22:06 / 01.03.2018
4 286

Ovsinlarni yarashtirgan jonli uzr

Ovsinlarni yarashtirgan jonli uzr
“Menga aql o‘rgatishdan oldin o‘zingizni biling! Kim bo‘libsizki, men haqimda birovlarga fikr bildirasiz?”

Shahnoza ovsinidan kelgan SMSni o‘qib, yana asabiylashdi. Faridaga shu tobning o‘zida javob yozay desa, mijozlar kutib qoladi. Ustiga-ustak kamera ham uni kuzatib turibdi. Shahnoza mijozlarga xizmat qilayotganda ham, kompyuterga raqamlarni kiritayotganda ham xayolan ovsini bilan janjallashib, o‘ziga-o‘zi pichirlab gapirib o‘tirdi. Ana xolos, ikkita uch raqami o‘rniga oltini bosib yubordi. Endi nima bo‘ladi? Axir sovuq suvga to‘lanadigan pul boshqa hisob raqamga o‘tib ketdi-ku…

— Ahvolingiz yaxshimi? — dedi navbatda turgan mijozlardan biri Shahnozaga oyna ortidan sinchiklab qararkan.

— Hammasi joyida, — dedi Shahnoza o‘zini xotirjam tutishga urinib.

— Juda sekin ishlayapsiz, singlim, tezroq harakat qiling, ishga borishim kerak, kech qolyapman, — dedi bir erkak bank xodimi bilan mijozlar o‘rtasiga to‘siq sifatida qo‘yilgan oynani barmoqlari bilan chertib-chertib.

— O‘ynab o‘tirganim yo‘q, ko‘rmayapsizmi, ishlayapman?! — bu so‘zlar Shahnozaning tilidan beixtiyor uchib chiqdi.

Ammo mijoz ham undan qolishmadi. Aftidan bekorga tajanglashmayotgan, chindanam shoshayotgan, shekilli. Shuning uchun:

— O‘ynab emas, o‘ylanib o‘tiribsiz! — dedi asabiylashgancha. — Bitta pulni o‘tkazish shuncha qiyinmi?!

Shahnoza hali tushuntirish uchun og‘iz juftlab ulgurmadi hamki:

— “Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun”, degan yozuvni o‘chirib qo‘yinglar! — deya o‘shqirdi boyagi erkak oshkora.

Shundoq ham adashgan summani ortiga qaytarish operatsiyasini qo‘llab, xunobi oshib o‘tirgan Shahnozaning asablari taranglashdi.

— Namuncha ko‘p gapirasiz, biroz jim turing! — dedi.

Bu gap mijozning nafsoniyatiga tegdi.

— Bu bank otangizdan meros qolgan bo‘lsa ham, muomalangizni to‘g‘rilab oling, xo‘pmi, singlim. Bunisi bo‘lmasa, boshqa bankdan ham to‘lovlarni amalga oshiraveraman.

Shu paytda xodimlar xonasiga bank boshqaruvchisi Shuhrat Omonovich kirib kelmaganida tortishuv janjalga aylanarmidi?! Mijozlarning ko‘nglini og‘ritmaslik va nuqsonli xizmat ko‘rsatishdan hayiqqan Shuhrat Omonovich zudlik bilan qaror chiqarishi lozim edi. Shunday bo‘ldi ham. U darhol yo‘lini qilib, arzirli bir bahona bilan Shahnozaning o‘rniga boshqa xodimni biriktirdi-da, Shahnozaga xonasiga kirishini buyurdi.

— Bu qanday gap, Shahnoza?! — dedi ayol uning oldiga hayiqibgina kirgan mahal. — Sizga mijozlar bilan qanday muomala qilishni ko‘p bora uqtirganmiz, shekilli. Yo bankdagi tartib-intizom sizga tegishli emasmi?

— Uzr, Shuhrat Omonovich, oilaviy muammo sabab…

— Har qanday muammoni uyga tashlab keling. Unutmang, biz mana shu mijozlar hisobiga kun ko‘ramiz. Ular hamisha haq, mijoz bor, bank harakatda. Iqtisod olamida raqobat shiddat bilan rivojlanayotgan davrda mijozlarni ko‘paytirish o‘rniga, ularni eshigimizdan haydayapsizmi? Mana shu qo‘polligingiz uchun ogohlantirish olasiz. Boring, o‘sha mijozdan kechirim so‘rab, ishingizni davom ettiring!

Boshqaruvchining xonasidan chiqqan Shahnozaning yuragi to‘lib ketdi, to‘yib-to‘yib yig‘lab ham oldi. Hamma xatolariga mana shu telefon o‘lgur sababchi…

Bir kuni dugonasi Oygul Shahnozaga qo‘ng‘iroq qilib, ovsinini yomonladi. Anchadan beri Shahnoza ham o‘z ovsinidan ko‘ngli to‘lmay yurgan, shekilli, tili ochilib, dugonasiga o‘zining ovsini Faridani yomonlay ketdi. “Tili birning dili bir, dili birning dardi bir” deganlari rost ekan. Shu-shu bo‘ldi-yu, ikki dugona goh telefon orqali, goh SMSlashib g‘iybatlashadigan odat chiqarishdi. Hatto g‘iybatga shunchalar berilib ketishdiki, telefondagi xabarlarga atalgan joy to‘lgandagina buni bilib qolishdi. Ammo bu galgisi shunchaki dilxiralikka o‘xshamadi.

Dam olish kuni Shahnoza bolalarini olib, qaynonasinikiga bordi-yu, hamma balo shundan boshlandi. Shahnoza telefonini stol ustida qoldirib, bolalar xonasiga qizchasini uxlatgani kirib ketdi. O‘g‘lini erkalatib o‘tirgan Farida Shahnozaning telefonini qo‘liga olib, o‘yin izlashni boshladi. Birdan xabarlarga ko‘zi tushib qoldi.

“Semirib ketgan, meni ko‘rsa rosa alami keladi…”

“Uylarni iflos tutadi, qaynonam doim undan shikoyat qiladi…”

“Lekin eriga aytgan narsasini oldiradi, koshki kiyganlari yarashsa, farosatdan ham bergan-da…”

Farida bu SMSlarda aytilayotgan “qahramon” o‘zi ekanini bildi. Kamiga ovozli xabarlarni ham eshitgach, rangi bodringdek ko‘karib ketdi. Qanday qilib Shahnozaning yoniga kirganini sezmay qoldi.

— Nima bu?! — Farida qo‘lidagi telefonni ovsiniga uloqtirib, baqira boshladi.

Telofonini irg‘itilgan joydan olib, ekraniga qaraganidan so‘ng Shahnoza ovsini nimani nazarda tutayotganini tushundi. Angladi-yu, tilini tishlab qoldi. Ammo bu jimlik uzoqqa cho‘zilmadi. Holbuki, undayam aql bor-da, vaziyatdan chiqib ketishi uchun. Shunday bo‘ldi, jahl chiqqach, aql ketdi.

Farida “Nega meni dugonalaringga yomonlaysan?” desa, Shahnoza “Nega telefonimni titkilaysan?” deya dahanaki jang qilishdi. O‘rtaga qaynona-qaynota aralashib, ovsinlarni arang ajratishdi. Shahnoza ikki bolasini olib, uyiga qaytdi.

Mana, bir haftadan buyon Shahnozaning na uyida, na telefonida halovat bor. Ovsini har daqiqada qo‘ng‘iroq qilib, haqorat toshlarini otadi. Telefonining ovozini o‘chirib qo‘ysa, ketma-ket xabarlar yuboradi. Shahnoza ovsini bilan yozishaverib charchadi. Gap xaltasida maqol ham, haqoratga javob ham qolmadi. Bu zamonaviy tortishuvlar uning sog‘lig‘idan tashqari ishiga ham ta’sir qildi. Hamkasblari bilan suhbatda ham ozgina narsaga qizishib, tortishib ketadigan, jizzaki va xunob ayolga aylanib qoldi.

Hammasi shu bilan tugagan bo‘lsa, koshkiydi. Aksincha, bu voqea erkaklarning qulog‘iga yetib bordi-yu, janjal yana avj oldi. Ovsini Shahnozaning telefonidagi haqoratlarni o‘zining telefoniga o‘tkazib olgan ekan. O‘sha haqoratlarni qatorma-qator, raqami bilan “Telegram” tarmog‘i orqali qaynog‘asining telefoniga yubordi. Sherzod sovuq xabarlarni o‘qib, Shahnozani rosa koyidi.

— Ovsiningdan uch yosh kattasan, unga o‘rnak bo‘lish o‘rniga mahallaga dong taratyapsizlarmi? Ikkalang ham o‘qimishli ayol bo‘la turib, qilgan ishlaringni qaralaring. Shunchalar ham maydalashib ketasanmi?

— Kechiring, Sherzod aka, o‘zim ham juda afsusdaman. Telefonim doim kalitda turardi. Falokat bosib, o‘sha kuni stol ustida qoldiribman.

— Farida Botirning ham boshini qotiryapti. Endi oyim bilan dadamga ham tinchlik yo‘q. Bu muammoni tezroq hal qil. Bo‘lmasa, ikki ovsin hammaning qon bosimini oshirib, infarkt qilasanlar…

Shahnoza o‘ylab-o‘ylab bir qarorga keldi. U ovsinidan uzr so‘rab, SMS yozdi. Ammo Faridadan “Uzringiz o‘zingizga siylov”, degan javob keldi. Shahnoza egardan tushdim, endi otdan ham tushsam, hech narsa bo‘lmas, deb ovsini bilan aloqalarini yaxshilashga qaror qildi.

Navro‘z bahona katta tort pishirib, qaynonasi va ovsiniga alohida sovg‘a oldi. Bayram kuni sovg‘a-salomlarni va shirinlikni ko‘targancha qaynonasinikiga yo‘l oldi. Shahnoza ichkariga kiriboq, avval qaynonasiga, keyin Faridaga qilgan ishidan juda pushaymon ekanini aytdi. Ovsinining ko‘zlariga qarab ayt­di. Ovozi qaltirab aytdi. O‘pkasi to‘lib aytd­i. Umuman, boshqacha aytdi.

Ajabki, yo ko‘ngli buzilib ketganidan yo, o‘zi ham bu mojarolardan charchagan, Farida uni kechirdi.

Shu tobda uyga o‘zgacha nur va fayz kirib keldi. Xonadonning kattalari shukronalik bilan kelinlarini duo qilishdi. Keyin ikki ovsin bir-birini quchgancha oshxonaga, ko‘k somsa tayyorlashga kirib ketdi.

Shu kuni Shahnoza qilgan ishi noto‘g‘ri bo‘lganidan tashqari yana bitta narsani tushunib yetdi. Uzring chin dildan va jonli ijro qilinsa, bosh­qacha bo‘lar ekan.
Nigora RAHMONOVA

Manba: hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Ovsinlarni yarashtirgan jonli uzr