinib turibdiki, silai rahmning foydalari bu dunyoning o‘zidayoq bir qancha foydalarni berar ekan. Shulardan eng birinchisi ahlining muhabbatidir. Shundoq ekan, er kishining gapirgan bir og‘iz shirin so‘zi, uning uchun jon kuydirayotgan ayolini hayot tashvishlaridan bir oz chalg‘itish maqsadida ahyon-ahyonda ko‘ngli orom olishi uchun biror joyga olib borishi qilinayotgan silai rahmning eng go‘zalrog‘i emasmikin?

Oilaning ustuni erkak ekan, uning ayoliga nisbatan amalga oshirgan ozgina e’tiborli hatti-xarakati oilalarning mustahkam va tinch-totuv bo‘lishiga sabab bo‘ladi. O‘zbek ayoli hech qachon boshqa millat ayollarida bo‘lgani singari o‘zi uchun erkakning ota-onasidan voz kechishini, dunyolarni olib berishini so‘ramaydi. Shunchaki, ozgina e’tibor va mexr-muxabbat evaziga eri uchun jonidan ham voz kechadi.

Manba: Nasihat.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Otni ham, egarni ham boy berayotgan «erkaklar»...