10:28 / 17.06.2018
38 860

Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish fazilati

Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish fazilati
Shariatimizda Ramazon oyi ro‘zasidan boshqa vaqtda ham ro‘za tutishga targ‘ib qilingan. Zotan, Ramazon oyida ro‘za tutishlik farz bo‘lsa-da, undan boshqa vaqtda tutilgan ro‘zalar nafl hisoblanib, sohibiga ulkan ajr-mukofotlarni kashf qiladi. Lekin yilning besh kunida ro‘zador bo‘lishlikdan qaytarilganmiz. Ular: Ramazon hayiti kuni, qurbon hayiti kuni va tashriq kunlari (zulhijja oyining 11-12 va 13- kunlari)dir.

Yil davomida ro‘zador bo‘lishga qiziqtirilgan kunlar:

A. Hafta kunlarining dushanba va payshanba kunidagi ro‘za;

Oisha roziyalllohu anhodan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari dushanba va payshanba kunilari ro‘za tutar edilar” (Imom Termiziy rivoyati). Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilingan hadisda: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Albatta bandalarning amallari dushanba va payshanba kuni arz qilinadi, mening amalim arz qilinganda ro‘zador holda bo‘lishni yaxshi ko‘raman”, deganlar (Imom Termiziy rivoyati).

B. Arafa kuni ya’ni Zulhijja oyining 9- kuni;

Abu Qatoda roziyalllohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Allohdan umid qilamanki, Arafa kunining ro‘zasi undan oldingi sananing va undan keyingi sananing kafforati bo‘ladi”, dedilar (Imom Termiziy rivoyati).

V. Oq kunlar ya’ni har oyning 13-14-va 15-kunida ro‘za tutish;

Abu Hurayra roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: “Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning odatlari safarda ham hazarda ham oq kunlarida ro‘za tutar edilar” (Imom Nasaiy rivoyati).

Bulardan tashqari yana ko‘plab targ‘ib qilingan nafl ro‘zalar bor. Qiziqtirilgan nafl ro‘zalar fazl va ajrda bir-biridan farqlidir.

Quyida ana shunday ro‘zalardan biri Shavvol oyidan olti kunida ro‘za tutish va uning fazli haqida bayon qilamiz:

Abu Ayyub Ansoriy roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Kim Ramazon ro‘zasini tutib, so‘ng unga Shavvol oyidan olti kun ro‘za qo‘shsa, go‘yo bir yil ro‘za tutgandek bo‘lur”, dedilar (Imom Muslim rivoyati).

Savbon roziyallohu anhudan rivoyat qilinadi: Rasululloh sollallohu alayhi vasallam: “Ramazon ro‘zasi o‘n oy ro‘zaga to‘g‘ri kelsa, Shavvolning olti kuni ikki oyga to‘g‘ri keladi, natijada bu bir yil ro‘za bo‘ladi”, dedilar. Boshqa rivoyatda: “Kim fitrdan keyin olti kun ro‘za tutsa, bir yil to‘la ro‘za bo‘ladi”, oyati karimada (Kim bir yaxshilikni amalga oshirsa, unga o‘sha yaxshilikning o‘n barobari bo‘lur), deb zikr qilingan (Imom Ahmad va Ibn Moja rivoyati).

Mazkur muborak bayonotdan kuyidagi foyda va hukmlarni xulosa qilish mumkin:

1. Shavvol oyidan olti kun ro‘za tutishning fazilati albatta, kim Ramazon ro‘zasiga qo‘shimcha qilib, Shavvol ro‘zasini ham uzluksiz tutib yursa, bir umr ro‘za tutgandek bo‘ladi. Bu esa ulkan fazl va buyuk amal hisoblanadi.
2. Buyuk Allohning bandalariga rahmati bo‘lib, bu Alloh taolo tomonidan bandalarining ozgina amaliga ko‘p savob va ulkan ajrlar ato etishidir.
3. Shavvol oyidan olti kun ro‘zasini tezlatib tutish mustahabdir. Yaxshiliklarda musobaqa qilishga amr bo‘lgani, bu ro‘za qolib ketmasligi va kishini boshqa ish mashg‘ul qilib qo‘ymasligi uchun bu kundagi ro‘zani shoshilib tutish muhimdir.
4. Ushbu ro‘zani Shavvol oyining avvali, o‘rtasi yoki oxirida uzluksiz yoki kun oralatib tutish durust bo‘laveradi. Mukallaf ushbu ro‘zani xohlagan holatda tutsa ham Alloh taolo ushbu amalni qabul qilsa, va’da qilingan ajrga haqli bo‘ladi.
5. Ramazondan qazosi bo‘lgan kishi birinchi qazosini keyin Shavvoldan olti kun ro‘za tutadi. Chunki hadisda Nabiy alayhissalom: “Kim ramazon ro‘zasini (to‘la) tutib,....”, deganlar. Zero, zimmasida Ramazonning qazosi bo‘lgan kishiga nisbatan to u o‘sha qazosini tutguniga qadar ro‘za tutdi, deyish to‘g‘ri bo‘lmaydi. Chunki inson o‘z zimmasini vojibdan xolos qilib olishi, mustahab ishni qilishidan avlo hisoblanadi.
6. Zero, Hakim sifatli Alloh taolo farzlarni nafl ibodatlardan oldin qilib shariatga kiritgan. Shuningdek, ularning ortidan nafllarni keltirgan. Buni namozlardagi tartibli sunnatlar, Sha’bon va Shavvol oylari orasida Ramazon ro‘zasini shariatga kiritishi misolida ham ko‘rish mumkin.
7. Ushbu nafllar farzlarda kuzatilgan kamchilikni to‘ldiradi. Chunki mukallaf tomonidan ro‘zasining ajrini kamaytirib qo‘yadigan ba’zi kamchiliklarga yo‘l qo‘yishi tabiy. Masalan, ko‘p gapirish, ko‘p qarash, ko‘p yeyish va boshqa shu kabi biror kamchilik sodir etilgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu nafl ibodatlar insonga ziynat va ibodatlarini mukammalligiga sabab bo‘ladi. Ramazon oyidan keyin keladigan Shavvol oyida olti kun nafl ro‘za tutishga targ‘ib qilishda bundan boshqa yana bir qancha hikmatlari ham bor. Muhimi inson bu nafl ibodatlarga o‘zini odatlantirishidir.
Jaloliddin Hamroqulov,
TII “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri,
“Novza” jome masjidi imom-xatibi

Manba: Azon.uz

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Shavvol oyida olti kun ro‘za tutish fazilati