«Doim oilamizda muhim qarorlar qabul qilish oldidan fikr bildirsam: «Sen nimani ham bilarding, hali yoshsan, aralashmay jim o‘tir!», deb hech kimning eshitgisi kelmaydi. Ba’zan o‘rtoqlarim ota-onasi ular bilan xuddi kattalardek muomala qilishini aytadi. Aynan ularning fikri bilan ko‘p ishlar amalga oshirilganiga guvoh ham bo‘lganman. Oxirgi vaqtlarda darsda, do‘stlarim davrasida mulohazalarimni aytgim kelmay qoldi...
O‘smirning bu gaplari meni o‘ylantirib qo‘ydi. Ruhi singan va fikri inobatga olinmagan bolaning ko‘nglidan nimalar kechyapti? Keyingi safar o‘z xohish-istagini, mulohazasini bildirishga kuch topa olarmikan?
— Tarbiyadagi nuqsonlardan biri ota-onaning bolaga o‘z fikr-mulohazalarini ochiq bayon etish, mustaqil qarorga kelish va muayyan vaziyatga o‘z nuqtai nazarini bildirish imkonini cheklashdir, — deydi psixologiya fanlari doktori Bahriddin UMAROV. — Uyda bu narsaga tegish mumkin, bu narsaga mumkin emas, u kiyimni kiyasan, bunisini kiymaysan, qabilidagi munosabat o‘rnatiladi. Bolaning qiziqishi, erkinligi chetga surilib, o‘ziga yoqqan kiyimni kiyishi, ko‘ngli istagan ish bilan mashg‘ul bo‘lishi, qiziqqan kitobini o‘qishi va xohlagan sport turi bilan shug‘ullanishi faqat ota-ona ixtiyori bilan amalga oshiriladi. Bunday usulda tarbiyalangan bolalarda mustaqil fikr yuritish qobiliyatining sust rivojlanishi, tortinchoqlik, o‘z fikr-mulohazalarini bayon eta olmaslik, tobelik, jur’atsizlik kabi salbiy xislatlar yorqin namoyon bo‘ladi. Bundaylarda faollik va o‘z-o‘ziga ishonch yetishmaydi. Ularda rahbarlik, boshqaruvchanlik qobiliyatlari sust rivojlangan bo‘ladi. Shu sabab ko‘pincha aldov, tamagirlik qurboniga aylanadilar. Ko‘ngilsiz vaziyatlarga ham tez-tez tushib qolishadi.
Kichikligidan shunday muhit hukmron oilada ulg‘aygan bola balog‘at yoshiga yetgach, tengdoshlari orasida yaqqol ajralib qoladi. Undagi ikkilanish, fikrining to‘g‘riligiga ishonmaslik anchagina to‘siqlarga uchrashiga sabab bo‘lishi mumkin.
— Ikki farzandning onasiman, — deydi Oqila SALOMOVA. — Ular kichikligida ko‘p kasal bo‘lgani uchun avaylab o‘rganib qolgan ekanman. Mana, endi balog‘at yoshiga yetganda bu kamchiligim o‘zimga bilinyapti. Bolaligida hamma narsani taqiqlab qo‘yardim. Ulg‘aya boshlagach, hamma ishda menga suyanadigan bo‘lib qoldi. O‘g‘lim kelgusi yil kollejni tamomlaydi. Juda ishonuvchan, ba’zan bundan o‘zim ham xavotirga tushaman. Aslida bolaning o‘ziga mustaqil fikrlash, muhim qarorlar qabul qilishiga imkon yaratib berish kerakligini tushundim.
Toshkent viloyatida istiqomat qiladigan Salim ota tarbiyada ayni shu masalaga alohida e’tibor qaratgan. Oilaning marosimlari, yirik xaridlari oldidan maktab yoshiga yetgan farzandlarining fikrlari bilan ham qiziqqani, bugun o‘z natijasini ko‘rsatdi. Bir qizi va ikki o‘g‘li jamiyatda o‘zining munosib o‘rnini egallagan. Bunday natijaga erishishda kitobxonlik mashg‘ulotlarining ham o‘rni katta bo‘ldi. O‘zi va oilaning barcha a’zolari biror badiiy asarni o‘qib bo‘lgach, yig‘ilib muhokamalar o‘tkazardi. Har bir farzandining olgan taassurotlari bilan qiziqqani ularning fikrini ravon bayon qila olishiga katta yordam bergan.
Qat’iy qarashlari va mustaqil fikriga ega bola jamiyatda o‘z o‘rnini topishga qiynalmaydi. Faqat bu borada ota-ona va kattalarga hurmat tuyg‘usini unutmaslik juda muhim. Farzand tarbiyasida bu masalaga ham alohida e’tibor qaratish kerak.
Shahnoza RAHIMXO‘JAYeVA
Manba: od-press.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Medvedev: Maxsus harbiy operatsiya uchun qurollarning aksariyati Rossiyada ishlab chiqariladi
Ukraina Kursk oblastida egallab olgan hududlarining 40 foizdan ortig‘ini yo‘qotdi
BAAda isroillik ravvin o‘ldirib ketildi
Rossiya armiyasining «Janub» qo‘shinlar guruhi qo‘mondoni lavozimidan chetlatildi
Tayvanning sobiq prezidenti Ukraina borasida kutilmagan bayonot berdi
Isroilning Iordaniyadagi elchixonasi yonida otishma yuz berdi
Raqamli dalillarni sudga taqdim etish tartibi tasdiqlandi
Shahram G‘iyosovning Eymantas Stanionisga qarshi jangi sanasi ma’lum bo‘ldi