Bilolning tutgan ishi Nasibaning nazdida juda shubhali edi. Ombor borligini o‘zidan bo‘lak hech kim bilmasa, vagonda yuk kelganidan do‘kondagilar ham bexabar bo‘lishsa, buni qanday tushunsa bo‘ladi? Nega bu hiylalarni o‘ylab topdi-yu, nima uchun qaytadan biznesni Nasibaning o‘ziga qaytarishni xohlab qoldi? Sababi nimada?..
Nasiba atayin sir boy bermadi. Ortiqcha savol ham berib o‘tirmadi. Bilol xohlagandek, o‘sha shubhali omborni ko‘rishga rozi bo‘ldi va mashina motoriga o‘t qo‘ydi.
Bu gal Bilol yana bir ish qildiki, gumonini battar kuchaytirdi.
U o‘zining mashinasiga o‘tirdi. Ilgari yonida Nasiba bo‘lsa, hech qachon o‘z mashinasiga o‘tirmasdi. Demak, bu yerda yana boshqa gap bor.
Nasiba qo‘liga telefonini oldi-da, Bilolga qo‘ng‘iroq qildi.
— Ha, nima gap, jonim? — degan ovoz keldi go‘shakdan. — Tinchlikmi?
— Nega men bilanmas, o‘zingizning mashinangizdasiz? — so‘radi Nasiba. — Bunaqa odatingiz yo‘g‘idi-ku!
— Nima farqi bor? Yuraver, men orqangdan kuzatib boryapman! O‘n besh daqiqa ichida omborda bo‘lamiz!..
Baribir Nasibaning ko‘nglidagi g‘ashlik tarqamadi. Ehtiyotkorroq bo‘lishga ahd qilib tezlikni oshirdi.
Nihoyat vokzal yonboshidagi o‘sha aytilgan omborga ham yetib keldi. Bilol mashinasini ombor eshigi ro‘parasida to‘xtatdi-yu, ammo pastga tushishga shoshilmadi. Nasiba atayin mashinadan tushmay uni kuzatdi. Bilol o‘tirgan yerida kim bilandir telefon orqali gaplashdi. Shundan keyingina pastga tushib Nasibaga qo‘l siltadi.
— Bu yerda bir gap bor, — dedi o‘ziga o‘zi Nasiba hanuz pastga tushishga shoshilmay. — Bilol qandaydir o‘yinni o‘ylab topgan ko‘rinadi. Xudoyim, o‘zing ko‘rib turibsan. Haq-nohaqni o‘zing ajrim qil. Meni, vujudimdagi bolamni o‘zing balolardan asra! Mening hech kimga yomonligim yo‘q. Faqat meni, bolamni tinch qo‘yishsa, balolar daf bo‘lsa bas…
Shularni tiliga ko‘chirgancha Nasiba tavakkal pastga tushdi. Tushayotganda chap qovog‘i pir-pir ucha boshladi. Keyin esa o‘ng qovog‘i uchdi. Ketidan ikki bilagi baravar uchib g‘ashini keltirdi.
Bilardi, qachonki qovoqlari uchsa yaxshilik yo yomonlikka. Ikkala qovog‘i ham ketma-ketiga uchdi. Demak, yaxshilik va yomonlik yonma-yon keladi. Bilaklarining uchishi esa kimlar bilandir ko‘rishishidan darak. Ular Nasibani hech qachon aldamaydi. Albatta yaxshilig-u yomonlikdan o‘z vaqtida ogoh etishadi.
— Men Bilolga qattiq ishonardim, — dedi u mashina yonidan turib uni kuzatarkan. — Meni kimsasiz joylarga olib keldi. Nega? Maqsadi nima? Nega o‘sha yerning o‘zidayoq niyatini aytmadi? Ha, qo‘rqqan. Afsus, yana cho‘g‘dan qochib alangaga ro‘baro‘ keldim shekilli. Mayli, nimayam qila olardim. Aldanganim haqiqat ekan. Ko‘nglim sezib turibdi. Balki oxirgi nafaslarimni olayotgandirman? Bor boyligimga faqat o‘zi egalik qilish uchun bir baloni o‘ylab topgan ko‘rinadi Bilol. Axir, bu adolatdan emas-ku! Hammasini o‘ziga xatlab bergan bo‘lsam. Yallosini qilib yuravermaydimi? Meni yo‘q qilishdan nima naf topadi?..
Shu tobda orqa tarafdan tanish mashina katta tezlikda kelib Nasibaga yaqin joyda to‘xtadi. Bilol ham uni ko‘rdi deguncha yugurgancha u tomonga yetib keldi…
Adashmagan ekan. Mashinadan gumashtalari qurshovida Furqat tushdi-da, Nasibaga yaqinlashdi.
— O‘, kimlarni ko‘ryapman, — dedi u namoyishkorona. — Qaranglar, bolalar, ayol bo‘lsa shunday bo‘lsin-da! Va’dasini unutmabdi. Nozim, bugun baxting kuladigan bo‘ldi! Bahsda yutqazadigan bo‘lding, jo‘ra! Ana, xuddi shu ayol men maqtagan Nasiba bo‘ladi! Bilasanmi uning qancha boyligi bor? E, tushingdayam ko‘rmagansan shuncha pulni! Xo‘sh, Bilol, nima qilamiz endi? Ombor tayyormi?
Nasiba kuchli xavfni ko‘ngli sezib ulgurgan bo‘lsa-da, bir tuki seskanmay, bir Bilolga, bir Furqatga nazar tashladi. Ular mamnun edi.
Nasiba o‘sha kecha Furqatning haqoratli so‘zlarini yodga oldi. Ha, bundan chiqdi u fikridan qaytmagan. Ayyorona yo‘l bilan Nasibaning sha’nini, nomusini bulg‘ashga bel boylagan. Lekin… Qaysi gunohlari uchun? Xotin bo‘lib quchog‘iga kirganda, ko‘rsatgan hunarlari kammidi? Nega bunday qabihlikka bormoqchi?..
— Jonim, — deya pildirab kelib Nasibaning qo‘lidan tutishga chog‘landi Bilol. — Omborga kirmasang bo‘lmaydi. Yuraqol, Nozim xafa qilmaydi seni.
— Hali sen shunaqamiding? — dedi Nasiba uning o‘ziga uzangan qo‘lini siltab tashlab. — Anavi iflosning nog‘orasiga o‘ynadingmi? Xudodan qo‘rqmaysanmi?
— Bu xotin yaxshilikchasiga ko‘nmaydi baribir, — dedi Furqat turgan yerida. — Bilol, va’dang boshqachaydi-ku! Nega qoqqan qoziqday qotib turibsan? Opkirmaysanmi kelinni? Kuyov kutib qoldi! Mahtal qip qo‘yish yaxshima-as kuyovni!..
— Nasi, — unga yaqinroq kelib qulog‘iga shivirlay boshladi Bilol. — Yaxshi qiz bo‘l! Omborga kirsang bas, hammasidan qutulasan! Nozim niyatiga yetadi-yu, vassalom! Keyin biz omborni yoqvoramiz. Ortiq xor bo‘lmaysan. Abadiy uyquga ketasan!
— Nima?..
Nasiba shu savolni berishgagina ulgurdi. Daf’atan serqatnov yo‘l tarafdan ikkita militsiya mashinasi sirenalarini yoqqancha katta tezlikda kirib keldi. Keyingi voqealar shu qadar tez sodir bo‘ldiki, Nasiba xayollarini-da yig‘ishga ulgurmay qoldi.
Militsionerlar Bilolni ham, Furqat-u, yonidagi gumashtalarni ham qo‘lga olishdi. Qo‘llarini kishanlab, negadir Nasibaning qarshisiga yetaklab kelishdi.
Shunda militsiya mashinasining biridan Nasibaga tanish chehralar tushib keldi. Biri prokuror, ikkinchisi esa Furqatning otasi Qudrat Karimovich edi.
Prokuror Nasibaga boshini quyi solgan ko‘yi yaqinlashib kelib past ovozda salom berdi. Ketidan Qudrat Karimovich ham salomlashdi. Ammo Nasiba bu salomlarga alik oladigan holatda emasdi. Xayollari butkul chalkashib ketgandi. Nimalar bo‘layotganini anglay olmay halak edi. Bilgani Furqat va Bilol uni Nozim deganiga qo‘shib berishni, keyin esa yolg‘iz o‘zini omborga qamab yoqib yuborishni mo‘ljallagani edi.
— Singlim, baxtingiz borakan, — dedi prokuror o‘rtadagi jimlikni buzib. — Yaxshiyam agenturamiz yaxshi ishlaydi. Yo‘qsa, sizday beg‘ubor, beziyon qiz manavinaqangi iblis malaylarining qo‘lida o‘lib ketishi hech gapmas. Xudoga aytganingiz borakan.
— Nega bunday bo‘ldi? — so‘radi Nasiba yig‘lamsirab. — Men… Ularga nima yomonlik qilib edim? Ayting, nima yomonlik qildim?..
— Sizning pullaringiz kerak edi ikkalasiga. Sababi shu xolos. Keyin… Bilasizmi bular kim? Bular aslida aka-uka ekan! Ana, Qudrat Karimovichday odam ham bugun bilib qopti. Shu inson bizni yo‘lga otlantirdi. Aslida militsiyaning ishiga aralashishga mening haqim yo‘g‘idi, buni bilasiz! Lekin akaning hurmati uchun menam birga keldim.
— Ha, qizim, men farzand o‘stirmagan ekanman, — dedi Qudrat Karimovich ko‘z yoshlarini tiya olmay. — Bilol ham mening o‘g‘lim ekanini hozirgina bildim. Bir paytlar Buxoroda buning onasi rahmatli bilan nikohimiz bo‘lgan… Lekin Furqat ikkovi topishishi, sizday begunoh qizni o‘rtaga olib mayna qilishi, it kuniga solishi yetti uxlab tushimga kirmagandi. Esingizdami, Furqat marazlik qilgandayam o‘zim birga borib kechirim so‘ragandim sizdan? Kechirmagandingiz. To‘g‘ri qilgandingiz. O‘shanda bekor sizdan xafa bo‘lgan ekanman. Bundaylarni xudoyam kechirmaydi. Mana, endi men bu nonko‘rlar uchun o‘lib qolsam ham kechirim so‘ramayman. Aksincha, bular qilmishiga yarasha jazo olishini xohlayman. Agar prokurorlar, sud jazo bermasa, o‘zim talab qilib turvolaman! Ularning yer yuzida yashashgayam haqi yo‘q aslida. Bular mening yuzimniyam yerga qaratdi. Nonko‘rlik qildi!..
Nasiba barchasini eshitib, idrok etib turardi. Biroq javob qaytarishga ojiz edi. Alam, nafrat, pushaymonlar, shukronalik gapirishga qo‘ymasdi. Nimadir deyishga chog‘landi deguncha o‘pkasi to‘lib kelardi-da, bo‘g‘ziga nimadir tiqilgandek tek qotardi.
— Singlim, — dedi prokuror militsiya ofitseriga aybdorlarni mashinaga olib borishni ishora qilish orqali tayinlarkan. — Hammasini eshitdim. Bilol siz bilan tanishish, ishonchingizga kirish ilinjida klub yonidagi mushtlashuvni uyushtirgan va shuning bahonasida siz bilan yaqin bo‘lvolgan. Aytgancha, biznesingizni buning nomiga xatlab berganingizdanam xabarim bor. Xavotir olmang, men notariusga tayinladim. Bugunoq hammasini nomingizga qayta rasmiylashtirib, uyingizga boradi. Faqat iltimos, bundan keyin hushyor bo‘ling. Yomonlarning aldoviga uchmang!..
Nasiba yana hech narsa demadi. Achchiq ko‘z yoshlari lablarini kuydirib o‘tganini ham sezib-sezmay turaverdi.
Militsiya mashinalari, Qudrat Karimovich, prokuror xayr-ma’zur qilib ketishgandan keyin ham ancha vaqt turib qoldi. Shu ko‘yi turaverdi. Biroq hech narsani o‘ylamadi. Qayg‘u chekmaslikka urindi. Xayolan Yaratganga shukr qildi, tavba qildi. Qornidagi bola bezovta tipirchilay boshlagandagina hushiga kelib sergaklandi va mashinasiga o‘tirib motorga o‘t qo‘ydi.
* * *
… Oradan yigirma yil vaqt o‘tdi. Nasiba burgaga achchiq qilib ko‘rpani kuydirmadi.
Garchi Bilolni ko‘rishga ko‘zi bo‘lmasa-da, farzandini — qizi Nafisani dunyoga keltirdi.
Qizini yer-ko‘kka ishonmay, avaylab tarbiya qildi. Qonida bor ekan-da, Nafisa ulg‘aygach, shaharning ko‘zga ko‘ringan, obro‘li va salobati yuksak onasiga yordamchi bo‘ldi. Ikkovlashib ham qancha-qancha to‘siqlarni yengib o‘tishdi. Suv kelsa simirib, tosh kelsa kemirib deganlaridek tijorat, tadbirkorlikning qattiq nonini ahil bo‘lib, bir-birlarini suyib, qadrlab, olqishlab baham ko‘rishdi…
Nasibaga alam qilardi. Jondan aziz qadrdon onasi Nafosat ayani burnog‘i yili tuproqqa topshirdi.
Nafosat ayasiz dunyodek keng va go‘zal hovlisi huvillab qolgandek, ancha vaqt yig‘lab yurdi. O‘sha lahzalarda ham Nafisa unga dalda bo‘ldi. Ovutdi, ko‘nglini ko‘tardi…
Faqat… Shu qizidan bir gapni yashirgani hamon tinchlik bermaydi. Otasi Bilol ekanini aytmadi. Ayta olmadi. Yigirma yil shu sirni ko‘ksiga mahkam berkitib keldi. Nafisa gohida otasini surishtirib qolardi. O‘shanda yurak yutib, zardob yutib «Otang o‘lgan», deyishdan nariga o‘ta olmadi. Bilmaydi, bu qizg‘onishmidi, g‘ururmidi, yo telbalikmi, ishqilib, Bilolni qizining otasi ekani haqidagi haqiqatni yuzaga chiqarmadi. Buning o‘rniga tun-kun xudoyimdan Bilolga jazo so‘radi. O‘z o‘tmishini eslaganda, yig‘lab-siqtab unga jazo so‘rayverdi…
Furqatni ham qatordan qo‘ymadi. Uni esladi deguncha qachonlardir yetilib kelayotgandagi ahvoli, tuflisining poshnasi tushib qolgach, yalangoyoq ketayotgani, Furqat o‘shanda yaltiragan xorij mashinasida yaqinlashib kelgani, ortidan qolmagani, xullas, barcha-barchasi ko‘z oldida gavdalanaverdi.
«Yaratgan egam, o‘zingga haq ekanman, — dedi har nola qilganda. — Mana, yuzimni yorug‘ qilding, xalq, mahalla-ko‘y, qavm-qarindosh oldida aziz qilding. Yolvoraman, mengayam o‘lgunimcha bir marta bo‘lsayam, o‘sha marazning yalangoyoq, xor-zorlikda ko‘cha kezishini ko‘rsat! O‘shanda menam uning yonidan o‘zimning yarqiragan xorij mashinamda o‘tib ketay. Meni ko‘rsin-u, ichidan zil ketsin! Biloligayam shu kunlarni ko‘rsat! Ko‘rsatgin, xudoyim, ko‘rsatgin!..»
Alloh suygan bandalarini hech qachon noumid qo‘ymaskan. Yosh paytlarida ham so‘rasa xudoyim beraridan qismasdi. Bu safar ham azaliy ohlari yetib boribdi. Nasiba qizini yoniga o‘tqazib shahardagi katta bozor yonidan o‘tib borayotganda, ikki tanish basharaga ko‘zi tushdi. Ularning biri novcharoq, ikkinchisi pakanaroq edi. Ikkalasi ham kir-chir, ming yamoq kiyimda, soqollari o‘sib ketgan, boshlari egilgancha qolgan, telbalarcha bir-birlariga nimadir deya beo‘xshov va jirkanch kulardi. Ular Furqat va Bilolning o‘zginasi edi.
— Voy tavba qildim, — deya mashinani ularning ro‘parasida to‘xtatdi. — Qanchalar mehribonsan-a, xudoyim! Ko‘rsatding-a baribir, ko‘rsatding!?. Qara, shu kunga tushishlarini so‘rovdim o‘zingdan, tushiribsan-a! O‘zingga shukr!.. Boringga shukr! Nafisa qizim, — Nasiba yonida hayron bo‘lgan ko‘yi bir ko‘cha yuzidagi ikki kimsaga, bir unga qarab qo‘yayotgan qiziga yuzlandi. — Anavilarni ko‘ryapsanmi?
— Bomjlarnimi? — deya yanada jiddiylashdi Nafisa. — Oyi, nega ularning ro‘parasida to‘xtadingiz? Sadaqa qilmoqchimisiz? Shu bomj, alkashlarga-ya?..
— Oyim, ular bomj bo‘lmay turib juda boy odamlar edi, — dedi qiziga tik boqib Nasiba. — Kechir, shu paytgacha otang o‘lgan deb keldim! Haqiqatni bilishingni istamadim. Lekin haqiqatdan qochib qutulib bo‘lmas ekan. Mana shularning biri, hov anavi bo‘ydori sening otang Bilol bo‘ladi, jonim! Xabaring bor, men aytib berganman aka-ukalar meni sindirmoqchi bo‘lishganini. Esladingmi?
— Ha, oyi, esladim. Mana shularmidi?
— Ha, shular edi. Bular aka-uka! Pastakrog‘ini men ahmoq bir paytlar yonib sevgandim. U esa… Ha, mayli, o‘tmishni yodga olib yig‘lashdan, dard chekishdan foyda yo‘q. Bilib qo‘ysang bas. O‘sha novcharog‘i sening otang Bilol. Istasang, bor, tushib ko‘rishib kel, o‘zingni tanishtir! Men qarshilik qilmayman!
— Zaril kelgani yo‘q, oyi, — dedi Nafisa qovoq uyib. — Otam bo‘lsa nima qilay? Bir marta qizim boridi deb kelganmidi? Yo‘q. Buning o‘rniga sizdan mehribon, soddadil oyimni botqoqqa botirmoqchi bo‘lgan. Kerakmas, xudo kechirsin-u, mening unday otam yo‘q! Mening otam ham, onam ham, opa-singil-u aka-ukam ham siz. Baxtimga uzoq umr ko‘ring, oyijon! Iltimos, ketaylik shu yerdan! Keta qolaylik, oyi!..
— Barakalla, qizim, — dedi motorga o‘t qo‘yarkan Nasiba. — Senday aql-hushli, kuyinchak farzandim borligidan har daqiqada bir qopdan semiraman! Xudoyimga shukr! Adolat qilganiga, yaxshi-yomonni ajratib qo‘yganiga, hech kimdan kam qilmaganiga, umr berib qo‘yganiga shukr! Iloyim umrimizga ko‘z tegmasin!..
Mashina o‘rnidan qo‘zg‘aldi.
Furqat va Bilol Nasibani tanishgandi.
Tobora uzoqlashib borayotgan mashina ortidan ko‘zlarida yosh bilan tikilib turishardi-yu, miq eta olishmasdi.
Ikkovi ham o‘z dardi, xayollari bilan band edi.
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Slovakiya bosh vaziri Putinning taklifini qabul qildi
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”
Bosh kiyimsiz yurishning organizmga qanday ta’siri bor?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi