00:16 / 04.04.2018
6 028

Baxtning ko‘z yoshlari

Baxtning ko‘z yoshlari
— Suvonqulning o‘g‘li harbiydan kelibdi, eshitgan bo‘lsangiz, chiqarsiz!..

— Suvonqulning o‘g‘li harbiydan kelibdi, ko‘nchi, — dedi Norbo‘ta ko‘nchining xotini Pardatosh ko‘nxona tirqishidan bosh suqib. — Bir vaqt topib, o‘tib kelarsiz…

Ichkarida manglayidan tortib, pochasi shimarilgan boldirlarigacha qora terga botib, teri iylab o‘tirgan Norbo‘ta oftobda qurigan qo‘y terisiday burishib, tirishib ketgan yuzini bujmaytirdi.

— O‘zlari-chi, o‘zlari? — dedi sha’masi ichidan sutdek toshib. — Men bahona diydor g‘animat-a, o‘rtada xotin-xalajlarning fisqu fasod, g‘iybatlari bor. Shulardan quruq qolmay depsiz-da, xotin akasi?!

Norbo‘ta ko‘nchining bir yovvoyi fe’li bor. Uyam bo‘lsa, hammani sudxo‘rga chiqarishi… Sudxo‘r deganimni ortiqcha tushunmaslikni so‘rayman. Aytayotganim shuki, Norbo‘ta ko‘nchi birov unga yordam bersa ham, yordam bermasa ham: “O‘zingga foyda bo‘lsin debsan-da, oshna!” degan ginaxonlikni tilidan aritmaydigan kasal echkiday ezma odam!

— Yo‘g‘-a, buni qara-ya! — deb Pardatosh alamidan shang‘illab ko‘nxonadan uzoqlasha boshladi. — Bu kishimga gapirsang ham, gapirmasang ham baloga qolasan, ey, Tangrim, shu bandangning loyini qoriyotganingda insof degan narsadan bir chimdim ko‘proq qo‘shib yuborsang, nima bo‘lardi-ya?!

Norbo‘ta ko‘nchi isqirt hujrasida shang‘illab qoldi. Xotini Pardatosh ich-tash aralash pandavaqi erini qarg‘agancha tandirxonasiga kirib ketdi. Ularni tor hovli ayvonida namchil ko‘rpalarning sirtiga quruq kul tashlab turgan qizi Gulmira zimdan kuzatib, qoshida paydar-pay chirillab, g‘ingshib turgan ukalarining ketini chimchilab, ota-onasining gaplarini eshitishga tirishardi.

Odamning har narsa bo‘lgani yaxshi ekan. Gulmira endi o‘n to‘qqizga kirib yuzi nahor shu’lasi kabi tiniqlashib qolgan xushsurat qiz. Qiziq, bu qiz na onasiga tortgan, na otasiga! Shunday chiroyli, shunday lobar… Buni Norbo‘taning o‘zi ham biladi. Hatto xotini Pardatoshni o‘rtaga olgan paytlari ham bo‘lgan. Ha!

Lekin ko‘nchi tushmagur har narsa bo‘lsa ham bolalarini yaxshi ko‘radi. O‘ziyam ayolmand. Ayniqsa, to‘ng‘ichi Gulmirani yeru ko‘kka inonmaydi. U zimdan o‘rtaga odam qo‘yib, kazo-kazolar shu qizini so‘ratib yurganini ham biladi. Shundanmi, tunlari shiftga termilib, o‘zidan-o‘zi xotiniga: “Xotin, shu qizing Gulmira ja ko‘zga yaqin bo‘lib qoldi. Tergab-tergab tur. Qiz bola, gap-so‘zga yo‘liqmasin. Eh, hali bu qizing peshonamizni yarqiratadi. Mana, ko‘rasan!” deydi.

Shunaqa. Ehhh, gapirsak gap ko‘p…

Bu payt hovlining bir burchidagi quti o‘chgan darboza ojiz turtila boshladi. Gulmira ayvondan turib, darvozani kim chertayotganini fahmlagan bo‘ldi. Dugonasi Aziza-da, qurg‘ur mujda keltirgan. Ha, Gulmiradan suyunchi olgani kelgan. Gulmira bedanaday pildirab darvoza tomon zing‘illadi. Bu mahal Pardatosh tandir og‘zidan chiqayotgan qora quyun ichida kux-kux yo‘talib, kosov bilan tandirning tagini kavlar, o‘lgur hadeganda o‘t olmasdi. Norbo‘ta ko‘nchi o‘zining hujrasida sassiz band edi.

— Kim u? — dedi Gulmira ichi qizib.

— Menman, Guliginam! — degan ovoz keldi darvoza ortidan. — Nima, mendan boshqa seni yo‘qlab keladigan bormi bu qishloqda?!

Darvozaning temir qulfi shiqirlab ochildi. Qopqa ortidan sariqqina, boshiga yashil durra tang‘ib, moviy ko‘zlariga surma chaplab olgan Aziza lippa ichkariga otildi.

— Suyunchi ber, Guliginam! — dedi u va sho‘xlik aralash Gulmiraning xipcha belidan quchdi.

Gulmira:

— Voy, uyatsiz qiz, tort qo‘lingni! — deb o‘zini dugonasidan qochirdi. — Sen aytmasang ham allaqachon eshitdim!

— Nima? — Azizaning moviy ko‘zlari yondi. — Kim? Kim mening oldimga tushgan?

— Jim, — dedi Gulmira dugonasining og‘zini changallab, — onam eshitib qolmasin! Naq ikkovimizni ham o‘ldiradi-ya!

— Bo‘ldi! Jimdim, bas!

— Hali otam bilan onam shu haqda gaplashib turishganida eshitib qoldim! O‘lay agar, gapir, dugonajon, nima yangilik?..

— Avval suyunchi…

Aziza Gulmiraning gapini kesib, to‘nini ters kiyib oldi. Xo‘mraydi.

— Jonim senga sadag‘a, Azizaginam! Aytaqol endi, shusiz ham kuyayotgan ichimni bad kuydirma!

— Kuyasan-da, kuyasan!.. Mayli, qara, senga xat berib yubordi. Mana!

Gulmira Azizaning qo‘lidagi oppoq hoshiyali buklama xatni yulqib, atrofga olazarak qaradi.

— Mayli, — dedi dir-dir titrab. — Bir pana joyda yashirinib, o‘qib olarman…

— Nima? — dedi Aziza yana tixirlik qilib. — Men bir yildan beri senlarning o‘rtalaringda xat tashuvchi bo‘ldim. Shumi izzatim? Yo‘q, madomiki bu oxirgi maktub ekan, buni mening ko‘z oldimda, men bilan birga o‘qiysan!

Gulmira dilgir bo‘ldi. Yuzi bujmaydi.

— Menga qara, Aziza, — dedi yolvorib. — Otam uyda. Ko‘rib-netib qolsa, o‘ldiradi-ya!

— Ko‘rmaydi, dugonajon, — dedi Aziza va xatni ochishga imlay boshladi.

Bo‘lmadi. Gulmira qo‘rquvdan yuragi bezillab, oq hoshiyani yirtdi.

— Suratmi?

— Surat!

Xatning ichidan harbiycha kiyimdagi tiyrak ko‘zli, ozroq qorachadan kelgan o‘ktam yigitning surati chiqdi.

— Voy! — deb yubordi Aziza. — Bunga harbiycha ust-boshni yarashganini qara. Buncha ajoyib bo‘lmasa-ya!

Gulmira uyalinqirab kuldi. So‘ng dugonasining gapidan rashki qo‘zidi:

— Bu nimasi, Azizaginam, qarg‘a qarg‘aning ko‘zini cho‘qibdi…

Aziza hech narsa demadi. Gulmiraning rashkini sezib, piqirlagancha kuldi. So‘ng dedi:

— Bu xatni uning o‘zidan oldim. Bechora yigit sening ruxsoringni ko‘rishga mushtoq. Kuyib-yonib yuribdi… Ie, qara orqasida xati ham bor ekan!

Gulmira ajib sevinch ichida qog‘ozning ortini o‘girdi. Xatning ortida mayda, ammo chiroyli qilib yozilgan jumlalar tizilib turardi. Xatni Aziza o‘qidi. Iloji boricha ovozini pastlatar, piqir-piqir kulardi u…

«Salom, Gulmira!

Men qaytdim! Imoningni sobit qilib inonki, seni rosa sog‘inganman! O‘ylaymanki, hozir mening vujudimda, qonimda, idrokimda aylanayotgan sof his-tuyg‘ular seni ham o‘rtayotgandir. Bir yil… Bir yilki, butun xizmat davomida bir kunim ham seni o‘ylamasdan o‘tgan emas. Sen shu bir yilda yuragimda hech qachon qurib qolmaydigan darajada ildiz otib bo‘lding!..

Gulmira… Gulmiram, senga qancha xat yozdim. Aminmanki, sen shu xatlarning hammasini o‘qib chiqqansan. Lekin negadir sendan javob bo‘lmadi. Tan olaman, bu qilig‘ing yuragimni kemtik qilib qo‘ydi. Seni tushunaman…

Bugun avvallari uchrashadigan joyimiz, anhor bo‘yiga chiqdim. Hammasi o‘sha-o‘sha, faqat sen kam eding, Gulmiram! Kel, butun his-tug‘yonlarimni shu surat parchasiga yozib bitmayin. Zero, sen bilan yuzma-yuz uchrashgan paytimda aytarga so‘zim qolishi kerak. Azizaga ham rahmat. Bizning haqiqiy himoyachimiz bo‘ldi… Gulmiram, kech payt seni anhor bo‘yida kutib qolaman!..

Sog‘intirguching, O‘lmas!»

— Oh, bu maktubni qara! — deb yubordi Aziza. — Xuddi shoirlar bitgan ishqiy dostonga o‘xshaydi-ya!

Gulmira bu payt Azizaning gapiga quloq tutmas, o‘z o‘y-xayollari og‘ushida, kim bilsin, qay taraflarda sarsari uchib yurardi. Axiri dedi:

— Aziza, menga oxirigacha yaxshilik qilib tur, dugonajon! Qurboning bo‘lay! Shu maktub hozircha senda tura tursin. U-bu kim ko‘rib qolmasin! Bilasan, cho‘chiyman!

— Oh, Gulmiram, — dedi Aziza o‘zi o‘qigan maktubning ta’sirida hamon yog‘day erib. — Istasang, bu ishq dostonini o‘lgunimcha o‘zimda saqlayman. Oh, bu ne ajab muhabbat-a?!

* * *
Norbo‘ta ko‘nchi chorak soatlar chamasi o‘zining xilvatxonasidan chiqib, xotinini iyitishga tushdi.

— Menga qara, Parda, — dedi u dastavval g‘ururi pesh kelib, — nega otang ismingni Pardatosh qo‘yganligini endi bildim. Sening quv yuzingda hamisha toshparda tortilgan. Shunday alomat inson bo‘lsaki, otang bechora shu xislatingni avvalboshdan bilgan!

— Ha! — deb jerkib berdi erini Pardatosh. — Shunaqaman, yuzimda toshpardam bor. Shunaqa yuzsiz, gapga tushunmaydigan xotinman!

— Mayli, mayli, onajonisi, qani kiyin tezroq, Suvonqulnikiga chiqamiz!

Ko‘nchining ko‘ngli bo‘sh. Lop etib yonadi, puf etib o‘chadi. Aziza halicha ketgani yo‘q edi. Bir yoqdan Norbo‘ta ko‘nchi, bir yoqdan Aziza bilan Gulmira hay-haylashib, Pardatoshning to‘nini to‘g‘rilashdi. Ikki qiz amal-taqal qilib, Norbo‘ta bilan Pardatoshni harbiyni ko‘rgani chiqarib yuborishdi-yu, hovlida bir gala jo‘jiqlaru ikki so‘loqmonday qiz qoladigan bo‘ldi. Aziza qo‘liga haligi suratni olib, o‘zi aytganidek “ishq dotoni”ni hovlida baqirib-chaqirib o‘qir, qizishar, Gulmira bo‘lsa, uni quvib solar, ammo Aziza maktubni necha qur o‘qisa ham jon-dildan rozi edi ichida! Ular ancha payt quvlashib yurishdi. Keyin Gulmira jamiki ishq maktublarini Azizaning oldiga tashladi. Azizaning esi chiqib ketayozdi. Ha, bu maktublarning hammasini uning o‘zi pochtadan Gulmiraga keltirib berar, lekin biror marta dugonasidan tafsilotlarini eshitmagan edi. Bugun esa hamma maktublarni o‘qib o‘tiribdi. Qanday ajabtovur tuyg‘ularga cho‘milgan maktublar-a! Uni hayron qoldirgan yana bir narsa Gulmiraning yashiriqcha saqlab yurgan shu maktublari qatorida yana o‘nlab buzilmagan hoshiyali maktublar edi. Ha, bular Gulmiraning seviklisi O‘lmasga yozgan qaytariqlari edi. Ular ming istihola, andisha va uyat ichida O‘lmasga jo‘natilmagan, kun kelib uning o‘zi tomonidan o‘qilishini kutib turgan samimiy tuyg‘ular edi. Shunaqa, bular manzilini bilmagan maktublar edi!..

* * *
Oftob ufqqa enar mahal ko‘nchi xotini bilan uyiga kirib keldi. Ikkalasi ham xushvaqt, osuda edi. Aziza bu paytda ketib bo‘lgan. Gulmira amallab, biror arzirli bahona bilan uydan chiqishi kerak. Uni seviklisi O‘lmas kutyapti. Kim bilsin, u allaqachon o‘zlarining azaliy uchrashuv joylari bo‘lmish anhor bo‘yida Gulmiraning yo‘liga intizor kutib turgandir. U ota-onasi atrofida girdikapalak bo‘lib aylana boshladi. So‘z ochishni bilmay kalovlandi. Shu tob ota-onasining suhbatiga o‘ralashib qoldi. Qaydanam mum tishlab qoldi o‘zi?!

— Ko‘nchi, O‘lmasbek zap yigit bo‘pti-ya, qarang-a, tog‘dek o‘ziyam. Biram o‘ktam, biram barno!

— Ha, harbiycha hayot O‘lmasga yoqibdi. Aytgancha, Suvonqul o‘g‘liga yarashiq kelin ham topib qo‘yibdi.

Gulmiraning etiga chaqmoq kelib urilganday bo‘ldi.

— Kim emish? Kim ekan shu Tangrining yorlaqagan bandasi?

— O‘zining eski qadrdonlarining qizi emish! Tez orada O‘lmasning to‘yini qilib yuborish cho‘ti bor Suvonqulning! Tullak, o‘zining foydasini o‘ylayotgan-da!

— Qo‘ying, a, to‘y ko‘rsin, ko‘nchi! Tangrim bizning ham o‘g‘illarimizga shunday taqdirni nasib aylasin!

— Aytganing kelsin!

Gulmira ota-onasining oldidan to‘kilib chiqdi. Nima qilarini bilmay, hovli ustunlariga suyanib, tek qoldi. Uzoq qoldi.

— Yaramas, — derdi u ichidan zil ketib, — hamma gaplari, his-tug‘yonlari o‘tkinchi, abas ekan-da! Ey, Tangrim, bu nima degan gap?! Yuzim kuydi… Endi kim degan odam bo‘ldim? Hozirgina ming dard ichida meni anhor bo‘yida kutib turibdi deb o‘ylayotgandim. Endi bilsam!..

Gulmiraning ongida hissiy kurash uyg‘ondiyu aqli uchdi. O‘zini himoyasiz, qopqonga tushgan kabi his eta boshladi! Ancha turib qoldi. So‘ng o‘z qo‘llari bilan yashirib, pinhon tutib kelayotgan maktublarini durrachasiga o‘radi. Seviklisi O‘lmasning maktublariga yozgan javoblarini-da nafrat bilan majaqlab tashladi. Keyin hech kimga bildirmasdan darvozadan chiqib ketdi.

* * *
Gulmira, mana, kun botmoqdaki, ojiz oftobning zarg‘aldoq nurlarida lov-lov toblanib, jimir-jimir, ajib sas bilan oqib borayotgan anhorning boshlanish qirg‘og‘ida oq hoshiyali maktublarni bag‘riga bosgancha yum-yum yig‘lab o‘tiribdi. U, nihoyat, nima qilish kerakligini tushungan edi o‘zicha. Shu anhorning nariyog‘ida uni seviklisi O‘lmas kutib turganiga endi ishonmas, uning ichini alam, aldanish hissi yondirayotgan edi. Nihoyat, Gulmira olmos donachalari kabi to‘kilib turgan ko‘z yoshlari yuvayotgan sadaf yanglig‘ muloyim yuzini artdi-da, qo‘ynidagi maktublarni birin-ketin anhorga uloqtira boshladi. Bu maktublar o‘z qo‘llari bilan O‘lmasga yozgan sevgi maktublari edi. Bular sog‘inch, muhabbat, umid, baxt, hayot kabi umrboqiy tuyg‘ularning intihosi edi…

Mana, Gulmiraning qo‘ltig‘idagi so‘nggi maktub ham anhor oqimida ko‘zdan yo‘qoldi. Endi u shirin xotiralardan hozir to‘kayotgan ko‘z yoshlarigina qolgandi. Ko‘z yoshlari… U yig‘layverib, axiri erib bitdi!

— Gulmiram!

Shu mahalda unga bu tovush uning quloqlari ostida shunchaki eshitilganday tuyuldi. Ammo ikkinchi marta shu sasni eshitib, ovoz kelgan tomonga qarashga o‘zida kuch topdi.

O‘n odimcha narida bor bo‘yi suvga bo‘kkan O‘lmas quchog‘ida o‘nlab ivigan oq hoshiyali maktublarni quchib turar, Gulmiraga shundayin sog‘inch ila tikilar, yana miyig‘ida kular edi.

— Uyatsiz, yolg‘onchi!

Gulmira jon holatda chinqirdi. O‘lmas quchog‘idagi maktublarni yerga tashlab, uning yoniga keldi. Qarshiligiga qaramay mahkam quchoqladi.

— Bu nimasi, Gulmira! Meni qo‘rqitma, senga nima bo‘ldi?

Gulmira yosh boladay ho‘ngrar, bu yolg‘onchi, xudbin odamning quchog‘idan chiqib ketishga o‘zida kuch topolmasdi. Ular shu taxlit uzoq turib qolishdi.

— Hali, biznikiga ota-onang kelgan ekan! Mening senga bo‘lgan tuyg‘ularimdan hamma xabardor, shunga, otam men uchun otangdan sening qo‘lingni so‘ragan edi! Nimaga bunaqasan? Meni qo‘rqitma, Gulmira! — dedi O‘lmas.

Gulmira qayta hushiga keldi. Hamma-hammasini o‘ylab ko‘rdi. Demak, demak… “Otam bilan oyim bekorga bunaqa gapirmagan ekan-da! Ular mening ichimni kuydirish uchun!..”

Gulmira ortiq o‘ylashga ham istamay, O‘lmasni mahkam quchdi va o‘kirib-o‘kirib yig‘ladi!
Islom IBODULLA

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Baxtning ko‘z yoshlari