Nasroniylar qabristonidagi manzara biznikidan-da battarroq edi. Ayrimlar xuddi maymun kabi to‘rt oyoqlab chopgancha qayoqdagi qiliqlarni namoyish etar, boshqalari esa sher, yo‘lbars kabi pishqirib ularni quvlab ketardi. Ancha narida qaysidir nasroniy cho‘chqaning bir oyog‘ini qo‘lida baland ko‘targancha qolganlarga ko‘z-ko‘z qilar, ammo unga hech kim e’tibor qilmasdi. Hafsalam pir bo‘lib ortga qaytdim. Ha, o‘zimizning makonlardan qo‘ymasin ekan. Bizdagilar hech qursa o‘zidan nur taratishyapti. O‘shalarning nuri bahonasida hatto yarim tunda ham yorug‘ dunyoning jamolini tomosha qilsa bo‘ladi. Biroq… Ochligim yodimga tushdi deguncha alamim kelardi. O‘zimdan o‘zim nafratlana boshlardim. Biroq sal o‘tib nafrat o‘rnini yana mag‘rurlik, kalondimog‘lik egallab, tevarakdagilarga go‘yo bir pog‘ona yuqoridan qaray boshlardim. Shu narsa ochlikdan asragandek bo‘lardi. Garchi birovlarning nimadir yeya boshlaganini ko‘rsam ham kalondimog‘lik nafsim eshiklariga qulf solardi…
Keza-keza, oxiri zerikdim. Jonimga tegdi qabristonda aylanaverish. Ammo boshqa marhumlar yurishdan, harakatlanishdan to‘xtamasdi. Ba’zilari barzangi olib kelganda qanday baqir-chaqir qilib atrofni boshiga ko‘targan bo‘lsa, hozir ham tinmagan.
Men asta yurib borib pakanadan kelgan, egnidagi oq libosidan moviy nurlar taralayotgan qariyaning yoniga kelib o‘tirdim. U meni ko‘rdi, lekin qarshi bir og‘iz so‘z demadi. Xursand bo‘lib ketdim. Chunki ko‘p bora marhumlar bilan yonma-yon o‘tirishga urindim. Afsuski, meni talab tashlayverishdi. Yoki zarda aralash o‘rinlaridan turib boshqa tarafga borib o‘tirib olaverishdi. Shunchalar jirkanch va hech kimga keraksizligimdan bezib bo‘larim bo‘layozgandi. Qariyaning amali ko‘nglimni ko‘tarib yubordi.
— Ota, sizga hamma havas qilsa arziydi, — dedim tavakkal.
Aniqrog‘i, xudo ko‘rsatmasin, agar qariya men bilan suhbat qurishni xohlamasa, asta o‘rnimdan qo‘zg‘alib jo‘nab qolishga tayyor turdim. Baxtimga qariya unday harakat yo ishoralarni sodir etmadi. Aksincha, menga achinish aralash qarab bir necha marotaba norozi bosh chayqadi.
— Nega unday deyapsiz, bo‘tam? — so‘radi u. — Mening boshqalardan ortiq yerim yo‘q edi shekilli?..
— Faqat sizdangina moviy nur taralyapti. Buning siri nimada, ota?..
— Aslida oqmi, sariqmi nur taralishini xohlagandim, — javob qildi qariya kulimsirab. — Lokigin xudoyimning xohishi shunday bo‘libdi. Moviy rangli nurni menga ravo ko‘ribdi Yaratgan egam.
— Nega?
— Eh, bo‘tam, moviy rang osmon-u falak, arshi a’lo ramzi. Qarasam, shu qabriston bo‘yicha hisoblaganda, faqat men ekanman bir umr taqvoda yashagan. Ana shu amallarim evaziga xudoyim mening bahoimni, unvonimni o‘zgalardan farqlashni lozim topibdi.
— Ha-a, shunaqami? — dedim otaxonga yanada havasim kelib. — Baxtli odam ekansiz, ota!..
Qariya bir jilmaydi-yu, ko‘kka boqib, daf’atan bezovtalangancha o‘rnidan turdi.
— Tinchlikmi, ota? — so‘radim men ham o‘rnimdan qo‘zg‘alib. — Nima bo‘ldi?
— Namoz vaqtim bo‘libdi. Yuring, birgalashib namoz o‘qiymiz!..
— Men-a? — dedim hayratdan ko‘zlarim chaqchayib. — Menga aytyapsizmi?
— Albatta sizga aytyapman. Yuring, jamoa bo‘lib namoz o‘qishning xosiyati ko‘p bo‘ladi.
— Y-yo‘-o‘q, — deya beixtiyor ortga tislandim. — Men… Hali… Unday amallarga tayyor emasman, ota!..
— Mayli, u holda siz sayr qilib yura qoling! Men bu amalni ado etmasam bo‘lmaydi!..
Men ancha vaqt bir joyda qotgancha qolib ketdim. Qariyaning boqiy dunyodagi shunchalar obro‘liligi, qadrlanishi, unga xudoning marhamati, moviy nurni hadya etib qo‘yishi, namoz o‘qishi havasimni keltirar, qayta-qayta hayratlanar, u bilan o‘zimni taqqoslaganim sayin ichimdan zil ketardim.
— Nega mening haqimga duo o‘qishmayapti? — o‘zimga o‘zim savol berdim nihoyat o‘rnimdan qo‘zg‘alib. — Qara, Daminboy, hatto hov anavi ko‘rimsiz qabrdan chiqib kelganlar ham nuqul kavshanishdan bo‘shamayapti. Sening qabringni ko‘r! Sattang-a manaman degan marmardan yodgorlik o‘rnatilgan. Atrofi gulzor, hammayog‘i yog‘ tushsa yalagudek toza. Lekin och-nahor kezmoqdasan. Agar anavi barzangi kelguncha shu taxlit yursang, holdan toyib yiqilasan. U esa shafqatsiz. Tepa-tepa majburlab o‘rningdan turg‘azadi-yu, xohishiga bo‘ysundiradi. Biror yo‘lini topmasang, abgor bo‘lasan…
Shularni o‘ylardim-u, ammo kallam umuman ishlamayotgandek edi. Shartta borib kimningdir qo‘lidagini tortib olib tanovul ham qila olmasdim. Bu olamning o‘z qonunlari bor. O‘g‘ri, zo‘ravonni tinch qo‘yishmaydi. Ko‘plashib yo toshbo‘ron qilishadi, yo ochiq go‘r, ilonlari bor qabrga qamab tashlashadi. Juda bo‘lmaganda barzangini chorlab arz qilishadi…
Nima qilay? Qani menga yemish? Ochma-an!.. Yemish qani-i-i???
Shu tobda ancha naridagi bir kimsaga ko‘zim tushib qoldi. U ozg‘indan kelgan, mendan ancha yosh yigit edi. Nuqul kimlarnidir so‘kar, telbalarcha aylanar, ora-sirada birdan raqs tushib ham qo‘yardi.
Uni darrov tanidim. Bu O‘rin o‘g‘ri. Kissavurlik qilib kun ko‘rardi. Mening yigitlarimdan narkotik ham sotib olardi tez-tez. Demak, u ham o‘lgan ekan-da! Hozir nega bezovta? Kimni so‘kyapti?..
Hovliqqancha bir sakrab uning qarshisida hozir bo‘ldim. Tanidi bachchag‘ar. Chopa kelib salom berdi.
— Assalomu alaykum, Daminboy og‘a, — dedi u menga yaqin kelib. — Nega xomushsiz?
Men hayot paytimda ham birov salom bersa, hech qachon alik olmasdim. Bosh qimirlatish bilan cheklanardim. Hozir ham o‘g‘riga shunday javob qaytardim.
— Nega xafasiz? — savolini takrorladi u. — Birov narivatsa qildimi? Ayting, tishini to‘kib qo‘yaman!
Oh, bor ekan-ku haqiqat! Men o‘zimga juda qadrdon bo‘lgan jargonli gaplarni o‘g‘ridan eshitishim bilan kayfiyatim bir bahya ko‘tarilgandek bo‘ldi. Xursand bo‘lib ketdim. Lekin sir boy bergim kelmadi. Qolaversa, ochlik meni bezovta qilishdan tiyilmagani sababmi, darrov qaytadan qovog‘imni uydim.
— O‘rinboy, — dedim atrofga alanglab olib. — Bu yerda qanday qorin to‘ydirsa bo‘ladi? Ochlik zabtiga olyapti.
— Tushundim, — dedi o‘g‘ri jiddiy tortib. — Afsuski, yordam bera olmayman. O‘zimizning dunyoda bo‘lsa…
— E, — jerkib tashladim uni. — O‘zimizning dunyo bo‘lsa, sendaqalarga murojaat qilib o‘tirmasdim.
— Haqsiz, — dedi o‘g‘ri. — Sizning qanday odam bo‘lganingizni bilaman. Nima qilay? Bu yer qabriston. Murdalar, marhumlar, ruhlar, arvohlar makoni. Bu makonda birov birovga ko‘mak bera olmaydi. Hamma o‘z tinchini o‘ylaydi, o‘z muammosini hal etish payida yuradi. Biroq men aka-ukachiligimiz hurmati, bir maslahat berishim mumkin.
— Ber o‘sha maslahatni! Nima demoqchisan?
— Avvalo duxni ko‘taring, og‘a! Keyin ochlikka barham berish uchun uydagilaringizni oyoqqa turg‘azishingiz kerak.
— Qanday qilib?
— Borasiz, ularning ko‘ziga ko‘rinasiz.
— Ko‘ziga ko‘rinaman? Bo‘ladigan gapni gapirsang-chi! Tiriklar o‘liklarni hech qachon ko‘ra olishmaydi. Meni ahmoq deb o‘ylayapsanmi?
— Yo‘q, — dedi o‘g‘ri. — Agar chin ko‘ngildan xohlasangiz, ko‘rishadi. Lekin arvohingizni ko‘rishadi. Bu ularni juda qo‘rqitib yuborishi aniq. Ana shundan keyin tafakkurlari uyg‘onib qorningizni to‘ydirish payiga tushishsa ajabmas. Shundan bo‘lak maslahat bera olmayman, kechiring! Men ketishim kerak. Bir-ikkitasining duxini sindirishim zarur. Jig‘imga tegyapti!..
Bildimki, o‘g‘ri telbaga aylangan. Aks holda bir qirdan, bir sirdan kelmasdi. Lekin maslahatida jon borga o‘xshayapti. Televizorlarda o‘zim ham ko‘p ko‘rganman. Arvohlar tirik odamning ko‘ziga ko‘rinsa, albatta vahima ko‘tariladi. Tiriklar jonsarak bo‘lib qolishadi. Harakatga tushishadi. Menam borib bir qo‘rqitaman. Xudodan so‘rab ko‘raman. Bir marta ko‘zlariga ko‘rinishimga izn bersa koshkiydi. Ular ham menga yemish yuborish harakatiga tushishardi. Shunday qo‘rqitamanki, tug‘ilganlariga, meni unutganlariga ming pushaymonlar yeyishadi. Xuddi kinolardagidek oldiniga pardalarni qimirlatib qochaman. Sezishmasa, shundoq peshonasida arvohim namoyon bo‘ladi. Turqim sovuqligini bilaman. Demak, juda qo‘rqinchli arvohga aylanishimga ham shubha yo‘q. Yashavor o‘g‘ri, kallang ishlarkan telba bo‘lsang ham! Qani, Daminboy, harakatingni qil! Bu dunyosidayam o‘zing uchun o‘zing yugurmasang, birov beri kel demaskan. Yo‘lga tush!..
* * *
Barzangi aldamagan ekan. Oldiniga u qarshimdan chiqib tag‘in basharamga musht tushirib qolmiasmikan degan o‘yda qo‘rqa-pisa oldinga yura boshlagandim. U ham, vujudimni chirmab olguvchi yelim ham ko‘rina qolmagach, qadamimni tezlatdim…
Hozir ayni payti. Tun cho‘kishiga hali vaqt bor. Uyimdagilar uxlashmagandir. Ulgursam, marra meniki. Niyatga yetaman. Barzangining yetagida qolguncha o‘zimni tiklab olaman, sergak tortaman, kuch yig‘aman. Ana undan keyin bilgan qandini yesin. Menga desa dunyoning narigi burchagiga yelimlab yetaklasin…
O‘lgan kunim itlar marhumlarni ko‘ra olishiga amin bo‘lgandim. «Reks»ni qo‘yib yuborishgan shekilli, darvozaga yaqinlashishim bilan bezovta hura boshladi. Men esa qo‘rqib o‘tirmadim. Bilardim, menga ko‘zi tushgani hamono it dumini tukkancha ura qochadi. Arvohdan shu jonivor ham qo‘rqadi…
Asta hovliga qadam qo‘ydim. Ichkarida chiroqlar yoqib tashlangan, televizor varanglagancha qaysidir yallachining ashulasini namoyish etardi. Shu orada xotinimning kimgadir qattiq-qattiq gapirayotgani quloqqa chalinardi.
Yopiq eshik orqali ichkariga o‘zimni urdim-u, xotinimning qarshisida paydo bo‘ldim…
(davomi bor)
Manba: Hordiq.uz “Zamin” yangiliklarini “Odnoklassniki”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
100 mln so‘mgacha bo‘lgan kreditlar soddalashtirilgan tartibda ajratiladi
Medvedev Rossiya NATO harbiy bazalariga zarba yo‘llashi mumkinligini istisno qilmadi
Germaniya razvedkasi rahbari: “Rossiya yaqin yillarda NATOga hujum qilishi mumkin”
Organizmda qaysi turdagi vitamin yetishmayotganini qanday aniqlash mumkin?
Eron Isroil bilan keng ko‘lamli urushga tayyorligini ma’lum qildi
Gretsiyada minglab odamlar NATOga qarshi namoyish o‘tkazdi
Endi «Doimiy yashash joyiga ro‘yxatga qo‘yish» qulaylashdi (video)
Erdo‘g‘on: “Turkiya G‘azo mojarosi tugamaguncha Falastinni qo‘llab-quvvatlaydi”