Nasiba prokuror bilan bo‘lib o‘tgan voqeani qachonlardir filmlarda ko‘rgandi. Demak, o‘sha filmlar ham hayotdan olingan ekan-da. Mana, o‘zi guvoh bo‘lib turibdi. Endi har oyda prokuror qo‘lidan o‘sha pulni qurtdek qilib sanab oladi. Egnidagi chiroyli forma, jabrdiydalarni himoya etishdek sharafli ishini bir chetga surib qo‘yadi-yu, nafsini himoya qilishga kirishadi. Shubha yo‘q, pullarni Nasibaning qo‘lidan olib ham bir tuki seskanmaydi. Indamasdan kissasiga soladi-da, hech narsa bo‘lmagandek iliq xayrlashadi, qop-qop va’dalar beradi. Eh, nima qilsin? Dardini kimga aytsin? Prokuror shunday yo‘l tutib tursa, qolganlar nima qiladi?..
— Mayli, bosh-ko‘zimdan sadaqa, — dedi o‘ziga o‘zi Nasiba kechqurun uyiga kirib kelarkan. — Harqalay anavi soliqchi pes bezovta qilmaydi. Do‘konga kelvolib kerilmaydi. Asabimga o‘ynamaydi…
Bilol vaqt xuftondan oshgani sababli dam olishga yotgan shekilli, xona chirog‘i o‘chirilibdi. Faqat onasi hovlida darvoza tarafga tikilgancha o‘tirardi.
— Xudoga shukr-ey, keldingmi, bolam? — Nasiba mashinasini darvozaxonaga qo‘yib so‘riga yaqinlashmay unga peshvoz chiqdi Nafosat aya. — Ko‘zim to‘rt bo‘lib o‘tirgandim. Ishingam bor bo‘lsin-da! Kechasi demaysan, yurasan, dam ham olgin-da munday!
— Bilol keldimi ishdan? — so‘radi Nasiba derazalarga ko‘z tashlab. — Siz nega uxlamadingiz?
— Meni qo‘yaver! Seni kutayotgandim. Ilhaq edim. Ha, Bilol keldi, birga ovqatlandik, baraka topkur qo‘l-oyog‘i chaqqongina yigit ekan. Qiyinchilik ko‘rib o‘sgani shundoq bilinib turibdi. Qo‘limdan chelakni olib o‘zi hovliga suv sepib chiqdi. Oyshaxonniyam haydab soldi. Umri ziyoda bo‘lsin!
Nasiba negadir shu tobda o‘zini ezilgan kabi his etib so‘rining bir chetiga cho‘kdi-da, onaning yelkasiga bosh qo‘ydi.
— Oyijon, aytardim-ku dunyoda yaxshi odamlar ham bor deb! Ana sizga so‘zimning isboti! Bu yigit ko‘p issiq-sovuqni boshdan o‘tkazgan ekan. O‘zi gapirib beruvdi. Qaniydi boshqalar ham shu Bilolga o‘xshasa!
— Menga qara, — Nafosat aya kutilmaganda qizining boshini kaftlari orasiga olib asta ko‘tardi. — Bir gap aytaymi senga?
— Ayting, oyi, — Nasiba qaytadan boshini onasining yelkasiga qo‘yib oldi. — Nimani aytmoqchisiz?
— Shu desang, boya Bilol hovliga suv sepayotganda unga tikilib turi-ib bir gap xayolimdan o‘tdi-da!
— Qanaqa gap? Cho‘zmasangiz-chi, oyi! Hozir yuragim portlab ketadi.
— Qaniydi shunday kuyovim bo‘lsa deb xayol qildim. Kelishgan, oyoq-qo‘li chaqqon, odamovimas, bir gapirib o‘n kularkan. Kuyoving bo‘lsa shunchalik bo‘ladi-da!..
— Obbo oyijonim-ey, — kuldi Nasiba. — Qayoqdagi bo‘lmagan narsalarni o‘ylab yurasiz-a! Mendan so‘rang-da oldin! Ikki marta erga tegishga ulgurdim shu yoshimda. Xo‘sh, nima maza topdim? Biri o‘lib berdi, ikkinchisi narkoman chiqdi… Qo‘ying, oyi, yaramni yangilamang!..
Nasiba ohista o‘rnidan qo‘zg‘alib, ichkariga yo‘l oldi.
— Men charchadim, oyi, dam olay! Siz ham yotib uxlang!
* * *
O‘ringa yotgandan keyin ham Nasibaning uyqusi kela qolmadi. Onasining gapidan so‘ng yaqin o‘tmishi hadeganda ko‘z o‘ngida gavdalanib, oh tortishga, qalban azoblanishga majbur etaverdi. Ayniqsa, Furqatning oxirgi aytgan so‘zlari, uyidan otasiga ergashgancha bosh egib chiqib ketishi Nasibaning bag‘rini kemiraverdi. Ha, o‘shanda qo‘yib berishsa, yugurib hovliga chiqishni, Furqatning yo‘lini to‘sishni ixtiyor qilgandi. Ammo g‘urur, qizlik nomusi yo‘l bermagan, to‘yib-to‘yib, o‘ksib-o‘ksib yig‘lash bilan cheklangandi.
— Menam bilaman, oyi, — shivirladi shiftga hissiz tikilib. — Bilolni ilk bor ko‘rganimdayoq havasim kelganini bilmaysiz-da! O‘shanda ko‘nglimdan o‘tgan gap-so‘zlarni bir eshitsangiz edi! Afsuski, men Bilol uchun it tekkan oshman. U ochiq ko‘ngil, beg‘ubor qalb egasi. Hali chimildiq ko‘rmagan bo‘y yigit. Shularni bila turib qanday orzulay? Qay yuz bilan u haqida xayol suray? Qizingiz tashqarida kulib, mamnun yurgani bilan har soniyada ichidan zil ketishini, qalbi ho‘ng-ho‘ng yig‘lashini bilmaysiz. Bilmaganingiz ma’qul. Shundog‘am mening dardimni tortaverib qaridingiz, qaddingiz egildi. Buyog‘iga tinch, o‘ynab-kulib yashashingizni istayman, oyi!..
Shunday o‘ylar miyasida aylana-aylana, ko‘zlari jiqqa yosh bilan uxlab qoldi.
* * *
Erta tongda Nasibani onasining yig‘i aralash so‘zlanishi uyg‘otib yubordi. U dast o‘rnidan turdi-yu, kiyimlarini kiyib pastga tushdi.
Nafosat aya so‘rida o‘tirgan ko‘yi darvoza tarafga qaragancha nimalardir deya so‘zlanardi. Qo‘lida esa bir parcha qog‘oz ushlab olibdi.
— Nima bo‘ldi yana, oyi? — hovliqib borib Nafosat ayaning qo‘lidagi qog‘ozni tortib oldi Nasiba. — Tinchlikmi?
— Bilol ketib qoldi, qizim, — yig‘lashdan tiyila olmay Nasibani quchdi u. — Xafa qip qo‘ydik shekilli. Ertalab narsalarini ko‘tarib tashqariga chiqdi-yu, qo‘limga mana shu qog‘ozni tutqazib, chiqib ketdi. Men… Qog‘ozi qurmag‘urni o‘qiy olmasam…
Nasiba shosha-pisha qog‘ozni ochdi. Qog‘ozga shunday jumlalar bitilgandi.
— Opa, men o‘zboshimchani kechiring! Uzoq o‘yladim. Ammo o‘ylarimning oxiri ko‘rinmayapti. Ko‘p bor sizga ochiqchasiga hammasini aytmoqchi bo‘ldim. Haddim sig‘madi. Botina olmadim. Keyin… Kim bo‘libmanki, sizday tadbirkor, badavlat, kelishgan qizga muhabbat izhor qilsam! Shularni o‘yladim-u, ketishga qaror qildim. Ortiq qiynalishni, sizga har ko‘zim tushganda, do‘zax azobida kuyishni xohlamadim. Ammo sizdan juda minnatdorman. Ayani ham yaxshi ko‘rib qolgandim. U kishi bilan har ko‘rishganimda oyim rahmatli xayolimga kelardi. Opa, ishga joylaganingiz, menga shuncha mehr ko‘rsatganingiz uchun ming rahmat sizga! Lekin meniyam tushuning. Qalbimga birinchi marta shunday yoqimli tuyg‘u oshno bo‘ldi. U ketishimni xohladi. O‘zimniyam, sizniyam qiynamasligim shartligini uqtirdi. Men qalbimning amriga bo‘ysunishdan bo‘lak chora topolmadim. Sizni sevib qoluvchi: Bilol.
* * *
Nasiba hech narsa demadi. Beixtiyor quyilib kela boshlagan ko‘z yoshlarini yengiga apil-tapil artdi-da, Nafosat ayani quchdi.
— Oyi, yig‘lamang, hammasi yaxshi bo‘ladi! Men Bilolni yerning tagidan bo‘lsayam topib kelaman!
— Rostdanmi? Uyga qaytarasanmi uni? — javdirab qiziga boqdi Nafosat aya. — Ko‘narmikan?
— Ko‘nadi, — dedi Nasiba. — Ko‘nmay qayga borardi?!. Hali u yigit mening sovunimga kir yuvmabdi.
— Voy, tag‘in qattiq gapirib ichini og‘ritmagin!
— Yo‘q, qattiq gapirmayman, oyi! Xavotirlanmang. Kechgacha topaman. Ishlarni tartibga keltiraman-u, Bilolni qidirib boraman!..
Qidirishga hojat ham yo‘q edi. Bilol bu gal ham ilgarigi safar o‘tirgan bekatda negadir uyoqdan-buyoqqa borib kelar, atrofdagilarga umuman e’tibor bermasdi. Nasiba mashinani to‘xtatib, biroz uning harakatlarini zimdan kuzatdi. Keyin signal chaldi. Bilol e’tibor bera qolmagach, qayta-qayta chalaverdi. Oxiri Bilol ilkis u tomon bosh burdi va darrov boshini quyi soldi. Aftidan ketishga chog‘lana boshladi. Ikkinchi bor bosh ko‘tarib qaragach, Nasiba qo‘li bilan «kel» ishorasini qildi. Bilol bir necha o‘n soniya ikkilanib taraddudlangandan keyin ehtiyotkorlik bilan mashinaga yaqin kelib orqa o‘rindiqqa o‘tirdi.
Nasiba atayin qo‘lidagi qog‘ozni ko‘z-ko‘z qilish ilinjida qo‘lini yuqoriga bir necha marta ko‘tarib qo‘ydi. So‘ngra ko‘zgucha orqali Bilolga boqib so‘radi:
— Nega darsga bormadingiz?
— Ko‘ngilga sig‘madi, — dedi bosh ko‘tarmay Bilol. — Shunga…
— Tag‘in domlalaringiz haydab yuborishmasin o‘qishdan!
— Menga endi baribir. Qishlog‘imga qaytib qo‘y boqib yuraveraman.
— Ja qaysar ekansiz-ku!
— Ha, qaysarman! Opa, agar boshqa gapingiz bo‘lmasa, men tushsam! Iltimos, to‘g‘ri tushuning!
— Iye, bu kishini qaranglar, — Nasiba yarim hazil, yarim chin ohangda so‘z qotdi. — Qayerga ketasiz? Ish-chi? Ishni kim qiladi?
— Ish?.. Axir…
— Kemaga tushganning joni bir degan matalni eshitganmisiz? Meni — rahbaringizni ora yo‘lda qo‘yib indamay ketvormoqchimisiz? Demak, men qiynalsam, chuv tushib yuraversam mayliykan-da! Yordamchi rahbarini himoya qilmaydimi? O‘zi manavi qog‘ozda yozilgan gaplar haqiqatmidi yo to‘qib yozganmidingiz?..
Xuddi shu gapi Bilolni beixtiyor sergaklantirdi. Qanday bosh ko‘targanini, Nasibaga yaqinlashganini payqamay qoldi.
— Rost! — dedi bilinar-bilinmas titrab. — Ishoning, hammasi rost! Men yolg‘on gapirishga o‘rganmaganman! Mayli, keyin meni ishdan haydang, o‘qishdan haydattiring, qarg‘ang, menga baribir. Ammo aytaman! Haqiqatni aytaman! Gaplarim haqiqatligini isbot qilaman!
— Qaysi gaplaringizni nazarda tutyapsiz? — ayyorona ko‘z qisib so‘radi Nasiba. — Tushunmadim, Bilol!
— Men… Sizni yoqtirib qoldim… Bilmadim… Ammo… Kechadan beri bo‘lganimcha bo‘ldim. Bilaman, sezib turibman… Axir, menga kim qo‘yibdi sizday qizga sevgi izhor qilishni? Kim bo‘libmanki…
— Bas qiling! — Bilolning so‘zini kesdi Nasiba. — Bilol, ikkinchi marta mening qarshimda o‘zingizni yerga urmang!
— Xo‘p… Unda men boray! Haligiday…
— Qayerga borasiz? Do‘kondagi ish nima bo‘ladi?
— Siz… Meni…
— Hozir narsalaringizni olamiz-da, uyga olib boramiz. Keyin men bilan birga boshqa do‘konimga borasiz. Tushuntira oldimmi?
Bilol asta bosh silkib qo‘ydi.
Nasiba esa yelkasidan yana bir zalvorli tog‘ ag‘darilgandek, yengil tortib motorga o‘t qo‘ydi.
“Qiziq, — o‘ylardi Bilolni o‘tqazib shaharning boshqa bir chetidagi supermarketdan xabar olish uchun ketib borarkan. — Furqat sira tap tortmay sevgisini aytgandi bir paytlar. Bu esa qaltirab ketaverdi. Qay biri chin muhabbat o‘zi? Furqatning muhabbatimi yo Bilolnikimi? Nahotki, yolg‘on gapirgan bo‘lsa? Nahotki, o‘z yolg‘oni zabtiga olib qaltirab ketavergan bo‘lsa?.. Bu nima o‘zi? Hozir o‘tiribman-u, negadir ilgarigidek yuziga tik boqishga qo‘rqyapman. Nega? Shunchalar qo‘rqoqqa aylanib qoldimmi? Yo boshqa narsami bu? Nega Bilol meni to‘xtatib qo‘yib ichidagilarni to‘kib solmayapti? Ko‘nglidagi bor mehrini menga gapirib tashlamayapti? Munosib emasmanmi? Yo haqiqatan bu yigit qo‘rqoqmi? O‘zim so‘z ochayinmi yo? Unda ayolligim qayerda qoladi? Bu yengiltabiat ekan deb o‘ylamaydimi?..”
Nasiba to manzilga yetguncha o‘ylayverdi, bosh qotiraverdi. Baribir o‘ylarining oxiriga yeta olmadi. Bironta savoliga javob topa bilmadi.
Manzilga yetgach, asta pastga tushdi-yu, Bilolni ergashtirgancha ichkariga kirdi. Bu supermarketda Tilavoldi degan yigit ish boshqaruvchi edi. Negadir u bilan ham gaplashgisi kelmay, kabinetiga kirdi. Kirdi-yu…
Ne ko‘z bilan ko‘rsinki, xonada Furqat tirjayib o‘tirardi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)