date

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Panini bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston milliy terma jamoasi Panini bilan hamkorlik qiladi

O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi jahondagi mashhur sport kolleksiyalari brendi Panini bilan muhim hamkorlik kelishuviga erishdi.

Tarixda ilk marta O‘zbekiston milliy terma jamoasi Panini’ning butun dunyoda mashhur bo‘lgan rasmiy stiker albomida o‘z o‘rniga ega bo‘ladi. Bu yangilik nafaqat futbol ishqibozlari uchun, balki milliy jamoamizning xalqaro imijini mustahkamlash nuqtayi nazaridan ham katta ahamiyat kasb etadi.

Ma’lumki, Italiyada tashkil etilgan Panini kompaniyasi sport kolleksiyalari, nashriyot va savdo kartochkalari sohasida dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi. Kompaniya 1970-yildan buyon FIFA bilan hamkorlikda mundialga bag‘ishlangan kolleksiyalarini millionlab muxlislarga taqdim qilib kelmoqda. Bugungi kunda Panini FIFA, UYEFA, NBA, NFL hamda dunyoning ko‘plab yetakchi klub va federatsiyalari bilan uzviy hamkorlik qiladi.

O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov ham bu tarixiy qadam yurtimiz futboli uchun ulkan qadriyat ekanini qayd etdi:

«Bu hamkorlik o‘zbek futboli nufuzini mustahkamlash yo‘lida muhim voqea bo‘ldi. Panini albomiga kirish milliy jamoamiz yuqori bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolatdir. Bu butun jahonga O‘zbekiston futboli o‘z o‘rnini topayotganini namoyon qiladi», – dedi Ermatov.

E’tiborli jihati, milliy jamoa Panini bilan to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlik yo‘lga qo‘ygan Markaziy Osiyodagi ilk terma jamoa sifatida tarixga kiradi. Yillar davomida dunyo futboli ixlosmandlari tomonidan ardoqlangan Panini albomi endilikda yurtimiz sharafini ham iftixor bilan o‘zida mujassam etadi.

Bu hamkorlik, shubhasiz, o‘zbek futboli uchun yangi eshiklarni ochadi va milliy jamoamizning xalqaro sahnadagi nufuzini yanada yuksaltirishi kutilmoqda.


Manba: O‘FA matbuot xizmati

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » O‘zbekiston milliy terma jamoasi Panini bilan hamkorlik qiladi