17:34 / 09.07.2023
390

Yirtqichlardan battar vahshiylashib ketdik...

Yirtqichlardan battar vahshiylashib ketdik...

O‘ta vahimali sarlavha uchun oldindan uzr so‘rayman. Ammo maqolani yozishdan oldin shunday sarlavha qo‘yishga (qaysidir ma’noda xulosa qilishga) qaror qildim. Hayvonlarga bo‘lgan munosabatimiz haqida ayrim fikr va mulohazalarimni o‘rtoqlashmoqchiman.

Oxirgi paytlarda it va mushuk kabi uy hayvonlarini qiynoqqa solgan yoki qiynab o‘ldirgan bolalar, o‘smirlar va hatto kattalar haqida bir necha xabarlar tarqalyapti. Voqealar shunday dahshatliki, ayrimlarini ko‘rishga va yo o‘qishga yurak dosh bermaydi. Bunday vahshiylikni yirtqich hayvonlar ham qilmaydi, desam inkor etmasangiz kerak.

Mana o‘sha vahshiyliklarning ayrimlari bilan tanishing.

-  Surxondaryoda 53 yoshli erkak va uning 33 yoshli o‘g‘li jo‘jasini tishlab o‘ldirgan itni ayovsiz kaltaklab, so‘ng so‘yib tashladi.

-  Farg‘ona viloyati Quvasoy shahrida mushuk tiriklayin yoqib yuborildi. 

-  Toshkentning Mirobod tumanida pnevmatik miltiq yordamida mushuk va itlarni ovlab kelgan kishi aniqlandi.

-  Nukus shahri yaqinida vahshiylik bilan o‘ldirilgan ko‘plab it va mushuklar qabristoni topildi.

-  Toshkent shahri Yangihayot tumanidagi ariqqa 30 dan ortiq mushuklarning jasadlari hamda ularning shilib olingan terilari tashlab yuborilgan.

-  Yangiyo‘l tumanida yashovchi 40 yashar fuqaro qo‘shnisining itini arqon bilan mashinaga bog‘lagan holda sudradi.

-  Yuqori Chirchiqdagi xonadonlarning birida itlar shafqatsizlarcha o‘ldirilayotgani xaqida xabar tarqaldi.

-  Qashqadaryoda erkaklar eshaklarni vahshiylarcha kaltakladi...

Bunday misollarni yana ko‘plab keltirish mumkin. Vahshiylikni amalga oshirgan kimsalarga berilayotgan jazolar o‘z yo‘lga. Lekin savol tug‘iladi: nega bunchalik vahshiylashib ketdik?

Bolalik paytimdan beri itdan qo‘rqaman. Qo‘rqish bilan barobar yomon ham ko‘raman. Balki uyda it saqlamaganimiz uchundir, ehtimol qo‘shnimizning kuchugi tishlab olgani sababidandir, bilmadim. Onam rahmatli buni sezib, menga itlarning insonlarga do‘stligi haqida qiziqarli rivoyatlar aytib berardilar. Esimda qolgan bittasini aytib beraman.

Qadim zamonda bir yomon (keyin bilsam, rivoyatlarda fohisha deb kelgan ekan) ayol cho‘lda ketayotsa, quduq oldida bir itning nam tuproqni yalayotganiga duch kelibdi. Ayol uning qattiq chanqaganini anglab, quduqdan suv olib bermoqchi bo‘libdiyu ammo idish topa olmabdi. Shunda shartta oyog‘idan mahsisini (yoki kovushini) yechib, suv olibdida, itga tutibdi. Bu ishini jonivorning chanqog‘i qonguncha takrorlabdi. It suvga qongach, osmonga qarab uvillabdi. Alloh shu ayolning barcha gunohlarini kechirib, jannatga kiritgan ekan...

Bu rivoyat menga itlarni yomon ko‘rmasligim, ularga mehr ko‘rsatishim uchun yetarli bo‘lgan. Qo‘rquv haliyam bor, ammo nafrat o‘rnini mehr egallagani rost.

It boqishga dadam rahmatli ruxsat bermaganlar, hatto kenjatoy (erkatoy) ukamizga ham. Buning sababini shunday tushuntirganlar. “Uyda hayvon boqishning o‘ziga yarasha talablari bor. Masalan, uyda it yo mushuk saqlagan odam o‘zi nima yesa, jonivoriga ham shuni yedirishi kerak. O‘zi ovqatlangan vaqtida unga ham berishi shart. Sizlar, ana, sutini ichayotgan sigirlaringni dalaga yetalash sensala, avval shuni boqishni qoyillatib qo‘yinglar, keyin itni o‘ylab ko‘ramiz”, deya masalaga nuqta qo‘ygandilar.

Hayvonlarni urish masalasida ham qattiq turishardi. Agar “yo‘rig‘imizga yurmagan molni cho‘p bilan (asabiy holda) ursak, qattiq dakki yer edik. “Tilsiz jonivorning qarg‘ishidan qo‘rq!” deyishardi. O‘ylaymanki, ayni shunday tarbiya aksariyat o‘zbek oilasida berilgan va hamon beriladi. Ammo shunga qaramay...

Bolaligimdan beri ko‘rgan holatlarimni o‘ylab qarasam, bizning millatimiz hayvonlarga nisbatan qattiqqo‘l, beshafqat, mehrsiz... Masalan, daraxtdagi qushning bolasini olib tushib, o‘ynab-qiynab o‘ldirib qo‘yardik. Yoki biror qushni tutib olsak, patini yulardik, oyog‘iga ip bog‘lab uchirishga urinardik...

Sarlavhadagi fikrni mulohaza qilsak... Nega bunday xulosa bildirilyapti yoki nima uchun shunaqa baho berilyapti? Sababi oddiy, yirtqich hayvonlar faqat qorni och paytidagina ov qiladi, ya’ni boshqa bir hayvonni o‘ldiradi. Ular biz kabi sabablar va ayniqsa, zavq uchun boshqa hayvonni qiynab o‘ldirmaydi. Shuning uchun bemalol biz, o‘zbeklar yirtqichlardan ham battar vahshiylashib ketyapmiz deyapman. Ayniqsa, Istanbulda yashayotgan so‘ngi bir yil ichida bu xulosaga yana ham qat’iyroq kelyapman.

Turkiyaga kelganlar biladi, bu yerda it, mushuk hamda kaptar kabi hayvonu qushlarga mehr-muruvvat o‘ta yuqori. Odamlar o‘z mablag‘i hisobiga do‘konlardan qimmat narxlarga ularning maxsus yemishlarini sotib olib, ko‘chalardagi it va mushuklarga berib ketishni odatga aylantirib olishgan. O‘shanchun Istanbuldagi bu kabi uy hayvonlari judayam semirib ketgan bo‘ladi. Agar biror mushuk yoki it nimadir tufayli jarohat olsa, ko‘chadan o‘tayotgan har qanday odam o‘z ishini tashlab, hayvon duxtiriga (veterinar) olib boradi. Bizga o‘xshagan muhitda ulg‘aygan biror yabanji (xorijlik) it yo mushuklarga qo‘pol muomala qiladigan bo‘lsa bormi, naqd polisga topshirib yuborishadi yoki o‘zlari tanobini tortib qo‘yishlari muqarrar...


Ko‘chalarda hayvonlar uchun maxsus uylar qurilgan. Bundan tashqari yemishlar uchun qutichalar tashkil etilgan bo‘lib, tanga tashlab muruvvatini burasangiz, pastiga mushuklar uchun maxsus yemishlar to‘kiladi. Suv bo‘ylarida ko‘p uchraydigan qush boru, o‘zbekcha nomi chayqa (o‘rischasi chayka), o‘shani turklar marti deyishadi. Ishonsangiz, ayrim joylarda ana shu martilar uchun ham do‘kondan arzon go‘sht sotib olib, boqishadi. Kaptar, mushuk, it kabi uy hayvonlarini emas, marti kabi yovvoyi hayvonlarga ham bunchalik muruvvatli bo‘lish uchun odamni qanday tarbiyalash kerak, rosti bilmadim.

Ammo yuqoridagi savolga javob topmasak, bo‘lmaydi: nega hayvonlarga nisbatan bu qadar beshafqat muomala qilyapmiz? Buni to‘xtatish yoki tuzatish uchun nima qilishimiz kerak? Faqatgina jazolash bilan ish bitmasligi aniqku...

Darvoqe, 2019 yil 29 may kuni “Hayvonlarni qiynaganlarga jazo choralari kuchaytirildi” degan xabar tarqatilgan. Unga ko‘ra, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlikni kuchaytiruvchi tuzatishlar kiritilgan.

O‘zgarishga ko‘ra, hayvonlarga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lish ularning o‘limiga yoxud mayib bo‘lishiga olib kelsa, xuddi shuningdek hayvonlarni qiynash — EKIHning 1 barvaridan 3 baravarigacha (avval — EKIHning 0,5 dan 2 baravarigacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Oradan bir yarim yil o‘tib, Bosh prokuratura hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlarni jinoiy javobgarlikka tortishni taklif kiritgan.  Qabul qilingan qonunga ko‘ra, bunday qilmishni sodir etganlar va jarayonni videoga olib, ijtimoiy tarmoqlarda tarqatganlar 1 yilgacha muddatga qamalishi mumkin.

Bosh prokuratura tashabbusi bilan O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 202−1-moddaga kiritilgan to‘ldirilishga ko‘ra, hayvonlarni qiynab, ularning mayib bo‘lishiga va yo o‘limiga sabab bo‘lgan kishidan ko‘ra, ushbu jarayonni suratga olib, internetda tarqatganning jazosi judayam katta.

Misol uchun Bektemir tumanida itni otgan odamga EKIHning 2 baravari, jarayonni tasvirga tushirib, internetda tarqatib yuborgan shaxsga EKIHning 50 baravari miqdorida jarimaga tortilgan.

Xulosa sifatida shuni aytish mumkinki, agar jazolar adolatli bo‘lgan taqdirda ham hayvonlarga bo‘lgan munosabatimiz o‘zgarib qolmaydi. Tarbiyaning qaysidir o‘rinlarida xatoga yo‘l qo‘yyapmiz. Ana shu xatoni topib, tuzatishimiz zarur. Bu boradagi fikr va mulohazalaringizni kutib qolamiz.


Abdulaziz Muborak

Manba: Azon.uz


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Jamiyat » Yirtqichlardan battar vahshiylashib ketdik...
ePN