— Ha-a, kuyovtoʻra, siz hali xotinni uradigan ham boʻp qolganmidingiz?
Matnazar hovlidagi soʻrida mudrab oʻtirardi. Erta tongda qizini yetaklagancha kirib kelgan Botir doʻkondorni koʻrib dast oʻrnidan turdi. Lekin har galgidek yugurib borib salom bermadi. Shu koʻyi soʻri yonida turaverdi.
— Nega qotib qolding, bachchagʻar? – qichqirdi doʻkondor. – Yo oyogʻing shol boʻlganmi?
— Senlamay gapiring! — dedi Matnazar baqirishdan zoʻrgʻa oʻzini tiyib. — Beshigimni tebratmagansiz.
— Ho, shunaqami? Unda sen Hamidamning beshigini tebratganmiding, koʻrnamak? Nima uchun urasan yarim jon bolamni?
— Kim uribdi? Mening ayol kishiga qoʻl koʻtaradigan odatim yoʻq…
— Yolgʻon gapiryapti, — gap qoʻshdi Hamida otasiga qarab. – Aʼzoyi-badanimni momataloq qip tashladi…
— Shunaqa degin? — Botir doʻkondor Matnazarning taklifini ham kutib oʻtirmay, soʻriga borib choʻkdi. — Qani, buyoqqa oʻtir, kuyov bola! Gapimga yaxshilab quloq sol!
— Qulogʻim sizda.
— Oʻylovdingki, Hamidani ursam, haydab solsam, shu bilan hammasi joyiga tushib ketadi-a? Chuchvarani xom sanabsan, bola! Qizim mana shu uyning xoʻjayini. Ilgari boʻlmagan boʻlsa, bugundan boshlab u xoʻjayin. Bilasanmi nega? Chunki, toʻyingni men oʻtkazganman, men jaraq-jaraq pul sanab berganman. Aytib qoʻyay, agar bir oy ichida ikki yuz ming pulimni topib qoʻlimga topshirmas ekansan, mahalla kattalarini chaqiraman-da, uyni qizimning nomiga xatlatib beraman. Sen xunasani esa, orqangga bir tepib haydatvoraman qishloqdan. Men bilan hazillashma!
— Qoʻlingizdan kelarmikan? — boʻsh kelmadi Matnazar.— Bu uy menga ota-onamdan yodgor. Birovga berib qoʻyadigan ahmoq emasman men ham…
— Shunaqami? Toʻxtab tur, hozir men oqsoqolni chaqiray! Sen bilan yaxshilikcha gaplashib ketaman, deb oʻylovdim. Yaxshilikni bilmaydigan koʻrnamak ekansan.
Botir doʻkondor yugurgancha masjidga – oqsoqolning oldiga chiqib ketdi…
* * *
— Endi… uka, bir tomondan qaynotang haq, — doʻkondorning hamrohligida hovliga kirib kelgan oqsoqol bosiqlik bilan Matnazarga uqtira boshladi. — Harqalay, qizini senga ishonib topshirib qoʻyibdi. Qolaversa, mahalla guvoh, mening iltimosim bilan toʻylaringni oʻtkazib berdi. Sen Hamidaxonni urib bekor qipsan.
— Men hech kimni urganim yoʻq! — dedi Matnazar. — Siz ham shu odamning nogʻorasini chalavermasangiz-chi! Soʻkib haydadim, xolos…
— Mayli, nima boʻlsa boʻlib oʻtibdi. Er-xotin urishadi, talashadi, lekin ikki kun oʻtib yana koʻrmaganday yashab ketaverishadi. Buni turmush deb qoʻyibdilar. Sen… Menga qara, qaynotangning qarzini bir yoʻlini qilib uzgin. Bu odamgayam oson emas. Hali chiqaradigan qizi turibdi… Nima deysan?
Matnazar teskari qaradi.
— Oʻsha qarzni uzaman, uzaman! Namuncha qistayvermasa bu odam? Yaxshiyam begona emas.
— Mening qizimni xoʻrladingmi, endi oʻzingdan koʻr! Kuyov boʻlsang oʻzingga. Oqsoqol, siz guvohsiz. Bugundan boshlab oʻsha pulga foiz qoʻyaman. Qancha choʻzsa, shuncha oshib boraveradi. Shundayam toʻlamay yuraversa, mana shu hovlisini olib qoʻyib, oʻzini koʻchaga haydattiraman.
— Yoʻq, yoʻq, bu shashtingizdan qayting! — doʻkondorni tinchlantirgan boʻldi oqsoqol. — Toʻlaydi, toʻlaydi.
— Boʻpti, gap shu. Koʻzini moshday ochib qoʻymasam, otimni boshqa qoʻyaman. Men bunaqalarning koʻpini koʻrganman. Qizim, sen sira qoʻrqmay bolangga qarab oʻtiraver. Mabodo yana bir baloni boshlasa, darrov oldimga bor. Kunini koʻrsatib qoʻyaman bunaqa mushtumzoʻrning…
Matnazar indamadi. Qaynotasidan shunchalar koʻngli qoldiki, hatto, odamgarchilik yuzasidan kuzatib ham chiqmadi. Oqsoqol darvozaga yetgunicha imlay-imlay, natija chiqmagach, uyiga yoʻl oldi…
* * *
Avtobus serqatnov yoʻl boʻylab yelday uchib borardi. Matnazar koʻzlari yoʻlda boʻlsa-da, xayolan qaynotasi bilan hamon janjallashar, jahdi tanasiga sigʻmay, qoʻllarini musht qilganicha rulga urib-urib qoʻyardi.
— “Haromxoʻr, — oʻylardi u. — Qayoqdanam shu yeb toʻymasning qiziga yoʻliqdim? Choʻloqligiga, yarim jonligiga rahmim kelibdi. Koʻngli yarim, bundaylardan yomonlik chiqmaydi, deb oʻylabman. Nega oʻshanda qoʻni-qoʻshnisidan surishtirmadim? Nega oqsoqolning quruq gaplariga laqqa tushdim? Hozirgi zamonda hech kim doʻstlik qilmas ekan-da! Nega shularni vaqtida anglamadim? Endi nima qilaman? Manovi shalogʻi chiqqan aravani haydab, qanday uzaman harom pullarini? Ilgari qaynota-qaynonalar kuyovni oʻz farzandidan ham azizroq koʻradi, deb eshitardim. Nahotki, oʻsha gaplar shunchaki aytilgan boʻlsa? Yo men shunaqasiga uchradimmi?”
Shu payt uzoqdan bir ayolning qoʻl koʻtarganiga koʻzi tushib Matnazar tezlikni kamaytira bordi. Bolasi boʻlsa kerak, ayol toʻrt yoshlar orasidagi bir goʻdakning qoʻlidan ushlab olgandi.
— Bu kim boʻldi? — dedi oʻziga-oʻzi.— Kech kirganida katta yoʻlda nima qilyapti? Bu atrofda qishloq boʻlmasa…
Matnazar ayolning yoniga kelganda qattiq tormoz berdi va oʻzi eshikni ochib pastga tushdi.
— Tinchlikmi? Qayerga ketyapsizlar? — soʻradi u ona-bolaga hayrat aralash boqib.
Ayolning koʻzlari toʻla yosh edi. Qoʻlidagi dastroʻmolchasiga koʻz yoshlarini arta-arta yerga boqqan koʻyi javob qildi.
— Mullaka, bizning boradigan joyimiz yoʻq…
— Nima? Q-qanaqasiga? Yo musofirmisiz?
— Musofirlikka musofirmiz. Ammo oʻz qishlogʻimizdan ham haydaldik…
— Kim haydadi sizlarni? Bolangiz hali yosh boʻlsa…
— Erim oʻlib ketgach… Qaynonam meni buzuqqa chiqarib… Haydab soldi qishloqdan. Endi qayga borishni bilmay garangmiz bolam bilan.
— Unda katta koʻchada nima qilib turgandingiz? Kech tushib qolgan boʻlsa…
Oʻzimcha uzoq-uzoqlarga ketib joy toparmikanman, deb oʻyladim. Agar topsam, dehqonchilik qilsammi… Hayotimni yoʻlga solvolarmidim, deb xayol qilgandim.
Matnazar ayolga yer ostidan tikilib qaradi. Kelishgangina, koʻrinishidan unaqangi yengiltak ayollarga oʻxshamaydi. Tagʻin kim bilsin? Hayotida sira bu taxlit voqealarga duch kelmagandi.
— “Nima qilsam ekan, — oʻyladi u. — Qanday maslahat bersam? Toʻxta, dehqonchilik qilsam dedimi? Ha, agar buzuqi boʻlganda, shu yerlardayam qilaverardi qiladiganini… Demak, haqiqatan qiynalgan. Jonidan oʻtgani uchungina shunday qarorga kelgan. Yoʻq, yordam bermasam boʻlmaydi…”
— Sizni qishloqqa opketsam, borarmidingiz? — ayolga yuzlanib soʻradi Matnazar.
— Voy, sizlar tomonda boʻsh yerlar bormi?
— Albatta bor. Agar dehqonchilik qilaman, desangiz, istaganingizcha topiladi…
— Q-qanday boʻlarkin-a? U yerlarga borib qayerda turaman keyin?
— Buyogʻidan xavotir olmang! Bolangiz ikkalangizga joy topilib qolar. Qani, tanishaylik. Men Matnazarman. Haydovchiman.
— Marhamat,— dedi ayol bosh egib.— Oʻgʻlimning ismi Maʼrufjon. Yaqinda oltiga toʻladi…
— Juda yaxshi, Marhamatxon! Ketdik unda!
* * *
— Oilangiz boʻlsa, men qanday qilib uyingizga kirib boraman? — yoʻl-yoʻlakay soʻradi Marhamat. — Har qalay, ayol kishi. Yomon xayolga borishi mumkin…
— Toʻgʻri aytasiz, — dedi Matnazar bosh irgʻab. — Ayniqsa, otasi bilsa, janjal koʻtarishi tayin. Shundoq ham tish qayrab yuribdi menga.
— Nega?
— E, toʻyimizni oʻtkazib bergandi. Endi oʻsha pullarini talab qilyapti. Hayronman, qanday uzaman, qachon qutulaman?..
— Katta pulmidi?
— Ha-da, naq ikki yuz ming.
— Sizga qiyin boʻpti.
— Mayli, bu gaplarni qoʻyib turaylik, — Matnazar beixtiyor kulimsirab Marhamatga boqdi. — Noqulay boʻlsayam… yoshingiz nechada?
— Aytsam ishonmaysiz!
— Balki ishonarman. Aytavering!
— Oʻn toʻqqizda.
— Nima? — Matnazar ayol tomonga keskin boshini burdi. — Yoʻgʻ-e, boʻlishi mumkinmas.
— Aytsam hech kim ishonmaydi. Kattasiz deb aytishadi doim. Afsuski, bu haqiqat… Hayot meni shunchalar tez qaritib yubordi…
— Xafa boʻlmang. Hayotda nimalar boʻlmaydi deysiz… Xudo xohlasa, yer olib ozmi-koʻpmi daromad qilsangiz, yana qaytadan yosharib, koʻrmaganday boʻlib ketasiz.
— Menga qarang, kallamga bir fikr keldi. Sizlarni… Xullas, biz tomonda bir shiypon bor. Anchadan beri boʻsh yotibdi. Shirkat kattalari uning oʻrniga boshqa shiypon qurganidan beri tashlab qoʻyishgan. Oʻsha yerga joylashtirsam qanday boʻlarkan? Koʻzdan pana… Ha endi… Osh-ovqatingizdan bir amallab xabardor boʻlib turarman…
— Bilmasam, — bosh egdi Marhamat uxlayotgan oʻgʻliga koʻz tashlab qoʻyarkan. — Tinch boʻlsa, sizga gap tegmasa boʻldi…
Koʻz ochib-yumguncha ular Matnazar aytgan shiyponga yetib borishdi. Haqiqatan, atrofi katta-katta paxta dalalari bilan oʻralgan bu shiypon qishloqlardan ancha olisda edi. Buning ustiga shiypon tevaragi tollar qurshovida boʻlgani Marhamatga maʼqul tushdi.
— Sizdan Xudoning oʻzi rozi boʻlsin, — dedi Marhamat ketishga chogʻlangan Matnazarga. — Qanday minnatdorchilik bildirishniyam bilmay qoldim…
— Xoʻp, endi asta-sekinlik bilan joylashaveringlar. Men kechga borib biror yegulik olib kelaman. Hozircha manovi sumkada picha non, tuxum deganday… Shularni bolangizga pishirib berarsiz. Ichkarida qozon boʻlishi kerak. Qorni ochib ketgandir… Men ketdim. Yaxshi qolinglar!
* * *
Qishloqda gap yotarmidi? Oradan ikki kun oʻtar-oʻtmas, “Matnazar boshqasiga uylanib olibdi, oʻsha xotinini shiyponga yashirib qoʻyganmish”, degan gap tarqaldi-yu, tezda Hamidaning qulogʻiga yetib bordi…
U avvaliga ishonmagandi. Bu qadar boʻsh-bayov erning qaysidir ayolga ilakishini tasavvur ham qila olmasdi. Biroq qoʻshni bolalarni joʻnatib shiyponda bolali ayol yashayotganini aniqlab bilgach, indamasdan qizchasini qoʻliga oldi-da, Botir doʻkondorning oldiga chopdi.
— Hali shunaqami? — quturib ketdi ota qizidan xunuk xabarni eshitgach. — Endi bu hunari chiqibdimi? Yaxshilikni bilmagan yalangoyoq! Men unga koʻrsatib qoʻyaman. Sen, qizim, hech gap boʻlmaganday uyingga boraver. Oʻsha uy seniki. U koʻrnamakni oʻzim haydab solaman. Qani, yaqinlashib koʻrsin-chi, hovliga!
Shu tobda Matnazar endi ishdan qaytib avtobusini uyi roʻparasiga qoʻygandi. Uzoqdan halloslaganicha u tomon kelayotgan qaynotasiga koʻzi tushib yuragi uvishdi. Botir doʻkondor yetib kelmasdanoq unga oʻshqira ketdi:
— Shu turishingga kim qoʻyibdi, ikkinchi xotinga uylanishni-a? Uyalmadingmi? Mahalladan nomus qilmadingmi?
— Nimalar deyapsiz? — Matnazar hech nimaga tushunmay savol nazari bilan boqdi. — Qanaqa ikkinchi xotin? Ogʻzingizga qarab gapiring!
— Shiyponga olib borib qoʻysam, hech kim bilmaydi, aysh qilib yuraveraman, deb oʻylovdingmi? Chuchvarani xom sanabsan, bola!
Matnazar shiypon soʻzini eshitgani hamono hammasiga tushundi. Demak, xabar topishgan. Kimdir bu ayolni uning xotiniga chiqargan-u, bularga yetkazgan.
— “Eh, odamlar, — xayolidan oʻtkazdi u bosh eggan koʻyi avtobusiga suyanarkan. — Darrov er-xotinga chiqarib qoʻyishganini… Endi qanday isbot qilaman xotinim emasligini? Bu ayol musofir, qiynalgan ekanini qanday tushuntiraman bularga?”
— Gapir! — uning xayolini boʻldi doʻkondor. — Nega qoqqan qoziqday jim turib qolding? Shu gaplar rostmi?
— Yolgʻon.
— Shiypondagi ayol-chi?
— Unda gunoh yoʻq. Bolasi bilan ishlashga kelgan.
— Bekorlarni aytibsan. Meni laqillataman, deb oʻylama… Qishloqda sening dastingdan bosh koʻtarib yurolmay qoldim.. Endi yelkangga choponingni ilgin-da, sekin daf boʻl bu yerdan! Endi uyni qizimga xatlab bermasam, Botir otimni boqa qoʻyaman. Suf, sendaqa koʻrnamakka! Boʻl tez, yaxshilikcha yoʻqol! Boʻlmasa, hozir mahalla yigitlarini chaqirib surobingni toʻgʻrilatib qoʻyaman!
— Shunaqami? Siz boylikka, uy-joyga toʻyasizmi oʻzi? — alam aralash qaynotasiga tik boqdi Matnazar. — Hali qizingiz bilan bir yil yashab ulgurmay, shu hovliga koʻz olaytirishni boshlagandingiz… Ana, oling shu uyni! Oʻligingizga buyursin!
Matnazar qoʻl siltaganicha avtobus eshigini ochib oʻtirmoqchi boʻldi. Lekin doʻkondor yoʻliga koʻndalang turib oldi.
— Bu avtobusdayam haqqing yoʻq. Qarzning foizlari evaziga uni opqolaman… Yalangoyoqmisan, tinchgina piyoda ketaver. Ammo bu yerlarga yaqinlashishni xayolinggayam keltirma!
Matnazar voqea bu qadar qaltis tus olishini kutmagandi… Hech qachon yigʻlab koʻrmagan yigitning koʻzlari yoshlanib ikki kaftiga nazar soldi. Boʻm-boʻsh…
Birpas alanglab turgach, bexosdan kulib yubordi. Faqat… Bu kulgi yuragi dardga toʻlib ketgan odamning hayqirigʻini eslatardi…
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi