2 463
Keniyada tug‘ilgan, Buxoroda katta bo‘lgan va Toshkentda yashayotgan model hikoyasi
Foto: Prinsessa Rahmatova arxividan
Prinsessa Rahmatova Keniyada tug‘ilgan, Buxoroda katta bo‘lgan va hozir Toshkentda faoliyat olib bormoqda. «Daryo» muxbiri Azizbek Abduvaliyev ajabtovur taqdirga ega, bugungi kunda o‘zbek shou-biznesida o‘z o‘rnini topishga intilayotgan yosh model va aktrisa bilan suhbatlashdi.
«Buxorodagi maktabda eng yomon o‘qiydigan qiz edim»
2002 yili Keniyada dunyoga kelganman. Oyim Gulandom Rahmatova buxorolik, tarjimon va diplomat. Dadam Ibrohim Rurumesh bilan AQSHda tanishib, bir-birini yoqtirib qolishgan. Bu nikohdan akam Profsor va men tug‘ilganman. Akam 23 yoshda, professional bokschi. Osiyo va jahon chempionatlarida qatnashgan, g‘olib va sovrindor bo‘lgan. Hozir murabbiylik bilan shug‘ullanadi, lekin ringga chiqish va bellashuvlar o‘tkazishni ham tark etgani yo‘q.
Foto: Prinsessa oyisi Gulandom Rahmatova va akasi Profsor Rurumesh bilan. Prinsessa Rahmatova arxividan
Dadam bundan ikki yil avval muvaffaqiyatsiz operatsiya tufayli vafot etdi. Keniyada yana o‘gay opam va akam, xolalarim ham qolgan. Shu yil ularni ko‘rgani borib kelmoqchiman.
Buxorodagi maktabda eng yomon o‘qiydigan qiz edim, chunki tilni yaxshi bilmasdim. Maktabni tugatib, turizm kollejiga o‘qishga kirdim. Oshpazlik kasbini egallaganman. Maqtanish bo‘lmasin, lekin o‘zbek, arab va Yevropa taomlarini yaxshigina tayyorlash qo‘limdan keladi.
«Modellik kasbini yoqtirmaydiganlar ko‘p»
Buxoroda yashayotgan paytimiz model sifatida o‘zimni sinab ko‘rishni taklif qilishganida dastlab cho‘chigan edim. Oyim qo‘llab-quvvatladilar va yordam berdilar. Shundan so‘ng model sifatidagi faoliyatimni boshladim va xato qilmadim deb o‘ylayman.
Foto: Prinsessa Rahmatova arxividan
Bu ishning murakkab tomonlari bisyor: doim bekami-ko‘st ko‘rinishda bo‘lishing kerak, joziba muhim, o‘ziga bo‘lgan ishonch esa undan ham. Afsuski, kasbimizni yoqtirmaydigan, uni mahalliy mentalitetga to‘g‘ri kelmaydi deb hisoblaydiganlar ham ko‘p.
Foto: Prinsessa Rahmatova arxividan
Modellik ortidan juda katta pul ishlab topsa bo‘ladi deydiganlar adashadi. Oilam bilan Toshkentga ko‘chib keldik, ijarada turamiz, ba’zan ish bo‘lib-bo‘lmasdi. Shu sabab restoranga ishga kirdim, menejerlik bilan shug‘ullandim. Lekin bu uzoqqa cho‘zilmadi: ham tasvirga olishlar, ham ish, sillam qurib qoldi. Shunday paytlar boshqa sohani tanlash haqida ham jiddiy o‘ylab ko‘rgandim.
Foto: Prinsessa Rahmatova arxividan
Xudoga shukr, keyinchalik hammasi izga tushib ketdi. Hozir Prinsessa Rahmatova degan model borligini bilishadi. Ko‘p dizaynerlar va brendlar bilan ishlayapman. Nafaqat O‘zbekiston, balki xorijdan ham takliflar tushyapti. Yaqinda Tojikistonda o‘tkazilgan modalar namoyishida bo‘lib qaytdim, erta-indin Turkiyaga yo‘l olaman. Qolaversa, boshlovchi modellarga ustozlik ham qilyapman.
Foto: «Daryo» / Jahongir Akramov
O‘zbek milliy liboslarini juda yoqtiraman va tez-tez ularda turli ko‘rinishlarda namoyon bo‘laman. Asli hashamatli va yaltiroq narsalarga unchalik xushim bo‘lmasa ham, bu liboslarda o‘zimni xuddi malikadek his etaman. Bejiz ismim ham o‘zbekchaga o‘girganda Malika emasmi axir! Ularni kiysam, yarashishini ham ko‘pchilik aytgan.
«Filmlarda suratga tushishni boshladim»
Rejissyorlardan biri ko‘rib va kuzatib, «aktyorlik qobiliyating bor ekan, bu yo‘nalishda ham urinib ko‘rgin» deb taklif berdi. Sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tdim va suratga tushishni boshladim. Men ishtirok etgan The best shef loyihasi «Mening yurtim» telekanalida namoyish etilmoqda.
Foto: Prinsessa Rahmatova arxividan
Ishtirokimdagi yana bir loyiha — «Hello, oyijon» filmi xorijlik hamkorlar bilan qo‘shma loyiha bo‘lib, hozir yakuniga yetish arafasida. Kino va televideniye borasida yana shunday takliflar bo‘lsa, bajonidil qabul qilaman, chunki bu yo‘nalish ham menga yaqin. Faoliyatini model sifatida boshlab, keyin mashhur aktrisaga aylanganlar ko‘p-ku, to‘g‘rimi?
Foto: Prinsessa Rahmatova arxividan
«Bugun bilan yashashni afzal ko‘raman»
Kelajak haqida uzoq o‘y surib o‘tirishdan ko‘ra, bugun bilan yashashni afzal ko‘raman. Yaratganning o‘zi to‘g‘ri va men uchun maqbul yo‘lga yo‘llaydi deya ishonaman.
Foto: «Daryo» / Jahongir Akramov
O‘zbeklardan ham, boshqa millat vakillaridan ham do‘stlarim ko‘p. Toshkentda keniyalik yigit-qizlar bilan uchrashib turamiz. Turli sohalarda ishlashadi. Sportchilar, o‘qituvchilar, hatto barmenlar ham bor.
Foto: «Daryo» / Jahongir Akramov
Ular bilan ko‘rishgan paytim tomirimda nafaqat o‘zbek, balki afrikalik qoni ham oqayotganini his etaman, peshonamga shunday ajabtovur taqdir bitilganiga shukr qilaman... “Zamin” yangiliklarini “Twitter”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
Raqobat qo‘mitasi birjada Ai-80 benzini boshlang‘ich narxiga cheklov o‘rnatdi
AQSH Isroilning ikki vaziriga sanksiya qo‘llamoqchi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
Erdo‘g‘on Turkiya Isroil bilan aloqalarini uzganini ma’lum qildi
AQSH harbiylari orasida o‘z joniga qasd qilish ko‘paydi
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Yaxshi pishgan va mazali anor tanlashga yordam beradigan tavsiyalar