13:30 / 23.02.2018
6 134

Podsho e’lon qilmagan, shohlar imzolamagan farmonlar

Podsho e’lon qilmagan, shohlar imzolamagan farmonlar
“Xalq hikmatlari – «turmush-onasining dard chekib tuqqan to‘ng‘ich o‘g‘lidir”, deb yozgan edi Abdulla Qodiriy. Turkiy xalqlardan bizga meros bo‘lib kelayotgan taqiqlar ham xalq hikmatlarining ajralmas qismidir. Darhaqiqat, har bir hikmatli so‘z, maqol biz uchun asrlar sadosi, uzoq o‘tmish bilan hamnafaslikka chorlovchi chaqiriq va zamonlararo ko‘prikdir. Ular noma’lum shoir va voizlarning yurak satrlari, masofa bilmas shu’lalari.

Shuning uchun ularni o‘zbek, qozoq, qirg‘iz, turkman va boshqa xalqlarning folklor asarlarida uchratamiz. Hikmatli so‘zlarni qozoq biyi To‘le Alibekulining “Jeti jarg‘i” umumxalq qonunlar to‘plamida ham uchratamiz. Ularni ota-bobolarimiz hech bir podsho e’lon qilmagan farmon va qonun deb qabul qilgan. Faylasuf Kaykovus esa “Agar aqlli bo‘lishni istasang – hikmat o‘rgangilki, zero, aqling hikmat bilan kamol topadi”, deb yozgan.

Taqiqlarning ham xalq og‘zaki ijodida o‘ziga xos o‘rni bor. Ota-bobolarimiz “bo‘rini gapirsang – qulog‘i ko‘rinadi”, “xizrni yo‘qlasang bo‘lar ekan”, “yaxshi niyat – yarim mol” deb, “sovuq” so‘zlarni ishlatmaslikka o‘rgatishgan. Shuningdek, “yo‘q” so‘zini ham turmushda o‘ylab ishlatish tavsiya etiladi. “Uyda un, tuz, yog‘ yo‘q” deyilsa, ularning yaqin kunlarda uyda paydo bo‘lishi amri mahol, deb, “uyda unning qopi yarimlab qolibdi”, kabi so‘zlarni ishlatishgan. “Ey”, degan so‘zni ishlatish ham taqiqlangan, chunki bu so‘zga shaytoni lain “labbay”, deb javob berar ekan.

Shuningdek, taqiqlar odamlarning yomon odatlardan forig‘ bo‘lishiga yordam beradi. Masalan, suvga tupurma, ostonaga turma, oyog‘ingni ko‘tarma, bosh kiyimingni teskari kiyma, odamning oyog‘idan sakrama, gapirayotganingda qo‘lingni bigiz qilma, tizzangni quchoqlama, odamga qarab kerishma, odamga qarab aksa urma kabi yuzlab taqiqlar sharqona tarbiyaning asosi hisoblanadi. Ular insonlarni ochko‘zlik, sullohlik, befahm-befarosatlik, maqtanchoqlik, tekinxo‘rlik, ishyoqmaslik kabi illatlardan saqlanishga chorlaydi.

Quyida turkiy xalqlarga tegishli taqiqlarni e’tiboringizga havola qilamiz va ular haqidagi fikr-mulohazalaringiz, shuningdek, hali ko‘pchilik eshitmagan, qog‘ozga tushirilmagan yangi-yangi hikmatlarni bizga yo‘llab, ota-bobolarimizning asrlar osha yaratgan boy madaniy merosini to‘laqonli saqlab qolishdek ezgu ishga baholiqudrat hissa qo‘shishga chorlaymiz.

l Suvga tupurma.

l Suvga yuvindi to‘kma.

l Odamga pichoq o‘qtalma.

l Odam atrofida aylanma.

l Odamni (uyda o‘tirgan mehmonlarni) sanama.

l Oyni barmog‘ing bilan ko‘rsatma.

l Hayitda kir yuvma.

l Panshaxaning boshini yuqori qaratib qo‘yma.

l Oqqushlarni otma.

l Oq( sut, qatiq va hk.)ni yerga to‘kma.

l Arqondan sakrama.

l Ota-onang yotgan joyga yotma.

l Ota-onangning to‘shagiga o‘tirma.

l Otga teskari minma.

l Otning yuganidan sakrama.

l Oyoq-qo‘lingni ip(arqon) bilan bog‘lama.

l Oyog‘ingni yuqori ko‘tarma.

l Oyoq kiyimingni to‘nkarib qo‘yma.

l Oyoq kiyimingni to‘rga olib chiqma.

l Bolaning boshiga urma.

l Boltaning ustidan sakrama.

l Bosh kiyimni bo‘sag‘aga ilma.

l Bosh kiyim bilan o‘ynama.

l Kalla ushlama (otasi hayot odam kalla ushlamaydi).

l Boshingni ostonaga qaratib uxlama.

l Bevaqt (behuda) yig‘lama.

l Bevaqt(ayniqsa, namozgar-namozshomda) uxlama.

l Qabrga mayit olib ketayotgan odamlardan o‘zib ketma.

l Belingni ushlama.

l Beshikning ustini ochiq qoldirma.

l Beshikni ostonada qoldirma.

l Beshikni ko‘ringanga berma.

l Beshikni sotma.

l Yuzingni qo‘ling bilan bekitib turma.

l Ostonada o‘tirma.

l Ostonada turma.

l Ostonada salomlashma.

l Bo‘sh beshikni tebratma.

l Bosh kiyimni teskari kiyma.

l Birovga choh qazima.

l Bir qo‘ling bilan non sindirma.

l Dasturxonni ochiq qoldirma.

l Dasturxonni bosma.

l Dasturxonni qog‘oz bilan artma.

l Dasturxonni pichoq bilan qirma.

l Dasturxondan sakrama.

l Yaqin odamingga pichoq sovg‘a qilma. (Bu janjalga olib kelishi mumkin, shuning uchun sovg‘a qilingan taqdirda ham evaziga pul yoki tanga so‘rab olish kerak, deyiladi).

l Nonushtangni tashlab ketma.(Nonushtani o‘zing, tushlikni do‘sting bilan ye, kechki ovqatingni dushmaningga ber, degan naqldan olingan).

l Yolg‘iz daraxtni kesma.

l Yomon so‘zdan tiyil.

l Yangi boyigandan qarz so‘rama.

l Eshikni tepma (oyog‘ing bilan eshikni ochma).

l Yosh onani tunda suvga yuborma.

l Yosh kelin-kuyovning to‘shagiga o‘tirma.

l Yosh molning tishini sanama.

l Yayov ketayotib, qamchi o‘ynatma.

l O‘choqning ustidan sakrama.

l O‘choq atrofida aylanma.

l Yotib ovqat ichma.

l Tunda(sayoq) yurma.

l Qasam ichma.

l Yulduz sanama.

l Juma kuni kir yuvma.

l Yo‘lga chiqadigan aniq vaqtingni aytma.

l Yilqining boshiga urma.

l Jing‘il bilan ot qamchilama.

l Itga ovqat beriladigan tovoqni tepma.

l Itga o‘jov bilan ovqat quyma.

l Itni tepma.

l Jismoniy kamchiligi bor odamning ustidan kulma.

l Kosani to‘ntarib qo‘yma.

l Cheti uchgan piyolada mehmonga choy berma.

l Maysani payhon qilma.

l Kiyimni yelkangga tashlab yurma.

l Eringdan avval yotma.

l Kulni bosma, sochma.

l Kun botarda ko‘chaga axlat chiqarma.

l Kun chiqmay turib, kul to‘kma.

l Kurakni ikkinchi odamga qo‘l bilan berma (qabr boshida).

l Kurakni bosma, uning ustidan hatlama.

l Kir yuvilgan suvni oyoq ostiga to‘kma.

l Kir yuvilgan suv to‘kilgan joyni bosma.

l Odamning ustidan hatlama.

l Odamga qarab esnama.

l Odamga qarab kerishma.

l Odamga qarab qurol yoki pichoq o‘qtalma.

l Odamning yo‘lini kesma(ayol erkakning yo‘lini kesmaydi).

l Qorong‘u tushganda kiygiz (gilam) qoqma.

l Qorong‘uda oqar suvning yoniga borma.

l Qo‘yning ustidan hatlama.

l Qarg‘anib gapirma.

l Qo‘lingni orqangda chalishtirma.

l Qo‘lingni yelkangga qo‘yma.

l Qo‘lingni siltama.

l Qo‘lingni cho‘ntagingga solib turma.

l Mehmonga uzatayotgan narsani chap qo‘l bilan berma.

l Quduqqa tupurma.

l Chumolining uyasini buzma.

l Qushning uyasini buzma.

l Qur’onni yerga tashlama.

l Qizning to‘shagiga o‘tirma.

l Qur’onni tahoratsiz ushlama.

l Qizga nikohsiz yaqinlama.

l Molga teskari o‘tirma.

l Molning boshiga yugan bilan urma.

l Molni tepma.

l Bo‘yningga belbog‘ tashlama.

l Nonni bosma,uloqtirma.

l Nonni to‘nkarib qo‘yma.

l Nonning ustiga boshqa narsa qo‘yma.

l O‘qlov bilan bolani urma.

l Olov bilan o‘ynama,

l Unga qarab tupurma,

l Uni tepma va sochma.

l Mozorda qabrni bosma.

l Yolg‘ondan yig‘lama.

l Pichoqni og‘zingga solma.

l Pichoqni uchidan ushlama.

l Pichoqni yalama.

l Qur’onni bosma.

l Pichoqni tikka qo‘yma.

l Barmoqlaringni shiqirlatma.

l Suvga qarab yugurma.

l Uyga qarab yugurma.

l Suvni shopirma.

l Suyakni o‘tga tashlama.

l Supurgining boshini tepaga qaratib qo‘yma.

l Supurgini to‘rga qo‘yma.

l Supurgi bilan bolani urma.

Supurgini tepaga ko‘tarma.

l Changitib supurma.

l Olingan soch-tirnoqni sochma.

l Tanglayingni taqillatma.

l Nonushtangni tashlama, kechki ovqatga boqma.

l Hassaga (bemavrid) suyanma.

l Tuzni bosma va sochma.

l Tunda kir yoyma.

l Ichiladigan suvning ustini ochiq qoldirma.

l Tunda tirnoq olma.

l Tunda tushning ta’birini aytma.

l Tunda soch olma.

l Tunda uy supurma.

l Tunda yig‘lama.

l Tizzangni quchoqlama.

l Tirik molga ko‘rsatib, ikkinchi molni so‘yma.

l Tishingni g‘ijirlatma.

l Uy atrofida yugurma.

l Uyga yugurib kirma.

l Uyga orqang bilan kirma.

l Uyda hushtak chalma.

l Mehmonga arzingni “dasturxon” qilma.

l Yoshi katta odamga orqa burib o‘tirma.

l Soch va tirnoqni o‘tga tashlama.

l Chelakdagi suvga og‘zingni tekkizma.

l Idish(tovoq)ni tepma.
Avazxon ABDUFATTOH o‘g‘li.

Manba: Erk.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Podsho e’lon qilmagan, shohlar imzolamagan farmonlar