date
views 1 678

Is gazi balosidan qutilish uchun bir taklif bor edi...

Is gazi balosidan qutilish uchun bir taklif bor edi...
Falokat – oyoq ostida, deydi xalqimiz. Darhaqiqat, odatda balo kutilmaganda keladi odatda. Lekin ayrim ofatlar borki, ularni kutadigan bo‘lib qoldik, desak, garchi quloqqa g‘alati eshitilsa ham, aslida mubolag‘a qilmagan bo‘lamiz. Gap – is gazidan bo‘g‘ilib, hayotdan bevaqt ko‘z yumayotgan ODAMLAR haqida ketmoqda.

Kunlar sovushi bilan ijtimoiy tarmoqlarda va ommaviy axborot vositalarida is gazidan zaharlanib olamdan o‘tayotgan hamyurtlarimiz haqida xabarlar ko‘payib ketadi. Yana ham achinarlisi, odatda bu ko‘rinmas yov dastidan butun bir oilalar, murg‘akkina go‘daklar ham nobud bo‘lmoqda. Bunaqa xabarlarni o‘qib, hazm qilishga ko‘pincha odamning bardoshi yetmaydi.

Fikri ojizimcha, shaharlarda, ayniqsa, poytaxtda yashaydiganlar bu fojianing tag-tomirini anglab yetmasalar kerak. Chunki quvurlarda tabiiy gaz oqib kelib turadi, “svet” o‘chishi nodir holat, uy isitish g‘ami yo‘q, o‘tin topishni tashvish qilmaydi. Topish-tutishning ham sezilarli farqi bor. Bu fikrlarni hasad yoki alamzadalik bilan yozayotganim yo‘q. Aslo! Faqat energetika sohasidagi rahbarlarning deyarli hammasi oddiy qishloq xalqidan farqli sharoitda yashashini ta’kidlamoqchiman, xolos. Tanasi boshqa – dard bilmas, degan maqol ayni shu o‘rinda juda ham mos tushadi.

Bolaligim qishloqda o‘tgan. Keyinchalik ham bir muddat qishloqda yashadim. Shuning uchun qishloq ahlining turmush tarzini besh qo‘lday bilaman. Sovet davrida qish kelishi oldidan kolxoz va sovxozlar tomonidan ko‘mir tarqatilardi. Odatda ipak qurti tutgan oilalarga (deyarli hamma qurt boqardi) tekinga berilgan, qolganlarga esa juda arzon bahoda sotilgan. Kattalardan atay surishtirdim, narx-navosi esda qolmaydigan darajada arzon bo‘lgan. Unga naqd pul ham to‘lanmagan, balki yil yakunida ish haqi hisobidan ushlab qolingan. Tabiiy gaz yetib bormagan qishloqlarga esa maxsus mashinalarda propan gaz balonlari tarqatilgan. O‘sha paytlari garchi qish hozirgidan ko‘ra qattiqroq kelar, har yili tizza bo‘yi qorlar yog‘ardi. Hovuzlarning ustini kamida bir qarich muz qoplardi. Qishlog‘imiz poyidan oqib o‘tadigan Shimoliy Farg‘ona kanali ustidagi muzda xokkey o‘ynaganimiz ham bor gap. Xullas, o‘sha paytlarda ishlar mana shu tizimda tashkil qilingandi. Keyinchalik bu tizim butunlay izdan chiqdi.

Mustaqillikning dastlabki yillarida qishloqlarga gaz tortish bo‘yicha go‘yo musobaqa o‘tkazilganday taassurot qoldirgandi. Har kungi radio, tv va gazeta xabarlarida qaysi joyga qancha gaz quvuri tortilgani haqidagi tinimsiz aytilardi. Albatta, uy bekalaridan zangori olovning qulayligi haqida intervyu olinardi. Odamlar sog‘ib turgan sigirini sotib, uyiga tabiiy gaz “tushirganini” bilaman. Kuchi yetgan bug‘li isitish tizimida, boshqalar esa oddiy cho‘yan pechkalarga gaz ulab, sovuqdan saqlanardi. Xullas, hamma bir g‘amdan qutildik, deya shod edi. Afsuski, bu xursandchilik uzoqqa cho‘zilmadi. Lovullab yonib turgan gaz pasaya boshladi. Bora-bora butunlay yo‘q bo‘ldi. Hozir aksariyat qishloqlarda gaz quvurlari kesib tashlangan. Uni “uchar” tashkilotlar, yoki odamlar “hazm qilib” bo‘ldi ham.

Esingizda bo‘lsa, avvalgi prezident I. Karimov bir paytlar “O‘zbekistonning gazi nafaqat 20 mln aholiga, balki 40, hatto 50 mln aholiga yetadi”, degandi. Gazimiz haliyam shunaqa ko‘pligiga shubhamiz yo‘q, ammo uni xitoyliklarga yoki rossiyaliklarga sotyapmiz. Aytishlaricha, konlarimizni avvalgi boshqaruv davrida Rossiyaning «Lukoyl» va «Gazprom» kompaniyalariga uzoq muddatga ijaraga berilgan.

«Lukoyl» O‘zbekistonga 2007 yilda kirib kelgan. Qizig‘i, hamma eslasa kerak, aynan mana shu yillargacha O‘zbekistonda gaz ta’minoti juda yaxshi edi. Svet bo‘lmasa-da, gaz baland yonar, insonlar qoramollariga yemni ham gaz gorelkalarda pishirgan. Bu hozir odamlarimiz uchun qaytib kelmas, afsonaviy davrlar. Bu afsonaviy davrlar Rossiya kompaniyasi O‘zbekiston gaz sohasiga kirib kelishi bilan tugagan. Bu shunchaki tasodif bo‘lmasa kerak. Bir paytlar O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev «O‘z gazingni rusga berib, tappi yoqqon o‘zbegim», deb aytgan qo‘shig‘i haliyam aktualligini yo‘qotgani yo‘q, deb yozmoqda jurnalist Shuhrat Shokirjonov. Taniqli bloger bakirooning yozishicha, «o‘zbek statistikasida Xitoyga eksport qilinayotgan gaz hajmi 1,62 barobarga kamroq ko‘rsatilgan. Bu nima uchun, tushunarsiz, balki sovuqdan qaqshayotgan o‘zbekistonliklarni g‘azabini keltirmaslik uchunmi yo gaz eksportidan milliardlar ishlayotgan cho‘ntaklarning iltimoslari shunday bo‘lganmi, aytish qiyin».

O‘zbekistonning tasdiqlangan gaz zaxiralari 1,2 trln kubometrni tashkil qiladi. Uch yilcha oldin O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov 2025 yilga kelib, tabiiy gaz eksporti to‘xtatilishi rejalashtirilayotganini ma’lum qilgandi. Bu gap amalga oshadimi, amalga oshsa, xalqimizga foydasi tegadimi, degan savollarga aniq javob aytish mushkul. Ammo o‘lmagan qul, o‘sha kunlarga yetsak, ko‘rarmiz, xudo xohlasa. Ana mana qilib, 2025 yilga ham ikki yilcha qoldi, xolos.

Aslida boshqa umid ham yo‘q emas. «Kommersant’»ning «Gazprom»ga tayanib bergan xabariga ko‘ra, Ukrainaga boshlagan urushi ortidan qo‘llanilayotgan sanksiya tufayli Rossiyaning yerosti omborlarida gaz hajmi rekord darajaga – 72,662 milliard kub metrga yetgan. Qolaversa, Interfaksning yozishiga qaraganda ruslar Xitoyga gaz yetkazib berish bo‘yicha Avstraliyani ham ortda qoldirgan. “Echkiga jon, qassobga yog‘ qayg‘usi” degandek, ruslar xaridorsiz qolayotgan gazini tezroq sotishi, xitoyliklar esa chorasiz qolayotgan ruslarning gazini imkon qadar arzonga olish ilinjida. Bu holat sovuq kunlar qarshisida yupun qolayotgan o‘zbekistonliklarga foyda berib qolsa, zora dersiz? Yo‘q! Bu umid ham xomxayoldan boshqa narsa emas. Chunki, ayrim manbalarga qaraganda, Xitoyga o‘tgan yilga qaraganda tabiiy gaz sotish hajmi 52,5 foizga ortgan.

Xullas, gapimizga qaytaylik. Gaz uzilgandan keyin bir necha yillar davomida iste’molchilarning nomiga qarz kelaverishi alohida masala. Ayrim joylarda hatto olamdan o‘tganiga o‘n yil bo‘lgan marhumning nomiga shu yil hisobidan qarz yuklanganini ( ha, aynan yuklangan) eshitganmiz. Bu “to‘polonlar”ning ham tagiga yetganman. Bu qandaydir tushunmovchilik emas, balki oddiy odamlarning haqiga qasddan qilingan tajovuzdir. Xullas, “raygaz” xodimi ulgurji istemolchilardan ishlatilgan tabiiy gaz uchun naqd pul oladi va uni boshliqqa yetkazadi. Yoqilgan gaz haqi esa butun tumandagi oddiy xalqqa sochib yuboriladi. Buni taxmin bilan emas, ko‘zim bilan ko‘rgan dalillarim asosida yozyapman. “Raygaz”chilarning haromxo‘rliklari haqida yozaman desa, qalamimning siyohi yetmaydi rosti, lekin hozir asosiy mavzudan chalg‘imaganimiz durust.

Tabiiy gaz ne’matidan mosuvo bo‘lgan xalq daraxtlarni kesib yoqishga tushdi. Avval odamlarning hovlisi yoki bog‘idagi mevali daraxtlar, keyinchalik esa dalalardagi tutlar yiqildi. Shu tariqa ipakchilik sohasi ham tanazzulga yuz tutdi. Oxirgi yillarda tabiiy gazdan kesilgan hududlarga suyuq gaz (propan) va ko‘mir yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi. Ko‘mir mahalla fuqarolar yig‘ini orqali kam ta’minlangan oilalarga bozor narxidan arzonga yetkazib berilmoqda, biroq aksariyat nochor odamlarning ana shu arzon ko‘mirni sotib olishga ham imkonlari yo‘qligi achchiq bo‘lsa ham haqiqat. Propan gazini ham xalq haqidan qo‘rqmaydigan “raygaz”chilar harom talon-taroj qilmoqda. Bu ham alohida mavzu...

Endi nima qoldi? Qishloqliklarning birdan bir umidi elektr energiyasidan. Ayni kunlarda qishloqda aksariyat odamlar elektr isitgichlarda jon saqlayapti. Lekin energiya taqchilligi ortidan nafaqat qishloqlarda, balki katta-katta shaharlarda ham, hatto ayrim paytlarda poytaxt Toshkentda ham “svet” o‘chib qolyapti.

Bir hafta avval AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev ta’minotdagi uzilishlarga “asosiy muammo elektr ishlab chiqarishda yoqilg‘i yetishmasligidir", deya izoh bergandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda tabiiy gaz eksport deyarli to‘liq to‘xtatilgan.

«Raqamlarga kelsak, agar kunlik prognoz ko‘rsatkichlari bo‘yicha 10 mln kub metr gaz eksporti rejalashtirilgan bo‘lsa, hozirgi eksport hajmi 1 mln kub metrga ham yetmaydi», — degan vazir o‘rinbosari.

Kattalarning ayrim gapidan mantiq topolmaysiz goho. Chunki biz, prezident Shavkat Mirziyoyevning ta’biri bilan aytganda, qimmat gazni yoqib, arzon elektr energiyasini ishlab chiqaradigan davlatmiz. Ya’ni tabiiy gaz eksporti (deyarli) to‘xtatilgani rost bo‘lsa, “svet” o‘chmasligi kerak emasmi? Qolaversa, bu yildan Afg‘onistonga elektr energiyasi berish to‘xtatilgani haqida aytildi. Yoki bu ham xalqni yupantirish uchun sizdirilgan xabarmi?

Bir hafta avvalgi matbuot anjumanida mutasaddilardan jo‘yali gap chiqmagach, Azon.uz muxbiri Nurbek G‘afurov vazirlikni tarqatib yuborish haqida fikr bildirib, anjumanni tark etgan edi. Bu fikr ijtimoiy tarmoqlarda qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Kaminada bundan ham jiddiy taklif bor, ham ta’sirli, ham adolatli. Balki shu yo‘l bilan butun boshli oilalarni o‘z domiga tortayotgan va fojiasiga aylanayotgan is gazi balosidan tezroq qutilarmiz. Taklif shundan iboratki, barcha vazirlik, viloyat va tuman (shahar), shu jumladan, poytaxt hokimi va xodimlarining yashash xonadonlarini tabiiy gaz tarmog‘idan uzish kerak. Ular ham uylarini ko‘mirda isitsin, oshxonalarida suyuq (propan) gaz ishlatsin. Mazkur jarayonni qat’iy amalga oshirish uchun jamoatchilik nazorati shakllantirilishi kerak. Bu birovga yomonlik sog‘inish emas, boqi beg‘amlikni yo‘qotish, uxlayotganlarni uyg‘otish uchun, xolos.

Ana shunda muammolarni tezroq hal qilish imkoni tug‘iladi, degan ilinjimiz bor.

Siz nima deysiz?

Ahmad Ali tayyorladi
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Is gazi balosidan qutilish uchun bir taklif bor edi...