Maqola muallifi marhum san’atkor Obid Asomov haqidagi taniqli shaxslarning mulohazalari bilan birga qiziqchining ijodiga o‘z munosabatini ham bildirib o‘tadi.
Chiqishlaridan birida “O‘lim haq. Barchamiz bir kuni o‘lamiz” deb, “o‘zi kam sonli qiziqchilarning yanada kamayib borayotganidan” kuyingan Obid Asomovning o‘zi ham bu dunyoni tark etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda, internet saytlarida taniqli so‘z ustasini xotirlab yaxshi xotiralar aytildi. TVda Obid Asomov xotirasiga bag‘ishlangan film ham namoyish etilgan.
14 dekabr kuni o‘tkir infarkt tufayli olamdan o‘tgan Obid Asomov nafaqat qiziqchi, talantli aktyor va mohir rassom bo‘lgan.
Taniqli jurnalist, shoir Karim Bahriyev shunday xotirlaydi: “Bir zamonlar Bulat Okudjava: "Shoirlarni asranglar, iltimos, shoirlarni asranglar... Hali Danteslar tirik" deb xalqqa va hokimiyatga murojaat she’r yozgandi. Men uni tarjima ham qilganman. Bugun aytaman: "Artistlarni asranglar..."
Obidjon menga tengdosh edi. Yoshligida rassom edi, redaksiyaga rasm olib kelardi va ilk karikaturalarini 1985-1986 yillarda "Adabiyot" gazetasining “Shum bola choyxonasi” sahifasida ilk bor chiqarganman. Keyin Lion Izmaylov hajviyalarining tarjimasini berganmiz. Shu tariqa ularni ijro qilib, satiraga o‘tib ketgandi”.
Obid Asomov haqida O‘zbekiston xalq shoiri Xurshid Davron: “Obid Asomov nafaqat qiziqchi aktyor, shu bilan barobar durustgina rassom ham edi. Eng muhimi, u yaxshi inson edi”, deb eslaydi. “Obidjon o‘z yo‘nalishidagi san’at olamida men katta hurmat bilan bilan qaragan san’atkor edi. "Yoshlar" telekanalining dastlabki yillarida Obidjon bilan "Obid-shou" teleloyihasi orqali tanishib, ancha yaqinlashib qolgan edik. Iste’dodli rejissyor Adham Usmonov bilan Obidjon tufayli paydo bo‘lib, o‘zbek tomoshabinining sevimli televizion dasturiga aylangan mazkur teleloyiha shuncha vaqt o‘tib ham o‘ziga xosligi tufayli haligacha unutilmadi”.
Yozuvchi Murod Muhammad Do‘st bir intervyusida: “Ko‘p filmlarimning ssenariysini Obidga moslab yozganman. Mening qahramonlarimning xarakterini u zo‘r ochib bera oladi”, degan edi Obid Asomovning aktyorlik mahorati haqida gapirarkan.
“Obid Asomovning so‘nggi yillardagi ijodi menga yoqmagan. Ko‘p tanqid ham qilganman. Lekin xatoimiz shundaki, biz ijodkorlarning ijodini tanqid qilishda ularning shaxsiyatiga ham o‘tamiz. Qiziqchimi, demak, jiddiy odam emas, har qancha gapirsak bo‘laveradi, deb ham o‘ylaymiz, jumladan, men ham shunday xatolar qilgan bo‘lishim aniq. Ammo ular ham siz bilan bizga o‘xshagan hayot kechiradi, ular ham nimadandir xafa bo‘ladi, siqiladi, kasal bo‘ladi. O‘ladi. Kasbidan tashqari, xuddi bizga o‘xshagan oddiy inson. Nafaqat qiziqchilar, umuman, atrofimizda yurgan har qanday insonga nisbatan baho berishda, uning ham o‘z dardi, tashvishlari borligini esdan chiqarmaslik kerak”, deydi jurnalist Qahramon Aslanov.
Marhum san’atkorning 2016 yil "Amerika ovozi" nashriga bergan intervyusini ko‘rdim. San’atkor "1996 yildan boshlab mavzular chegaralana boshlaganidan" noligan ekan. Tanqidsiz yumor bo‘lmasligini gapirgan. Hamma gap shunda. Maishiy kulgi hech kim uchun qiziq emas. Biz bunga "bachkanalik" deb nom qo‘yganmiz. Azaldan yumor tanqid quroli bo‘lib xizmat qilgan. Hozir odamlar faqat beparda hangomalarga kuladi. Qiziqchilarning uyatsiz hazillari ham shundan "xamirturush" oladi. Masxaraboz yoki devona obrazlari adabiyotda ham aytish mumkin bo‘lmagan gaplarni ayta olish funksiyasini bajargan.
Asomovni dastlab xalqqa mashhur qilgan "Obid-A" teatrida haqiqiy yumorni ko‘rish mumkin edi. Teatr jamiyatimizning turli muammo va qusurlarini hajv qilar edi. Shunday miniatyuralardan birida Robinzon Kruzo bizning zamonimiz va makonimizda paydo bo‘lib qoladi. Robinzon – kulgi ortidagi og‘riqlarni ifodalash uchun o‘ylab topilgan niqob.
Obid Asomovning hazillari keyingi yillarda ancha maishiylashib, sayozlashib ketgani – bor gap. Aksar hazillari uyat pardasidan xoli, er va xotin o‘rtasidagi kunda-shunda bo‘lib turadigan voqealarning qichitqi qo‘shilgan kulgili talqiniga aylanib qolgandi. Ammo mahorat va talant sezilib turardi.
Lekin kuzatib bilganim, o‘zbek jurnalistikasi Obid Asomov shaxsiyatiga kirib bora olmagan. Ko‘pchilik suhbatlar, intervyular faqatgina hazil-huzul gaplardan iborat.
Uzoq yillar Obid Asomov TV sahnasida ko‘rinmay qoldi, konsert bermadi, turli mish-mishlar tarqaldi. Keyinchalik Rossiya televideniyesidagi "Krivoye zerkalo" hajviy dasturida ishtirok eta boshladi. Oxirgi ikki yil ichida u yana o‘zbek sahnasi va teleekranlarga qaytgandi.
Obid Asomov ijtimoiy tarmoqlar orqali jamiyatda bo‘layotgan voqeliklarga munosabat bildirib turgan. Ularning ichida, ayniqsa, “Nahotki bizning o‘zbek millatimiz shu darajada og‘zi shaloq bo‘lib ketdi?” nomli videomurojaat shov-shuvga sabab bo‘lgan.
O‘tgan yili Obid Asomov uzoq tanaffusdan so‘ng “Xalqlar do‘stligi” san’at saroyida “Sizlarni sog‘indim” nomli konsert dasturini taqdim etdi. Konsertdagi hazillarni kuzatarkanman, “Choyxonaga ayollar borolmaydi. U yer antisanitar joy, lekin biz erkaklarga shu yoqadi, dasturxonning yirtilmagan joyi yo‘q, ko‘rpacha shu qadar eski, 1917 yil bu ko‘rpachaga Hamza Hakimzoda Niyoziy o‘tirgan”, “Seulga bordim, voy-vuy, koreys juda ko‘p ekan-e”, “O‘zbek ayoli umuman kasal bo‘lmaydi, “o‘tib ketadi, o‘tib ketadi” deb yuraveradi kayfi bor odamga o‘xshab” kabi hazillari juda mayda hazil bo‘lib tuyulmadi.
Bundan ko‘p yillar oldin bergan bir konsertida o‘zining ijodiy biografiyasini kichik yumorda aytib bergan: “Bolaligimda o‘qituvchim urishardi “Asomov, gap sotma”, “Asomov, gap sotma” deb. Lekin men uning aytganini qilmadim, mana, 30 yildan beri gap sotib, pul olib tirikchilik qilib yuribman”. Sotgan gapi esa o‘zimizning yuzimizga tutilgan oyna edi. Ana shu “gap sotib” yashagan qiziqchining og‘riqlari bizni kuldiradi.
Obid Asomov o‘zining latifalari, xalqning tili va diliga ko‘chgan hazillarida yashayveradi.
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Obid Asomov 14 dekabr kuni Toshkentdagi 1-shahar klinik shifoxonasida 55 yoshda vafot etdi. Obid Asomov 1963 yilda Toshkentda tug‘ilgan. Toshkent teatr va rassomchilik institutida tahsil olgan, 1993 yilda "Obid-A" teatriga asos solgan. "Kulol va xurmacha", "Alpomish", "Dev va pakana", "Tohir va Zuhra (zamonaviy talqin)" kabi filmlarda suratga tushgan. 2000 yillar oxiridan boshlab rossiyalik taniqli yumorist Yevgeniy Petrosyanning taklifiga ko‘ra, "Krivoye zerkalo" teleshousida qatnashdi. U 2018 yil mayida "Multiplikatsion filmlar studiyasi"ga direktor etib tayinlangan edi.
Xurshid Serobov
Manba: Turon24.uz “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”