11:27 / 04.08.2018
6 977

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (28-qism)

Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (28-qism)
O‘zimni bosishga, Tolyan aytganday, bir gapdan qolishga har qancha urinmayin qonim qaynab, bir g‘azabimga o‘n g‘azab qo‘shilib kelaverdi. Garchi bunday paytlarda jahlga erk berish yaxshilikka olib kelmasligini juda yaxshi bilsam ham meni ochiqdan ochiq haqorat qilib, sha’nimga dog‘ tushirmoqchi bo‘layotgan bu ikki aristonni jazolamasligim mumkin emasdi.

Qanday qilib yotgan o‘rnimdan cho‘zilib ancha narida turgan temir stulchani olganimni va irg‘ib turib u bilan Joraning basharasiga solganimni bilmay qoldim. Zarb shu qadar kuchli bo‘ldiki, baqirib kulayotgan Joraning tovushi birdaniga tinib, og‘riq zo‘ridan o‘tirib qoldi. Paytdan foydalanib, uni yuz-ko‘zi, yelkasi aralash yana bir necha bor stulcha bilan «siyladim». Garchi yegan «temir zarb»laridan so‘ng o‘ziga kelishi qiyin bo‘lishini bilsam-da, ehtiyot shart Joraning jigarini mo‘ljallab uch-to‘rt bor tepdim va ana shundan keyingina ikkinchi raqibimning yaqinlashishini kutdim. Men tomonimdan bunday keskin harakat bo‘lishini kutmagan, shekilli, Joraning sherigi avvaliga turgan joyida toshdek qotib, menga g‘ayritabiiy tarzda qarab turdi. Keyin jonholatda menga tashlandi. Uning harakatlaridan mushtlashuvning yaxshigina hadisini olgani ko‘rinib turardi. Yoshligida boks to‘garagiga qatnagan bo‘lsa kerak, himoyasi ham chakki emasdi.

— Erkak bo‘lsang, yotgan odamni tepkilamasdan men bilan olish, itning bolasi! — dedi u tishlarini bir-biriga qayrab g‘ijirlatarkan.

— Kasal yotgan odamning ustidan kulish, uni haqoratlash erkaklikka kiradi-yu, yiqilib tushganni tepkilash erkaklik emas ekanda, sening-cha! — javob qaytardim men ham undan qolishmay.

— Bizga aslida seni yaxshilab kaltaklash, bu yog‘iga turma yetakchiligiga urinmaslikni tayinlash topshirilgandi. Afsuski, bu safar ularning aytgani bo‘lmadi. Jahlimni chiqarding: Bu yerdan sening o‘liging chiqadi endi!

— Sal ehtiyot bo‘lib gapir, yana sheriging kabi o‘rningdan tura olmay qolma!

— Mening g‘amimni yemay qo‘ya qol! Undan ko‘ra, qabring ustiga nima deb yozib qo‘yishimizni ayt: chumchuq deb yozishsinmi yoki…

Unga gapini tugatish nasib etmadi. Qo‘limdagi temir stulcha bilan uni ham aylantirib ura boshladim. Tan olish kerak, u ancha-muncha zarbalarimga chap berishga ulgurdi. Ammo to‘g‘ridan berilgan zarbani, baribir, o‘tkazib yubordi. Shu ondayoq uning temir tekkan boshi yorilib, sizillab qon oqdi.

— Bo‘sh kelma, Dimon! Bu iflosni ayab ham o‘tirma, bratan! — tilga kirdi shu paytgacha bir burchakda ixrab yotgan Jora. — Hozir o‘zim senga yordam berib yuboraman. Bir amallab qo‘lidagini tortib olsak, marra bizniki! Ertaga shu payt o‘ligini kalamushlar yeb bitirgan bo‘ladi!

Ammo bu gaplar Dimonga madad bo‘lmadi. U yana temir zarbiga duch kelmaslik uchun ehtiyot bo‘lib qolgan, ancha uzoqroqda turib men tomonga jahd qilar va qulay payt kelishini poylayotgan, bir tomondan Joraning o‘ziga kelishiga umid qilayotgani ham bilinardi. Uning himoyaga o‘tib olganidan foydalanmasam, Jora o‘ziga kelib qolsa vaziyat mening zararimga o‘zgarib ketishi aniq edi. Shu sabab sal ayyorlik qilishga to‘g‘ri keldi. Qo‘limdagi stulchani Dimonga qarab bor kuchim bilan uloqtirdim. Turgan gapki, u instinktiv ravishda ko‘zini yumib, o‘zini zarbadan olib qochdi. Bu, albatta, uning katta xatosi edi. Fursatni boy bermasdan o‘ng qo‘limning qirrasi bilan raqibimning bo‘yin tomiriga urdim. Dimon hatto nima bo‘lganini ham anglab ulgurmay hushini yo‘qotib, oyog‘im ostiga uzala yiqildi. Buni ko‘rgan Joraning yuz-ko‘zi mut’e tus oldi. Uning bunday vaziyatlarga avval ham bir necha bor tushgani xatti-harakatlaridan bilinib turardi.

— Bizlarni kechir, Burgut! Biz seni shunchaki sinab ko‘rmoqchi edik! Iltimos, bizlarni kechir! — bor ovozida yig‘lab so‘zlay boshladi u. — Gaplarimga ishon, yolg‘on gapirayotgan bo‘lsam Xudo ursin!

— O‘zingning iflos ishlaring uchun Xudoni o‘rtaga qo‘yib qasam ichma! Undan ko‘ra, senlarni bu yerga kim yuborganini ayt! Shunda joning omon qoladi, chin so‘zim! — Joraning yoqasidan bo‘g‘ib, qo‘rqitish niyatida bir necha bor musht soldim.

— Urma, urma meni, Burgut! Meni bu yerga kelishga majbur qilishdi. Kelmasam o‘ldirib yuborishlari aniq edi.

— Joningdan umiding bo‘lsa, ayt, kim majbur qildi?!

— Tolyan ketar-ketmasidan sen karserga tushib qolding. O‘tgan vaqt orasida bu yerda ancha narsa o‘zgarib ketdi. Endi avvalgidek tartib-intizom bo‘lmasligi aniq.

— Nega bunday deyapsan?

— O‘zing bilasan, biz «dam» olayotgan joyda ma’muriyat hukmron edi. Uni faqatgina Tolyan o‘zgartira olardi. Endi Tolyan yo‘q, demak, bundan bu yog‘iga turma boshlig‘ning aytgani aytgan, degani degan bo‘ladi. Xohlasa nog‘ora chalib barchamizni o‘ynatadi yoki muz ustida raqs tushiradi.

— Uning nog‘orasiga o‘ynaydigan ahmoq yo‘q. Qolaversa, bizlar ham sovg‘a emasmiz, bir yo‘lini qilib uning kovushini to‘g‘rilab qo‘yish qo‘limizdan keladi.

— Burgut, to‘g‘ri tushun, bir o‘zingning qo‘lingdan hech narsa kelmaydi, baribir, ularning aytganiga ko‘nishga majbursan.

— Adashma, men yolg‘iz emasman. Men kabi to‘g‘ri, nohaqlikka qarshi kurashib muddat olib o‘tirganlar ko‘p… Yaxshisi, sen gapni chalg‘itmasdan kimning buyrug‘i bilan oldimga kelganingni ayt!

Bu gapimdan so‘ng Jora og‘ir xo‘rsinib qo‘ydi-da:

— Tolyanning yonida yuradigan yigitni tanirmiding, laqabi Silovsin? — deb so‘radi.

Uning nega bu savolni berganiga hayron bo‘lib, tasdiq ishorasini qildim.

— Endi u Tolyanning o‘rnini egalladi. Bizlarni ham u jo‘natdi.

— Shu cho‘pchagingga meni ishonadi, deb o‘ylayapsanmi? Tolyanning yugurdagi qanday qilib uning o‘rniga o‘tiradi?

— Biz ham avvaliga ishonmadik, ammo u birin-ketin ko‘zga ko‘ringan, gapini boshqa aristonlarga o‘tkaza oladiganlardan o‘ntasini o‘ldirib yuborgandan keyin…

— Nima, u hali o‘ziga o‘xshagan aristonlarni o‘ldirdimi?

— Ha, Burgut, hayot mana shunaqa ekan, kimning ortida kuchi bo‘lsa, o‘shaning gapi ikki qilinmaskan…

* * *
Qolgan kunlari meni aytarli hech kim bezovta qilmadi. Shu sabab bo‘lsa kerak tez kuchga kirib, oyoqqa turdim. Oyoqqa turmasam bo‘lmasdi, chunki Joraning gapi rost chiqqan, Silovsin allaqachon turmada o‘z tartibini o‘rnatishga kirishib ketgandi. Endi payt poylab u bilan uchrashishim lozim edi. Ammo bir necha yil Tolyanning yonida miq etmay yurib, uning og‘zidan chiqqan gapni buyruqdek bajarishga o‘rgangan Silovsin shunchalik ehtiyotkor ediki, hatto o‘zi yoniga chorlagan aristonlarni ham tekshiruvdan o‘tkazardi.

Sog‘ayganimdan keyin eski ishimni davom ettirish niyatida buyumlar saqlanadigan ombordagi xonamga borishga qaror qildim. Meni basavlat, ko‘rinishidan sobiq sportchiligi sezilib turgan, aftidan erkin kurashchi bo‘lsa kerak, ariston xushlamaygina kutib oldi. Salom bergandim, javob bo‘lmadi.

— Men Burgutman, eshitgandirsan? — deb so‘radim undan.

— Burgut bo‘lsang nima qipti, o‘rnimdan turib, qo‘shiq aytib yoki chapak chalib turishim kerakmi? — javob qildi u.

— O‘rningdan turishing ham, chapak chalishing ham shart emas, lekin yaxshi odamlar salom berganda javob qaytarishing kerak, shuni bilasanmi? — dedim iloji boricha ovozimga mayin tus beriga harakat qilib.

— Yosh bola emasman, menga aql o‘rgatma! Qolaversa, kimning salomiga javob berishni o‘zim bilaman, tushundingmi? Endi bo‘lsa bu yerdan tuyog‘ingni shiqillat, yo‘qsa onadan tug‘ilganingga pushaymon bo‘lasan!

— Yo‘g‘-e, men senga ota-onang faqat yomon tarbiya bergan deb o‘ylasam, hali zo‘ravonlik odating ham bormi?

Bu gapdan keyin u o‘rnidan turdi-da, men tomonga hezlanib kela boshladi. Adashmagan ekanman, harakatlari kurashchiniki. Bundaylarning changaliga tushib qolmaslik, ya’ni masofadan turib mushtlashish kerak. Yana biroz jahli chiqsa, o‘zini tuta olmay boshqaruvni yo‘qotishi aniq.

Shunday bo‘ldi ham. Ikki-uch bor urinib qo‘lga tushira olmagandan keyin raqibning achchig‘i chiqib, harakatlarida pala-partishlik ko‘zga tashlanib qoldi. Yana biroz «mushuk-sichqon» o‘ynasak butkul holdan toyishi ko‘rinib turibdi. Uning harsillab tashlanishlaridan zavq olgan ko‘yi yaqinroq kelishini kutdim. Bechora bu safar ham chap beradi, deb xayol qildi, shekilli, qulochini keng yozib hujumga o‘tdi. Chaqqonlik bilan bir-bir chalg‘ituvchi zarbalar yo‘lladim-da, keyin bor kuchimni to‘plab, ikki qoshining o‘rtasiga musht soldim. Zarba shunchalik kuchli bo‘ldiki, hatto qarsillagan ovozni eshitdim. Hozirgina meni g‘ajib tashlashga tayyor yigit, turgan joyidan biroz ortga chekindi, keyin muvozanatni yo‘qotib, gupillab yiqildi. Bu yerga kelganimni hech kim ko‘rmagandi, yana birovga qoramni ko‘rsatmasdan g‘oyib bo‘ldim. Men bilan mushtlashib, ajal topgan yigitni Silovsin o‘ziga tansoqchi qilib olganini keyin eshitdim, Jora bilan Dimonning o‘z jonlariga qasd qilganliklarini ham…

* * *
Tansoqchisining o‘limidan so‘ng Silovsin avvalgidan ham ehtiyotkor bo‘lib qoldi. Ammo men payt poylab, baribir, undan Tolyan va boshqa bekordan-bekor o‘ldirilgan aristonlarning o‘chini olishim kerak edi. Buni qarangki, oradan bir kun o‘tib, uning o‘zi meni so‘roqlatdi. Lekin bir-birimizning ko‘zimizga tik boqib gaplashish bizga nasib etmadi. Turmadagi boshboshdoqlikdan bezor bo‘lgan aristonlar g‘alayon ko‘tarib qolishdi. Xirmonga o‘t ketsa, ho‘l-quruq baravar yonganidek, g‘alayonchilar hech birimizga: na menga, na Silovsinga, na turma boshlig‘iga va na boshqa zo‘ravon-u, avtoritetlarga shafqat qilishdi. O‘sha talopo‘p chog‘ida aristonlardan kimdir boshimga temir bo‘lagi bilan urgan ekan.

Hushimga kelganimda tanamning yarmi ishlamas, shol bo‘lib qolgan edi. Shundan keyin meni sanitar qismiga o‘tkazib yuborishdi. Muddatimni o‘sha yerda o‘tab, ozodlikka chiqdim. Ammo o‘zingiz ayting, mendek umrining gul faslini panjara ortida kechirgan odam kimga ham kerak. Shu sababli Yelenani daraklamadim, ammamnikiga ham qaytmadim. Hozir choyxonada qorovullik qilaman. Yaqin kishilarim yo‘qligini bilgan shu atrofdagi xonadon sohiblari kunda-kunora osh-nonimdan xabardor bo‘lib turishadi. Shular, umuman, yaxshi insonlarning borligi tufayli hayot shamim miltillab yonib turibdi. Lekin o‘tmishimni xotirga olsam ham, kelajagimni o‘ylasam ham beixtiyor dahshatga tushaveraman…
(Tamom)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Qamoqxonada ko‘rgan - kechirganlarim... (28-qism)