10:30 / 04.02.2018
6 534

Meni kechir, xotinjon...

Meni kechir, xotinjon...
Jazirama issiqda traktor haydayverganidan yuzlari mumdek qizarib, oq aralash sochlari pataklashgan Qo‘chqor piyon yakshanba kuni shom mahali Mozorqishloqdagi do‘kondan chiqdi-da, gandiraklay-gandiraklay dala yo‘l orqali mahallasiga yaqinlashdi. Yana chamasi yuz qadamcha bossa ko‘kimtir darvozali, oldi kesakdevor bilan o‘ralgan hovlisiga yetardi. Ammo mahalla o‘rtasida birdan to‘xtab, picha chayqalib turdi. So‘ngra boshini sarak-sarak qilib qaysidir cho‘ntagidan sigaret chiqarib tutatdi. Shu orada nimalardir esiga tushdimi, hiringlab kulib ham qo‘ydi.

Sigaretni cho‘zib-cho‘zib tortgach, birdan jiddiy tortib qisiq ko‘zlarini qator uylarga tikkancha, beixtiyor baqirib yubordi.

— Hov qizitaloq, tovuqmijozlar, chiq!.. Chiqmaysanmi? Qo‘rqasanlarmi? O‘la, hezalaklar! Ha-a, men kimsan Qo‘chqorman!.. Bir shoxlasam, enangni Uchqo‘rg‘ondan ko‘rasanlar!.. Vey-y, xotinim Suydini q-qo‘yvoraman!.. H-ha… Qo‘yvoraman shartta!.. He… Enasini!.. Yo‘-o‘q, h-hozir uyga boraman-da, dakang xo‘rozimminan boshiga tushiraman, ha! Xiyonat qilish qanaqa bo‘lishini ko‘rsatib qo‘yaman! Hay, Suydi-i! Hay megajin! Qaydasan Suydi-i?..

Qo‘chqor piyon shu taxlit qichqira-qichqira yo‘lida davom etdi.
* * *

G‘ira-shira qorong‘ilikda bo‘yoqlari ko‘chibroq qolgan darvozasiga yaqinlashganda, xotini Suydi opa uch uy naridagi Sadri qimorboznikidan chiqib kelardi. Chayqalib turgan erini ko‘rdi-yu, taqqa to‘xtadi.

Nima qilishni bilmay garangsib qoldi. Ammo kech edi. Berkinishga na bir daraxt, na devor qolgan. Tizzalari dag‘-dag‘ titrab ehtiyotkorlik bilan eriga yaqin bordi.

— Ha-a, tag‘in qimorboznikidan chiqyapsanmi? — o‘dag‘aylay ketdi Qo‘chqor piyon xezlanib. — M-meni yo‘g‘imdan foydalanib don olishyapsanmi, xunasa?..

— Voy, bu nima deganingiz, dadasi? — titroq aralash erini yumshatishga urindi Suydi opa. — Boshimda erim bo‘la turib… O‘g‘lingiz eshitsa nima deb o‘ylaydi?.. Har holda…

— O‘chir ovozingni, megajin! — bor ovozda baqirdi Qo‘chqor piyon. — Sen qarib quyulmagan itsan! Har o‘tganni iskalaysan.

— Voy sho‘rim!.. — nomus kuchli kelib Suydi opa yuzini ro‘moli uchi bilan bekitgancha teskari o‘girildi. — Endi nima qilaman?.. Shavkatjonim eshitsa nima deydi? Kap-katta yigit bo‘p qolgan, axir!..

So‘zini tugatmay, Qo‘chqor piyon unga yaqin keldi-da yelkasini g‘ijimladi.

— Yur buyoqqa! Hozir ko‘rsatib qo‘yaman senga! Tug‘ilganlaringga pushaymon bo‘lasan!

Qo‘chqor piyon xotinini ichkariga sudraklab kirdi-da, so‘riga majburlab o‘tqazdi.

O‘g‘li Shavkat esa otaning maqsadini yaxshi anglab turardi.

Yo‘liga ko‘ndalang bo‘ldi.

— Ota, oyimni urmang! — dedi u yig‘lamsirab. — Oyim yaxshi ayol, urmang!

Qo‘chqor piyon qisiq ko‘zlarini o‘g‘liga tikib qo‘l siltadi.

— E, pisht-e, tirmizak! Endi sen qoluvmiding menga aql bo‘ladigan! Qoch yo‘ldan!

Suydi opa bu dakang xo‘roz boshiga tushaverib zada bo‘lgan. Piyonista, johil erning xo‘roz ko‘tarib kelishini kutib o‘tirmaydi-ku!

Imi-jimida o‘g‘li Shavkatga imo qildi-yu, pildiragancha tomorqa tomon yo‘l soldi.

Biroq oradan yarim soatcha o‘tib ham Qo‘chqorning hayqirig‘i butun qishloqqa eshitilib turdi.

— Hoy megajin, qaydasan?!. Hali ko‘rasan, qimorbozminan o‘ynashishni ko‘rsatib qo‘yaman senga, haromi!.. Hammangni so‘yaman, hammangni!..
* * *

Vujudga shayton oralasa odamning ko‘zlarini ko‘r qilib qo‘yadi. Ayniqsa, iblis yetagida kun o‘tkazadigan Qo‘chqor piyonning quloqlarigacha kar bo‘lib qolgandi. Unga nasihatlar, maslahatlar kor qilmasdi. Xayoli faqat Suydi opaning qilmishlari bilan band edi. Kayfi haddan ziyod taranglashganda, Sadri qimorbozning darvozasigacha yetib borardi. Ammo qandaydir kuch uni ichkariga kirishga qo‘ymay, tag‘in ortga qaytardi va yana xotinidan alamini olardi.

Oradan ikki hafta vaqt o‘tib, o‘n-o‘n besh ulfat odatga ko‘ra shomdan so‘ng choyxonaga yig‘ilishdi.

Sinfdoshlar shunga odatlanishgan. Oyning oxirgi shanbasida choyxonaga kelib osh damlashadi. Ichkilik, kayf-safo, baqir-chaqir, kulgi, hazillar avjiga chiqadi.

Qo‘chqor piyon bu gal ham jim o‘tira olmadi. Obid puchuq degan xomsemiz sinfdoshiga dardini to‘ka ketdi.

— Ayt, m-men xunasamanmi? — so‘radi u aljirab. — Turishimga qara, jo‘ra, qayerimda chatog‘im bor?

— S-sen haqiqiy erkaksan! — deya uning yelkasiga qoqdi Obid puchuq. — Yelkalaringni qara, tog‘day keng! Mushtlaring traktoringdagi bolg‘angdanam qattiqroq. Manaman deganni bir ursang pachoq qip qo‘yasan.

— Unda… Nega menga xotinim xiyonat qiladi, nega?.. Nimaga Sadri qimorboznikiga qatnaydigan bo‘p qoldi?.. Nima yetmaydi unga, nima?

Shunda sal narida qarta suza boshlagan Ne’mat uzun oraga tushdi.

— O‘zingam g‘irt g‘alcha ekansan, Qo‘chqor! — dedi masxaraliroq ohangda. — Xotining xiyonat qilsa, bu yerda qand yeb o‘tiribsanmi? Shartta javobini bervormaysanmi?

— E, bu nima deganing? — gapni ilib ketdi Nosir oshpaz degan sinfdoshi. — Qirqqa kirgan xotin xiyonat qiladimi? Qo‘chqorning esi kirdi-chiqdi bo‘p qolgan xolos. Quloq solib o‘tirganlaring-chi buning gapiga!.. Sadri qimorboz nogiron bo‘lsa… Kelib-kelib o‘shaminan don olishadimi?..

— To‘ppa-to‘g‘ri, — dedi Ne’mat uzun. — Qayoqdagi gaplarni gapirib boshimizni qotiryapti bu Qo‘chqor. Xiyonat qilganmish. Kimning ko‘zi uchib turibdi o‘sha xotiningga!.. Quy aroqdan!..

— Balki Qo‘chqorning gapida jon bordir? — deya o‘rnidan qo‘zg‘alib qo‘ydi Obid puchuq. — Ayol kishining shaytoni bo‘ladi. Ana, chet ellarda saksonga kirib ham farzand tug‘ayotganlar ko‘payib ketdi. Kim bilsin?.. Suydiyam xato qilsa qilgandir-da!..

Bu gapni eshitgan Ne’mat uzun chidab tura olmadi.

— Og‘zingga qarab gapir! — Obidga baqirdi u. — Shaytonmish. Qanaqa shayton? Hali zamon kelinli bo‘lay deb turgan xotinga… Bu yer qishloq, Obid, qishloq! O‘sha saksonda tug‘ayotganlaring shaharda yashashadi. Sen… Bizning qishloqni kamsitmagin, jo‘ra!

— E, nega menga baqirasan? — bo‘sh kelmadi Obid puchuq. — Bir oycha oldin o‘z ko‘zimminan ko‘rganman. Suydi kechasi soat ikkidan oshganda qumloq dala tarafdan kelayotgandi… Aytmayin devdim-u… Tilimni qichitding…

— Nima?.. — bu gapni eshitgan Qo‘chqor piyon o‘rnidan sakrab turdi-da, Obidning yoqasiga yopishdi. — Nima deding? Kimni ko‘rding? Qayerda ko‘rding?..

Obid zarda bilan uning qo‘lini yoqasidan olib tashladi-da, takrorladi.

— Suydini dala tarafdan qishloqqa kirib kelayotganini ko‘rganman. Kechasi soat roppa-rosa ikkidan sal o‘tgandi.

— H-ha-a!.. Endi tushundim! — Qo‘chqor piyon uyoqdan-buyoqqa mushtlarini tuggancha borib kelgan bo‘ldi-da, qaytadan Obidning giribonidan oldi. — Nega o‘shanda aytmading, ablah? Nega meni chaqirmading?..

— Jinnimisan? — unga javoban baqirdi Obid. — Boshqa qiladigan ishim yo‘qmi meni?.. Qo‘yvor!

— O‘ldiraman! Hammasini o‘ldiraman!.. Bo‘g‘izlab tashlayman ikkoviniyam!..

— Hay-hay-hay!.. O‘zingni bos! Obid hazillashdi, oshna, hazillashdi! O‘tirsang-chi! Ma, aroqdan ich, o‘zingga kelasan!

— Qo‘yvorlaring meni! Hammasining abjag‘ini chiqaraman!

Ulfatlar Qo‘chqorni qaytarishga, tinchlantirishga urinishar, biroq u xezlanib faqat oldinga intilardi.

Oxiri bo‘lmadi. Qo‘chqor piyon sal tinchlangan bo‘lib, titrab-qaqshagancha piyoladagi aroqni simirdi-da, tashqariga o‘zini urdi.
* * *

Soat tungi ikkidan oshgan. Qishloq ko‘chasida faqat itlarning bezovta hurishi jimlikni buzardi.

Qo‘chqor piyon to uyga yetib kelguncha kayfi biroz tarqagandek bo‘ldi. Lekin jahdi o‘sha-o‘sha edi.

U zarda aralash darvozani tepdi. Darvoza negadir qulflanmagan ekan, taraqlab ochilib ketdi.

— Iye, — deya qichqirdi Qo‘chqor. — Endi bu qanjiq ochiqchasiga don olishishga o‘tdimi deyman? Ha, ajal chaqirsa odam bosar-tusarini bilmay qoladi. Hoy Suydi!! Qanisan, haromi, go‘rso‘xta?.. Chiq buyoqqa!

Uy chiroqlari o‘chiq, ichkaridan hech zog‘ning tovushi chiqmagach, peshona tugul quloqlarigacha ter bosgan Qo‘chqor ko‘zlari yonib tashqariga otildi.

— Obidning gapi rostga o‘xshaydi! — derdi nuqul Qo‘chqor qumloq dala tomon ketib borarkan. — Nogiron bo‘lsayam erkak-ku!.. Hassaminan bemalol yurib boraveradi-da! Qumloq dala qochib ketibdimi?.. Yo‘q, men ikkoviniyam tirik qo‘ymayman! Oldin nimtalayman-da, o‘ligini itlarga yediraman! O‘shanda alamimdan chiqaman, ha!..
* * *

Qo‘chqor piyon qumloq dalaga yaqinlashdi-yu, taqqa to‘xtadi. Bepoyon maydonning o‘rtarog‘ida unga orqa o‘girgan holda ikki kishi o‘tirardi.

U hayron bo‘lib yanada yaqinroq bordi. O‘tirganlarning biri Suydi opaga o‘xshab yuragi tezroq ura boshladi…

Ha, yonidagisi o‘g‘li Shavkat! Xuddi o‘shaning o‘zi!.. Cho‘kka tushib olibdi…

Shu tobda Qo‘chqor piyonning qulog‘iga qayerdandir so‘fining azoni chalingandek tuyuldi.

Azbaroyi garangsib qolgan Qo‘chqor boshini chayqay-chayqay hushyor tortishga urindi va xotinining harakatlarini kuzata boshladi.

— Xudoyim, — deya ko‘kka boqib nola qilardi Suydi opa. — Odam oyog‘i uzilgan mahal mana shunday kenglikka chiqib kim o‘zingga yolvorsa, so‘rovlari ijobat bo‘larmish! Men gunohkor bandang ham shu niyatda keldim!.. Bolamning otasiga o‘zing insof ber! Judayam qiynalib ketdim! Shu yoshga kirganimda sharmandaliklardan o‘zing asra meni! Erimni to‘g‘ri yo‘lga solgin, Xudoyim! Qachongacha quruq tuhmatlarga, kaltaklarga bandi bo‘laman, axir? Qiynalib ketdim-ku, Xudoyim!.. Qo‘ni-qo‘shni, qarindosh-urug‘lar oldida bosh ko‘tarib yurolmay qoldim-ku! Gunohim bir sag‘ir, to‘shakka mixlanib yotgan odamga ovqat olib kirganimmi?

Suydi opa uzoq vaqt so‘zlandi.

Qo‘chqor esa kutilmagan holatdan tosh qotib qolgandi. Vujudini titroq bosib, peshonasidan munchoq-munchoq ter quyilib tushardi.

Suydi opa nihoyat o‘rnidan qo‘zg‘aldi. Endigina ortga o‘girilgandiki, erini ko‘rib qaytadan o‘tirib qoldi.

O‘g‘li Shavkat ham azbaroyi qo‘rqib ketganidanmi, o‘ylab o‘tirmay onaning oldini to‘sdi-da, tek turaverdi.

— M-mendan qo‘rqmanglar! — yig‘lamoqdan beri bo‘lib ularga yaqinlashdi Qo‘chqor. — Faqat qo‘rqmanglar!.. M-men ahmoq ekanman, Suydi! B-bilmagan ekanman, ko‘r ekanman, kar ekanman, ishon!.. Senday pok ayolni bulg‘adim! Agar… Bilganimda boshingdan suv o‘girib ichardim…

— Dada, — beixtiyor tilga kirdi Shavkat. — Sadri amaki bir oydan beri to‘shakka mixlanib yotibdi-ku! Qo‘shni ayollar navbati bilan undan xabar olib turishibdi-ku! Nega onajonimga tuhmat qilasiz?..

— Kechiringlar! — pichirladi Qo‘chqor. — Shayton ko‘zlarimni so‘qir qilib qo‘ygan shekilli. Kechir meni, Suydi! Qasam ichaman, bundan buyog‘iga ichkilikni og‘zimga olmayman! Sizlarni xafa qilmayman, kechiringlar!..

Eh, bu kabi yoqimli so‘zlarni Suydi opa oxirgi marta yigirma yil avval eshitgandi. O‘shanda ko‘ngli tog‘dek ko‘tarilib, baxtdan yuragi yorilay degandi.

O‘sha lahzalar yana bir bor takrorlangandek, lablari titray-titray keldi-da, erining ko‘ksiga boshini qo‘yib yig‘lab yubordi.

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Meni kechir, xotinjon...