
Siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov va iqtisodchi Abdulla Abduqodirov Kun.uz’ga bergan intervyusida Qirg‘iziston va Tojikiston o‘rtasida davom etayotgan chegara nizolari va kelishmovchiliklarning sabablari haqida o‘z tahlillarini bildirdi.
Kamoliddin Rabbimov: – Bu ikki davlat o‘rtasidagi umumiy chegara uzunligi taxminan 900 kilometrdan ortiqni tashkil qiladi. Bundan shu paytga qadar ikki tomondan aniq belgilanmagan hudud ba’zi ma’lumotlarga ko‘ra, 400 kilometrdan ortiqni tashkil qiladi. Bunga jumladan, tojik va qirg‘izlar yashaydigan hududlar ham kirib ketadi.
Umumiy chegaralarning belgilab olinmagani so‘nggi vaqtlarda ko‘plab kelishmovchiliklarga sabab bo‘lyapti. Men Qirg‘iziston OAV bergan qator ma’lumotlar bilan ham tanishdim. Unga ko‘ra, bu ikki davlat o‘rtasidagi umumiy to‘qnashuvlar soni so‘nggi yillarda yuzdan oshgan. Yirik to‘qnashuvlar o‘tgan yili ham bo‘lgan edi va mana hozir ham takrorlanmoqda.
Ya’ni bu ikki siyosiy elita va jamiyat o‘rtasida qandaydir jizzakilik va o‘zaro ishonchsizlik shakllanib qoldi. Shunga o‘xshash ziddiyatlar Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasida ham bir necha bor kuzatilgan edi. Masalan, So‘g‘d anklav hududi yoki boshqa hududlarda.
Shu ma’noda menimcha, kelishmovchiliklar tashabbusi oddiy odamlardan chiqyapti. Tashqi dunyo, masalan, Rossiya buni uyushtiryapti degan fikrdan yiroqman.
Shu kelishmovchiliklar sabab o‘tgan yildan beri Qirg‘iziston tomoni o‘z chegaralarini yopib qo‘ygan. Bu esa Tojikiston yuklari va transportlari uchun muammo tug‘diryapti. Chegaralarni ochishni Tojikiston o‘tgan yildan beri iltimos qiladi, lekin qo‘shnisidan arazlagan qirg‘iz tomoni bu chegaralarni ochishni istamaydi.
Abdulla Abduqodirov: – Bu kelishmovchiliklarning asl sabablariga qarasak, ikki davlat o‘rtasidagi hozirgi chegaralar sovet davrida administrativ chegaralar bo‘lgan. Hozir ular davlat chegarasiga aylangan.
Xo‘sh, administrativ chegara degani nima? Bu aniq bir aholi maskani, qishloq va ovulning qayerdan turib boshqarilishini bildiradi. Lekin o‘sha qishloqlarni suv va elektr bilan ta’minlab beruvchi inshootlar, nasos stansiyalari boshqa markazdan keladi. Shu orqali ham ko‘plab kelishmovchiliklar kelib chiqyapti.
Buni o‘sha hududlarning mahalliy rahbarlari o‘tirib xotirjam gaplashib, kelishib olishi kerak. Buning uchun ularga siyosiy iroda va tushuncha kerak.
Bilasiz, shundog‘am tog‘li hududlarga sharoit oson bo‘lmaydi. Bu mamlakatlar rahbariyati zo‘rg‘a kun ko‘rib turgan odamlarga sharoit yaratib berish o‘rniga boshqa davlatning yer maydoniga yechishga harakat qilgan tomonlari ham ko‘p.
Kamoliddin Rabbimov: – Tojikiston markazlashgan va anchagina avtoritar davlat. Bu yerda oilaviy boshqaruv bor, buni hamma biladi. Qirg‘iziston esa demokratik davlat. Ammo siyosiy tizimi demokratik bo‘lgani bilan rasmiy Bishkek mamlakatning butun bir aholisini boshqarolmaydi. Markaziy hokimiyat juda zaif.
Buning natijasida ijtimoiy norozilik orqali ko‘chaga chiqqan xalq har safar hokimiyatni yiqitib tashlaydi. Siyosiy elitada shunday fikr borki, unga ko‘ra, xalq ko‘chaga chiqqanda unga qarshi gap aytib bo‘lmaydi. Natijada Qirg‘iziston davlatchiligi erishayotgan kelishuvlar har safar bajarilmay qoladi. Huddi shunday muammo Tojikiston bilan ham, O‘zbekiston bilan ham bor.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar