Ukraina shaharlari yana ommaviy raketa va dron hujumlariga uchradi

Ukraina hududida vaziyat keskinligicha qolmoqda. Mamlakatning bir qator yirik shaharlari va aholi punktlari navbatdagi shiddatli raketa va dron zarbalariga nishon bo‘ldi. Zarbalar oqibatida tinch aholi vakillari orasida qurbonlar va jarohatlanganlar qayd etilgan, ko‘plab turar joy binolari va infratuzilma obyektlariga zarar yetgan.
Shaharlardagi talafotu vayronchiliklar
Poytaxt Kiyev shahri uzra havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilgan raketa bo‘laklarining qulashi og‘ir oqibatlarni keltirib chiqardi. Kiyev shahar harbiy ma’muriyati rahbari Timur Tkachenkoning so‘nggi ma’lumotlariga ko‘ra, poytaxtda 3 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumgan, yana 29 kishi turli darajada tan jarohati olgan. Shaharning Podolsk tumanida raketa qoldiqlari ko‘p qavatli uyning tomiga tushishi natijasida kuchli yong‘in yuzaga kelgan va xonadonlarning oynalari sinib ketgan. Poytaxt meri Vitaliy Klichko esa hujumdan so‘ng 21 nafar jarohatlangan shaxs shifoxonalarga joylashtirilganini hamda uchta yirik tumanda elektr ta’minotida uzilishlar bo‘lganini ma’lum qildi.
Dnepr shahrida ham vaziyat ancha jiddiy. Bu yerdagi havo hujumi oqibatida 5 nafar inson, jumladan 73 yoshli ayol fojiali tarzda halok bo‘ldi. Viloyat harbiy ma’muriyati boshlig‘i Aleksandr Ganjaning ta’kidlashicha, jarohatlanganlar soni 25 kishiga yetgan. Raketalardan biri to‘g‘ridan to‘g‘ri aholi yashaydigan mavzega kelib tushgan va yirik yong‘inni keltirib chiqargan.
Xarkiv shahrining ikkita tumani o‘qqa tutilishi oqibatida esa 6 nafar mahalliy turg‘un shikastlangan, ular orasida 11 yoshli qizaloq ham bor. Mamlakatning boshqa hududlaridan ham vayronagarchiliklar haqidagi xabarlar kelishi davom etmoqda.
Tomonlarning bayonotlari va o‘tmishdagi hujumlar
1 iyun kuni kechqurun Rossiya prezidenti Vladimir Putin Luhansk viloyatining Starobelsk shahriga berilgan zarba urushga “yangi sifat” bag‘ishlaganini ma’lum qildi. Mahalliy hokimiyat organlarining bildirishicha, mazkur hujum natijasida mahalliy kollej binolari qisman vayron bo‘lgan va hodisa joyida 21 nafar talaba qurbon bo‘lgan.
Xuddi shu kuni kechqurun Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy xalqqa murojaat qilib, yaqin soatlarda Rossiya tomonidan mamlakat bo‘ylab yangi, yanada keng ko‘lamli ommaviy havo hujumlari uyushtirilishi ehtimoli juda yuqori ekanidan ogohlantirgan edi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!Ma’lumot uchun: Bundan avvalroq, 24 mayga o‘tar kechasi ham Rossiya qurolli kuchlari Kiyev va uning atrofidagi viloyatlarga yirik raketa zarbalari bergan edi. O‘shanda Rossiya harbiy harakatlar davomida uchinchi marotaba “Oreshnik” tipidagi yangi rusumli raketadan foydalangani xabar qilingan. O‘sha tungi hujum oqibatida 2 kishi halok bo‘lib, 80 dan ortiq inson jarohatlangan edi.