Sharq yakkakurashi
Bolaligimda sharq yakkakurashlariga rosa qiziqardim. Shug‘ullanish uchun o‘zimga yoqadigan turini axtarib karate, u-shu, aykido kitoblarini juda ko‘p o‘qiganman. Ammo mashq qilish mashaqqatlari bois barchasidan tezda ko‘ngil qolgan. Va, o‘shalardan ta’sirlanib o‘zimning g‘ishate jang uslubimni kashf qilganman. Mening pilasopiyam bo‘yicha har qanday sportchiniyam bir lahzada tavbasiga tayantira olasiz. Buning uchun yillab shug‘ullanishga, jismoniy mashqlar bilan o‘zingizni qiynashga hojat yo‘q, yarimta g‘ishtni raqib boshiga mo‘ljallab ura olsangiz — kifoya . Ha-ya, esimdan chiqibdi, isparing jangga chiqishdan oldin qurbon (aynan qurbon tomon, barcha sport turlarida raqib tomon bo‘lsa g‘ishatechi uchun munosib raqibning o‘zi yo‘q, faqat qurbon tomon bor xolos) tomondan «Da’voim yo‘q, men durak ikki kun zalga qatnab tosh ko‘targan kishi bo‘lib g‘ishate-do bo‘yicha qora do‘ppi sohibi bilan o‘zim xohlab ringga chiqqaman» degan tilxat yozdirib, notariusdan tasdiqlatib oling.
Kelajagi bor o‘g‘ri
Dollivoy piyonning uyiga o‘g‘ri tushibdi, og‘ildan sigir-buzog‘ini yetaklab ketmoqchi bo‘lganda qo‘shnilar ushlab olishibdi. O‘rtaga olib do‘q-po‘pisa qilishayotsa, Dollivoy piyon olomonning orasidan ayirib olib, uyiga olib kirib mehmon qilibdi, kamiga o‘g‘rining qo‘ltig‘iga katakdagi ikkita tovug‘ini qistirib, izzat-ikrom bilan kuzatib qo‘yibdi. Qo‘shnilari ajablanib, nega undoq qilganini so‘rashsa Dollivoy piyon “Bir paytlar uyimizdan tovuq o‘g‘irlayotganda Boltavoyning o‘g‘lini ushlab bir-ikki shapaloq urgandim. Hozir u mirshabboshi bo‘lib ketgan, qayerda meni ko‘rsa qovog‘ini solib o‘tadi. Keyingi safar velosepedimni o‘g‘irlagan bola ham hozir katta bo‘lib prokuror bo‘lib ketgan, ko‘ziga qaragani odam uyaladi. Endi bugun uyimga tushgan bola qo‘rqmay ena-bola molimga chang solibdimi, kelajagi bor, yo hokim bo‘ladi yoki vazir”, deya javob beribdi.
Dollivoy piyon sirkda
Dollivoy piyon ish bilan shaharga boribdi, aylanib yurib sirkka kiribdi. Ko‘zboylog‘ich shlyapasini ichidan quyon, cho‘ntagidan kaptar chiqarganini ko‘rib yonidagi sherigiga “Shuyam hunar bo‘libdimi, biz tomondagi mirshablar ham cho‘ntagingga qo‘lini tiqib xohlagan narsasini chiqarishi mumkin. Mana yaqinda qo‘shnimning uyida tintuv o‘tkazishib yerto‘lasidan tank minib chiqishdi, eng qizig‘i qo‘shnimning uyida avval tank tugul yerto‘la ham yo‘q edi. Mana buni mahorat desa bo‘ladi”, dedi .
Bo‘lgan voqea
Bir bola oliy o‘quv yurtiga hujjat topshirmoqchi bo‘lib qo‘shni viloyatga borish uchun taksichilik qiladigan o‘rtog‘idan iltimos qilibdi . O‘ziyam test sinovlaridan qiynalmay o‘tish uchun rosa repetitorga qatnagan ekan.
Taksichi bolayam “bor baraka” deb hujjat topshiribdi, imtihon kuni tashqarida turmay ichkarida o‘tirarman, deb. Test sinovlariga kirishibdi, taksichi bola o‘z isminiyam bexato yoza olmaydigan darajadagi bola. Test qog‘ozidagi savollarga ko‘zini yumib, to‘g‘ri kelgan katakni belgilab, birinchi bo‘lib yechib chiqib ketibdi. Keyin test natijalari chiqadigan kuni borishsa, repetitorga qatnagan bola kontraktgayam ilinmabdi, taksichi bola eng yuqori ball to‘plab, ro‘yxatda birinchi o‘rinda turganmish. Yuqori ball to‘plagani uchun mukofot ham olibdi.
Mana endi ishondim, bizdagi oliy o‘quv yurtlariga o‘z kuchi bilan kirish mumkinligiga.
Paradoks
Boshimiz og‘rib qolsa, ambulatoriyada farrosh bo‘lib ishlovchi Sarvi xolaga kinna silatib olamiz.
Qo‘limiz lat yesa, markaziy shifoxona orqasidagi ko‘chada turuvchi siniqchi-tabib Tolib tog‘aga borib silatib kelamiz.
Uyimizni o‘g‘ri ursa o‘g‘rini topish uchun shaharga borib militsiya bo‘limi yonidagi ko‘chada tilanib o‘tirgan lo‘li xotinga fol ochdirib kelamiz.
Va nihoyat- huquqlarimiz buzilsa, prokuratura yonidagi internet kafega kirib portalga yozamiz.
O‘zi biror narsani to‘g‘ri qilamizmi biz?
Yarim hazil, yarim chin
Donishmandning oldiga bir mijg‘ovroq odam kelib, mayda-chuyda savollar bilan kechgacha vaqtini olgach, ketar payti «Qani ustoz, haqqimga bir duo qilib qo‘ying», desa, donishmand ham qo‘lni duoga ochib:
— Iloho omin! Yaratgan Egam sengayam es ato qilsin, aqling oshib-toshib ketsin-da, o‘zingga o‘xshagan bir ezma kelib tong sahardan to tungacha asab torlaringni g‘ijjak qilib chalsin! — dermish.
Mavlono Andijoniy
Manba: sof.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Apple dongdor ikki ayfonini rasman eskirgan deb e’lon qildi
Jo Bayden: “Ba’zan xotinim meni kosmosga jo‘natish bilan tahdid qiladi”
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar
Donald Tramp 27 yoshli Karolin Levittni Oq uy matbuot kotibi etib tayinlamoqchi
Endi operatsiyadan so‘ng kesmalar o‘rni ikki barobar tezroq bitishi mumkin
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi