08:31 / 26.02.2018
16 416

Semirishdan qanday qutulish mumkin?

Semirishdan qanday qutulish mumkin?
Ish faoliyatimiz tufayli kun davomida o‘tirishga majburmiz yoki avtobusda bo‘sh o‘rin bormikan, deya joy qidiramiz. Uyga kelgach esa ahvol yana shu: uy yumushlari bilan bir oz shug‘ullangandan so‘ng “charchadim”, deb oynayi jahon qarshisiga yonboshlab olamiz. Ovqatlangandan keyin ham harakat yo‘q. Oqibati ma’lum: yildan-yilga tana vaznimizga vazn qo‘shilib, ko‘payib boraveradi. Tanish-bilishlarning ko‘rishganda kinoyali gaplari, bozorda yoqtirgan kiyimingizning sizbop o‘lchamining yo‘qligi ham mayli-ya, ammo ortiqcha vazn tobora sog‘lig‘imizga ta’sir qilib borishi yomon.

Endi yaxshilab o‘ylab ko‘ring, balki o‘zingizni qo‘lga olib, ozishga harakat qilarsiz?

Semirishning sabab va oqibati
Ma’lumki, iste’mol qilingan ovqat tanamiz uchun quvvat manbaiga aylanadi. Ammo biz kam harakatlansak yoki noto‘g‘ri ovqatlansak, hayotimizda asabbuzarlik ko‘p bo‘lsa, quvvatning yarmi sarflanib, qolgan qismi yog‘ qatlami sifatida tanada qolib, ko‘payaveradi. Xullas, semirish tanamizda moddalar almashinuvining buzilishi sababli ro‘y beradi.

Ortiqcha vazn tashqi ko‘rinishning o‘zgarishiga va bir qator kasalliklarning rivojlanishiga olib keladi:
*qonda qand miqdorining oshib ketishi (qandli diabetning 2 turi);
*xafaqon kasalligi;
*saraton ishemik kasalligi, insult;
*saraton. Yog‘li, qovurilgan taomlar tarkibida kanserogen (saraton chaqiruvchi) moddalar hosil bo‘ladi. Shuning uchun bu kabi ovqatlarni haftada bir martadan ortiq iste’mol qilmaslik tavsiya etiladi;
*tungi apnoe (uyqu paytida nafas olishning buzilishi) semiz kishilarda ko‘p kuzatiladi;
*suyaklarning mo‘rtlashib, sinuvchanligining oshishi. Tana vazni kamayganda hamda kalsiyga boy darmondorilar qabul qilganda bu xavf ortda qoladi;
*o‘t-tosh kasalligi. Semiz kishilar qonida xolesterin darajasi yuqori bo‘ladi. Bu xavfli omil esa jigar, o‘t-tosh kasalliklariga yo‘l ochib beradi;
*hayzning kechikishi. Ko‘pincha semizlik gormonlar faoliyatining buzilishi bilan bog‘liq bo‘ladi. Bu esa o‘z navbatida ayollar salomatligiga ham ta’sir qilmay qolmaydi.

Ozmoqchimisiz, iste’molingizga e’tiborli bo‘ling!
Yarim tayyor yoki tayyor mahsulotlar iste’moliga chek qo‘ying, negaki, ishlab chiqaruvchilar tayyor mahsulotlarga ishtahani qo‘zg‘atuvchi qo‘shimchalar qo‘shishadi. Misol uchun, turli xildagi pishiriq (pechenye), kolbasa, chips, qotirilgan non, yarim tayyor mahsulotlar: chizburger, gamburger va h.k. lar tarkibida Ye621(natriy glutamat) qo‘shimchasi mavjud. U ishtahani qo‘zg‘ab, mahsulotni me’yordan ortiq iste’mol qilishga undaydi.

Pista chaqmang. Ba’zilar ishtahani yo‘qotish uchun kungaboqar pistasi yoki yeryong‘oq chaqishni xush ko‘radilar. Aslo bunday qilmang. Negaki, bir piyola pista chaqish bir lagan yog‘li palov yoki qovurma go‘shtni yeyish bilan barobar. Pista chaqishni boshlagan odamning to‘xtashi naqadar qiyinligini hisobga olsak, qanchalik semirib ketish mumkinligini tasavvur qilavering.

Yotishdan oldin albatta bir piyola qatiq ichishga odatlaning. Bu nafaqat ozdiradi, balki oshqozon-ichak muammolaridan ham xalos qiladi.

Ovqatning miqdorini kamaytiring. Ko‘p ovqat yeyish natijasida oshqozon devorlari kengayib ketadi. Bu odatga aylansa, semirishdan qutulolmaysiz. Aksincha oz-ozdan, ammo har 3-4 soatda ovqatlansangiz, oshqozon torayib, miyaga ochiqish haqidagi signallar bormaydi.

Sitrus mevalar hididan bahramand bo‘ling. Ma’lum bo‘lishicha, limon, mandarin po‘stidan taralayotgan hidlar ishtahani “aldaydi”. Qorningiz ochgan zahoti sitruslar po‘chog‘ini past olovda kuydirib hidlasangiz, ishtaha o‘z-o‘zidan yo‘qoladi.

Saqich chaynamang. Bu holatda oshqozon shirasi ko‘proq ajralib bu ham ishtahani ochadi. Bundan tashqari, saqich tarkibida uglevodlar mavjud. Ular esa tanaga singishi bilan yog‘larga aylanadi. Saqichni faqat ovqatdan keyin 15 daqiqa chaynash mumkin.

Tez ozish mumkinmi?
Albatta, bugungi kunda keng targ‘ib qilinayotgan bir oy, boring-ki bir hafta davomida ortiqcha harakatlarsiz “mo‘jizali ozish” usullari yordamida ozasiz. Ammo buning sog‘liqqa zarari yo‘q, deb kim kafolat beradi? Bu kabi usullar organizm uchun zararli bo‘lib, uning zo‘riqib ishlashiga olib keladi. 1-2 oydan keyin yo‘qotilgan kilogrammlar qaytishi ham mumkin. Bunday qaltis usullardan foydalanish o‘rniga tana vaznini asta-sekinlik bilan kamaytirib borish tavsiya etiladi. Bunga erishish uchun, eng avvalo, to‘g‘ri ovqatlanish qoidalariga rioya qilishingiz, jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanish, ko‘proq piyoda yurish hamda zararli odatlardan voz kechishingiz kerak bo‘ladi. Buning uchun sizga 4-6 oygacha vaqt kerak bo‘ladi. Ammo ozishning bu usuli eng foydali bo‘lib, qayta semirib ketishdan saqlaydi.

Jismoniy faollik sog‘liqqa foyda
Jismoniy faollikni oshiring. Eng avvalo, uy yumushlarini farzandlaringizga yuklamay, o‘zingiz bajarishga odatlaning. Ishdan qaytayotib bir bekat oldin tushib qolsangiz, o‘zingizga foyda. Ilk mashg‘ulot 10 daqiqadan oshmasligi zarur. Keyinchalik piyoda yurishni kuniga uch martagacha oshiring. 2 haftadan keyin masofani 100-200 metrdan 2-3 barobar ko‘paytirishingiz mumkin. Faqat o‘zingizni zo‘riqtirmang.

Jismoniy mashqlar qachon yordam beradi?
Agar erta turishni afzal biladiganlar toifasidan bo‘lsangiz jismoniy mashqlarni nonushta va tushlik orasida bajarganingiz ma’qul. Ertalab turish qiyin bo‘lgan ammo kechga yaqin “jonlanib ketadigan”lar uchun tushlik va kechki ovqat orasi tanlanadi. Mashg‘ulotlar ovqatdan 2 soat keyin keyingi ovqatdan bir soat oldin oralig‘ida bo‘lishi kerak. Agar mashqlarni ishdan keyin bajarmoqchi bo‘lsangiz, yengilroq ovqatlanishga to‘g‘ri keladi. Negaki, hazm bo‘lishi qiyin yog‘li, qovurilgan ovqatlar ustiga jismoniy mashqlarni bajarish organizmga faqat zarar qiladi. Bunday paytda 100-150 metr piyoda yurib sayr qilish foydaliroq.

“Nega hech ozmayman?”
Yuqorida aytib o‘tganimizdek, ozish uchun kamroq ovqat iste’mol qilib jismoniy faollikni oshirish kerak. Ammo ba’zi hollarda buning o‘zi yetarli bo‘lmaydi. Quyidagi maslahatlarga rioya qilsangiz, albatta ozasiz:

Har kuni yaxshilab nonushta qilishga odatlaning. Ertalab tayinli nonushta qilmagan insonlarning tushlikda me’yordan ortiq ovqat yeyishi isbotlangan.

Kuniga 3 mahal ovqatlanishni kanda qilmang. Shunda ovqatlar orasida qorin to‘ydirishga zarurat qolmaydi.

Ko‘proq suyuqlik iching. Kun davomida 8 piyolagacha suv (choy, sharbat emas) ichishga odatlaning. Suv to‘qlik hissini paydo qilib, organizmni zaharli moddalardan tozalaydi.

Och yurmang. Bunda organizm zararli gormonlarni ishlab chiqaradi. Ular esa tanamizda yog‘ zahiralarini “g‘amlaydi”. Quvvatli (go‘sht yoki tuxum ko‘proq solingan) ovqatlarni iste’mol qilsangiz, qorin tez ochmaydi.

Vaqtida uxlashga harakat qiling. Tungi uyqu paytida o‘sish gormoni ishlab chiqarilishi bois organizmdagi quvvatni aynan yog‘ qatlamidan oladi. Aynan shuning uchun ertalab uyg‘onganimizdan keyin tana vaznimiz kechga qaraganda 500 gramm yengilroq bo‘ladi. Shunday ekan, organizm to‘laqonli dam olishi uchun inson 8 soatdan kam uxlamasligi kerak.

Ovqatga tuz, ziravor qo‘shishda me’yorga e’tibor bering. Gap shundaki, ovqat, ichimliklar tarkibidagi suyuqlik organizmdan chiqib ketishi kerak. Aks holda ko‘z ostida shish, yuz terisining salqishi kabilar kuzatiladi. Tuz organizmda 5-7 litrgacha suv saqlab qolishga qodir. Bir hafta davomida tuzi past ovqatlar iste’mol qilsangiz 7 kilogrammgacha ozishingiz mumkin! Ziravor, pomidor qaylasi, ketchup, yerqalampir, tuzlamalar, ko‘kpiyoz, sarimsoq piyoz kabilarni ham chegaralash lozim. Negaki, ular ishtahani ochib, yog‘ va uglevodlar so‘rilishini kuchaytiradi. Oqibatda inson yana semirib ketadi.

Ozish uchun raqs turlaridan foydalaning. Misol uchun xorazmcha, arabcha raqs o‘ynaganda qorin sohasidagi yog‘ qatlamidan xalos bo‘lish mumkin.
Hamida BOYMUHAMMЕDOVA,
oliy toifali shifokor-endokrinolog.

Manba: Tasvir.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Semirishdan qanday qutulish mumkin?