21:02 / 05.02.2018
18 504

Xotirjamlik sirlari yoxud ziqlik holatida tez yordam beruvchi usullar

Xotirjamlik sirlari yoxud ziqlik holatida tez yordam beruvchi usullar
Bu usullar alohida tayyorgarlik va ko‘p vaqtni talab qilmaydi.

Baliqlarni kuzating
Bu bo‘shashtiruvchi va tinchlantiruvchi ta’sir ko‘rsatadi. Boshqa uy hayvonlari ham salbiy fikrlardan ijobiy fikrlarga o‘tishga yordam beradi.

Ularning afzalligi — jonli javob reaksiyasi, taktil aloqa qilish mumkinligida. Agar xonadoningizda uy hayvoni bo‘lmasa, besh daqiqa yoki undan ko‘proq vaqt davomida deraza yoniga borib, chumchuqlar galasining harakatlarini kuzating. Ularning sonini sanashga, uchish trayektoriyasini o‘rganishga harakat qiling. Bu, albatta, chalg‘ishingizga yordam beradi.

O‘zingizni bo‘sh qo‘ying
Barcha mushaklaringizni taranglashtiring, chuqur nafas oling va ushlab turing. Xayolan beshgacha sanang, so‘ng birdan nafas chiqaring va o‘zingizni bo‘sh qo‘ying. Mashq davomiyligi — 8 daqiqa.

Muattar hiddan bahra oling
Yalpiz, evkalipt, lavanda, limon hidlari bo‘shashtiruvchi ta’sirga ega. Dastro‘molingizga bir necha tomchi xushbo‘y yog‘ tomizing yoki o‘tli choy damlang. Hayotingizdagi yaxshi voqealarni eslatuvchi hid ziqlikni olishga yaxshiroq yordam beradi. Buning uchun 30 soniya vaqt ajratsangiz, kifoya.

Vaqt mashinasiga o‘tiring

Va xayolan kelasi yilga sayohat qiling. Bugungi ziqlik holatingiz kelajakda qanday ko‘rinishini tasavvur qiling. Shunda anglaysizki, vahimaga sabab yo‘q. Oradan bir oy o‘tib, hozir nimadan xunob bo‘layotganingizni unutishingiz, eslolmasligingiz mumkin. Atigi besh daqiqa davomida vaqtni o‘zgartirish ayni paytda sodir bo‘layotgan voqealarga oddiy nazar bilan qarashga imkon beradi.

Qo‘shiq ayting!
Quvnoq ohang kayfiyatni ko‘taradi va ijobiy fikrlashga yordam beradi. G‘amgin qo‘shiq esa ko‘z yoshlariga erk berib, salbiy hissiyotlarni chiqarib yuborishga yordam beradi. Ziqlik holatida 10 daqiqa qo‘shiq kuylashga o‘zingizda kuch toping.

Oddiy mashq
Stulning chetiga o‘tiring. So‘ng tanangizning yuqori qismini oldinga egib, sonlaringiz ustiga tushiring. O‘zingizni bo‘sh qo‘ying, boshingiz va qo‘llaringiz pastga osilib tursin. Ikki daqiqali bu oddiy mashq yelkalardagi og‘irlikni tezda yo‘qotishga yordam beradi.

Sayr qiling
Tashqarida havo sovuq, ammo quyosh charaqlab turibdimi? Darhol ko‘chaga otlaning! Qishda bizga organizmda quyosh nurlari ta’sirida ishlab chiqariladigan D darmondorisi juda zarur. Bu vitamin bizning ziqlikka qarshi turish va mehnat qobiliyatimizni saqlashga yordam beradi. Sayr davomiyligi kamida 20 daqiqa, ko‘proq bo‘lsa, undan-da yaxshi.

Rasmlarni bo‘yang
Ruhshunoslar rasmlarni bo‘yash kabi bolalar mashg‘uloti yordamida ziqlikni yo‘qotishni tavsiya qilishadi. Kattalar uchun ziqlikka qarshi rasmlarni xarid qilish yoki internetdan olish mumkin. Yoki shunchaki o‘zingiz istagan rasmni chizishingiz mumkin.

Tozalashga kirishing
Uy tozalang, changlarni arting. Har qanday jismoniy yuklamalar ziqlikni yo‘qotishga yordam beradi. Siz ham asablaringizni tinchlantirasiz, ham uyingizni saranjom-sarishta qilasiz.

Sochlaringizni tarang
Sochlarni shoshmasdan asta tarash (iloji bo‘lsa tabiiy materiallardan yasalgan uqalash cho‘tkasi bilan) qon aylanishini yaxshilaydi, ziqlikni yo‘qotib, tinchlanishga yordam beradi. Shu bilan birga bu oddiy muolaja sochlarning o‘sishini tezlashtiradi. Faqat yaxshi natijaga erishish uchun uni har kuni 10-15 daqiqa bajarish lozim. Asabni tinchlantirish va chalg‘ishning eng tezkor yo‘li — bir necha soniya davomida kaftlarni qattiq ishqalab qizdirish.

Hammasiga ulgurasiz
Ba’zan ishlaringiz ko‘pligidan yoki bayramoldi tayyorgarlik ishlari bilan yugurib-yelib hech narsaga ulgurmaysiz. Bunday paytda asablaringizni asrang! Nimani, qachon, qanday tartibda qilish kerakligini aniq rejalashtirib, shu rejaga asosan harakat qiling. Rejalashtirish odatga aylansin. Bu har qanday ziqlik holatlarida yordam beradi.

Birinchidan, vaqtingiz va kuchingizni to‘g‘ri taqsimlaysiz, ikkinchidan, ishlar ro‘yxati ko‘z oldingizda bo‘lsa, hech narsani unutmaysiz. Eng asosiysi, asabiylashmaysiz. Kayfiyatingiz a’lo, ruhiy muvozanatingiz joyida bo‘ladi.
Dilorom TOG‘AYeVA tayyorladi.

Manba: tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Xotirjamlik sirlari yoxud ziqlik holatida tez yordam beruvchi usullar