00:06 / 12.09.2018
6 320

Nomahram... (22-qism)

Nomahram... (22-qism)
Uch qishloq narida joylashgan bu jiydazor ne-ne murdalarni koʻrmagan. Ne-ne nolalarni tinglab bezovta chayqalmagan.

Bugun ham shu yerga oppoq “Neksiya” kelib toʻxtadi-yu, ichidan Matnazar boshliq uch yigit tushib atrofni zimdan kuzatgan boʻldi. Zogʻ uchmasdi atrofda. Hatto, navbatdagi xunrezlikni oldindan sezgan kabi boyagina chirqillab shoxdan-shoxga qoʻnayotgan qushlar ham qayerlargadir olisga gʻoyib boʻlishgan. Dalalar esa, boʻm-boʻsh. Suvchi yaqindagina yaxoblagan shekilli, suvini birpasda tashnalarcha emib ulgurgan paykallar bilch-bilch loy…

— Yukxonani och!.. — yigitlardan biriga buyurdi Matnazar. — Tezroq boʻlsang-chi, oshna!.. Bunaqa ishlarni imi-jimida qilish lozimligini bilasan-ku!..

Ikki yigit mashina yukxonasidan oppoq matoga oʻralgan murdani sugʻurib olishdi-da, suvi quriy boshlagan ariqqa olib tushishdi.

— Tezda boltaminan maydalanglar-u, chuqur qazib koʻminglar!.. — dedi Matnazar alanglab. — Besh daqiqa ichida bu yerdan daf boʻlishimiz kerak.

Aytilganidek, oradan besh daqiqa oʻtar-oʻtmas, yigitlar qon sachragan qoʻllarini qumga arta-arta mashina yoniga kelishdi.

— Xudo rahmat qilgan boʻlsin! — dedi Matnazar asabiy lab tishlab. — Gunohlarimizni Xudoning oʻzi kechirsin! Ketdik!..

* * *

Tuman jinoyat qidiruv boʻlimi boshligʻi podpolkovnik Arslonov boshini changallagancha kabinetida oʻtirar, kuldondagi sigaret qoldigʻi oʻz holicha tutab yotardi.

Arslonov bir muddat oʻy surib turgach, telefonga yopishib kerakli raqamlarni terdi.

— Allo, Bek aka!.. — dedi shoshib goʻshakdan tanish ovoz eshitilgani hamono. — Oʻzingizmisiz?

— Oʻzim boʻlmay, arvohim boʻlarmidi? — javob qildi suhbatdosh. — Nima gap?

— Aka, tagʻin CHP boʻlibdi-ku!..

— Nima boʻpti?

— Bir yigitni chavaqlab ariqqa koʻmib ketishibdi.

— Xoʻsh, menga nima aloqasi bor?

— Guvohlar sizning yigitlaringizga toʻnkashyapti.

— Vey, qanaqa guvoh? Mening yigitlarim mayda-chuyda ishlar bilan shugʻullanmasligini bilasan-ku!

— Toʻgʻri-ku-ya… — Arslonov peshonasini tirishtirib birpas sukutga toldi. — Ammo… Oʻsha mahalda bir kampir sizlarga tegishli mashinani koʻrganmish. Bilasiz-ku, kampirlarning ogʻzi shaloq boʻladi!..

— Sen yop oʻsha ogʻizni! Bitta kampirni tinchlantirolmasang, nima qilib oʻtiribsan u yerda?..

— Men-ku, tinchitaman. Lokigin…

— Boʻpti, tushundim. Xarajatidan xavotir olma. Hoziroq yetkazishadi senga. Faqat tezroq ishni yop!.. Gap-soʻz koʻpayib yurmasin!

— Xoʻp, siz aytasiz-u, biz yoʻq dermidik? Xarajatni…

— Qoʻrqma, seni xafa qilmayman.

Bu gapdan soʻng Arslonov birdan jonlanib, kaftlarini bir-biriga ishqalagancha qaytadan telefonga yopishdi…

* * *

Marjona oxirgi kunlarda oʻzini qoʻyarga joy topolmasdi. Mana, bir hafta kutdi. Xushvaqtdan negadir darak yoʻq. Har galgi qoʻngʻiroq qilishlar ham befoyda kechyapti. Telefondan “oʻchirilgan” degan javobgina eshitiladi xolos. Otasi esa, “Shunchaki ishdan boʻshatdim”, degandi. Nimaga yoʻq boʻlib ketadi?.. Yo biror kor-xol…

Marjona erta tongda toʻshakka mixlanib yotgancha shularni oʻylarkan, birdan hushyor tortib oʻrnidan turdi.

Yoʻq, bu yerda bir gap bor. Zudlik bilan otasini qistovga olmasa boʻlmaydi.

— Dada, rostini ayting, Xushvaqtni nima qilgansiz? — Bek aka shu tobda favvorani yoqib, yuqoriga shiddat bilan chiqib-tushayotgan suvga tikilgancha oʻy surardi. Qizining savolini eshitdi-yu, yuzini teskari burdi.

— Nima, sogʻinib qoldingmi oʻsha xunasani? — sovuq ohangda soʻradi u.

— Sogʻinganim yoʻq. Ammo hozir aytasiz nima boʻlganini!..

— Uningga baloyam urgani yoʻq. Yurgandir daydib.

— Yoʻq, aldayapsiz. Siz uni…

— Ovozingni oʻchir!.. — Bek aka Marjonaning ikki yuzini changalladi. — Indamas ekan deb boʻlar-boʻlmasni gapiraverma!

— Unda nega indamayapsiz? Ayting!..

— Ha, oʻldirib yubordim uni! Chunki, u yashashga haqli emas. Meni sharmanda qildi, tushundingmi?

— Nima?.. Nima uchun?.. Dada, siz… Qotilsiz!..

— Ha, qotilman! Xushvaqtga oʻxshagan oʻzboshimchalarni koʻrsam, koʻzlarim qonga toʻladi… Endi…

— Unda meniyam oʻldiring!.. Nega qarab turibsiz?..

Bek aka darvoza tarafdagi soqchilar qarab qoʻyishganini koʻrgach, biroz ovozini pasaytirgan boʻldi.

— Seni oʻldirmayman. Sen mening zurriyodimsan. Biroq, bilib qoʻy, mabodo yana mening raʼyimga qarshi ish qilsang, unda senliginggayam qarab oʻtirmayman.

— Shunaqami?.. Yaxshi… — Marjona toʻzgʻigan sochlarini qaytadan turmakladi-da, orqaga tislandi. — Men bu uyda bir daqiqayam turmayman endi. Boshimni olaman-u, uzoq-uzoqlarga ketaman.

— Ketib boʻpsan!.. Sen yaqinda men aytgan yigitga turmushga chiqasan.

— Tegib boʻpman sizning kallakesarlaringizga!.. Men oʻzimni axlatxonadan topib olganim yoʻq.

— Tegmay qayoqqa borarding…

Marjona zarda bilan xonasiga kirib ketgandan soʻng Bek aka Husan akaga qoʻngʻiroq qildi.

— Menga qara, shu bugundan boshlab qizim uchun boshingminan javob berasan!..

* * *

Bek aka tabiatan ishonchini oqlaganlarni xush koʻrardi. Garchi ichida achingan boʻlsa-da, baribir Matnazar buyruqni aʼlo darajada bajargani ruhini koʻtardi…

Endi qizini unga berib yana bir sharmandalikdan qutulishi, el-xalq orasida obroʻyini saqlab qolishi lozim edi.

Koʻz ochib yumguncha toʻy kunini belgilatdi. Biroq boʻlgʻusi kelin-kuyovlarni uchrashishga qoʻymadi. Marjona ishni buzib qoʻyishidan qoʻrqdi. Toʻydan keyin hammasi joyiga tushib ketadi deb oʻyladi…

Marjona otasini hayron qoldirib juda ogʻir, muloyim kayfiyatga tushib qolgandi. Bek aka buni ham toʻyga, baxtini topgani uchun quvonganga yoʻyib qoʻya qoldi.

Afsuski, birinchi kechadayoq bir dunyo orzu-havaslar bilan chimildiqqa kirib kelgan Matnazarni yoniga yotishga qoʻymadi.

— Siz menga munosib emassiz! — dedi u parda ortidan turib. — Sizam anavilarga oʻxshab kallakesarsiz. Yoʻqoling, dahlizda yotavering, sizning joyingiz oʻsha yerda!..

— Jonim, bugundan eʼtiboran biz er-xotinmiz. — bunday boʻlishini kutmagan Matnazar iloji boricha qizni yupatishga urindi. — Birga yotmasak, musulmonchilik talablarini ado etmasak boʻlmaydi.

— Qanaqa talab?.. Men unday talablarni… Allaqachon ado etib boʻlganman.

— Hazillashmang, Marjona!.. Q-qanaqasiga ado etasiz, axir?..

— E, buncha laqmasiz?.. Boring!..

— Bormasam-chi? Hozir ustingizga oʻzimni tashlasam-chi?..

— Qani, tashlab koʻring-chi, nima qilarkinman!..

Matnazar kutilmagan harakat bilan ichkariga kirdi-yu, Marjonani mahkam quchoqlab oldi va qavat-qavat koʻrpalar ustiga bosib yuz-koʻzlaridan, oppoq boʻyinlaridan ehtiros bilan oʻpa boshladi.

Marjona esa, uning kuchli qoʻllari orasidan chiqib ketolmas, betinim ingrardi.

Oxiri yoʻlini topdi. Matnazar sal oʻzini bosib endigina ishtoniga qoʻl yuborgan mahal bilagidan tutib toʻxtatdi.

— Bir shartim bor. — dedi atayin qulogʻiga shivirlab.

— Qanday shart? Aytavering, hozir erib turibman!..

— Meni bu yerlardan olib ketasiz.

— Bu soʻzsiz boʻladigan ish-ku!

— Keyin… Dadam Xushvaqt akamni oʻldirtirib yuborgan. Buni aniq bilaman.

— Xoʻsh, nima boʻpti?

— Oʻshaning oʻchini olamiz dadamdan.

— Nima? Dadangizning kimligini bilasizmi oʻzi?

— Bilaman. Lekin sizam anoyi emassiz. Qoʻlingizdan keladi. Men bir joyga judayam katta pul berkitib qoʻyganman. Oʻsha pullarni sarflab dadamga urush eʼlon qilasiz. Oʻshandagina men sizga sodiq xotin boʻlaman.

— Boʻpti, roziman. — oʻylab oʻtirmay javob qildi Matnazar. — Keling endi!..

— Yana bir narsa.

— Xoʻsh?

— Men qiz bola emasman. Oʻzimni Xushvaqt akamga bagʻishlab boʻlganman. Yoqmasa, ketishingiz mumkin…

Matnazar bu gapdan soʻng xuddi tok urgandek oʻrnidan sapchib turib ketdi.

Nima qilishni bilmay bir muddat garangsib turdi. Haqiqatan, bu ishlardan bexabar edi. Marjonani bokira deb xayol qilgandi. Endi esa…

“E, oʻlib ketmaydimi! — qoʻl siltagancha koʻnglidan oʻtkazdi u yelkasi bilan xona devorini qattiq turtkilab. — Boʻlar ish boʻldi. Mening baxtim qachon butun boʻlgandiki, bugun unga erishsam!.. Tavakkal. Yana bir qopqonga tushdimmi, chidashga majburman!..

* * *

Toʻpolon bilan toʻydan keyingi ikir-chikirlar ham oʻtdi. Bek aka kelin-kuyovlarga shahar tashqarisidan hashamatli bir hovlini olib berib koʻngli ancha tinchlandi. Yana odatiy ishlari bilan band boʻldi. Erta tongda har kuni oʻrnidan turib yarim soat favvoraga tikilib oʻy surishni qaytadan boshladi.

Shanba kuni edi. Qish kirib havo sezilarli darajada soviganiga qaramay, odatiga koʻra favvorani yoqdi. Suvning muzdek shabadasi tashqaridagi sovuqqa qoʻshilib etlarini qancha junjiktirmasin, avval hoʻl sochiq bilan badanlarini yaxshilab artdi-da, soʻngra egniga koʻylagini ilib xayolga berildi. Marhuma xotinini oʻyladi. Oʻtgan ota-onasini koʻz oldiga keltirdi.

Shu payt darvoza ochilib yigitlar oʻziga juda tanish boʻlgan qariyani yetaklab kirib qolishdi. U Botir doʻkondor edi.

Bek aka hassaga tayangancha sekin-sekin oʻzi tomon yurib kelayotgan qariyaga zimdan tikilib qaradi. Ilgarigi gursillab-gursillab yurishlari qolmabdi. Yoshiga qoʻshilib ichkilik ham uni holdan toydiribdi. Bundan besh yillar avval qaddini tik tutib yurardi. Egilib qolibdi…

Botir doʻkondor yaqin kelib eshitilar-eshitilmas salom berdi.

— Assalomu alaykum, Bek!..

— Vaalaykum… Xoʻsh, qariya, hech bizning taraflarga yoʻlingiz tushmasdi, tinchlikmi?

Botir doʻkondor yigʻlabdi shekilli, qoʻlidagi chit roʻmolga koʻz yoshlarini artib oldi-da, boshini egdi.

— Sizning huzuringizga arz bilan keldim, Bek!

— Arzlari qutlugʻ boʻlsin! — hazillashgan boʻldi Bek aka va yana jiddiylashdi. — Xoʻsh, yana nima arz ekan?

— Oʻzingizga maʼlum, qizim oʻlgandan keyin ahvolim ancha tanglashib qoldi. Ustiga ustak burnogʻi yili kampirim ham oʻlib berdi. Tirikchilikniyam, uyquniyam mazasi qochdi.

— Xoʻsh, men nima qilib beray?

— Shu desangiz…

— E, chaynalmasdan gapirsangiz-chi!..

Botir doʻkondor kutilmagan doʻqdan qattiq seskanib, shosha-pisha maqsadga oʻtdi.

— Doʻkonimni qaytarib bersangiz devdim.

— Doʻkon? Qanaqa doʻkon?..

— Oʻsha… Qishloq guzaridagi doʻkonni-da!

— Ha-a, anavi almisoqdan qolgan doʻkonmi? Uni koʻrdingizmi oʻzi? Biz katta supermarket qurganmiz-ku oʻrniga!

— Bilaman… Lekin shundogʻam sizning davlatingiz ziyoda. Biz bechoralarga oʻshani qaytarib bersangiz, kamayib qolmas…

— Ovozingni oʻchir!.. — doʻkondorni qayirib tashladi Bek aka. — Qachondan beri bechora boʻp qolding-a?.. Kuyovingga qancha azob berding. Qizingni boshiga yetding. Undayam biz seni qamoqdan olib qoldik. Bir tiyin talab qildikmi? Yoʻq. Endi oʻzingni bechora koʻrsatyapsanmi?.. Bor, bir paytlar Matnazar oʻtirgan yoʻl chetiga borib tilanchilik qil! Yigitlarimiz oʻtgan-ketganda sadaqa berib turishadi. Besh-oʻn soʻm pulni sendan ayashmas…

— Bek, sizni shunchalik xasis deb oʻylamagandim.

— Xasis? — Bek aka doʻkondorning yoqasidan boʻgʻib oʻziga qaratdi. — Kim xasis?.. Senga oʻn yildan kam berishmasdi. Oʻsha turmada chirib ketarding allaqachon. Men qutqarib qolib bir tiyin soʻradimmi? Koʻrnamak eding, shundayligingcha qolibsan. Begimqul!..

Darvoza ortida turgan yigitlardan biri chopib kirib Bek akaning roʻparasida hozir boʻldi.

— Labbay!

— Manavi qariyani olgin-da, uyigacha kuzatib qoʻy! Yoʻlda oshxonaga opkirib qornini toʻydirgin! Ochlikdan sillasi quribdi buning!

— Xoʻp boʻladi!..

Soqchi doʻkondorni ehtiyotkorlik bilan yetaklab tashqariga olib chiqib ketdi…
(davomi bor)

Manba: Hordiq.uz

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Hayot uchun » Nomahram... (22-qism)