date

Taniqli ekstrasens bo‘lajak jahon chempionati g‘olibini bashorat qildi...

Dunyo nigohi qadalgan JCH-2026 starti tobora yaqinlashayotgan bir paytda, nafaqat sport tahlilchilari, balki g‘ayritabiiy qobiliyatga ega insonlarning ham taxminlari jamoatchilik e’tiborini tortmoqda. Xususan, so‘nggi to‘rtta dunyo birinchiligining naqd uchtasida bosh sovrin egasini aniq topgan va o‘zini "ekstrasens" deb e’lon qilgan braziliyalik Maykl Bruno shu yozda AQSH, Meksika va Kanada yashil maydonlarida kechadigan musobaqa bo‘yicha o‘z kutilmalarini oshkor qildi.

Maykl Bruno mundiallar tarixida g‘oliblarni oldindan sezish borasida kattagina va hurmatga loyiq tajribaga ega. Keling, uning o‘tmishdagi hayratlanarli bashoratlariga bir nazar tashlaylik:

  • JCH-2010 (Janubiy Afrika): Musobaqa startidan avval u Ispaniyaning ilk bor taxtga o‘tirishini aytgandi. Yakunda Andres Inestaning Niderlandiya darvozasiga kiritgan tarixiy goli bu taxminni haqiqatga aylantirdi.

  • JCH-2014 (Braziliya): O‘z vatanida kechgan musobaqada u Germaniya terma jamoasining zafarini to‘g‘ri bashorat qildi.

  • JCH-2018 (Rossiya): To‘rt yil o‘tib, Fransiya milliy terma jamoasining finalda Xorvatiya ustidan qozonadigan mutlaq g‘alabasini ham aniq topdi.

Faqatgina Qatar mezbonlik qilgan JCH-2022 turnirida u biroz adashdi. O‘shanda braziliyalik "ko‘ribkelar" Fransiya o‘z unvonini himoya qiladi deb hisoblagandi. Dide Desham shogirdlari chindan ham finalgacha yetib borishdi, biroq Lionel Messi boshchiligidagi Argentinaga penaltilar seriyasida imkoniyatni boy berishdi.

Shunga qaramay, Bruno mashhur "Globo Esporte" nashriga bergan intervyusida bo‘lajak turnir uchun yangi va shov-shuvli bayonot bilan qaytdi:

«Men 2022 yilgi finaldan beri navbatdagi chempion nomini o‘zgartirmasdan kelyapman. O‘shandan buyon Portugaliya terma jamoasi jahon chempioni bo‘lishini qat’iy ta’kidlab kelmoqdaman».

Ha, siz adashmadingiz. Bosh da’vogarlar sifatida Fransiya, Ispaniya, Angliya, Argentina va Braziliya kabi grandlarni sanab o‘tgan ekstrasens, yakunda Krishtianu Ronaldu va uning jamoadoshlari 19 iyul kuni bo‘lib o‘tadigan finalda o‘z tarixidagi ilk Jahon chempionati oltin kubogini boshlari ustiga baland ko‘tarishiga chin dildan ishonmoqda.

Bundan tashqari, u amaldagi chempion Argentinaning chorak final bosqichidayoq kutilmaganda uyga qaytishini hamda Neymarning jismoniy holati sababli Braziliyaning ham yurishi erta yakunlanishini taxmin qildi:

«Neymar ushbu musobaqada qatnashishga 100 foiz tayyor deb o‘ylamayman. Agar u maydonga tushsa, terma jamoa yana chorak final yoki yarim final atrofidayoq turnirni tark etadi. Sababi, butun jamoa faqat uning atrofida o‘ralashib, Qatardagi taktik xatolarni takrorlaydi».

Muxlislar uchun qiziqarli jihati: Eslatib o‘tamiz, ushbu bashoratchi chempionlikka loyiq ko‘rgan Portugaliya terma jamoasi guruh bosqichida hamyurtlarimiz — O‘zbekiston milliy terma jamoasi bilan bir kvartetdan joy olgan. Kim biladi deysiz, balki aynan vakillarimiz Krishtianu Ronaldu va uning jamoasi uchun mundialdagi eng jiddiy va kutilmagan to‘siqqa aylanishar? Voqealar rivojini birgalikda kuzatamiz!

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Sport » Taniqli ekstrasens bo‘lajak jahon chempionati g‘olibini bashorat qildi...