Furqat bilan ilk uchrashuvlari qiziq bo‘lgandi. Nasiba to‘qqizinchi sinfda o‘qirdi. Bir kuni maktabdan kelayotib, tuflisining poshnasi to‘satdan sinib qoldi… Katta ko‘cha. Odamlar uyoqdan-buyoqqa tinimsiz o‘tib turishibdi. Hatto, ba’zilar yalang oyoq turgan qizni masxaralagan ko‘yi miyig‘ida kulib ham ketayotgandek… Nasiba nima qilishini bilmay qoldi. Shundoq ketaverishga odamlardan iymandi. Bir yerda qotib turaverish ham noqulay. Ustaxonaga kirishga puli yo‘q… Nima bo‘lsa bo‘lar dedi-yu, tuflilarni shartta sumkasiga joylab, oyoq yalang keta boshladi…
Bir mahal orqasidan qandaydir mashina asta yurib kelayotgandek tuyuldi. Sekin orqasiga o‘girildi. «Mersedes» ekan. Rulda kelishgan, bashang kiyingan bir yigit o‘tirar, ikki ko‘zi Nasibada edi. Nasiba burnini jiyirgancha yo‘lida davom etdi. Mashina esa, hamon uni ta’qib etishdan bo‘shamasdi… G‘ashi keldi. Ichida «Nima ishi bor ekan? Yo‘lida ketaversa, o‘larmikan?» degancha, qadamini tezlatdi. Lekin yigit ta’qib etishni qo‘ymadi. Yo‘l yarimlab qolganda asta mashinani oldinga o‘tkazdi-da, to‘xtatib, o‘zi tashqariga chiqdi va Nasibaning yo‘lini to‘sdi.
— Yaxshi qiz, tuflingiz oyog‘ingizni qisyaptimi? — kulib so‘radi u.
Nasiba indamadi.
— Nimaga indamaysiz?.. Yo men shunchalik qo‘rqinchli ekanmanmi?
— Menda nima ishingiz bor? — dedi Nasiba hamon jahlidan tushmay. — Boring, yo‘lingizdan qolmang!
— Siz mendan xafa bo‘lmang-da, o‘tib ketayotgandim. Qarasam, tuflingizning tovoni tushib noqulay ahvolda qoldingiz… To‘g‘risi, achinib ketdim sizga… Agar qarshi bo‘lmasangiz, uyingizgacha oborib qo‘ysam… Uzoqda turasizmi?
— Sizga nima?.. Yo‘limni to‘smang, men shoshib turibman!..
— Iltimos, yo‘q demang!.. O‘lay agar, men siz o‘ylaganchalik yomon odam emasman…
Nasiba indamadi. Yigitning biroz chetga o‘tganidan foydalanib uyi tomon keta boshladi. Mashina ham orqama-orqa kelaverdi…
Ana, hademay Nasibaning mahallasi boshlanadi. Endi buyog‘iga xavfli…
«Nima qilsam, daf bo‘larkin-a?» xayolidan o‘tkazdi Nasiba lablarini asabiy tishlab. «Urishib tashlaymi hozir bu surbetni?!.»
Urishib tashlashga ulgurmadi. Yigit mashinasini ancha oldinga yurg‘azib borib, tag‘in to‘xtatdi. O‘zi tashqariga chiqib Nasibaning yaqin kelishini kuta boshladi.
— Siz menga yoqib qoldingiz! — dedi u qiz yaqin kelgach, yo‘lini to‘sib. — Yaxshi qizga o‘xshaysiz… Qo‘rqmang, men sizga yomonlik qilmayman. Keling, hech bo‘lmasa, tanishaylik!
— Qoching, yo‘limni to‘smang! Mahalladagilar qarashyapti.
— Yo‘q, tanishmaguningizcha o‘tkazmayman.
— Uf-f!.. Qanaqa surbetsiz-a? Qoching dedim sizga!
Yigit indamay kulib turaverdi.
Nasiba nima qilishni, qanday yo‘l tutishni bilmay qoldi. Shartta o‘tib ketay desa, bu yigit yuzsizlarcha yo‘liga ko‘ndalang turib olgan.
«E, tanishsa tanishib o‘lmaydimi? — ko‘nglidan o‘tkazdi Nasiba. — Keyin ko‘ramanmi-yo‘qmi… Daf bo‘lsa bas-da!..»
— Bo‘pti…
— Furqat! — deya qo‘lini Nasibaga uzatdi yigit. — Sizning ismingiz-chi?
— Nasiba!.. Bo‘ldimi? Endi o‘tib ketaversam bo‘lar?
— Albatta… Biroq ertaga xuddi shu paytda sizni maktab yaqinida kutaman.
— «Chuchvarani xom sanabsan, — xayolidan o‘tkazdi Nasiba. — Sendaqalarni juda yaxshi bilaman… Kutarmish…
* * *
— Ha, qizim, nimaga ranging oqarib ketibdi? — Nafosat aya qizi uyga kirib kelgani hamono yelkasidan ushlab o‘ziga qaratdi. — Buning ustiga yalang oyoq yuribsan! Tufling qani?
— Portfelimda. — dedi Nasiba xuddi gunoh ish qilib qo‘ygan odamdek qizarib-bo‘zarib. — Poshnasi tushib ketdi.
— Be, shungayam qayg‘urib o‘tiribsanmi? Qo‘y, ana, Halim yamoqchiga beramiz, birpasda to‘g‘rilab beradi. Ovqat yeysanmi? Voy, sen yaxshi ko‘radigan moshkichiri qilib qo‘ydim, qizim!
— Yo‘q, oyi, boshim og‘rib turibdi. Birpas yotib dam olay…
Nasiba xonasiga kirgach, battar yuragi hovliqdi. Bu nima o‘zi?.. Hozirgina shundan qutulsam bo‘ldi deb uyga shoshilgan odam nega endi qiynalib ketyapti?.. Nimaga yuragi bunchalar tez uryapti?.. Bu nima o‘zi?.. Qo‘rquvmi?.. Be, o‘shandan qo‘rqadimi?.. To‘xta, nega endi u aynan menga ergashdi?.. Maqsadi nima o‘zi?..
Nasibaning ko‘z o‘ngida yana Furqatning jilmayib turishi namoyon bo‘ldi. Quloqlari ostida so‘nggi gaplari jaranglab ketgandek tuyuldi… Jajjigina yuragi beixtiyor jizillab o‘zini karavotga tashladi… Hozir ichida paydo bo‘lgan noma’lum dard-hasratlarini kutilmaganda kimgadir aytgisi kelib ketdi… Ichi qizib dast o‘rnidan turdi.
* * *
— «Dugonam Latofatga aytaman. — o‘zicha shivirladi Nasiba. — Qani, nima derkin… Eh, nimaga yo‘liqdi o‘sha?..
Qiz apil-tapil kiyimlarini almashtirib, ko‘chaga — Latofatlarning xonadoniga chopdi. Dugonasi ulardan besh-oltita hovli narida turardi
— Ha, senga nima bo‘ldi, Nasi? — dugonasini quchoqlab oldi Latofat. — Ranging oqarib ketibdimi?..
— Lato, bugun maktabdan kelayotsam…
— Nima bo‘ldi? Tezroq gapir!..
— Bugun maktabdan kelayotsam… Bir yigit mashinada kelib yo‘limni to‘sdi.
— Tegajog‘liq qildimi? Yomon odam ekanmi?
— E, yo‘-o‘q…
— Ha-a, gap buyoqda degin? — ayyorona ko‘z qisdi Latofat. — Biluvdim… Sevib qolgan bo‘lsang kerak, topdimmi?..
— Bekorlarni aytibsan! — dugonasini qayirib tashladi Nasiba.
— Voy, bu kishimni qaranglar!.. Ana, ko‘zlaring aytib turibdi sevib qolganingni!.. Ishonmasang, oynaga qaragin!..
— E, bor-e, o‘zingcha fol ochaverasanmi… Jinni bo‘libmanmi sevib qolib o‘shani?..!
— Xo‘sh, unda nega oldimga yugurib kelding? — Nasibaning ko‘zlariga yanada qattiqroq tikildi Latofat.
— O‘zim… Shunchaki…
— Ana, ko‘rdingizmi… Muncha o‘zingizni go‘llikka solmasangiz, yaxshi qiz? — gapni hazilga burdi Latofat. — Yuragingizdan urgani uchun chopib kelgansiz… Axir kimgadir aytish kerak-ku!.. Oyingizga aytolmaysiz…
— Bas qil!..
Nasiba qanday tez kelgan bo‘lsa, shunday shiddat bilan tashqariga otilib chiqib ketdi…
Yuzlarining lovillashi hamon bosiladigan emasdi…
* * *
Ertasi kuni yana o‘sha paytda Nasiba maktabdan chiqdi. Tashqarida — maktabdan ancha naridagi pana joyda uni Furqat kutib turardi. Mashinasi eshigiga suyangancha kechagiday kulimsirab turgan yigitni ko‘rib Nasibaning yuragi qinidan chiqib ketayozdi. Nima qilishini bilmay, bir joyda taqqa to‘xtab qoldi. Xavotirlanib yonidan gurunglashgancha o‘tib ketayotgan maktabdoshlari tomonga o‘g‘rincha qarab oldi. Hozir haqiqatan qanday yo‘l tutishni bilmasdi. Oxiri tavakkal yo‘lida davom etdi. Furqat ham mashinasiga o‘tirdi-da, kechagi kabi uni ta’qib qilib boraverdi. Shu ko‘yi to mahalla boshigacha kuzatib keldi. Nasiba juda xijolatda qoldi. Xayolida o‘tkinchilarning hammasi unga qarayotgandek edi…
Mahalla ichkarisiga o‘tishgach, Furqat tag‘in oldinga o‘tib qizning yo‘lini to‘sib oldi.
— Nega yana keldingiz? — so‘radi Nasiba o‘tib ketishga intilib.
Furqat sira o‘zini yo‘qotmay, maqsadga o‘tdi.
— Bilmadim… Ketolmayapman mahallangizdan…
— Meni tinch qo‘ying!
— Yo‘q, — dedi Furqat birdan jiddiy tortib. — Sizni endi tinch qo‘yib bo‘pman!.. Bilaman, siz hali meni yaxshi tanimaysiz. Ammo ko‘rasiz, baribir sizni ishontiraman sevishimga!.. Iltimos, mashinaga chiqing, sizni uyingizgacha kuzatib qo‘yaman! Faqat yo‘q demang!..
— Hecham-da!.. Men birovlarning mashinasiga chiqib ketaveradigan qizlardan emasman.
— Shunaqami?.. Unda siz dunyodagi eng pokiza qiz ekansiz… Bu gapingizdan so‘ng sizga yanayam mehrim ortdi… Iltimos, yaxshilab o‘ylab ko‘ring. Hademay maktabni ham bitirasiz. Bir bechorani qaqshatib ketmassiz, axir!..
— Siz… Bechoramisiz?.. Siz-a?.. — Nasiba bir yo‘l chetida savlat to‘kib turgan «Mersedes»ga, bir bashang kiyingan Furqatga nazar tashlab turib kulib yubordi. — Sirayam bechoraga o‘xshamaysiz.
— Kimman bo‘lmasa?.. E, mashinaga e’tibor qilmang!.. Sizning oldingizda mashina nima bo‘pti?!.
— Bo‘pti, yaxshi qoling!..
Nasiba bilib turardi. Oyoqlarining o‘ziga bo‘ysungisi yo‘q. Baribir atayin ketmoqchidek yo‘lga otlandi.
— Keling, uyingizgacha kuzatib qo‘yay!
— Yo‘q, rahmat, o‘zim yetib olaman.
— Unda qachon uchrashamiz?
— Bilmadim…
Nasiba yo‘lida davom etdi. Furqat esa, ancha vaqtgacha uning ketidan qarab turdi va qiz ko‘zdan g‘oyib bo‘lgachgina, mashinasini o‘t oldirdi…
* * *
Katta tezlikda darvoza ro‘parasiga kelib to‘xtagan «Mersedes»ni ko‘rgan soqchilar birdan hushyor tortishdi. Furqat mashinadan tushib o‘tirmay, negadir dovdirab qolgan soqchiga baqirdi.
— Vey, go‘rso‘xta, ochmaysanmi? Yopishib qolganmisan yerga?..
Soqchi shosha-pisha darvozani ochib, qo‘l qovushtirdi. Furqat mashinasini ichkariga xuddi shunday tezlikda olib kirdi-da, ichkarida buyruq kutib turgan yigitlardan biriga yuzlandi.
— Tez mening ulfatlarimga qo‘ng‘iroq qil! Bir soat ichida yetib kelishsin! Keyin… O‘zimizning restoranga borib ichkilikning «doda»laridan olib kel!.. Adam kelmadilarmi?
— Y-yo‘q, shef, hali kelganlari yo‘q! — dedi tutila-tutila qo‘riqchi yigit.
— Bo‘pti, Valyaga ayt, saunani tayyorlasin! Odam ja qizib ketdi!..
Ko‘z ochib yumguncha Furqatning to‘rt nafar ulfati yetkazib kelindi. Ular ham Toshkentda nom chiqargan boyvachchalarning bolalari edi.
— Ha, tinchlikmi? — Nodir ismli bo‘ydor, qaochn qarasa qora ko‘zoynak taqib yuradigan badbashara o‘rtog‘i ichkariga kiriboq baland ovozda qichqirdi. — Furqat, nima balo, uylanyapsanmi deyman?
— Nechanchi marta? — qah-qah otib kuldi boshqasi.
— Bo‘ldi, haddilaringdan oshmalaring! — Furqat ulfatlarga peshvoz chiqib hammalarini birma-bir bag‘riga bosib o‘pdi. — Qani, o‘t hammang mehmonxonaga, aysh qilamiz!
— Hech bo‘lmasa, sababini ayt! Bekordan-bekorga emasdir, axir!?.
— E, kiravermaysanlarmi gapni ko‘paytirmay!..
Mehmonxona kenglikda katta bir tashkilotning majlislar zalidan qolishmasdi. To‘rt tomoniga chet elda ishlab chiqarilgan yumshoq divanlar, oromkursilar qo‘yib chiqilgan. Deraza oldidan to‘tiqush, kanareykalar solingan qafaslar o‘rin olgan. Furqat zerikkan paytlarida shu qushlarning jig‘iga tegishni xush ko‘rardi.
Ulfatlar mehmonxona o‘rtasidagi shohona bezatilgan stol atrofiga o‘tirishgach, Nodir sekin Furqatning qulog‘iga shipshitdi.
— Ishonasanmi, men bugun anavi «gera»ning zo‘ridan opkeldim.
— Qayerdan bilding zo‘rligini? — so‘radi Furqat tashqariga o‘g‘rincha qarab olib.
— E, chetga qatnaydigan bir og‘aynim Tojikiston chegarasidan sotib olibdi. Tatib ko‘rsa, «vaabщe» tindiradiganidan ekan. O‘ylab o‘tirmay, naq bir kilosini olib qo‘ya qolibdi.
— Bo‘pti, u narsaniyam ko‘rishga ulguramiz…
Ulfatlar avvaliga konyak ichishdi. Badanlari obdon qizigach, Nodir olib kelgan narkotikka o‘tishdi. Aldamabdi. Hammalari tinib qolishdi. Bir-ikkitalari ancha vaqt o‘zlaricha kulib ham olishdi. Furqat bo‘lsa, qancha payt bilmaydi, allaqayoqlarda uchib yurdi. Har uchganda yuragi hapriqib-hapriqib, sal qursa dod solayozdi. Yuragi tinchlanib, ohista ura boshlagach, yana parvozda davom etdi. Shu ko‘yi ular uch soatlar chamasi mehmonxonada qolib ketishdi.
— Men kecha zo‘rini, yoshginasini, ketvorganini uchratib qoldim. — sal o‘ziga keldi shekilli, Furqat ko‘zlarini yumib olgancha gap boshladi. — Ko‘zlari, orqalari, ko‘kraklari… Xullas, ja ketvorgan. Ishonasizlarmi, o‘shani sevib qoldim.
— Yo‘g‘-e, — uv tortib yuborishdi hammalari. — Sen-a? Bo‘lishi mumkinmas.
— Nima bo‘pti? Sevib qolishga haqqim yo‘qmi?
— Kimning qizi ekan? — yotgan yerida savol tashladi Nodir. — Otasi baquvvatroqmikan ishqilib?
— Afsuski, kambag‘al qiz. Lekin menga buning ahamiyati yo‘q…
— Obbo… Jinnimisan?.. Shunday yigit kambag‘al qizni boshingga urasanmi? Bir umr boshing g‘alvadan chiqmaydi…
— Hozirgi qizlar juda tez yetilib qolishyapti-da! — dedi Furqat do‘stining tanbehiga e’tibor qilmay… — Ha, mayli, xullas, ichamiz, aysh qilamiz… Qani, anavilarni ochlaring!..
— Og‘ayni, hozir ham bo‘lsa voz kech u qizdan!.. Otang baribir ko‘nmaydi…
— Senga otamning tashvishi tushmay qo‘ya qolsin, Nodir!.. U kishini ko‘ndirishni o‘zim hal qilaman… Uylanaman o‘sha qizga! Senlar avval ko‘rgin u qizni!.. Farishtalar ham bunaqangi ketvorgan bo‘lmasa kerak…
— Hali kichkina deyapsan-ku! — dedi Nodir kulib. — Sen allaqachon yigirmani urib qo‘ygan bo‘lsang, yurasanmi katta bo‘lishini kuti-ib?
— Kerak bo‘lsa, kutaman ham. Senga nima? Quy aroqdan!
Furqat ortiq Nasiba haqida so‘z ochmadi. Ulfatlari bilan to namozshomga qadar maishat qilib o‘tirdi. Yana pichadan geroin urishdi. Otasi keladigan payt yaqinlashgachgina tarqalishdi…
(davomini yaqin soatlarda o‘qiysiz)
Olimjon HAYIT
Olimjon HAYIT
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
O‘zbekistonda onkologik kasallikka chalingan ayollar bepul davolanadi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi